Karimovni qo‘llash O‘zbekistonni g‘alayonlar tomon yo‘llashmi? – ozodlik.org


13.05.2011

Barno Anvar

6 yil ichida O‘zbekiston bilan aloqani to‘liq tiklagan G‘arb hukumatlari keskin tanqid qilinmoqda.

Human Rights Watch tashkilotining Evropa va Markaziy osiyo davlatlari bo‘yicha departamenti rahbari Reychel Denber Yaqin Sharq davlatlarida sodir bo‘layotgan jarayonlar inson huquqlari o‘ta qo‘pol, vahshiyona tarzda buzilib kelayotgan O‘zbekiston kabi rejimlar bilan muloqot, oxir-oqibatda, yaxshi natijaga olib kelmasligini ko‘rsatishini aytmoqda.

Andijon voqealarining 6 yilligi arafasida yana bir bor Evropa Ittifoqi hamda AQSh hukumatiga yuzlangan tashkilot 6 yil muqaddam 13 may kuni Andijon shahridagi Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarning unutilishi O‘zbekiston hukumati bilan mulqot qilayotgan har bir tomonning zarariga xizmat qilishini urg‘ulaydi.

– Yaqin Sharq davlatlaridagi ko‘tarilishlardan, go‘yoki, “do‘st ko‘ringan avtokratlar”ni so‘zsiz quvvatlashning umri qisqa va samarasiz ekani aniqligini uqish lozim. AQSh hamda EI O‘zbekiston hukumatiga o‘z xalqiga bu qadar vahshiyona munosabatda bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlarning hisobotlarini muttasil e’tiborsiz qoldirish uning uchun qimmatga tushishi haqida aniq ishorat berishi lozim, – deydi, jumladan, Reychel Denber Andijon voqealari 6 yilligi arafasida bergan bayonotida.

Hozirgi kunda, nafaqat Human Rights Watch, balki ko‘plab xalqaro va O‘zbekiston ichida turib faoliyat yuritayotgan mahalliy inson huquqlari tashkilotlari 2005 yilda aynan Andijon voqealari bois O‘zbekiston hukumatiga nisbatan sanktsiya qo‘llagan G‘arb hukumatlarining hozirga kelib O‘zbekiston bilan aloqalarni chuqurlashtirib borayotgani va ayni kezda bu hukumatga moliyaviy yordam berayotganini keskin tanqid qilmoqda.

Ayniqsa, 2010 yil davomida O‘zbekiston va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi aloqalarining yanada izchillashgani kuzatildi.

Jumladan, Andijon voqealaridan so‘ng EI tomonidan 2005 yilning 3 oktyabrida O‘zbekiston hukumatining 12 a’zosiga viza taqiqi hamda qurol-yarog‘ embargosi to‘g‘risidagi sanktsiya qo‘llaganidan hech qancha o‘tmay, O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovni qabul qilgan va O‘zbekiston bilan muloqot siyosatining tashabbuskori bo‘lgan Germaniya hukumati o‘tgan 6 yil ichida rasmiy Toshkent bilan aloqalarini muttasil rivojlantirib kelgani hozir ko‘p tanqid qilinmoqda.

Germaniyadagi Yashillar partiyasi ochiqlagan so‘nggi tafsilotlarga ko‘ra, 2010 yilda Germaniya O‘zbekiston Moliya vazirligi hisobiga 15 million 900 ming evro miqdoridagi mablag‘ o‘tkazib bergan.

Bundan tashqari, Human Rights Watch tashkiloti bayonotida Germaniya hukumatining Afg‘onistondagi amaliyotlar uchun Termiz havo bazasidan foydalanish maqsadida 2005 yildan 2009 yilga qadar O‘zbekiston hukumatiga jami 67 million 900 ming evro to‘lagani haqidagi ma’lumotlar tilga olingan.

O‘zbekiston hukumatiga nisbatan avvaliga sanktsiya qo‘llagan, keyin esa uni bekor qilib, bu kabi hukumatlar o‘z mintaqasida xavfsizlik kafolati ekani haqidagi “uzrli” sabab bilan rasmiy Toshkentga yaqinlashib borgan Evropa Ittifoqi rahbariyati esa 2011 yilning yanvar oyiga kelib, Bryusselda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni qabul qildi.

Erokomissiya rahbari Joze Manuel Barrozo bilan o‘tgan uchrashuv jamoatchilikning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi va shu bois Karimovni Bryusselga taklif qilish mas’uliyati Evropa rahbarlari o‘rtasida so‘nggi daqiqalarga qadar bahs bo‘ldi.

Garchi, o‘shanda prezident Karimov bilan uchrashgan NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen uchrashuv taklifi Karimovdan chiqqanini aytib, bunday mas’uliyatni g‘arb hukumatlari zimmasidan soqit qilishga uringan bo‘lsa-da, O‘zbekiston bilan hamkorlikning samarali ekanini aytib, oxir-oqibatda, qarz ikki qo‘ldan chiqayotganini bilvosita tan olishga majbur bo‘lgan edi.

Ayni kezda Toshkentda Evropa Ittifoqi vakolatxonasini ochishga hozirlik borayotgani esa O‘zbekiston va Evropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar 2005 yil Andijon qirg‘inidan avvalgi holatiga deyarli qaytish arafasida ekanidan dalolat sifatida baholanmoqda.

Andijon voqealaridan keyingi ilk kezda bu qirg‘in uchun O‘zbekiston hukumatini tanqid qilgan, keyinchalik esa, keskin tanqid emas, muloqot yo‘lini tutgan AQSh hukumati ham prezident Barak Obama etakchiligida rasmiy Toshkent bilan maksimum darajada yaqinlashish imkonlarini ishga solmoqda.

Afg‘onistondagi NATO amaliyotlari uchun asosiy ta’minot yo‘li bo‘lgan Shimoliy ta’minot tarmog‘i loyihasining Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori sanalgan rasmiy Toshkent 2010 yilda ham ko‘plab AQSh mulozimlarini qabul qildi.

AQSh hukumatining dunyo bo‘ylab inson huquqlari ustivorligi uchun kurashishdek qadriyatlariga zid ravishda Karimov rejimi bilan muloqot yuritayotgani uchun Kongress a’zolari tanqidiga qaramay Obama ma’muriyati 2012 yilda Xorijiy Harbiy Moliyaviy yordam strategiyasi doirasida O‘zbekistonga harbiy-moliyaviy yordam berish niyatini bildirgan.

Shu tariqa, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati a’zolari va O‘zbekiston muxolifat guruhlarining ta’kidicha, 2005 yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealaridan so‘ng G‘arb va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasiga tushgan sovuqlik oradan o‘tgan 6 yil ichida tiklana-tiklana, qariyb voqealardan avvalgi holiga qaytdi.

Andijon voqealaridan keyingi 6 ichida voqealarning bunday rivojini tanqid qilayotganlar prezident Karimov etakchiligidagi diktatura rejimini bu tahlit quvvatlash O‘zbekistonni ham ko‘ra-bila turib, Yaqin Sharq davlatlaridagi kabi siyosiy inqiroz va qonli g‘alayonlar tomon yo‘llashdir, demoqdalar.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston va G‘rb hukumatlari o‘rtasida 2005 yil Andijon voqealaridan keyin kechgan munosabatlar sil-silasini qisqagina yodingizga solsak:

– 2005 yilning 13 mayida Andijon shahrining Bobur maydonida yig‘ilgan minglab namoyishchi hukumat qo‘shinlari tomonidan ayovsiz o‘qqa tutildi.

– 2005 yilning 3 oktyabrida Evropa Ittifoqi O‘zbekistonga qarshi sanktsiya qo‘lladi. Bu sanktsiya EI-O‘zbekiston o‘rtasida sheriklik va hamkorlik kelishuvini qisman to‘xtatish, 12 hukumat a’zosiga viza taqiqi va qurol-yarog‘ embargosini o‘z ichiga oldi.

– 2006 yil avvalidan sanktsiyalar yumshatila boshladi va EI-O‘zbekiston o‘rtasida sheriklik va hamkorlik kelishuvi to‘liq tiklandi. Shu yildan boshlab EI rahbariyati Andijon voqealari ustidan xalqaro tekshriuv o‘tkazilishi haqidagi chaqiriqriqni kun tartibidan tushirdi.

– 2007 yilda O‘zbekiston hukumatining 12 a’zosiga joriy qilingan viza taqiqi bekor qilindi.

– 2008 yilda prezident Islom Karimov Andijon voqealaridan so‘ng ilk bor Ruminiyada o‘tgan NATO sammitida ishtirok etdi.

– 2009 yilning oktyabr oyida ramziy chora, deya tanqid qilingan qurol-yarog‘ embargosini bekor qilindi va shu bilan O‘zbekiston hukumatiga nisbatan sanktsiya to‘liq bekor bo‘ldi.

– 2011 yil yanvar oyida Islom Karimovni Bryusselda Evropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozo qabul qildi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24107747.html

One Comment to “Karimovni qo‘llash O‘zbekistonni g‘alayonlar tomon yo‘llashmi? – ozodlik.org”

  1. bu bo`lgan muloxazalar butunlay xato Andijon voqealarida xech qanday diktatorlik xolati yuz bermaganini xolis fuqaro sifatida aytaman chunki andijonlikman shu voqealar guvoximan agar shunday qonli to`qnashuvlar bo`lgani rost bo`lsa men nega tirikman . Shuni ishonch bilan aytamanki o`shandagi tolibonlar xarakatiga nisbatan bo`lgan yurishlarda fuqarolar tinchligi to`liq ta`minlangan Sulaymonova Munira 20 yosh

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: