Tahlilchilar: Markaziy Osiyoda etnik nizolar ehtimoli kuchli – ozodlik.org


Tahlilchilar Markaziy Osiyoda yana etnik nizolar avj olishining oldini olish uchun mintaqa liderlari mavjud qator muammolarni hal qilib olishlari zarurligini ta’kidlamoqdalar.

15.05.2011

Gulnora Ravshan

2010 yili Qirg‘izistonda ro‘y bergan etnik nizolar, tahlilchilarga ko‘ra, mintaqaning qolgan davlatlarida ham takrorlanishi mumkin.

Nizolarni keltirib chiqaradigan omillar qaysilar?

Tahlilchilar mulohazasicha, Markaziy Osiyo davlatlarida milliy nizolarga turtki bo‘la oladigan omillar sho‘rolar zamonidan meros qolgan. Bahsli hududlar masalasi, ayrim davlatlar tomonidan mintaqada liderlik da’vosi, tabiiy boyliklar, xususan, suv, energetika, tabiiy gaz zahiralaridan foydalanish hamda mintaqa ayrim davlatlarida etnik ozchilik vakillarining manfaatlari e’tiborga olinmayotgani shular jumlasidandir.

Shuning barobarida, tahlilchilarga ko‘ra, ayrim xorijiy doiralar mintaqada o‘z geosiyosiy rejalarini amalga oshirishga urinishlari ortidan bu omillardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishlari mumkin.

Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhining Markaziy Osiyo dasturi rahbari Pol Kvin Jaj fikricha, Markaziy Osiyoda etnik nizolar omili talaygina. U bunga Qirg‘izistonning O‘sh shahrida ro‘y bergan hodisalar sabablarini misol tariqasida keltirar ekan, o‘sha qonli to‘qnashuvlar mintaqada yana takrorlanishiga shubha qilmasligini aytadi.

Mintaqadagi asosiy muammolar

Jaj janoblarining fikricha, mintaqadagi eng dardli muammo bu mavjud muammolarni to‘g‘ri va real hal qila oladigan siyosatchilar va soha mutaxassislarining yo‘qligidir.

– Bizning kuzatuvlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonning Tojikiston bilan, Tojikistonning Qirg‘iziston bilan chegaralarida va hatto Qozog‘iston chegaralarida ham ba’zi nizolar chiqib turibdi. Bu mintaqada etnik nizolarning takrorlanishi mumkinligiga oid fikrlarimiz dalilidir. Ammo bu nizolar jiddiy to‘qnashuvlargacha etib bormasdan hamma davlatlar jiddiy ravishda bu masalani hal qilib olishlari zarur, – deydi Pol Kvin Jaj.

Xalqaro masalalar bo‘yicha mustaqil tahlilchi Rashid G‘ani Abdullo Jaj janoblarining fikrlarini quvvatlar ekan, bunday nizolar mintaqaning etnik ozchilikni tashkil qiladigan millat vakillari nisbatan ko‘proq bo‘lgan davlatlarida, ya’ni Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda takrorlanishi mumkinligini taxmin qiladi.

Rashid G‘ani Abdullo Markaziy Osiyoning ana shunday davlatlarida etnik ozchilik manfaatlarining e’tiborga olinmasligi nafaqat milliy, balki davlatlararo nizolarga ham sabab bo‘lishi mumkin, degan ishonchda.

– Bunday davlatlarda yashayotgan milliy ozchilik vakillari manfaatlari albatta e’tiborga olinishi shart. Ko‘p hollarda buning aksi kuzatiladi. Undan tashqari, etnik ozchilik vakillarining son jihatini e’tiborga olgan holda, ularning davlat boshqaruvi tizimida ishtiroki ta’minlanishi lozim, – deydi mustaqil tahlilchi Rashid G‘ani Abdullo.

Yana bir omil – mintaqada liderlik da’vosi

Ayrim tahlilchilar mintaqadagi ayrim davlat rahbarlarining boshqa davlatlar manfaatlarini inobatga olmayotgani va mintaqada liderlik da’vosidan qaytmayotgani Markaziy Osiyoda etnik nizolarning qaytarilishiga turtki bo‘lishi mumkinligini urg‘ulaydi.

Moskvalik tahlilchi Georgiy Sitnyanskiy o‘zining “Markaziy Osiyoda yangi etnik nizolar va Rossiya milliy manfaatlari” nomli yangi kitobida mintaqada “Buyuk O‘zbekiston”ni yaratish fikri oshkora aytilmasa-da, ba’zida shunga urinishlar sezilib qolayotgani va O‘zbekiston rahbarlarining mintaqada liderlik da’vosidan qaytmayotgani ana shunday nizolar keltirib chiqarishi mumkinligiga ishora qiladi.

Boshqa bir tahlilchi Farrux Umarov fikricha, mintaqada etnik g‘alayonlarning qayta takrorlanishi uchun yana bir omil bu chegaralarida delemitatsiya va demarkatsiya ishlarining paysalga solinayotganidir.

– Markaziy Osiyoda shunday nizolarni keltirib chiqaradigan omillar albatta talaygina. Lekin men ulardan uchta asosiysini sanab bermoqchiman. Birinchidan, chegaralardagi tarixiy erlarning noto‘g‘ri taqsimlanayotgani, ikkinchidan, mintaqadagi tabiiy boyliklar mavjud hududlarning ayrim davlatlar geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda taqsimlanishi va uchinchidan, odamlarda milliy o‘zlikni anglashning kuchayayotganida, – deydi tojikistonlik tahlilchi Farrux Umarov.

Asnoda Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqotlar markaz rasmiysi Sayfullo Safarov mintaqada milliy nizolar va qavmlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning ildizi uzoq tarixga borib taqalishini ta’kidlaydi.

Uning fikricha, mintaqa davlatlarida ana shunday nizolarning takrorlanmasligi va alanga olmasligi uchun birinchi navbatda tashqi kuchlarning mavjud omillardan foydalanishiga qarshi mintaqa davlatlari rahbarlari birgalikda kurashishlari lozim.

– Bu omillardan yirik davlatlar o‘z geosiyosiy manfaatlari yo‘lida qanday foydalanishi bizga yaxshi ayon. Bugun ham u yoki bu kuchlar shu omillardan foydalanishi ehtimoldan xoli emas. Bu yirik davlatlar orasidagi geosiyosiy kurashning bir ko‘rinishidir, – dedi tojik rasmiysi Sayfullo Safarov.

Safarov janoblari Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaralarini o‘z ixtiyoriga olish istagi kuchli bo‘lgan Rossiya tomoni mintaqada etnik nizolar keltirib chiqaradigan ana shunday omillardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini e’tibordan soqit qilmasligini aytdi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24108742.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: