Jurnalist Ulug‘bek Haydarov Frantsiyada o‘tajak mahkama yuzasidan murojaat bilan chiqdi – jarayon.com


Dushanba, 16 – May 2011

Written by Sahif Kotib

Yana uch kundan so‘ng Frantsiya poytaxti Parijda chinakam ma’noda tarixiy jarayon bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston prezidentining kichik qizi Lola Karimova Frantsiyada ancha mashhur bo‘lgan RUE89 mustaqil internet nashri va xususan nashr jurnalisti Ogyusten Skalbert bilan sudlashadi. Bunga muxbirning O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni diktator deb atalgani va Lola Karimova otasi boshqarib kelayotgan mamlakatning dunyo jamoatchiligi ko‘z o‘ngidagi ayanchli nufuzini tiklash yo‘lida jimjimador tadbirlar uyushtirayotgani va unda taniqli shaxslar ishtirokini ta’minlash uchun yirik miqdordagi to‘lovlarni amalga oshirayotgani haqidagi daliliy maqolalari sabab bo‘lgan.

Kuni kecha Jarayon Frantsiyada muxojirlikda istiqomat qilayotgan taniqli huquq himoyachisi, xalqaro Martin Ennals hamda Frantsiyaning “Ozodlik, Tenglik, Birodarlik” mukofoti sovrindori “O‘tyuraklar” Klubi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati rahbari Mo‘’tabar Tojiboevaning ayni mahkama sabab o‘zbek muxolifati, huquq himoyachilari va jurnalistlariga maxsus murojaat bilan chiqqani va ularni 19 may kuni o‘tajak “tarixiy” mahkamani e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirgani haqida xabar qilgan edi. Huquq himoyachisi bo‘lajak mahkama ko‘plab muxolifat vakillari va huquq himoyachilari orzu qilib kutgan imkoniyatni yaratishi va bu imkoniyatdan unumli foydalanmoq lozimligini aytgandi.

Bugun Kanadada istiqomat qiluvchi taniqli jurnalist Ulug‘bek Haydarov ham Jarayon nashri orqali o‘zbek hamkasblari, musofirlikda kun kechirayotgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqishni lozim topdi. Quyida jurnalist murojaati aynan keltirilmoqda.

***

Iltimos jim turmang!

Kuni kecha Qochqinlar ishi bo‘yicha BMT Oliy komissari ofisining ostonasida sarg‘ayib o‘tirgandingiz. Tunlari ham mijja qoqmay, “ana olib ketadi, mana olib ketadi”, deya derazaga tikilib ottirgan tonglaringiz ham behisob edi. “Uchinchi mamlakatga tezda chiqarib yubormasangiz, diktator Karimov meni va oilamni tinch qo‘ymaydi”, degan nomalarni ne ne xalqaro tashkilotlarga yo‘llagan edingiz. Moskva, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston yo‘llarida necha marta alam bilan yig‘lagansiz, bo‘zlagansiz samoga qarab, “Ey xudo, shu UVKBsiga ham insof ber, meni tezroq bu erlardan olib chiqsin” deya… Kechagi kun shunday edi… Mana, nihoyat xorijdasiz. To‘q, farovon va demokratik AQShda, Kanadada, Avstraliya va Evropadasiz. O‘sha davlatlar, bu dunyoda Islom Karimov degan DIKTATOR borligi xaqidagi arzlaringizga ishongani uchun siz va yaqinlaringizga panoh berdi. Shunday emasmi?

Hozir esa sizni tanib bo‘lmayapti. Siz endi avvalgi bechorahol huquq himoyachisi yoki qo‘lidan hech narsa kelmay peshonasiga mushtlagan fermer yoki hokim ta’qibidan holdan toygan jurnalist emassiz. Siz inglizcha, frantsuzcha, nemischa, shvedcha va yana juda ko‘p tillarda bemalol gaplasha olasiz. Qo‘lingizda imkoniyatlar ko‘p. Farzandlaringiz ham erkin fikrlovchi insonlar bo‘lib etishyapti. Ularga qarab ko‘zingiz quvonadi, Allohga shukronalar aytasiz.

Biroq, xotirangiz qatlarida Andijonning Bobur maydonida hukumat askarlari otgan o‘qlardan zir yugurib, qochganingiz xaqidagi xaqiqatlar xiralashyapti. Bir guruh militsiya xodimlari o‘rtasida qonga belanib yotganingiz haqida endi gapirgingiz ham kelmaydi. Eringizni zo‘rovonlik bilan tortib olgan hokimning sizga qarab, “menga Islom otam huquq bergan”, deya tirjayganini esa butunlay unutdingiz chog‘i. “O‘quvchilarim paxtaga chiqmaydi!” deganingizda, prokuror sizga qarab “sen Islom Karimov siyosatiga qarshimisan?”, degan dag‘dag‘asini eslagingiz ham kelmay qolgan hozir… Yoki bunday emasmi?

Unda nima uchun, 19 may kuni Frantsiyada bo‘lib o‘tadigan, tom ma’noda tarixiy sud majlisi oldidan bunchalik sukutga ketdingiz? Eshitmagan, o‘qimagan, ozod hayotdan mastlanib bilmay qolgan bo‘lsangiz, keling, eslatib o‘tay: Parij shahrida istiqomat qilayotgan, o‘zbek DIKTATORi Islom Karimovning qizi Lola Tillaeva-Karimova RUE89 mustaqil frantsuz internet nashri jurnalisti Ogyusten Skalbertni sudga berdi. Qarangki, o‘sha jurnalist o‘z maqolasida, uning (Lola Karimovaning) otasini “diktator” deb atagan ekan. O‘sha jurnalist ishlaydigan nashr, ne ne “kattalar” bilan sudlashaverib pishib ketganligi xaqida yozishyapti. Biroq bu holat o‘zbek qochqinlari bo‘lgan siz va bizni xotirjam qilmasligi kerak. Fursatdan foydalanib, sud majlisi ahliga Islom Karimovning haqiqatdan ham DIKTATOR ekanini aytishimiz, isbotlashimiz lozim!

Bo‘lajak sud mahkamasi yana shunisi bilan e’tiborliki, agar sud, jurnalist “diktator” so‘zini to‘g‘ri qo‘llagani haqida ajrim chiqarsa, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning haqiqatdan ham DIKTATOR ekanligi Frantsiya sudi tomonidan e’tirof etilgan bo‘ladi. Asosiysi, shu paytgacha DIKTATOR Islom Karimov bilan qo‘l olishib, og‘iz burun o‘pishayotgan davlatlar rahbarlari o‘z munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi. Bo‘lajak sud majlisining ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari va dunyoning yirik nashrlari tomonidan yoritilishi esa O‘zbekistondagi DIKTATOR Karimov yaratgan tuzumning naqadar jirkanchligini yana bir bor olamga yoyadi.

Kuni kecha, siz va men kabi muxojirlikda istiqomat qilayotgan mashxur huquq himoyachisi, xalqaro Martin Ennals mukofoti hamda Frantsiyaning “Ozodlik, Tenglik, Birodarlik” mukofoti sovrindori “O‘tyuraklar” Klubi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati rahbari Mo‘’tabar Tojiboeva o‘zbek muxolifati, huquq himoyachilari va jurnalistlariga maxsus murojaat bilan chiqdi va xammani 19 may kuni bo‘lib o‘tadigan mahkamani e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirdi. Mana endi tushungandirsiz, oldimizda qanaqa imkoniyat paydo bo‘lganini?!

Men, Ulug‘bek Xaydarov, Kanadaning Vankuver shahrida yashayotgan siyosiy qochqin, Islom Karimovning DIKTATOR ekanligiga guvohlik beraman!!! Sizchi? Jim turmang! O‘zbek aslida soqov, qaerda bo‘lmasin qo‘rquvdan titrab yashaydigan, g‘irt pismiq degan xulosa paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!!! Vaqtni boy bermasdan frantsuz mahkamasiga juda bo‘lmasa maktub yo‘llang va tarixiy haqiqatni ruyobga chiqarish uchun xissa qo‘shing!!!

Ulug‘bek Haydarov, mustaqil jurnalist

http://jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1380:2011-05-16-08-22-39&catid=54:habarlar&Itemid=70

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: