“O‘zbekneftegaz” shirkati rasmiylari poraxo‘r – ozodlik.org


Tenaris SA shirkati “O‘zbekneftegaz” e’lon qilgan tenderlarda qatnashgan raqiblaridan qutilish eavziga, O‘zbekiston shirkati rasmiylariga pora berganini tan oldi.

19.05.2011

“O‘zbekneftegaz” bilan hamkorlik qilgan Tenaris SA shirkati O‘zbekiston rasmiylariga pora berganini tan oldi.

Lyuksemburgada ro‘yxatdan o‘tgan va Argentinaning Techint konglomeratiga qarashli Tenaris SA shirkati “O‘zbekneftegaz” shirkatiga gaz quvurlarini sotgan. AQSh Adliya departamenti e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, Tenaris SA “O‘zbekneftegaz” shirkati e’lon qilgan tenderlarda yutib chiqish uchun davlatga qarashli shirkat vakillariga pora berganini tan olgan va ishni sudga oshirmasdan hal etish uchun 3,5 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan.

Amerikaning xorijda korruptsiyaga qarshi kurash aktini buzgani uchun tergov qilingan Tenaris SA shirkati shuningdek, keltirilgan zarar va sud oldi jarayonlariga doir 5,48 million AQSh dollari miqdoridagi harajatlarni ham to‘lashga rozi bo‘lgan.

AQSh Adliya departamentiga ko‘ra, “O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiylari tenderda ishtirok etayotgan boshqa shirkatlar takliflariga oid ma’lumotlarni, vositachi orqali, Tenaris SA kompaniyasiga taqdim etish evaziga imzolangan shartnomalar miqdorining 3,5 foiziga teng mablag‘larni pora sifatida olgan. Tenaris SA bu ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda vositachi xizmatlaridan foydalangan bo‘lsa-da, mablag‘ning muayan qismi “O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiylariga berilishidan yaxshi xabardor bo‘lgan, deyiladi AQSh Adliya vazirligi bayonotida.

Shuningdek, AQSh prokurorlariga ko‘ra, Tenaris o‘z xodimlari 2006 va 2007 yillarda “O‘zbekneftegaz” shirkati qoshidagi “O‘ztashqineftegaz” sho‘’ba korxonasi rasmiylariga pora berganini tan olgan.

Tenaris SA shirkatining O‘zbekiston rasmiylariga pora berganiga oid ish sudga oshirilamasdan AQSh hukumati bilan murosa kelishuvini imzolay olishiga Lyuksemburgda ro‘yhatdan o‘tgan kompaniyaning tergovchilar bilan hamkorlik qilgani va o‘zining noqonuniy hatti-harakatlarini tan olib, bunga oid ma’lumotlarni taqdim etgani yordam bergani aytilmoqda.

Tenaris SA kompaniyasi matbuot xizmati Ozodlikka bu xususda izoh bera olmasligini aytdi. “O‘zbekneftegaz” yoki “O‘ztashqineftegaz” shirkatlari xodimlari ham savollarimizga javob bermadi.

Biroq Tenaris SA manfaatlarini himoya qilgan N’yu Yorkdagi Shearman & Sterling advokatlik firmasi e’lon qilgan bayonotda “mijozimiz muhokamadagi masala (O‘zbekiston rasmiylariga pora berganlik-tahr.) yuzasidan prokurorlar bilan hamkorlik qildi, ko‘ngilli ravishda o‘zi o‘tkazgan tekshiruv natijalarini taqdim etdi”, deyiladi.

AQShning Qimmatbaho qog‘ozlar va birja operatsiyalari bo‘iycha komissiyasi direktori Robert Kuzami Tenaris shirkati O‘zbekistonda pora berish sxemasini ishlab chiqqanini qayd etdi.

“Tenaris shirkatining xorij mamlakatida pora berish sxemasi nomaqbul va noqonuniy bo‘lgan, lekin shirkat buning uchun mas’ul ekanini tan olgan holda hamkorlik qilganini qayd etish joiz”, dedi AQSh rasmiysi.

O‘zbekistonda 2001-2006 yillarda faoliyat yuritgan “Kabul-Fergana” qo‘shma korxonasiga millionlab AQSh dollari miqdorida sarmoya yotqizib, pulidan ayrilgan “Kabul-Tekstaylz” shirkatining sobiq boshqaruvchisi Dong Kang poraxo‘rlikning “otkat”, deb ataluvchi bu ko‘rinishi O‘zbekistonda chuqur ildiz otgan deydi.

– Odatga aylangan, ochig‘ini aytsam, O‘zbekistonda bunday amaliyot odatga aylangan. Lekin narxlar unchalik darajada chaqadigan emas, chidasa bo‘ladi,- degan edi janob Kang o‘tgan yili Ozodlik bilan suhbatlardan birida.

“Kabul-Tekstaylz” shirkatining sobiq rahbari Dong Kang O‘zbekistonda ishlagan paytda o‘zi ham “otkat” berishga majbur bo‘lganini yashirmasdan muzdning miqdori mahalliy rasmiylar qanday kelishilishi haqida bunday deydi.

– Ular, ya’ni “otkat” oluvchilar, mahalliy xodimlar yoki o‘rtada turgan vositachilar orqali muayyan imo-ishoralarni qiladi. Albatta, ular oldimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib buncha berasiz, degani istihola qiladi. Shuning uchun mahalliy xodimlarimiz yoki vositachilar orqali qancha istashlarini bizga bildiradi. Ko‘p hollarda ular so‘ragan muzd miqdori juda katta bo‘ladi va bu narsa bizning madaniyatga unchalik to‘g‘ri kelmasa-da, savdolashishga to‘g‘ri keladi. Masalan, xorij shirkati vakili bu taklifni qabul qila olmaymiz, lekin faloncha bera olishimiz mumkin, qabilida javob berishi mumkin. Shunda o‘rtada savdolashuv bo‘ladi va ular talab qilgan “otkat”ni ma’lum miqdorga kamaytirish imkoni bor,- deydi “Kabul-Tekstaylz” shirkatining sobiq boshqaruvchisi Dong Kang.

Tenaris SA O‘zbekiston rasmiylariga pora bergani fosh etilgan birinchi xorijiy shirkat emas.

Bir yil avval AQSh Adliya vazirligi “DAIMLER AG” shirkatini o‘zi ishlab chiqargan Mersedes mashinalarini sotish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritish uchun xorij hukumatlari, jumladan O‘zbekiston rasmiylariga pora berganini fosh etgan edi.

“DAIMLER AG” shirkati Meresedes markasidagi mashinalar, xususan, hukumat rahbarlarini tashiydigan zirhli limuzinlarni ishlab chiqaradi. Prezidentlar yoki boshqa amaldorlarni tashiydigan bunday mashinalarning narxi 400 mingdan ikki million evrogacha boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2003-2008 yillar oralig‘ida “DAIMLER AG” o‘z avtomobillarini sotish uchun O‘zbekiston rasmiylariga kamida bir yarim million evro miqdorida “otkat” to‘lagan va bu pullar amaldorlar uchun maxsus ochilgan ofshor bank hisoblariga qo‘yilgan.

“DAIMLER AG” shirkati ham ishning sudga oshmasligi uchun AQSh hukumati bilan murosa kelishuvini imzolab, 185 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘lagan edi.

Lyuksemburgada ro‘yxatdan o‘tgan Tenaris SA aktsiyalari Milan, Buenos Ayres va N’yu York qimmatbaho birjalarida aylanadi. O‘zbekiston rasmiylariga pora berganlik haqidagi xabar oshkor bo‘lgach, 18 may kuni shirkat aktsiyalarining narxi 2 foizdan ortiqroqqa tushib ketdi.

AQSh prokurorlariga ko‘ra, Tenaris Markaziy Osiyo va Kaspiybo‘yi davlatlariga ko‘rsatadigan xizmatlari shirkatning neft va gaz sohasidagi xizmatlar hajmining 5 foizini tashkil qiladi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24179835.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: