Islom Karimovning diktator ekaniga guvohlik beraman! – yangidunyo


May 16th, 2011

(Mo’tabar Tojiboevaning MUROJAATiga munosabat)

(Voqeiy hangoma)

Men Abdulla Abdurazzoqov (Abdurazzoq nabirasi, Abduqodir o‘g‘li) Nizomiy nomli Toshkent Davlat Pedagogika Universitetining dotsenti edim. Muxolifatga diktatorlarcha munosabat tufayli “ERK” partiyasining ofisi Karimov tomonidan tortib olingach, men partiya arxivini uyimga keltirib qo‘ydim. Diktatorning buyrug‘i bilan I.I.V xodimlari 1994 yilning mart oyida uyimda tintuv o‘tkazishdi. Seyflarni vahshiylarcha lom bilan buzib, barcha hujjatlarni yuk mashinasiga ortishdi. Keyin, ulardan bittasi uy telefonimdan qaergadir telefon qilib, “ERK” gazetasining yangi soni uyimdan topilmaganini, meni qamoqqa olishlari uchun o‘sha gazetadan bir nechtasini keltirishlari zarurligini ochiqdan-ochiq so‘radi. Yarim soatlarda o‘sha gazetadan bir qanchasini mening va oila a’zolarimning ko‘zi o‘ngida ochiqdan-ochiq keltirishdi. So‘ng, ikkita qo‘shnimni guvohlikka chaqirishdi. Ularga o‘sha gazetalarni ko‘rsatib: –”Mana shu gazetalarni shu erda o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rayotganingizga guvohlik berib, imzo cheking” – deyishdi.

Men va oila a’zolarim bu gazetalarni ularning o‘zlari hozir olib kelganligini aytib, qo‘shnilarimizni guvohlik bermaslikka chorladik. Tezkor guruh xodimlari:

— Bu gazetalarni biz olib kelganimizni senlar ko‘rdilaringmi?– deyishdi qo‘shnilarga.

— Yo‘q. –deyishdi qo‘shnilar.

— Hozir shu gazetalarni shu erda turganini o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rib turibsizlarmi?

— Ha!

— Ana shuni tasdiqlab, imzo chekinglar. Aks holda, hozirning o‘zida bu odamga sherik sifatida sizlarni ham qamoqqa olamiz.

Xullas, ana shunday qo‘rqitishlar bilan guvohlarga imzo chektirib, meni I.I.V ning erto‘lasiga qamashdi. Bunday holatlar faqat diktatorlik rejimidagina yuz beradi.

Erto‘lada alohida muxim ishlar bo‘yicha tergovchi Mirza Xudoyorov va uning rahbarlari vositasida Karimov menga shunday shart qo‘ydi:

1. “O‘qituvchilar gazetasi”da chop etilgan “Mantiq xastaligigimi, yoki?..” nomli maqolamda Maorif Vazirligi tomonidan maktab izdan chiqarilayotgani haqida asosli fikrlar bildirgan emishman. Vazirlikni menga o‘xshagan odam boshqarishi kerak emish. “Kattamizning va’dalari jiddiy. Ana, Ahmad A’zamga ham, Abdulxay Abdumavlonovga ham, Abduvali Abdievga ham so‘ragan amallari so‘zsiz berildi” deyishdi. Buning uchun bor yo‘g‘i teleko‘rsatuv orqali Muhammad Solihni qoralab, hozirgi sharoitda, hukumatning qattiqqo‘l siyosatini ma’qullasam kifoya emish.

Men indamay, miyig‘imda kuldim. Ular “sukut alomati rizolik” deb tushunishdi shekilli, bir xonaga taklif etishdi. Xona zamonaviy yirik olimlarning ijodxonasiga mengzab jihozlangan edi. Xonada televidenie kabellari tortilib, telekameralar shay qilib qo‘yilgandi. Hatto, uydan ilmiy anjumanlarda kiyadigan kostyumimni ham keltirishibdi. Chamasi, ular mening rozi bo‘lishimga zarracha shubha qilmay, bunga avvaldan tayyorgarlik ko‘rishgan.

— Meni bu erga kostyumda emas, choponimda keltirgansiz, shu bois, teleko‘rsatuvda gapirsam, mana shu choponimda gapiraman — dedim, o‘jarlik qilib.

— Domlajon! Sizning bilganingiz bilgan. Hammasi tabiiy chiqsin, deysizda. Biz kallavaramlarning shunga ham fahmimiz etmabdi — deb, meni boshqa xonaga etaklashdi. U erda yigirma daqiqa gurunglashgach, yana o‘sha xonaga kirdik. Xona endi Sadriddin Ayniyning ijodxonasiga o‘xshatib jihozlangandi. Stol, divan, kreslolar chiqarilib, o‘rniga adras ko‘rpachalar to‘shalib, xontaxtaga paxta gulli choynak – piyolalar qo‘yilgandi.

Xullas, men ularning ko‘nglini ozdirib, telekamera qarshisida Muhammad Solihni maqtab, Karimovni qoralab gapirdim.

Bu vaqtlar Karimov hali diktatorlikning dastlabki bosqichida edi. Harqalay, xalqaro tashkilotlardan oz bo‘lsada hayiqardi. “Bizda bironta ham siyosiy mahbus yo‘q” degan gapni ko‘p takrorlardi. Muxolifatchilardan kimni qamamoqchi bo‘lsa, uning mashinasigami, uyigami afyun yoki qurol tashlab qo‘yish kabi usullardan keng foydalanardi. Menga bunday usullarni qo‘llamaganidan angladimki, meni qamash niyatlari yo‘q ularning. Chunki qamalishimning ular uchun foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq edi. Shunday zararlardan bittasi, masalan, minglab ixlosmand talabalarim va tinglovchilarimda ularga nisbatan nafratni kuchaytirishi mumkin edi mening qamalishim. Ular meni qamoq bilan qo‘rqitib, amal bilan sotib olabilishlariga yuz foiz ishonib, yanglishgan edilar.

Kurash qurbonsiz bo‘lmaydi. Menga “ERK” gazetini o‘qiganlik va uni tarqatganlik aybi qo‘yilgan edi. Agar men ana shu “ayb” bilan qamalsam, Karimov bundan keyin: “Bizda bironta ham siyosiy mahbus yo‘q” deyolmaydi. Ya’ni, o‘zining diktator ekanini qisman bo‘lsada tan olishga majbur bo‘ladi degan o‘y bilan o‘zimni ruhan qurbonlikka tayyorlay boshladim. Shu o‘y bilan himoyaga tayyor turgan doktorlik dissertatsiyamni; mening metodik rahbarligim va hammuallifligimda tayyorlanayotgan etita adabiyot darsligi va xrestomatiyasini; kuniga o‘rtacha 200 dollar miqdorida daromad berayotgan do‘konimni; va men uchun hammasidan aziz bo‘lgan oilam manfaatlarini tarozining bir pallasiga qo‘ydim. Tarozining ikkinchi pallasiga esa haqiqatning yuziga tik boqishni, iymonimni va bu yo‘lda lozim bo‘lsa qamalishdan va hatto qurbon bo‘lishdan qaytmaslik qarorimni qo‘ydim. Allohga shukurlar bo‘lsinki, tarozining ikkinchi pallasi zalvorli keldi.

Tergov bo‘limidagilar ham, sudlov bo‘limidagilar ham menga menga ajablanib qarashardi. Go‘yo ular umrida birinchi marta qamoqdan qo‘rqmaydigan odamga duch kelgandek.

–”Domlani qamamanglar, kechirim so‘ratib, kechirib, sud zalidan chiqarib yuboringlar” — degan buyruq bo‘libdi Karimovdan. O‘n kun sud qilib, tavbamni ololmagan sudya oxiri bu haqda yaqinlarimdan biriga aytib, ulardan yordam istabdi. Qiziq! Qamalish — men uchun g‘alaba timsoliga aylangandi o‘shanda. Aslida 12 kun davomida ular meni emas, men ularni sud qildim. Chunki, mavjud qonunlar ham, haqiqat ham men tomonda edi. Har kuni boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bechora sudya ertagacha tanaffus e’lon qilardi. Bechora meni qamay desa, Karimov bunga izn bermagan; chiqarib yuboray desa, kechirim so‘ramayapman. Bechora, endi qanday chora toparkin deb, unga rahmim kela boshladi. Lekin, sudya buning misli ko‘rilmagan antiqa bir yo‘lini topdi:

Prokuror 3 yil qamoq jazosiga hukm qilib, Prezident avfnomasi bilan sud zalidan ozod etilishimni so‘radi. Sudya esa amnistiyaga tushmaydigan 3,5 yillik qamoq jazosi bilan sud zalidan hibsga olinishim haqida hukm o‘qidi. Men bu masxarabozlar ustidan bor ovozim bilan qah-qah urib kuldim o‘shanda. Va hamma tomosha shundan keyin boshlandi.

Sudyaning ishorasi bilan mirshablar kelib, mening emas, ukamning qo‘liga kishan soldi va uni qafasga tiqdi. “Meni qamashlaring kerak” deb har qancha to‘palon qilganimga qaramay, “biz nima qilayotganimizni bilamiz, bizga aql o‘rgatmang, juftakni rostlang bu yurtdan” deb, ko‘chaga haydab chiqarishdi. Mashinamda yaqinlarimni uylariga olib borib qo‘ydim. Keyin, ikki soatcha hech kim yo‘q ko‘chalarni kezdim. Hech kim meni kuzatayotganini sezmadim. Qamalmasam qanday isbotlayman Karimovning diktatorligini degan o‘y xayolimdan ketmasdi. Shu oy bilan qaytib borib, sudyaning xonasiga bostirib kirdim va unga dedim: –”Sizlar maxbuslarni qamoqdan chiqarish uchun qancha pora olishlaringni bilaman. Lekin, qamalish uchun qancha pora berish kerakligini bilmas ekanman. Og‘zingga siqqanini ayt! Pulim etarli”. Sudya chuqur uhhhh! tortib, –”Hali bunaqasini ko‘rmaganman”– dedi va mirshablarni chaqirib, meni ularga topshirdi. Yana qah-qah urib kuldim. Bu qamalish orqali qo‘lga kiritilgan g‘alaba nashidasi edi. Ya’ni, gazeta o‘qigani va kimgadir gazeta bergani uchun qamalish orqali Karimovning diktatorligini isbotlash yo‘lida qo‘lga kiritganim bir dalil edi bu.

Karimovning diktatorligiga qamoq hayotidan yuzlab dalillar keltirishim mumkin.

Qamoqda mening ko‘zimdan judo qilish amaliyotini o‘tkazishdi, lekin meni ALLOH asradi. Jisman yo‘q qilishga harakat qilishdi, lekin, yana ALLOH asradi meni. Igna bilan nobud qilish maqsadida ruhiy xastaliklar kasalxonasiga yo‘natishni rejalashtirishdi. U erga jo‘nash arafasida ALLOHning irodasi bilan Bill Klintonning ta’sirida 1997 yili ozodlikka chiqdim. 1999 yili “Afandining mushugi” va “Najot qo‘rquvda” nomli dalillar asosida yozilgan maqolalarim uchun ustimdan yana jinoiy ish qo‘zg‘otilib, mirshablar qamoqqa olgani kelganlarida, ALLOHning irodasi bilan, qo‘shnining orqa eshigidan qochib qutuldim. Chunki, Karimovning diktatorligini isbotlash uchun yana qamalishga hojat qolmagandi. Dalillar asosida yozilgan maqola uchun jinoiy ish qo‘zg‘ashning o‘zi ham Karimovning ashaddiy diktator ekanini ko‘rsatadi.

Yana, bevositami yoki bilvositami, Fransiya sudida Karimovning diktatorligiga guvoh bo‘lishni mehribon ALLOH menga nasib etganiga shukronalar aytaman va buni o‘zimga sharaf deb bilaman. Mo‘’tabarxondek farzandlari bor elning bag‘riga yaqin orada shamol tegishiga ishonaman. Ayni vaqtda bu jiddiy masalaga ba’zilarning befarqligi meni ham ajablantiradi.

http://www.yangidunyo.com

http://yangidunyo.com/?p=18907

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: