Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasining nomi o‘zgartirildi – ozodlik.org


Mustafo Kamol Otaturk mustaqil Turkiya Respublikasining asoschisi sifatida nom qozongan.

19.05.2011

Mehribon

Toshkentdagi Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasining nomi o‘zgartirildi. Poytaxt markazidagi ko‘chaga Zarafshon, deb nom berildi. Keyingi yarim yil davomida O‘zbekistonda Turkiyaning 50 ta tashkiloti yopildi. Otaturk ko‘chasining o‘zgartirilishi ko‘cha nomlarini tartibga solish bilan izohlansa, Turkiya kapitali hisobiga ishlayotgan tashkilotlarning yopilishida ularning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda aksar tahlilchilar ikkala holat ortida siyosiy sabablar borligi va bu O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining yanada sovuqlashganidan dalolatdir demoqdalar.

Toshkent shahar hokimi qaroriga ko‘ra, poytaxt markazidan o‘tadigan va mustaqil Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk nomidagi ko‘chasi bundan buyon o‘sha erga yaqin joylashgan savdo-ko‘ngilochar majmuasiga moslab Zarafshon deya ataladi.

Zarafshon ko‘chasidagi Zarafshon kontsent zali

Sobiq ittifoq davrida bu ko‘cha Kirov nomi bilan atalgan edi. O‘tgan asrda 90- yillarning boshida ko‘chaga Mustafo Kamol Otaturk nomi berilgan edi.

Toshkent shahar hokimligi toponim komissiya a’zolaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Toshkent shahar hokimi qaroriga binoan shahardagi 11 ta tumanning 8 tasidagi bir nechta ko‘cha va mahallalar nomi qayta o‘zgartildi.

Hokimlik vakili buni siyosat bilan bog‘lamaslikni, bu madaniy ko‘rinishdagi tadbir ekanligi, ko‘cha nomlarini tartibga solish va tarixiy nomlarni qayta tiklash maqsadida qilinayotganini aytdi.

Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan bog‘lanib, Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasining nomi o‘zgartirilganiga munosabatini so‘raganimizda, elchixona xodimi bugun ularda dam olish kuni ekani va savollarimizga ertaga javob berishlari mumkinligini aytdi.

Filologiya fanlari nomzodi, tilshunos olim Baxtiyor Isabekov Sovet davridagi ayrim rahbarlar nomiga qo‘yilgan ob’ektlarning qayta nomlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq u Otaturk sharafiga qo‘yilgan ko‘cha nomining o‘zgartirilgani ortida “g‘irt” siyosiy sabablar yotganiga shubha qilmaydi.

– Umuman turkchilikdan qochish degan narsadan boshqa narsani ko‘rmayapman. Bu faqat qayta nomlash yoki toponimik narsa emas. Toponimlarni siyosiylashtirish, hozirgi siyosiy yo‘nalishga, siyosiy g‘oyaga moslashtirishdan boshqa narsa emas. Umuman turklar bilan bo‘lgan munosabatni aks ettirishga o‘xshagan narsa. Bu faqat joy nomlarida emas, umuman sitosatda ko‘rilayotgan narsa. Umuman turkchilik bilan bog‘liq narsalarning birortasiga bosh qo‘shmaslik, bundan qochish. Umuman turkiy jumhuriyatlar yoki turkiy davlatlar munosabatlarida O‘zbekistonning ishtirok etmayotganligi va boshqalar hammasi bir nuqtada birlashadi. Shuning uchun Mustafo Kamol Otaturk nomidagi ko‘chaning o‘zgartirilishini umumiy yalpi siyosatning bir qismi sifatida izohlashim  mumkin buni,- deydi Bahtiyor Isabekov.

Turkiyalik tarixchi olim, hozirda AQShdagi Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja ham Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi nomining o‘zgartilganini siyosiy sabablar bilan bog‘lar ekan, ayni holatni O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining yanada sovuqlashgani belgisi o‘laroq baholaydi.

– O‘zbekistondagi ko‘chalardan birining nomining Turkiya davlatining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk hurmatiga O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyin berilgan nom edi. Chunki o‘sha paytda Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida samimiy, issiq munosabatlar bor edi. Endilikda bu ko‘chaning u erdagi bir restoranning nomi bilan almashtirilishi bu albatta madaniy emas siyosiy bir masala bo‘lganligini ko‘rsatayapti. Shuningdek, ko‘p sonli turk ishbilarmonlarining ish erlari, korxonalari yoki hamkorliklari bekor qilinib, to‘xtatilayapti. Buning orqasida har holda bir siyosiy maqsadlar ham bor. Birinchidan, Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar salqinlashganligi necha yildan buyon davom etayotgan edi. Lekin bu hozir salqinlikdan ham o‘tib qattiq sovuqlikka aylanganga o‘xshaydiki, bunday yirik tadbiriy choralar ham ko‘rila boshlangan. Bu demak Turkiya-O‘zbekiston munosabatlarida siyosiy kelishmovchilik va problemalar ko‘chayganidan dalolat,- deydi Temur Xo‘ja.

O‘zbekistonda keyingi yarim yil davomida turk kapitali hisobiga ochilgan 50 ta do‘kon va tashkilotlar yopildi.

Centralasiaonline.com sayti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bu tashkilotlar yopilishini korruptsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilganini bildirgan.

MXXdagi manbaga tayanib tarqatilgan xabarga ko‘ra, aksar turk tashkilotlari taqiqlangan “Nurchilar” (Turkiyada Said Nursiy asos solgan “Nurchilik” diniy oqimi) tashkilotiga aloqadorligi uchun yopilgan, ular taqiqlangan diniy kitoblarni tarqatganlik va O‘zbekistondagi nurchilarga ko‘maklashganlikda ayblangan.

Shuningdek, tashkilotlarga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash aybi ham qo‘yilgan.

O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi Turkuaz savdo majmuasidagi tekshirishlar natijasida 40 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, 3 million AQSh dollari miqdoridagi tovar mahsulotlari musodara qilingan.

Aytish joiz, Mustafo Kamol Otaturk nomidagi ko‘chalar, parklar, mehmonxonalar va binolarni Evropa va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida uchratish mumkin.

http://www.ozodlik.org/content/article/24180159.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: