Bleyk: “Arab bahori” hammaga saboq bo‘lishi kerak – ozodlik.org


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk Markaziy Osiyo liderlari o‘z mamlakatlari fuqarolariga ko‘proq erkinlik berishlari kerak, degan fikrda.

15.05.2011

Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo hukumatlari uchun ham, jamiyatlari uchun ham muhim saboq bo‘lib hisoblanadi.

Bu e’tirof AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk tilidan yangradi.

Juma kuni Evropada xavfsizlik va hamkorlik komissiyasi a’zolari qarshisida nutq so‘zlagan AQSh mulozimi Bleyk Markaziy Osiyoda yaqin orada xalq g‘alayonlari yuz berishi ehtimoldan yiroq ekanini aytarkan, ayni paytda mintaqa liderlari fuqarolar erkinligini cheklamasliklari kerakligini qayd etdi. 

– Markaziy Osiyodagi do‘stlarimizga berayotgan maslahatlarimizdan biri mazkur voqealar va ularning oqibatlariga e’tibor qaratishi lozimligida aks etadi. Faqat Markaziy Osiyodagina emas, butun dunyodagi liderlar “arab bahori”dan saboq olishlari kerak. So‘nggi oylarda Markaziy Osiyodagi mansabdor shaxslar bilan uchrashuvlar chog‘ida men ularni siyosiy erkinliklar, shaxs erkinligi va e’tiqod erkinligi uchun maydonni kengaytirishga, sog‘lom fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar rivoji uchun sharoit yaratishga va iqtisod islohotlar tomon yo‘nalish olishga chaqirayapman, – dedi Robert Bleyk.

AQSh Davlat kotibi yordamchisiga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari oz fursat ichida berilgan haddan ziyod erkinlik xaos va siyosiy g‘avg‘olarga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib, bosqichma-bosqich o‘zgarishlarni yoqlab chiqmoqdalar. Janob Bleykning aytishicha, ular demokratik islohotlarga shubha bilan qarab, o‘z mamlakatlarida siyosiy, ijtimoiy, diniy va iqtisodiy turmushda keskin cheklovlarni saqlab qolishda davom etmoqdalar.

– Biz bu xato siyosat, deb hisoblaymiz. Garchi demokratiya sharoitida tartibsizliklar bo‘lib tursa-da va bu tuzum ba’zan alg‘ov-dalg‘ov ko‘rinsa-da, u yuqorida darajadagi barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlab beradi, chunki u jamiyatga siyosiy va iqtisodiy taranglikdan xalos bo‘lib turish uchun zarur tuynuk taqdim etadi. Demokratik yo‘l bilan saylangan, erkin ifoda qilinuvchi ijtimoiy fikr bilan hisoblashadigan hukumatlar xalq va hukumat o‘rtasida ko‘proq ishonch uyg‘onishiga imkon yaratadilar. Biz chorlayotgan demokratiya zo‘ravonlik yoki inqilob bilan bog‘liq emas. U tinch, tolerant va evolyutsion xarakterga ega hamda u, asosan, saylovlarda erkin saylash va erkin fuqarolik jamiyati orqali harakat qiladi. Demokratiyani ko‘cha zo‘ravonligi va iqtisodiy xaosga tenglashtirib bo‘lmaydi. Aksincha, demokratiya umid beradi va yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilishda realistik, tinch yondashuvlarni ta’minlab beradi, – dedi Robert Bleyk.

Shuningdek, u Vashington hozirgi davrga AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan diniy, siyosiy va shaxs erkinligi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish vaqti o‘laroq qarayotganini aytdi.

Janob Bleyk mustaqillikka erishilganidan so‘ng o‘tgan yigirma yil ichida Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari o‘z mamlakatlarida demokratik institutlarni yaratishga bir necha bor va ochiq chaqiriqlar bilan chiqqanlariga e’tibor qaratdi. AQSh diplomatiga ko‘ra, bu liderlar ko‘p marotaba nutqlar irod qilganlar, farmonlar chiqarganlar, lekin bu farmonlarning turmushga tatbiq etish uchun juda kam ish qilganlar.

– O‘zbekiston prezidenti Karimov 2010 yil noyabrida chiqish qilib, [o‘zbekistonliklarni] siyosiy plyuralizm va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga chaqirgandi. Hozirgi paytda buni voqelikka aylantirish uchun kam ish qilindi, biroq biz prezident Karimovni mazkur nutqi bilan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga chaqirishda davom etamiz, – dedi AQSh Davlat kotibi yordamchisi.

O‘z so‘zi oxirida Robert Bleyk yaqin kelajakda mintaqada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishini bashorat qilmasligini ta’kidladi.

– “Arab bahori”ga qaramay, demokratiya uzoq muddatli jarayon bo‘lib hisoblanadi. Biz Markaziy Osiyodagi barcha hamkorlarimizga kuchli demokratik institutlar va yanada ochiqroq jamiyatlarni rivojlantirishda ko‘maklashgan holda, ular bilan ishlashda davom etamiz, – dedi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24109099.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: