Tolmas Tolib aka – pona.uz


May 15th, 2011

O‘zbek muxolifatining ko‘zga ko‘ringan liderlaridan Tolib Yoqub akamiz 70 yoshga to‘libdi.Olloh unga xayirli va uzun umr bersin, nevaralarini ham o‘zi kabi Vatan va Millat dardi bilan yashaydigan insonlar sifatida ko‘rish nasib etsin.

Tolib aka Birlik harakati tashkil topgan ilk kunlardan boshlab muxolifat saflarida aktiv faoliyat ko‘rsatgan kishilardan biri. U o‘z faoliyatida ba’zi muxolifat vakillariga xos janjalkashlikdan, engiltaklikdan uzoq turdi, doim ziyoliga yatashadigan vazminlik va viqor soxibi bo‘ldi. Masalalar muxokamasida safsatabozlikdan xoli, konkret fikrlarni o‘rtaga tashladi.

Tolib Yoqubning muxolifat tarixidagi faoliyati bugungi g‘ala-g‘ovur zamonda o‘z kadrini topmayotgan bo‘lishi mumkin, ammo kun kelib, u xolis tarixchilarnig adolatli bahosini olishiga ishonchim komil.

Tavallud yilingiz qutlug‘ bulsin, Tolib aka!

Tolib aka bugunlarda xasta holiga qaramay, millat va yurt dardida yonmoqda. Uning pastdagi maktubi shu tuyg‘uning in’ikosidir.

Muhammad Solih

“Assalomualaykum, muhtaram Muhammad Solih!

O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) Qurultoyi Berlinda o‘tkazilishini eshitdim bu ikkinchi qadam ham qutlug‘li bo‘lishiga ishonaman va tilakdoshman.

Mening sog‘lig‘im yomon bo‘lgani uchun Qurultoyda qatnashish menga nasib etmasa kerak. Shu sababli o‘z mulohazalarimni Siz bilan otamlashmoqchi bo‘layotirman.

Xalq uchun tanlov. I.Karimovning ayyorligini Siz o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgansiz. O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) tuzilganini eshitgach hamda diktatorlik tuzumlariga qarshi dunyoda harakatlar ketayotganini hisobga olib, u biror kutilmagan hatti-harakatni rejalashtirib qo‘ygan bo‘lishi tabiiydir. Xabarlarga qaraganda I.Karimov O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasiga harbiy kuch to‘plamoqda. Bu haqda bir necha saytlar xabar tarqatdi. Bu nimani bildirishi mumkin?

Dastlab mening hayolimga ushbu xulosa keldi: bu ish O‘sh-Jalolobod qirg‘inining bir yilligi arafasida qilinmoqda. Bu regionda qirg‘inning takrorlanishi ehtimoli juda katta. Xudo ko‘rsatmasin, agar shunday bo‘lsa, yana qochqinlar oqimi O‘zbekistonga qarab yo‘l oladi. Bu safar I.Karimov oldida ikki yo‘l bo‘ladi: 1) Qirg‘iziston janubiga o‘zbek armiyasini olib kirish; 2) qochqinlarning yo‘lini to‘sish va qirg‘inga sukut saqlab qarab turish. O‘zbeklarga I.Karimovning munosabatini bilganim holda aytishim mumkin-ki, u birinchi yo‘lni tanlamaydi. Voqealar rivojlanishini har kim o‘zi davom ettirishi mumkin.

Biroq, boshqa tomondan qaraganda, I.Karimovning 2010 yildagi aralashmaslik pozitsiyasi bir yil ichida kuchli tanqidga uchradi. Balki Xalqaro komissiya xulosalaridan keyin o‘zini oqlash uchun u janubiy Qirg‘izistonga armiya olib kirishga o‘zida jur’at sezgandir? Agar shunday bo‘lsa, I.Karimov oldingi yil aralashmaslikni “Uchinchi kuch O‘zbekistonni bu janjalga tortish uchun uyushtirgan” deb tushuntirgan bo‘lsa, bu safar armiya olib kirishni nima bilan tushuntirishi mumkin?

Masalaning uchinchi tomoni ham bor ekan – buni men ba’zi taxlilchilardan ham eshitdim. Xabaringiz bor, BMTda nutq so‘zlaganda I.Karimov 2010 yil iyun’ voqealari bo‘yicha xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan edi. Bu chaqiriqni V.Norov EXHTning Astana sammitida ham takrorladi. Xalqaro komissiya esa O‘sh va Jalolobodda insoniylikka qarshi jinoyat sodir etilgan deb yo‘l ochib berdi. Mening eshitishim va taxlilchilarning tasdig‘i bo‘yicha O‘zbekiston hukumati Qirg‘iziston hukumatini Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS)ga bermoqchi emish. Agar shu rost bo‘lsa, bu salkam 1,5 mln. qirg‘izistonlik millatdoshlarimiz taqdiri uchun etarli darajada ma’nili tadbir bo‘lar edi.

U holda O‘zbekistondagi o‘zbek xalqi muayyan, ikki parametrli tanlov bilan ro‘baro‘ keladi:

1) I.Karimov o‘zbek xalqining bir qismi bo‘lgan qirg‘izistonlik o‘zbeklarni himoya qilmoqda;

2) I.Karimovni hokimiyatdan ag‘darish kerak.

Xalq hukmiga esa “Siz qaysi birini tanlaysiz?” degan tanlov qo‘yiladi. Tabiiy, bu tanlov referendum yoki shunga o‘xshash biror so‘rov orqali qilinmaydi, hatto xalqqa yuqorida keltirilgan tanlovning 2)-chisi haqida biror so‘z aytilmaydi. Barcha propaganda vositalari ma’lum bir vaqt oralig‘ida o‘zbek hukumati qirg‘iz hukumatini XJSga bergani haqida tinimsiz gapiradi. Bu o‘z samarasini ko‘rsatadi, ya’ni odamlar uchun ma’lum diskomfort bilan bog‘liq bo‘lgan O‘XH tadbirlari o‘z-o‘zidan orqa planga o‘tib qoladi.

Mening taklifim: Qurultoyda ehtirosga berilmagan holda yuqorida aytilgan masalani jiddiy muhokama qilish kerak. Bu – mening, O‘XHning tadbirlaridan voz kechik kerak, deganim emas, deb tushunishingizni istayman.

Amnistiya. Sovet davrining an’analari kabi mamlakat mustaqilligining 20 yilligiga atab hukumat “Oltin avf” uyushtirmoqchi bo‘lgani haqida ma’lumotlar oldik. Demokratik tashkilotlar orasida siyosiy rejimdan eng ko‘p aziyat chekkan “Erk” partiyasi va O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati (O‘IHJ)dir. Ayni paytda O‘IHJning 11 a’zosi qamoqda, shulardan 2 tasi ayollar. Qamoqdagi dindorlar soni o‘nminglab ekanini bilasiz.

Bir xabarga qaraganda 159-modda bilan qamalganlar “Oltin avf”ga ilinmas ekan. Biroq shunday bo‘lsa-da, ularning bir qismini avf etishmoqchi bo‘lishibdi. Shuning uchun shularning yaqinlarini chaqirib: “Sizning o‘g‘lingiz (eringiz, akangiz, ukangiz va h.)ning 159-moddasini biz 244-moddaga o‘zgartiramiz; shunda u “Oltin avf”ga ilinadi; rozimisiz?” deb so‘rashibdi. Tabiiy, hamma chaqirilganlar rozi bo‘lishibdi. Biroq, “Etar!”, O‘XH va boshqa tashkilotlarning I.Karimovni siyosiy sahnadan ketkazishga bo‘lgan chaqiriqlaridan so‘ng nafaqat 159-modda bilan qamalganlarni avf etish, balki “Oltin avf”ning o‘zini ham hukumat bekor qilibdi, deb eshitdik.

Men aminman, “Oltin avf”ning bekor qilinishini hukumat ustalik bilan muxolifatga to‘nkaydi. Agar “Oltin avf” bilan bog‘liq xabarlarni boshqa shaxslar ham tasdiqlasa, bu masala ham Qurultoyda jiddiy muhokama qilingani ma’qul.

“Katta siyosat” ishtirokchilariga murojaat. Biz istaymizmi-yo‘qmi, AQSh, EI, Turkiya va Rossiya kabi “katta siyosat” ishtirokchilarining Markaziy Osiyo regionida manfaatlari va ta’sir kuchlari mavjud ekanini tan olishimiz kerak. Ma’lumingiz, NATO o‘z noharbiy yuklarini temiryo‘l bo‘ylab O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga tashigani uchun hozirgi paytda AQSh, EI va NATO I.Karimovni qo‘llab-quvvatlab turibdi. Afg‘onistonda urush qancha davom etsa, bu davlat va strukturalar tomonidan I.Karimovni dastaklash susaymaydi. Demak, O‘XH tadbirlari mazkur davlat va strukturalar manfaatiga ziddir, degan xulosani keltirib chiqarishi mumkin.

Fikrimcha, Qurultoy paytida torroq bir guruh shu masalani muhokama qilgani va AQSh, EI, NATO (ichida Turkiya ham bor)ni ishontira oladigan bir strategiya ishlab chiqishi lozim. Qo‘pol qilib aytganda mazkur strategiyaning mazmuni: “Siz I.Karimovni dastaklab balki biror yutuqqa erishayotgandirsiz. Biroq bir qator masalalar nuqtai-nazaridan qaralganda siz yutug‘ingizga qaraganda bir necha karrali ko‘p ziyonga uchramoqdasiz” degan gapga ularni ishontirishdan iborat bo‘lishi kerak. Tor doira yuqoridagi bir qator masalalar mazmunini shakllantirishi lozim.

Qurultoy nomidan AQSh, EI va NATO rahbarlari nomiga ingliz tilida bir murojaat yozilib, uni AQSh Davlat Departamenti va Bryussel’dagi EI va NATO idoralariga qo‘ldan qo‘lga topshirilsa yomon bo‘lmas edi.

Rossiya rahbarlari nomiga yoziladigan murojaat, fikrimcha, oldingi murojaatdan biroz farq qilishi kerak. “Katta siyosat – katta o‘yin” deganlaridek, bunday paytda Harakat ham katta o‘yinga kirishmasa iloji yo‘q. Biroq u o‘yindan keyinchalik oson chiqib ketish yo‘llariga ham joy berish kerak.

Kuchishlatar sistemalari tomonidan davlat to‘ntarishi uyushtirilishi mumkinligi haqida. I.Karimov o‘z resurslarini deyarli yo‘qotib bo‘ldi. U katta pul evaziga Prezident xavfsizligi xizmati (PXX, MXXning elita qismi) va MXXning bir qismining sodiqligiga tayanmoqda, xolos. MXX, prokuratura, IIV, sud sistemasi va boshqa kuchishlatar tashkilotlar vakillarining aksariyat qismi o‘zlariga hech bo‘lmaganda bir marta: “O‘zbekistonda vaziyat keskin o‘zgarib, yangi hokimiyat mening qilgan ishlarimni tekshirsa men nima deb javob beraman?” degan savolni bergan. 22 yil hazil muddat emas, bu muddat ichida bir avlod o‘zgardi. Bu orada ular xalqda sovet davridan qolgan hokimiyat oldidagi qo‘rquvni tikladi va mustahkamladi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ularning o‘zida xalq va tarix oldidagi qo‘rquv shakllanmasligi mumkin emas. Ularning bir qismi hozir ishini tashlashga tayyor, biroq ularni o‘z hokimiyati oldidagi qo‘rquv ushlab turibdi, xolos.

Shu sababli, O‘zbekistonda norozilik va bo‘ysunmaslik realroq ko‘rinishga o‘taboshlasa, kuchishlatar strukturalar I.Karimovni o‘zlari ishdan haydashi va hatto o‘ldirishlari mumkin. Bu variant ham Qurultoy analitiklarining muhokamasisha loyiq deb o‘ylayman.

“Birlik” partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi mumkin. Shu duvdurumda “Birlik” partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi ehtimoli ortmoqda. Ba’zilar yaqinda V.Inoyatovaning AQShga qilgan safari va 7 may kuni partiya MK ning Toshkentda o‘tkazilgan yig‘ilishi shundan dalolat bermoqda, deyishmoqda. Partiya raisi rejimni yumshoq tanqid qilishga o‘tib olgani, O‘XH va unga kirgan tashkilotlarni haqoratlab keskin chiqishlar qilgani hukumatni “eritgan” bo‘lishi mumkin. Hukumat uchun tahlikali bir vaqtda hukumatdagilar qo‘lbola bir “muxolif” partiyaga joy berayotganga o‘xshaydi. Fikrimcha, Qurultoyga Po‘lat Oxunovni taklif etish kerak: kelmasligi ehtimoli kattaroq; kelsa, balki, shu masala oydinlashishi ham mumkin.

Bu mening va ba’zilarning taxminlarimiz, xolos. Taxminimizni hali biror manba’ tasdiqlagani yo‘q. Haqiqatan ham qilingan taxmin to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, u holda bu hol ham xalqni kurashdan chalg‘itishi aniq. Mazkur taxminni Qurultoyda muhokama qilish uchun yozayotganim yo‘q, albatta. Biroq agar hukumat “Birlik” partiyasini yaqin kelajakda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsa, u holda bu ish O‘XHning bo‘lajak tadbirlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi aniqdir.

Muhtaram Muhammad Solih! Mening keltirgan ba’zi mulohazalarim O‘XH tadbirlariga qarshiday tuyulishi mumkin. Aslida unday emas. Odatda, jiddiy tadbirlar oldidan birinchi navbatda ko‘zga yaqqol ko‘rinib turgan, bajarilishi qiyinchilik va talofot keltirmaydigan masalalarni emas, aksincha, men urg‘u berayotgan ziddiyatli masalalarni muhokama qilish va ularga echim topish zarur.

Siz mening takliflarimga jiddiylik bilan yondoshasiz, degan umiddaman. Qurultoy ularni men o‘ylaganday qabul qilmasa men hech bir xafa bo‘lmayman.

Qurultoy ishiga muvaffaqiyatlar, Sizga sihat-salomatlik tilab Tolib akaman”.

Ponauz.com

http://ponauz.turkiston.tv/archives/1035

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: