MOIHT: Andijonda MXX 300 kishini sudsiz qatl qilgan – ozodlik.org


17.05.2011

Barno Anvar

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonda MXX sud qarorisiz mahbularni qatl etayotganini aytmoqda.

Markazi Parijda joylashgan tashkilot e’lon qilgan “O‘zbekistonda qiynoq va sudlovsiz o‘lim jazosi tizimi” nomli yangi hisobotda 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilingan O‘zbekistonda sudlovsiz o‘lim jazosini ijro etish hamda qiynoqlarni sistematik tarzda qo‘llanilayotgani haqida gap boradi.

Sudlovsiz qatl qilish haqidagi ta’kidlar O‘zbekiston hukumatiga nisbatan juda jiddiy ayblov va tashkilot rahbari Nadejda Otaeva aynan shuning uchun bu ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganilganini alohida ta’kidladi.

– Biz hozir bir necha hisobot ustida ishlayapmiz va bu ularning birinchisidir. Aslida, O‘zbekistonda so‘nggi 6 yil ichida faollarimiz o‘tkazgan tadqiqotlar davomida va, ayniqsa, rasman o‘lim jazosi bekor qilinganidan keyingi muddat ichida sudlovsiz o‘lim jazosini ijro etish hollari ko‘paygani kuzatilayotgan edi. Keyin esa biz Andijon voqealaridan keyin viloyat shifoxonasi o‘likxonasida ishlagan sobiq xodimning ko‘rsatmasini qo‘lga kiritdik,- deydi Nadejda Otaeva.

Huquq faoliga ko‘ra, xavfsizlik nuqtai-nazaridan ismi oshkor qilinmayotgan bu patologoanatom 2005 yilning 23 sentyabridan 2006 yilning fevraliga qadar Andijon viloyati markaziy shifoxonasining MXX tomonidan mutlaq nazoratga olingan o‘likxonasida ishlagan va shu muddat davomida uning shaxsan o‘zi o‘qotar quroldan otib o‘ldirilgan 300 kishining jasadini ko‘zdan kechirgan.

Hisobotda uning bu boradagi ko‘rsatmasidan iqtibos kelitirilgan:

“Men nisbatan yaxshiroq esimda qolgan ba’zi holatlarni sanab o‘tishim mumkin. Bular birinchi navbatda bolalardir. Bular orasida bo‘g‘zidan va qornidan otilgan 10 yoshli bola bor edi. Uning tanasida hali hayotligida tushgan kaltak izlari ham bor edi. Shuningdek, tanasida hayotligida tushgan, ammo o‘lar holatda bo‘lmagan kaltak izlari bo‘lgan yana bir 6 yoshli bola jasadining miyasiga kirgan o‘qni chiqarib olgan edim.”

Unga ko‘ra, o‘q otar quroldan otib o‘ldirilgan marhumlar orasida hayotligida qiynoqqa solingan homilador ayollar ham bo‘lgan. Tanasida qiynoq izlari ko‘rinmagan, ammo, ichki a’zolari kaltaklardan ezib, qorishtirib tashlangan mahbuslar ham bo‘lgan.

Shuningdek, Andijon viloyati shifoxonasi o‘likxonasiga keltirilgan marhumlar orasida yo‘g‘on ichagidan qaynoq suv quylishi natijasida hali hayotligida oshqozoni yorilib, bir necha kun davomida ichki a’zolari chirib ketganidan o‘ta qiynalib o‘lgani yaqqol ko‘rinib turgan erkaklar ham bo‘lgan.

Bu shifokor bilan suhbatlashgan tashkilot rahbari Nadejda Otaevaga ko‘ra, bu patologoanatom ko‘zdan kechirgan o‘liklarning birortasida shaxsiga oid ma’lumotlar, shuningdek, ularni qidirib kelgan yaqinlari ham bo‘lmagan.

– O‘likxonaga, odatda, ikki toifa jasad – biri kasallikdan vafot etgan va yana biri o‘lik holda topilgan jasadlar keltiriladi. Ammo, bu erga uchinchi toifa – yashil rangdagi blanka bilan rasmiylashtirilgan va shaxsiga oid ma’lumotlar o‘rniga 7 ta raqam bilan raqamlangan o‘liklar ham keltirilgan,- deydi Nadejda Otaeva andijonlik patologoanatom so‘zlariga tayanib.

Andijon o‘likxonasida ishlaganini aytayotgan patologoanatomning so‘zlariga ko‘ra chizilgan o‘likxona sxemasi.

Andijon viloyati shifoxonasi o‘likxonasining sobiq xodimiga ko‘ra, 2005 yil sentyabridan 2006 yil fevraliga qadar yashil kartochka bilan o‘likxonaga kelgan 300 jasadni o‘likxonaga olib kelish, tekshirish, tekshiruvni hujjatlashtirish hamda ularning olib ketilishi to‘liq milliy xavfsizlik xizmati xodimlarining qattiq nazorati ostida amalga oshirilgan.

O‘likxonaga nom-nishonsiz kelgan bunday jasadlar xuddi shunday nom-nishonsiz tarzda tibbiy tekshiruv natijalariga qo‘shilib shifokorlarga noma’lum manzilga olib ketilgan.

O‘likxona sobiq xodimining Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkilotiga bergan ko‘rsatmasi mazmunidan yashil kartochka bilan keltirilgan marhumlar, shubhasiz, tirikligida o‘limga mahkum etilgan insonlar bo‘lgan.

“Mening navbatchiligimda bir gal tirikligida qiynalgan va rasvosi chiqarib yuborilgan erkakning jasadini keltirishdi. Yordamchilarim bilan uning tanasini yora boshlagan paytimizda u birdan nafas ola boshladi va yurak urishi paydo bo‘lib, ko‘zlarini ochdi. Mening tajribamda bunaqasi birinchi marta bo‘lishi edi. Yugurib o‘likxona mudiri yoniga bordik. O‘sha zahoti MXX xodimi paydo bo‘ldi va nima bo‘lganini bilgandan keyin bizni xonada qoldirib, o‘zi chiqib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng esa kelib, ishni davom ettirishimizni aytdi. Operatsiya xonasiga qaytganimizda bu odam tanasida uning o‘limiga sabab bo‘lgan yangi tan jarohatlarini ko‘rdik”, degan iqtibos keltiriladi hisobotda Andijon viloyati shifoxonasidagi o‘likxonaning sobiq xodimi ekani aytilayotgan shaxs hikoyasidan.

Andjinlik patologoanatom so‘zlariga ko‘ra, qatl qilinganlar haqidagi ma’lumotlar ana shu ko‘rinishdagi yashil formalarga kiritilgan.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkilotining O‘zbekistonda sudlovsiz o‘lim jazosini ijro etish tizimi mavjudligi ta’kidlangan yangi hisobotida asli andijlonlik patologoanatom tilidan hikoya qilingan ayanchli hikoyalar talaygina.

Darvoqe, bunga qadar ayni shifokor o‘z shaxsiga oid ma’lumotlar sir saqlangan holda Al-Jazeera telekanaliga bergan interv’yusida qamoqxonada qiynoqdan o‘lgan mahbuslarning tanasini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani haqida ko‘rsatma bergan edi.

Tabiiyki, bunday ko‘rsatmalar O‘zbekistonda inson huquqlari va aynan qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib kelayotgan xalqaro tashkilotlar, ayni paytda, axborot vositalari e’tiborini tortmoqda.

Ayni paytda, shaxsiga oid ma’lumotlar mutlaq sir tutilayotgan bu patologoanatomning ko‘rsatmalari shubha ostiga ham olinmoqda.

Bunday shubhalarni o‘quvchilari muhokamasiga taqdim qilgan Fergana.ru sayti buning sababini O‘zbekistonda sistematik ravishda sudlovsiz o‘lim jazosining ijro etilishi haqidagi ayblovning o‘ta jiddiy ekani bilan izohlagan.

Shu bois bu sayt uning jurnalistiga mahfiy ravishda intervyu bergan andijonlik ikki patologoanatomning munosabatini keltirgan.

Ularning birida, jumladan, bunday deyiladi:

“Bu odam jasadni yorish tartibidan xabador emas. Birinchidan, anal teshiklari yorilmaydi, balki tashqi tomonidan tekshiriladi. Ikkinchidan, u tanani yorish tartibini noto‘g‘ri ta’riflayapti, ko‘rinib turibdiki, u bunday ish bilan shug‘ullanmagan. Bizda tananini yorishning ikki uslubi – Abrikosov va Shor uslubi bor… Ham odatiy patologoanatomiya bo‘limi, ham sud ekspertizasi bo‘limida shu ikki uslubdan biri qo‘llaniladi. Faqatgina sudtibbiyekspertiza bo‘limida bu murakkabroq bo‘lishi mumkin, bu ko‘proq jarohat xarakteriga bog‘liq”, deydi andijonlik patologoanatomlardan biri Fergana.ru saytiga bergan interv’yusida.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaeva esa bu kabi e’tirozlar va shubhalar bildirilishini ham kutgani hamda buni olqishlashini aytadi.

– Hamma bizga aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqida aql o‘rgatishni boshlamoqda. Aslida qanday bo‘lishi kerakligi ma’lum, ammo, biz amaliyotda qanday ekani haqida gapirayapmiz. Shaxsan men uchun bu boradagi eng nufuzli xulosa BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining o‘sha o‘likxonani ko‘zdan kechirib, aytgan xulosasi bo‘lardi. Toki buning imkoni bo‘lmaguniga qadar biz mana shunday ko‘rsatmalar bilan ishlashga majburmiz.

Biroq, men bildirilayotgan fikrlarni hurmat qilaman. Fikr qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Biz shubha uyg‘otgan bo‘lsak-da, bu muammoni ko‘tardik. Endilikda o‘zining yopiq rejimga asoslangan siyosati bilan shu kabi hisobotlarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston hukumati oshkoralik va inson huquqlari bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushuncha ekanini tushunsin va eng muhimi, men inson huquqlari buzilishidan jabrlanganlar ovozini butun dunyo eshitishini istayman!- deydi “O‘zbekistonda qiynoq va sudlovsiz o‘lim jazosi tizimi” nomli hisoboti bilan shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkilotining rahbari Nadejda Otaeva.

Matbuot qiziqishini uyg‘otayotgan andijonlik shifokor esa, huquq faoliga ko‘ra, tez orada Evropa davlatlaridan birida rejalashtirilayotgan tadbirda shaxsan ishtirok etib, jamoatchilikka o‘zini tanishtiradi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24177622.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: