Sanjar Umarov o‘zbek qamoqxonalarida nimalarni ko‘rgandi? – bbc uzbek


19 may 2011

Sanjar Umarov

“Serquyosh O‘zbekistonim” muxolifat koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarov ozodlikka chiqishidan bir yarim yil o‘tib, ilk bor Bi-bi-siga O‘zbekiston qamoqxonalaridagi vaziyat borasida yozma ravishda hikoya qilib berdi.

Sanjar Umarov 2005-yil Andijon hodisalari ortidan hukumatni tarqatib yuborish, O‘zbekistonda siyosiy islohotlar o‘tkazish chaqirig‘i bilan chiqib, muxolifat koalitsiyasini tuzgandi.

Ko‘p o‘tmay u soliqlardan bo‘yin tovlash hamda katta miqdordagi mulkni o‘marish kabi bir necha iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 14,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Janob Umarov doimo o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, begunohligini ta’kidlab kelgan.

Uning maslakdoshlari ayblovlar va qamoq ortida Sanjar Umarovning siyosiy faoliyati turganini urg‘ulab kelganlar.

Keyinchalik Sanjar Umarovni borib ko‘rganlar uning sog‘lig‘i va ruhiy holatidan xavotirlar ham izhor qilishgan.

U kutilmaganda 2009-yilning 7-noyabrida ozodlikka chiqarildi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyatning muxolifat faolini ozod etish haqidagi bosimlariga yon berganini aytishadi.

Sanjar Umarov hozirda Qo‘shma Shtatlarda o‘z oilasi bilan umrguzaronlik qilmoqda.

Sanjar Umarov taqdim etayotgan ma’lumotlari O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘zi guvoh bo‘lgan hodisalar va yoki o‘zi uchrashgan mahkumlardan olingan ma’lumotlarga asoslanganini aytadi.

Quyida Sanjar Umarov hikoyasini juz’iy qisqartirishlar bilan e’tiboringizga taqdim etamiz.

Qiynoq turlari va qiynash joylari

Vaqtinchalik Saqlash Izolyatori (VSI yoki ruschada IVS).

Dastlabki tergov paytidagi qiynoq: hibsga olingan gumondor shaxs Vaqtinchalik Saqlash Izolyatori (VSI) ga tashlanadi.

Operativ xodimlar ayniqsa Andijonlik “Akromiylar”ni qattiq qiynashadi

Sanjar Umarov

VSI odatda Ichki ishlar idorasi erto‘lasida joylashgan bo‘ladi.

Hattoki Ichki Ishlar Vazirligi (IIV) ham o‘z erto‘lasiga ega.

Aynan VSIda operativ xodim gumondor shaxsdan zaruriy iqrornomani oladi.

Hibsga olingan shaxs yuqori qavatlarda joylashgan tergov xonalariga lift orqali olib chiqiladi. Uni hech kim ko‘rmasligi kerak.

Mahkumlarning xabar berishlaricha, operativ xodim elektroshokni ishlatadi (bir elektrod simi gumondor shaxsning jinsiy a’zosiga va yana bir elektrod simi quloq solinchagiga ulanadi), yo shampan shishasini jinsiy a’zoga bog‘lab, so‘ngra u erga tepadi, yo boshga tselofan paket o‘raladi, yo bo‘lmasa, oyoq-qo‘li tutilgan ayblanuvchi devorga uloqtiriladi yoda erga tashlanadi.

Boshqa xabarlarga ko‘ra, tergovga o‘z oyog‘i bilan chiqib ketgan gumondor shaxs chalajon holda xonasiga qaytariladi.

Operativ xodimlar ayniqsa Andijonlik “Akromiylar”ni qattiq qiynashardi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksiga muvofiq, gumondor shaxs VSIda ko‘pi bilan 72 soat saqlanib turishi mumkin.

Bu davr ichida gumondor shaxs qo‘yilgan ayblovlarga iqror bo‘lishi kerak. Ana shundagina u ayblanuvchiga aylanadi va Tergov Hibsxonasiga (qamoq) o‘tkaziladi.

Agar gumondor shaxs VSIda uch kundan ko‘proq ushlab turilsa, iqrornoma kaltaklash va qiynoqlar yo‘li bilan olinadi.

Maxsus tergovlar uchun izolyator yo‘lagi oxirida maxsus xona ajratilgan.

Kattaligi 4×4 metr bo‘lgan ushbu xona markaziga metal stol va metal stul o‘rnatilgan. Xona pollarida qora dog‘lar ko‘zga tashlanadi.

Ular aftidan yuvilmay qolgan qon izlari bo‘lishi mumkin.

Tergov Izolyatori (TI yoki ruchada SIZO).

1-Tergov Izolyatori – Toshkent Markaziy Qamoqxonasi (Toshturma, ruschada Tashtyur’ma). Toshturmada to‘rtta bo‘lim, mahkumlar ta’biri bilan aytganda, “aul” bor.

Birinchi va to‘rtinchi “aul” erto‘lalarida maxsus mahbuslar saqlanadi.

Men u erdaligimda o‘sha paytda (2005 yil oxiri – 2006 yil boshi) qo‘shni kameralarda tergov qilinganlar “Akromiylar” edi.

Uchinchi “aul” erto‘lasida “oliy jazo”ga hukm etilganlar uchun saqlanadigan “zindon” bor.

“Zindon” haqida mahbuslar quyidagilarni hikoya qilishadi: o‘lim jazosiga hukm etilgan shaxs boshi berk korridor oxiriga olib boriladi va jallod uning boshiga orqa tomondan o‘q uzadi.

Tergov izolyatorida saqlangan ayblanuvchilarga davlat prokurori, Ichki Ishlar Vazirligi yoki MXX “egalik” qilishadi.

MXX Toshkent Markaziy Qamoqxonasida o‘z kameralariga ega va u erda MXX “vakolati”da bo‘lgan mahkumlar saqlanadi.

Bosh Prokuratura, Ichki Ishlar Vazirligi va MXXning har birida alohida tergov bo‘limlari mavjud.

Qonunga muvofiq, tergov advokatlar o‘ngida maxsus ajratilgan tergov xonalarida bo‘lib o‘tishi lozim.

Toshkent Markaziy Qamoqxonasida tergov, agar qiynoq qo‘llash zarur bo‘lsa, hech kim yo‘qligida va asosan kechqurunlari o‘tkaziladi yoki ayblanuvchi shaxs Kartserga olib boriladi va u erda qiynoqqa tutiladi.

Ko‘p hollarda ayblanuvchi shaxs ma’muriyat buyruqlarini bajaruvchi “xizmatkorlar” (“loxmachlar”), ya’ni mahkumlar yoki ayblanuvchi shaxsning xonadoshlari tomonidan qiynoqqa solinadi.

Jazoni Ijro Etish Koloniyalari (ruchada KIN), Jazo Izolyatorlari (ShIZO), Kamera tipidagi xona (ruschada PKT, eski nomi BUR, boshqa nomi Kartser)

Kartser – qamoqxona ichidagi qamoqxona. Koloniyadan tikanli simlar bilan ajratilgan kartserlarda o‘z kameralari, tergov xonalari (kafel plitkalaridan qilingan), qorovullari, usti ochiq sayr-xonalari va kichik hovlilari bor.

Ularning ba’zilarida kunduzi ko‘tarilib qo‘yiladigan to‘shak, metal stol va skameyka, ochiq xojatxona va yaroqsiz rakovina mavjud.

Pollar asosan g‘ishtli, ammo ba’zida taxtali bo‘ladi. Jazo Izolyatorlariga tartibni buzgan mahkumlar tashlanadi.

Qonunga ko‘ra, jazo muddati 15 kungacha davom etishi lozim. Ammo, tartibni ko‘p martba buzgan mahkumlar Jazo Izolyatorlarida bir yilgacha saqlanishlari mumkin.

Kartser muddati qamoqxona rahbari tomonidan belgilanadi. Qamoqxona rahbari bilan suhbatlashishdan oldin mahkumlar qafassimon qurilma (mahkumlar aytmoqchi, “maymun qafasi” yoki “arslon qafasi”) ichiga tashlanishadi.

U hayvonlarni saqlaydigan qafasning o‘zginasi bo‘lib, unda na yotoq, na hojatxona va na yuvinadigan joy bor.

    E’tiqod mahkumlari… xalqaro aralashuv bo‘lmas ekan, ularning ozodlikka chiqishi imkonsiz.

Sanjar Umarov

Qizil-Tepa koloniyasida, kattaligi 1,5X3 metr keladigan ikkita qafas bor.

Qafasga tashlashlaridan oldin mahkumga ortiga “ShIZO” yoki “KARTsER” deb yozilgan maxsus forma kiygiziladi.

Paypoq, ko‘ylak, oyoq kiyim va issiq libosda qafasga kirishga ruxsat berilmaydi.

Qonunga muvofiq, mahkum qafasda 72 soatdan ko‘proq ushlab turilishi mumkin emas.

Biroq, amalda ular ba’zida qafasda ikki haftacha saqlanadi.

Qiynoqlar va zo‘ravonliklar odatda izolyatorda yuz beradi.

“Qiynoqlarni bartaraf etish mexanizmi”

Nazariy jihatdan olganda viloyat prokuraturasi xodimi jazoni o‘tash koloniyalariga har oyda bir marta borib, tartib-intizomga rioya etilayotganini nazorat etishi va mahkumlarning qamoqxona ma’muriyati ustidan yozgan shikoyatlarini ko‘rib chiqishi kerak.

Ammo amalda, birinchidan prokuraturaga shikoyat arizasini yuborish, ikkinchidan, qamoqxona xodimi tomonidan tartib buzilganini isbotlash juda qiyin.

Misol uchun, qamoqxona noziri yoki xodimi mahkumga nisbatan kuch ishlatdi, mahkum bir amallab bu haqda prokuraturaga shikoyat arizasini yo‘lladi va prokuror ayni holat yuzasidan tergov ishi ochdi, deb faraz qilaylik.

Tergov paytida qamoqxona noziri yoki xodimi aksariyat hollarda o‘z aybiga iqror bo‘lmaydi va prokuror isbot va dalil bo‘lmagani uchun ishni yopadi.

Prokuror ketgach, qamoqxona xodimi uning ustidan shikoyat qilgan mahkumni yanada kuchliroq qiynashga tushadi.

Boshqacha qilib aytganda, qasos olishga tushadi.

Bu holat ko‘plab mahkumlarga nisbatan takrorlanavergach, ular bir bo‘lib, arizalarini respublika miqyosida ko‘rib chiqish talabi bilan ochlik amalini boshlashadi.

Hodisa haqida Toshkent xabardor etiladi. “Nima uchun ochlik qilishayapti?” – degan so‘rovga mahalliy qamoqxona ma’muriyati o‘z aybini xaspo‘shlash uchun “ular qo‘zg‘olon qilmoqchi bo‘lgan diniy ekstremistlar” yoki “ochlik qilishayotgani haqidagi xabar noto‘g‘ri” qabilidagi turli bahonalarni o‘ylab topishadi …

Shaxsan men O‘zbekiston qamoqxonalarida barcha turdagi qiynoqlarni to‘xtatishga uringan odamlar bilan gaplashganman.

Ular menga tergov (qiynoq) paytida videokameralar berkitilishi yoki qay tarzda qiynoqqa tutish kerakligi haqida qamoqxona xodimlariga yo‘riqnoma bo‘lishi uchun video tasvirlardan foydalanishlarini so‘zlab berishdi.

Men qiynoqlarni bartaraf etish mexanizmi ishlab chiqilishi kerak deb o‘ylayman.

    Jamiyatning eng qorong‘u va yopiq joyi hisoblanmish panjaralar ortida adolat va inson haqlarini himoya qilish bilan biz butun jamiyatda adolatni o‘rnatishimiz mumkin

Sanjar Umarov

Tergov paytida shaffoflikni kafolatlash uchun video vositalardan foydalanish va ularni arxiv shaklida saqlash zarurki, ulardan inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari foydalana olishsin.

Ana shundagina hibsga olish, dastlabki tergov, mahkama jarayoni va jazo izolyatorlarida qiynoqlar va zo‘ravonliklar sezilarli darajada qisqargan, adliya va jazo tizimlarida adolat ta’minlangan bo‘lardi.

Ko‘plab qamoqxonalardagi yana bir adolatsizlik – ko‘plab 159-modda bilan jazoga tortilgan “Hizb ut-Tahrir” a’zolari (“Birodarlar”) orasida agar ular o‘z aqidalaridan voz kechib, partiyadan chiqqanliklarini rasman e’lon qilsalar, qamoqxona ma’muriyatining ularni ozod etishiga ishonchning borligidir.

Ammo, ular shunday qilgan taqdirda ham, ozod etilmaydilar!

E’tiqod mahkumlari va “prezident nazorati ostida” bo‘lganlarga kelsak, xalqaro aralashuv bo‘lmas ekan, ularning ozodlikka chiqishi imkonsiz.

Ularning jazo muddati nihoyasiga etay deb qolganda qamoqxona ma’muriyati “yangi ish” o‘ylab topib, muddatni uzaytirib qo‘yaveradi…

Ayni masalada aholi son boshiga qancha e’tiqod mahkumining to‘g‘ri kelishi haqidagi xalqaro monitoring ko‘rsatkichlari joriy etilsa, yaxshi natijalarga erishish mumkin.

Jamiyatning eng qorong‘u va yopiq joyi hisoblanmish panjaralar ortida adolat va inson haqlarini himoya qilish bilan biz butun jamiyatda adolatni o‘rnatishimiz mumkin.

“Aravacha ovozi hammaga eshitilib turardi…”

Qiynoq jirkanch usullaridan yana biri bu – ishlangan gazning qo‘llanishi. Misol uchun, dvigateli uzoq paytdan buyon ishlab turgan avtomobil 10-15 ta mahbuslar saqlanayotgan kamera derazasi o‘ngiga qo‘yiladi.

Sovuq yoki issiq havoda mahbuslarni bit bosgan kamerada uzoq muddat saqlash qiynoqning boshqa bir usulidir.

O‘z haqqini talab davomli talab qilgan mahkumlar Toshkentdagi mahkumlar shifoxonasi – “Sangorod”ning uchinchi korpusiga “profilaktik davolash” uchun yuborilishi mumkin.

“Sangorod”da ba’zi kunlarda asosan sil va SPIDdan beshtagacha mahkum dunyodan ko‘z yumadi.

Buni men qaerdan bilaman? Ozodlikka chiqishimdan oldin men “Sangorod”da to‘rt oycha saqlandim.

O‘shanda kimdir vafot etsa, nozirlar bu haqda ovoz kuchaytirgich orqali e’lon qilishardi.

Ortidan morg sanitari o‘zining aravachasi bilan mahkum vafot etgan bo‘linmaga borar va “yuk” bilan qaytardi.

Aravacha ovozi hammaga eshitilib turardi…

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110519_cy_umarov_torture.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: