“BIRDAMLIK” QOVUN TUSHIRDI… – yangifikr.com


Mening 70 yoshga to‘lishim munosabati bilan 15 may kuni va uning arafasida bir qator do‘stu-birodarlardan tabriklar kela boshladi. Ba’zilarini tanisam yoki bilsam, ba’zilari mutlaqo notanish insonlar edi. To‘g‘risi, ilgaridan tanish-bilish bo‘lgan ba’zi odamlardan men tabrikni hech ham kutmagan edim.

Shunday odamlardan biri andijonlik, O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining Andijon viloyati bo‘limini bir necha yil boshqargan Saidjahon Zaynobitdinov meni tabriklab hatto bir necha misra she’r ham bitibdi va meni «Ustoz» deya atabdi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda bir necha insonlar meni huquqbonlikda o‘zlarining ustozi deb hisoblaydilar va men kamtarona mehnatim tan olingani uchun bu e’tirofdan faxrlanaman.

Biroq men Saidjahonga u aytayotganday ustoz emasman. Uning ustozlari boshqa odamlar ekanini va ular umuman boshqa idoralarda o‘tirishini biz 2003 yil bilib qoldik, uni uch marta bu qaltis yo‘ldan qaytarishga harakat qildik, natija chiqmagach 2004 yilning 13 mayida tashkilotdan chiqardik va aloqani uzdik.2011 yilning 2 aprelida men umrimda qilmagan bir ishni qildim: «Andijonga bag‘ishlov» nomli she’r yozdim.

Uning badiiy qiymati qandayligini men ayta olmayman. Saidjahonning men va tashkilotimizga munosabati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar men uni hech qachon haqorat qilgan, to‘hmat uyushtirgan emasman. Biroq men she’rimda:

She’riyat osmonida porladi bir yulduzing,

Boburingdan o‘lsa ortiq Saidjahoningdan ketay,

deya bir bo‘rttirma ishlatdim. Mazkur jumlalarga kimdir Saidjahonni tan olish, kimdir qitmirlik, kimdir uning ustidan kulish (va h.) deya o‘zicha baho berishi mumkin. Saidjahon esa she’rga: «Men 4-5 maqolalarini to‘plab Tolib akani sudga bermoqchi edim [regres tartibda Frantsiya elchixonasi orqali], biroq men piarchi emasman; men uchun eng yaxshi piar haqiqatdir» deb munosabat bildirdi. >Mening tug‘ilgan kunim munosabati bilan yozgan she’rida Saidjahon kechirim so‘rab qo‘l cho‘zganday bo‘lgan. Biroq men ushbu maqolam bilan unga qo‘l uzatishdan voz kechdim, chunki o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun sotqinlik yo‘liga o‘tgan, o‘z shahri aholisining qonini to‘kishda hukumat bilan hamkorlik qilgan odamni kechirish mumkin emas.

«Birdamlik»ning «kashfiyoti» yohud S.Zaynobitdinovning Andijon voqealaridagi o‘rni

2006-2010 yillarda, 13 may yaqinlashgan kunlari O‘zbekiston hukumati va unga xizmat qiluvchi, u-budan manfaatdor odamlar Andijon xunrezligi bo‘yicha mum tishlab turishar, olam esa gapirar edi. Bu yil boshqacha bo‘ldi: mazkur qotillik haqida hatto mamlakat «rahbari» Islom Karimov ham gapirvordi. Biroq u: «Otishga buyruqni men bergan edim» demadi va hech qachon demaydi ham. Uni tushunish mumkin: desa, u darhol Xalqaro Jinoyat Sudiga tortiladi.

O‘tayotgan yilning O‘zbekiston bilan bog‘liq yana bir yangiligi shundan iborat-ki, mamlakatdagi mavjud siyosiy tuzumga o‘zini muxolifatdadagiday ko‘rsatayotgan «Birdamlik» harakati bayonot tarqatib, Andijon masalasida salkam hukumat pozitsiyasini ilgari suribdi. Katta o‘zgarish! Ilgarigi yillar biz «Birdamlik»da buni kuzatmaganmiz. Demak, «Birdamlik» va uning liderida yangicha sifat o‘zgarishi sodir bo‘libdi.

Insonda sifat o‘zgarishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. 2002 yili sentyabrь oyida O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati (O‘IHJ)ning to‘rt a’zosi qamaldi. Uni qutqarish uchun biz qo‘limizdan kelgan barcha yuridik ishlarni qildik, biroq natija bo‘lmadi. Shundan so‘ng biz 2003 yil 29 aprelьdan 23 iyulьga qadar shanba va yakshanbadan tashqari har kuni Bosh prokuratura va Oliy sud binolari oldida piketda turdik. Birin ketin odamlarimizning hammasi qamoqdan ozodlikka chiqdi. Biri huquqbonlikni umuman tark etdi – biz undan xafa bo‘lmadik. Biri harakatiga harakat qo‘shib huquqbonlikni davom ettirdi – biz xursand bo‘ldik. Ikkitasi esa qamoqxonadan qip-qizil sotqin bo‘lib chiqishdi va hozir ham do‘mbillab militsiya va MXXga xizmat qilmoqda. Nega «Birdamlik» shuncha yillar Andijon voqealari yuzasidan real va ob’ektiv pozitsiya egallab kelib, bu yil hukumat pozitsiyasiga o‘tib oldi? Bu ishni «Birdamlik» lideri nega 2009 yili O‘zbekistonga borib kelgandan keyin qilmadi?

U O‘zbekistonga borganda ma’lum organlardan «instruktsiya» olib kelgan desak, nega u bu ishni 2010 yil, Andijon qirg‘inining 5 yilligi arafasida bajarmadi?Asl javob butunlay boshqa odam, yaqindan boshlab «Birdamlik» harakatining Andijon viloyati bo‘limini boshqarayotgan Saidjahon Zaynobitdinov bilan bog‘liqdir.

«Birdamlik» harakati bayonotini o‘qigach, mening miyamga darhol shu odam keldi. Bayonotdan keyin men Shvetsiyada yashayotgan andijonlik qochqin Bahrom aka Shokirovning intervьyusini eshitdim. Bahrom aka gap orasida: «Biz hamma qilgan ishlarimiz haqidagi ma’lumotlarni Saidjahonga berib turganmiz, u esa chet ellarga jo‘natib turgan» dedilar. Va nihoyat shundan keyin men VVS radiosining S.Zaynobitdinov, «Andijon: Adolat va Tiklanish» tashkiloti a’zosi Jahongir Usmonov va siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ishtirokidagi intervьyusiga quloq tutdim. Bu intervьyuda S.Zaynobitdinov «Birdamlik» harakati bayonotidagi bir qator jihatlarni aynan takrorladi.

Masala ravshanlashdi.Maxsus xizmatlar faoliyati va ularning Andijon voqealarini uyushtirishdagi roli 2006 yili Parijda joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya ofisida SSSR DXQ (KGB)ning 2-jahon urushidan oldingi strukturasi va butun mamlakat bo‘ylab bu strukturalarda ishlagan barcha rahbarlar haqida yozilgan kitobga ko‘zim tushdi va uni bir oyga so‘rab oldim. Kitobning meni eng qiziqtirgan qismi DXQning strukturalari edi: DXQda terroristik aktsiyalar uyushtirish bo‘limi ham bor bo‘lib, bu bo‘lim nafaqat boshqa davlatlarda, balki SSSRning ichida ham terroristik aktsiyalar uyushtirish uchun tuzilgan ekan.

Garchi kitob oldingi asrning 30-chi yillari oxiri va 40-chi yillari boshlarini aks ettirgan bo‘lsa-da, keyingi 50-60 yil ichida DXQ mohiyatan va ish uslublari bo‘yicha kuchaytirilgan-ki, aslo unga demokratik ruh berilgan emas. SSSR parchalangach, yuzaga kelgan yangi davlatlarda DXQning kopiyalari saqlanib qoldi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarboyjon kabi davlatlarda maxsus xizmatlar sharqiy despotizm (mustabidlik) bilan «boyitildi». Milliy xavfsizlik yoki davlat xavfsizligi deyilsa-da, maxsus xizmatlar nodemokratik mamlakatlarda asosan davlat rahbari, uning oilasi va rejimga sodiq yuqori mavqega ega bo‘lgan davlat xizmatchilarining tinchligi va manfaatini qo‘riqlaydigan organdir.

Siyosiy ta’qib, ya’ni siyosiy rejimga muxolif bo‘lgan har qanday inson, guruh yoki tashkilotni ta’qib qilish, jamiyatdan izolyatsiya etish (qamash), iqtisodiy nochorlik holiga tushirish, obro‘sizlantirish, sazoyi qilish, ruhan sindirish (va h.) – bularning barchasi maxsus xizmatlar faoliyatining tarkibiy qismidir.Yollangan odamlar orqali maxsus xizmatlar jamiyatda sodir bo‘layotgan har qanday o‘zgarishni nazorat qilib turadi. Andijonda tadbirkorlar harakati, ularning ish o‘rinlari, oila qiynalmasdan hayot kechirishi uchun etarli maosh, tekin poliklinika va bolalar bog‘chalari va ko‘pgina ijtimoiy-iqtisodiy qulayliklar tashkil etganlari, kam ta’minlangan oilalarga sunnat to‘yi, qiz chiqarish va o‘g‘il uylantirish uchun moddiy yordamlar uyushtirishni yo‘lga qo‘yilganligi maxsus xizmatlar diqqatidan chetda qolishi mumkin emas edi.

Bu harakat hukumatning: «Yurtboshimiz Islom Karimov og‘ishmay xalqni boqayapti» degan asosiy tezisiga zid edi. Dinsiz hukumat islomning «Alloh yagona va sheriksiz Zot, Unga shirk keltirma» degan asosiy talabini tan olmay, uning o‘rniga o‘zining «Islom Karimov yagona va unga teng keladigan mamlakatda boshqa inson yo‘q» degan bema’ni tezisga izchillik bilan amal qilgani sababli andijonlik tadbirkorlarning harakatiga maxsus xizmatlar yo‘l qo‘ya olmas edi.Bunday paytda maxsus xizmatlarning birinchi qadami harakat ichiga o‘z ayg‘oqchilarini kiritishdan boshlanadi.

Ayg‘oqchilar harakat ishiga hech qanday monelik qilishmaydi, aksincha, ular harakatning raxbarlari va boshqa a’zolarini ruhan rag‘batlantiradilar, ularning har bir tadbirini olqishlaydilar va shu yo‘l bilan ularning xavflardan ogoh bo‘lish hissiyotlarini pasaytirishga harakat qiladilar. Ayg‘oqchi-provokatorlarning asosiy vazifasi esa harakatni jinoiy yo‘nalishga burib yuborishdir. Masalan, ular mazkur guruh ongiga qurollanish eng samarali yo‘l ekanligini sekin-asta singdira boradilar va ishontiradilar. Ishonch shakllangach, ular qurol topishga faol yordam beradilar. Afsus-ki, siyosiy va analitik saviyasi past bo‘lgan andijonlik tadbirkorlar maxsus xizmatlarning uyushtirayotgan xavflarini sezmaganlar va ularning har bir qadami kuzatilgan va hisobga olingan.

Shuni ham qayd etishim kerak-ki, S.Zaynobitdinov andijonlik Akrom Yo‘ldoshevning «Iymonga yo‘l» broshyurasining eng izchil muxlislaridan biri bo‘lgan, uni rus tiliga tarjima qilib tarqatgan va unga sharhlar yozgan. Bu kriminal (jinoyat) emas, chunki mazkur broshyurada birorta ekstremistik fikr yoki chaqiriq yo‘q. Biroq 6 yildan keyin S.Zaynobitdinovning sa’y-harakati bilan «Birdamlik» harakati unga ekstremistik tus bermoqda. Shu asnoda: «S.Zaynobitdinov Akrom Yo‘ldoshevning oddiy muxlisi bo‘lganmi yoki keyinchalik tadbirkorlar va ularning tarafdorlarini «akromiy»likda ayblash uchun zamin tayyorlash maqsadida MXX S.Zaynobitdinovni ishga solganmi?» degan savol tug‘iladi.

«Huquqbon» o‘zi bilgan-bilmagan holda ko‘p faktlarni oshkor qilib qo‘ydi. S. Zaynobitdinov andijonlik tadbirkorlar ishida hukumatning asosiy ayg‘oqchisi bo‘lgan, deyishga to‘la asos bor. B.Shokirov va boshqa andijonlilarning aytishicha u tadbirkorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan, ularning to‘liq ishonchiga kirgan va ularga norasmiy rahbarlik qilgan. U VVS radiosiga bergan intervьyusida o‘zi bilgan-bilmagan holda o‘zini fosh etgan.

Misollar keltiraman. Uning aytishi bo‘yicha tergov paytida u 4 oy Qobil Parpiev bilan bitta kamerada birga o‘tirgan. Q.Parpiev hukumat tomonidan muxolifatchi sifatida qaraladi, huquqbon bo‘lgani sababli S.Zaynobitdinov ham shu kategoriya odamlar safiga kiritiladi. Odamlar Saidjahon 5-10 ta gilьzani qo‘lida ushlab turgani uchun qamalgan, deb o‘ylashadi. Aslida unday emas. U ikki vazifani bir paytda bajargan – tadbirkorlarga norasmiy rahbarlik qilish va ularga qarshi MXXning agenti bo‘lish.

Biroq uni ikkinchi vazifasi uchun qamash mumkin emas-ku! Qamalishining esa ikki jihati bor: birinchidan, tadbirkorlarga norasmiy rahbar bo‘lgani hammaga ma’lum, qamalmasa darrov sho‘bha paydo bo‘ladi; ikkinchidan, u «quloq» sifatida qamalganlar ichida bo‘lishi kerak. Shu sababli u va Q.Parpiev jinoiy ishda bir xil kategoriyali figurantlar (j/i ishtirokchilari) hisoblanadi. Jinoiy ishning tergov ish yurituvi paytida bir xil kategoriya (ikki o‘g‘ri, ikki terrorist, muxolifatning ikki vakili va h.)ga kiruvchi ikki figurant hech qachon bitta kameraga qo‘yilmaydi: bitta holda, ya’ni ularning biri «quloq» sifatida ishlatilayotgan bo‘lsagina istisno bo‘lishi mumkin, xolos.

Savol tug‘iladi: bu ikki shaxsning qaysi biri «quloq» bo‘lgan? U bilan oldinma-keyin qamoqdan chiqqan bir huquqbonga S.Zaynobitdinov ushbu gapni aytgan: «Boshqa mahbuslar yovg‘on sho‘rva ichganda men nonga sariyog‘ surib eganman. .. IIV erto‘lasida oldimga ministr muovini kirganda so‘ragan narsalarining hammasiga batafsil javob berganman». Bu gaplaridan Saidjahon tonsa uning gaplarini o‘sha huquqbon tasdiqlashi mumkin.

7,5 yilga qamalgan S.Zaynobitdinov 2,5 yilda ozod etildi, Q.Parpiev hamon qamoqda o‘tiribdi. Xulosani o‘zingiz chiqaring. Intervьyuda aytishicha S.Zaynobitdinov 13 may kuni, ya’ni ayni qirg‘in bo‘lgan kun ko‘chaga chiqmagan. Bu matalga odamlarni ishontirish uchun S.Zaynobitdinov qanday tarixni to‘qimasin, unga faqat aqli past odam ishonishi mumkin, xolos. Andijon qaynab turgan kun, o‘zini buyuk, Farg‘ona vodiysida eng ilg‘or huquqbonman, deb yurgan odam, u bilan sut-qatiq bo‘lgan tadbirkorlarning yuzlab tarafdorlari va adolat izlab Bobur maydoniga kelgan minglab odamlar ichida bo‘lmay uyda o‘tiradimi? Ko‘chaga u hukumat askarlari odamlarni otib bo‘lgandan keyin bo‘sh gilьzalarni yig‘gani chiqqan emish!

Qiziq joyi shunda-ki, nega uni gilьza terib yurganda otib tashlashmabdi? Andijon qirg‘ini 5-10 ta o‘g‘rilarning otishmasi emas-ku! Saidjahon ko‘chaga chiqqan paytda hammayoq o‘lik, qon, maxsus xizmatlar vakillari va askarlar o‘rovi (otsepleniesi), tomlar ustida snayperlar, vahima, qisqasi Andijon do‘zaxga aylangan payt bo‘lgan. O‘sha paytda u gilьza terib yurgan emish! Hammayoqda o‘lim hidi hukmron bo‘lgan paytda Saidjahon katta o‘qni kim otgan, kichik o‘qni kim otgan masalasini ham o‘rganib chiqibdi!

O‘nlab, balki yuzlab o‘liklarni, oqayotgan qonlarni ko‘rgan odamning xayoliga «5-10 ta gilьza terib ketay» degan o‘ta bema’ni gap keladimi? Tushingni suvga ayt! 13 may kuni S.Zaynobitdinovning ko‘chaga chiqmaganligini faqat bitta sababi bo‘lishi mumkin: u maxsus xizmatlardagi kuratori tomonidan ilgaridan ogohlantirilgan! «Birdamlik» harakati bayonotida go‘yo-ki «qo‘zg‘olonchilar» ishlatgan avtomat, pistolet, o‘q-dori va boshqa ash’yolar miqdori keltiriladi. Bularni S.Zaynobitdinovning intervьyusida ham aynan ko‘rish mumkin.

Uning aytishicha, intervьyudan ikki kun oldin u o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Teshiktosh manziliga borib, jon talvasasida qochayotgan andijonliklar o‘sha erga kelganda navbatda turib, xolislar va guvohlar ishtirokida qo‘llaridagi avtomat, to‘pponcha va o‘q-dorilarni kimgadir topshirib ketishganini bilib kelibdi. Buni eshitib, o‘qib yagona xulosaga keladi, kishi: yo buni Saidjahonga taqdim etgan mxx-chilarning tomi ketgan, yoki Saidjahonning o‘zining tomi ilma-teshik holiga kelgan!

Andijon qirg‘inidan omon chiqib qochayotgan odamni faqat qo‘rquv boshqaradi, uning miyasida faqat bitta hayol – omon qolish, ya’ni imkon qadar tezroq xavfsiz erga etib borish turadi. Buyoqda askarlar patira-putir odamlarni otayotgan, qochayotgan odamlar uzra vertoletlar uchib yurgan, MXX va militsiya 12 maydan ilgari favqulodda holatga o‘tkazilgan bir paytda Teshiktosh tomonda qochayotgan odamlar to‘xtab, xolis, guvohlar va qabul qilib oluvchilarni topib, qo‘llaridagi qurol-yarog‘ni topshirgan odamlarni qochqinlar deyish mumkinmi? Aslo! Tushingizni yana bir marta suvga ayting, mullo Saidjahon!

Olti yil o‘tishiga qaramasdan Andijondagi UYa 64/T-1 yopiq, maxsus qo‘riqlanadigan qamoqxonaning 12 dan 13 mayga o‘tar kechasi ishg‘ol qilinishi va u erdan ko‘p miqdorda mahbuslarni chiqarib yuborilishi voqeasi hamon mavhumligicha qolmoqda. Hukumat buni «akromiy» terroristlar uyushtirgan va amalga oshirgan deb tushuntirmoqda. Biroq ekspert mutaxassislar «hujum»ning bir necha parametrlariga katta sho‘bha bilan qaramoqdalar. Masalan, mazkur qamoqxona oddiy ob’ekt emas, balki davlatning maxsus qo‘riqlanadigan ob’ektidir (OOO – osobo oxranyaemыy ob’ekt). OOOlar yashirin kabelь orqali albatta MXXning mahalliy va Toshkentdagi markaziy pulьtiga ulanadi, yopiq turmalar esa bundan tashqari Jazoni Ijro Etish Bosh Boshqarmasi (JIEBB)ning pulьtiga ham ulangan bo‘ladi. UYa 64/T-1 tipidagi ob’ektlarga uyushtirilgan har qanday hujum so‘zsiz va o‘sha zahotiyoq MXX va JIEBBlarning e’tiboriga tushadi, chunki hukumat nuqtai-nazari bo‘yicha yopiq turmalarda davlat va jamiyat uchun o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanadi.

Tabiiy savollar tug‘iladi: bunday ob’ektga bir necha o‘n qurollangan odamlar bitta yuk mashinasi bilan nega osonlik bilan hujum uyushtira olishgan? Nega o‘sha kechasi qo‘riqchilarga o‘q-dori berilmagan? Nega MXX va JIEBBlarning signalizatsiyalari o‘sha kecha ishlamagan? Va, nihoyat, asosiy savol: yopiq turmaga kimlar hujum qilgan? Har kim xulosani o‘zi chiqarishi mumkin.S.Zaynobitdinov hammani aqli hech narsaga etmaydigan lox deb o‘ylasa kerak.

Uning aytishicha tadbirkorlarning tarafdorlari truba va armaturadan yasalgan tayoqlar bilan qurollanib harbiy qismga hujum qilganlar va ko‘p miqdorda qurol-yarog‘larni olib chiqib ketishgan. Bir joyi tushunarsiz bo‘lib turibdi: mabodo u harbiy qism emas, tug‘riqxona bo‘lgandir? U erda novqiron, har kuni turli mashqlar, shu jumladan harbiy mashqlar qiladigan yigitlar emas, tuqqani kelgan xotinlar bo‘lmaganmi? Qulfu-kalitli, atrofi baland devor bilan o‘ralgan, chumchuqqa tosh otadigan cho‘zma (rogatka) bilan emas, og‘zidan dahshatli o‘q-olov chiqadigan avtomat va pulemyotlar bilan qo‘riqlanadigan ob’ektga truba va armatura tayoq bilan hujum qilinadimi? Nahot-ki O‘zbekiston armiyasining ahvoli shu qadar achinarli? Balki, tayoq ko‘targanlarning boshida buyuk sarkarda Saidjahon Zaynobitdinov borgandir? Saidjahon shosha-pisha: «Yo‘q, men emas!» deyishi tabiiy, u holda tug‘riqx…, kechirasiz, harbiy qismga kim hujum qilgan? Umuman hujum bo‘lganmi? Yoki u o‘zbek armiyasini obro‘sizlantirish uchun to‘hmat qilayotgan bo‘lib chiqmasin?

Intervьyusida S.Zaynobitdinov bir fikrga urg‘u berib, uni kamida ikki marta takrorladi: emish-ki, o‘sha yili mart oyida Qirg‘izistonda sodir etilgan davlat to‘ntarishini Andijon tadbirkorlari O‘zbekistonda ham uyushtirsa bo‘ladi, deb o‘ylab, uni, ya’ni davlat to‘ntarishini uyushtirish uchun 1,5-2 oy tayyorgarlik ko‘rishgan. Saidjahon tushmagur shu paytgacha bu gapni aytib kelganini men eshitmaganman.

Nega u 2011 yilga kelib andijonlilar davlat to‘ntarishi uyushtirishni mo‘ljallashgan demoqda? Aslida kim oldindan tayyorgarlik ko‘rgan? O‘zbekiston MXX xodimlarining salkam yarmi Rossiya Xavfsizlik Federal Xizmati (XFX – FSB)ga ishlashi ma’lum. Ular orasida har ikki tomonga ishlaydigan (dvoynoy agent)lar ham oz emas. Bular MXX va XFXning oddiy farrosh, qorovul yoki boshqa yugurdaklari emas, balki yuqori lavozimli shaxslaridir. XFX Qirg‘izistonda rangli inqilobga tayyorgarlik ketayotganini inqilobdan bir necha oy ilgari bilgan, bu ma’lumot esa dvoynoy agentlar orqali O‘zbekiston MXXga ham etib kelgan va Andijon qirg‘ini o‘sha paytdayoq rejalashtirilgan.

Hatto o‘sha paytdayoq fursat va vaziyat etishganda Qirg‘iziston janubida o‘zbeklarga qarshi qirg‘in uyushtirish rejalanganligini ko‘rsatuvchi belgilar bor. Andijon baxtsizligi shunda-ki, 23 tadbirkor ustidan olib borilayotgan tergov jarayoni ayni paytga to‘g‘ri kelgan va hukumat undan ustalik bilan foydalangan. Taxminan 2005 yilning fevral oyida bizga kelgan ma’lumot bo‘yicha tojikistonlik polkovnik Mahmud Xudoyberdiev va uning eng yaqin safdoshlari I.Karimov bilan uchrashgan. Ular: «O‘zbekistonning qaysi hududida xalq g‘alayoni bo‘lmasin, biz uni shafqatsiz bostiramiz» deb qasamyod keltirishgan.

Mana shu uchrashuvni Andijon qirg‘inining debochasi deb hisoblash mumkin. Tez orada Qirg‘izistonda rangli inqilob sodir etilganligi, 23 tadbirkor ustidan olib borilayotgan mahkamani uzoq muddatga cho‘zishning imkonsizligi, tadbirkorlar qarindosh-urug‘lari, ishchilari va yoru-birodarlari uyushtirayotgan norozilik piketlari va namoyishlari kundan-kunga kuchayib borayotgani oxir-oqibat xalqning katta g‘alayoniga aylanib ketishini sezgan hukumat (MXX) uchun bo‘lajak qirg‘inni puxta rejalashtirishga vaqt qoldirmadi. Bundan tashqari, korruptsiya, jamiyatni mutloq itoatda saqlashdan lazzatlanish, ichki o‘zaro kurash, jumladan mahalliychilik va boshqa illatlar MXX xodimlari umumiy saviyasining keskin pasayishiga olib kelgan.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinadi-ki, qirg‘inni uyushtirishda MXX shunchalik «qovun tushirgan»-ki, ularni anglash uchun hatto ekspert bo‘lish shart emas. Xalqaro komissiya ekspertlari S.Zaynobitdinov kabilar bilan gaplashganda ularni «shestь sekundda» pista-po‘choqqa joylab qo‘yishadi. Xalqaro ekspertlarga «harbiy qismga truba va armatura tayoqlar bilan hujum qilishgan» desangiz, aminman, ishni to‘xtatishadi va hukumatni qirg‘inni uyushtirganlikda ayblaydi. Maxsus xizmatlar faoliyatidan xarakterli bir misol. 2010 yil 24 iyunь kuni Qirg‘iziston Davlat Milliy Xavfsizlik Xizmati (DMXX) boshlig‘i Duyshebaev imzolagan press-reliz tarqatildi. Unda O‘z-Jalolobod qirg‘inida «Islomiy jihod ittifoqi» va «O‘zbekiston islomiy harakati» jangarilari qatnashgan, deyilgan.

Mana bir yil o‘tdi, qanchadan-qancha sudlar o‘tdi, biroq bor-yo‘qligi noma’lum bo‘lgan bu tashkilotlardan biror odam chiqmadi. I.Karimov faoliyatidan bir misol. U hozir Andijon voqealarini tashqi kuchlar uyushtirgan demoqda, biroq bu kuchlar qaerdan kelgan, kim yo‘llagan – aytmaydi. Xalqaro komissiya Andijon qirg‘inini tekshirsa I.Karimov o‘z iddaosini ochiqlashi kerak. Xalqaro komissiya ekspertlari uning har bir yolg‘oniga ishonib ketaveradigan o‘zbeklar emas-ku! Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov faoliyatidan bir misol. Andijon voqealaridan sal o‘tgach Toshkentga mazkur siyosatchi tashrif buyurdi. Andijon voqealari haqida gapira turib u bezbetlarcha: «Rossiya maxsus xizmatlarining aniq ma’lumotlari bo‘yicha Andijon voqealarida chechen separatchilarining izi borligi bilindi».

Mana olti yil o‘tdi, yuzlab odamlar qamalib ketdi, sudlar bo‘ldi, biroq birorta chechen namoyon bo‘lmadi. Andijon qirg‘ini bo‘yicha O‘zbekiston hukumati va uning rahbari qiyin axvolda: ularning «Xalqaro komissiyani kiritmaymiz, uning keragi yo‘q, tekshirishga o‘zimizning salohiyatimiz etarli!» deyishdan boshqa choralari yo‘q. I.Karimov, MXX va S.Zaynobitdinovga o‘xshagan sotqinlar har qancha yolg‘onni to‘qimasin tarix o‘z ishini qiladi va haqiqat yuzaga chiqadi.

Diniy o‘gitlar va reallik Akrom Yo‘ldoshevning diniy o‘gitlardan iborat, adolat va o‘zaro yordamga chorlovchi «Iymonga yo‘l» kitobini men o‘qiganman. Ibratli kitob. O‘zbeklar diniy o‘gitli kitoblarni o‘qishni xush ko‘rishadi. Insonlarni axloqiy tarbiyasi uchun bunday kitoblarning roli beqiyos. Biroq… Biroq, bunday kitoblar insonlarni o‘rab turgan reallikni deyarli hisobga olmaydi. Bu kitoblardan odamlarni siyosiy tuzum, davlat qurilishi, uning kuchishlatar va sud sistemalari, g‘oyasini taxlil qilishga o‘rgatishni topa olmaysiz. Aksincha, bunday kitoblar odamlarning reallik va vaziyatni sog‘lom taxlil qilish, ularning xavf-xatarlarini engish yo‘llarini topish, siyosati yolg‘on, aldov, qo‘rqitish, zulm qilishga asoslangan hukumat va uning maxsus xizmatlarining nayranglaridan ogoh bo‘lish his va qobiliyatlarini pasaytirib yuboradi.

Biz buni Andijon qirg‘ini misolida yaqqol ko‘rdik.Andijonlik qochqinlar siyosatni endi o‘rganayaptilar, endi kim do‘st kim dushman bo‘lganini anglamoqdalar, ularni qirg‘indan keyin ham bir necha yil MXX laqillatib yurgan. Biroq har bir qochqin andijonlik buni to‘liq anglab etganiga mening sho‘bham bor. Andijonliklarni qo‘yib turaylik, hatto G‘arbda I.Karimov va uning maxsus xizmatlari nayrangiga ishonadigan siyosatchilar oz emas. 2007 yil fevralida men Evropa Ittifoqi ofisida uning rahbarlari bilan uchrashganimda bunga amin bo‘ldim.

Men ular aldanayotganlarini tushuntirar ekanman gapimni quyidagicha yakunladim: «O‘zbeklar orasida andijonliklar eng sodda odamlar, deya hisoblanadi. Biroq sizlar ulardan ham sodda ekansizlar». Bu gapim uchun meni hurmatli andijonliklar kechirishar.

Men “Birdamlik” harakati va uning rahbari Bahodir Chorievga achindim. U oq-qorani yaxshi ilg‘amaydigan siyosatchi ekanini namoyish qildi: uni S.Zaynobitdinov chuv tushiribdi. “Birlik” partiyasi rahbarlari ham u qamoqdan chiqishi zahotiyoq uni o‘z bag‘rilariga olishgan edi. O‘sha kunlari andijonlik bir huquqbon menga: “Uzoqqa bormaydi. U Po‘latovni aldaydi” degan edi. Natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, arab mamlakatlarida bo‘layotgan xalq norozilik harakatlari, xorijda tuzilgan O‘zbekiston Xalq Harakatining bayonotlari aftidan O‘zbekiston hukumatini ancha bezovta qilganga o‘xshaydi.

Andijon voqealari bo‘yicha shu paytgacha I.Karimov jim edi, bu yil gapirvordi. Hukumat, xususan MXX, boshqalarni ham gapirishga undamoqda. S.Zaynobitdinovning hatti-harakatlari va intervьyusi aynan 2011 yilda bo‘layotgani ham bejiz emas. Hukumat va uning malaylari ulishiga “Birdamlik”ning qo‘shilgani kishini seskantiradi.

Balki bu qadamni B.Choriev bilib qo‘ygandir? Biror narsadan umidi bormikin? Yoki u ham o‘zi sezmagan holda MXXning tuzog‘iga ilindimikin? AQShda qochqin maqomida yashayotgan ukasi O‘zbekistonga qaytganligi va Toshkent aeroportidayoq xibsga olingani ta’sir qildimikin?

19.05.2011

http://www.yangifikr.com/news/index.php?option=com_content&view=article&id=175:2011-05-19-10-03-08&catid=1:latest-news

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: