“Katta doda” “odamxo‘r”dan ko‘ra mustabidroq – ozodlik.org


Islom Karimov diktator va mustabidlar o‘nligiga birinchi marta tushayotgani yo‘q.

18.05.2011

Nufuzli Newsweek jurnali e’lon qilgan mustabidlar reytingidan ana shunday xulosa qilish mumkin.

AQShda chiqadigan Newsweek jurnali dunyoning eng mustabid hukmdorlari o‘nligini e’lon qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov to‘qqizinchi o‘ringa qo‘yilgan reytingga kirish so‘zida: “Dunyo bo‘ylab 400 milliondan ortiq odamlar bu zolim mustabidlar hukmronligi ostida yashamoqda”, deyiladi.

O‘zbekistonda “katta doda” laqabi bilan tanilgani va 21 bir yildan beri hokimiyatda qolayotgani aytilgan reytingda Islom Karimovga sherik bo‘lganlar orasida Britaniyaning Lokerbi shaharchasi ustida yo‘lovchi samolyotda terrorchi xurujini uyushtirgani isbotlangan Liviya etakchisi Muammar Qaddafiy, maktab yoshidagi qizlar bilan ko‘ngilxushlikka ruju qo‘ygan Shimoliy Koreya rahbari Kim Ir Sen, Ekvatorial Gvineyaning odamxo‘rligi bilan tanilgan rahbari Teodoro Obiang, ayollar kiyimini kiyishdan mazza qiladigan Birma xuntasi raisi Tan Shvelar bor.

Newsweek reytingiga kirish so‘zida bu mustabidlar “o‘z xalqini o‘qqa tutishdan tap tormaydi” deyiladi va Islom Karimovning eng mudhish jinoyatlari orasida 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuzlab namoyishchilarning hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilgani eslanadi.

Islom Karimovning boshqa davlat rahbarlarini mazax qilib, ularning ustidan kulishni odat qilgani, kalini sochi bilan yopib yurishini Newsweek unga bergan sifatlar orasida ko‘rish mumkin. Gunohlari orasida odamlarni tiriklayin qaynoq suvga solib o‘ldirganini yozgan Newsweek jurnaliga ko‘ra, bu reyting bo‘yicha sheriklaridan, masalan, odamxo‘r Obiang yoki “xaji qiz” Shvedan farqli o‘laroq, Karimovning kelajagini nekbin deb bo‘lmaydi. Uni kelajakda sog‘lig‘ining yomonlashishi kutmoqda va o‘rnini bosadigan vorisi yo‘q, deyiladi prezident Karimovga berilgan qisqacha xarakteristikada.

Newsweek jurnalining mustabidlarga bag‘ishlangan sahifasi.

Newsweek jurnalidek nufuzli nashr O‘zbekiston prezidentini eng zolim mustabidlardan biri deb atashi Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva o‘z otasini diktator, deb atagan nashrni sudga bergan paytga to‘g‘ri keldi.

Qarorgohi Parijda joylashgan YuNESKOdagi O‘zbekiston vakili Lola Karimova-Tillaevaning Rue89 Internet nashri ustidan bergan shikoyati bo‘yicha sud 19 may kuni boshlanadi.

Rue89 Internet nashrining O‘zbekiston rahbarini diktator, aniqrog‘i Karimova-Tillaeva xonimni diktatorning qizi, deb atagan muxbiri Ogustin Skalber Newsweek jurnalining mustabidlar reytingidan xabar yo‘q bo‘lsa-da, Islom Karimovning bunday ro‘yxatga tushishi tabiiy holdir, deydi. Frantsiyalik jurnalist Skalber sudda ham yutib chiqishiga shubha qilmaydi.

– Bu fakt. Qonun bo‘yicha biz buni isbotlashimiz kerak, bu esa bizga juda oson. Olti yil avval Andijonda ommaviy qirg‘in bo‘ldi, hukumat muxoliflari o‘zbek qamoqxonalariga tashlandi, qiynoqqa solindi. Shunday ekan uning diktator ekanini isbotlash qiyin emas,- deydi Ogustin Skalber.

Parij sudi Karimovning diktator ekanini inkor qiluvchi hukm chiqaradimi, yo uning diktator ekanini e’tirof etadimi, bu haqda bashorat qila olmaymiz.

Har qalay Newsweek jurnali e’lon qilgan reyting prezidentning qizi joniga oro kirmaydi, deyish mumkin. Agar Lola Karimova-Tillaeva g‘olib chiqsa, otasi diktator emasligi haqidagi ishonchi yanada kuchayishi va endi Newsweek jurnaligining tuxmatlariga qarshi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov mustabid emasligini isbotlashga harakat qilishini kutish mumkin.

Darvoqe, Newsweek o‘tgan oy e’lon qilgan reytingda mustabidlar quyidagicha joylashgan:

1. Liviyani 41 yildan beri boshqarib kelayotgan Muammar Qaddafiy.

2. Shimoliy Koreyaning umrbod prezidenti Kim Ir Sen.

3. Belarusning yaqinda qayta saylangan prezidenti Aleksandr Lukashenka.

4. Zimbabveni 23 yildan beri boshqarib kelayotgan Robert Mugabe.

5. Suriya prezidentligini otasidan meros qilib olgan Bashar al-Assad.

6. Birma harbiy xuntasi raisi va ayollar modasi ishtiyoqmandi Tan Shve.

7. Sudanning xalqaro qidiruvga berilgan prezidenti Umar al-Bashar

8. Turkmanistonning asl kasbi tish duxtiri bo‘lgan prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedov.

9. O‘zbekistonning “katta doda” laqabli prezidenti Islom Karimov.

10. Ekvatorial Gvineya prezidenti, odamxo‘r va 40 farzand otasi Teodoro Obiang.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Newsweek reytingiga ko‘ra, “katta doda” mustbidlikda “odamxo‘rdan” ham o‘zib ketgan.

http://www.ozodlik.org/content/article/24178582.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: