Andijonda huquq faolining farzandlari hibsga olindi – ozodlik.org


Andijonlik huquq faoli Usmon Baratov (birinchi planda) farzandlarining militsiya tomonidan tutib ketilishini o‘z faoliyati bilan bog‘lamoqda.

15.05.2011

Umidbek

Andijon militsiyasi Rossiyadan boshpana topgan huquq faoli Usmon Baratovning ikki farzandini ikki kun davomida ushlab turgani aytilmoqda.

Andijonning Bobur maydoni yonidagi Fitrat ko‘chasida joylashgan uylarning biriga 11 may kuni bir guruh militsiya xodimlari bostirib kirib, u erda yashovchi 16 yoshli Madina Baratova va 11 yoshli Umarxon Baratovlarni hibsga olgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan bolalarning otasi – Moskvadagi “Vatandosh” Mintaqalararo o‘zbeklar tashkiloti prezidenti Usmon Baratov so‘zlariga ko‘ra, farzandlarining hibsga olinishi u olib borayotgan faoliyat bilan bevosita bog‘likdir.

– 11 may kuni Moskva shahri “Kosmos” mehmonxonasida Moskva Xelsinki guruhining 35 yilligi bo‘layotgan yubileyda mening O‘zbekistondagi inson huquqlaridagi hozirgi, ertangi ahvoli to‘g‘risida va ikkinchi mavzuim – 2005 yildagi Andijon fojeasining kelib chiqishi va uning natijalari haqida dokladlarim bor edi. Shu dokladdan chiqqanimdan 1,5-2 soatlardan keyin O‘zbekistonda, Andijonda mening uyimga militsiya xodimlari kirib, ikkita voyaga etmagan farzandlarimni – 16 yoshli qizim Madinaxon va 11 yashar o‘g‘lim Umarxonlarni militsiyaga olib ketishganligi haqida xabar keldi. Ularga qandaydir ayblar qo‘yib, detskiy komnataga olib borib qamab qo‘yishdi. Ertasi, 12 may kuni sudga olib chiqib, Andijon shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudining Umida ismli sudyasi yosh bolalarga ayb qo‘ygan. Qizimga militsiyada 24 joyga qo‘l qo‘ydirishibdi, – deydi huquq faoli Usmon Baratov.

Afg‘on urushi qatnashchisi Baratovning aytishicha, tasodifanmi yoki yo‘qmi – aynan shu sudьya ikki yil oldin uning rafiqasi 1970 yilda tug‘ilgan Baratova Marg‘ubani O‘zbekiston Jinoiy kodeksining 13-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgar, deb topgan va 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan buvisi ayni paytda Marg‘ubani ko‘rishga Zangiota ayollar qamoqxonasiga ketgan.

Huquq himoyachisi Usmon Baratov o‘z oilasiga nisbatan tazyiqlar yana davom etishi mumkinligini gapiradi.

– Mana endi farzandlarimga navbat kelib, O‘zbekiston tomonidan repressiyalar davom etayapti. Sudya militsiyaning ochiqchasiga chiqargan ayblov sanktsiyasiga 12 may kuni otkaz chiqaribdi. Ammo shundan keyin ham bolalar qo‘yib yuborilmasdan, yana bir sutkadan ko‘p ushlab turilibdi. Voyaga etmagan, Rossiya fuqarosining farzandlari bo‘lsa. Ular zudlik bilan Rossiya elchixonasiga xabar berishi kerak edi. Meni ham 5 yil oldin qamashganda, xabar berilmagan edi. Xotinim bilan birga katta o‘g‘limni qamashmoqchi edi, lekin u Rossiyaga ketib, bu erda Rossiya fuqaroligini olishga ulgurdi. O‘zbekistondan unga ekstraditsiyaga zapros keldi va uni Yasenevo degan rayonda ushlashib, O‘zbekistonga jo‘natish uchun qamab qo‘yishdi. Lekin prokuratura orqali uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishdi. Inson huquqlarini himoya qilib yurishim, Andijon voqealari haqida ko‘p narsalardan xabardor bo‘lishim, menimcha, asos bo‘layapti. Og‘zimni qaerda ochsam, momentalno navbatdagi repressiyaga uchrayapman. Men hech narsani gapirmay, jim bo‘lib o‘tirishim kerak. Menimcha, ularning talabi shu.

Kichkina o‘g‘lim o‘zining maktabiga 2 sentyabrdan boshlab borgan kuni Andijon shahar 1-maktabi uni qo‘ymadi. “Xalq dushmanining farzandi” degan bo‘lsa kerak-da… Mana ikki yildan buyon bola to‘rtinchi sinfda o‘qiyolmayapti. Keyingi yildan uchinchi marotaba to‘rtinchi sinfda o‘qiydi. Bu nima, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari faqat qog‘ozdami? O‘zbekistonning buyuk kelajagi qachon keladi: ertaklarga o‘xshab ming yillardan keyinmi? – deydi O‘zbekistonda farzandlari bosimga uchrayotganini iddao qilayotgan huquq faoli Usmon Baratov.

Baratovning so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari turli bahonalar bilan farzandlarini O‘zbekistondan olib chiqib ketishga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu o‘rinda aytish joizki, kun davomida Andijon shahar sudi va militsiyasi bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.

Material efirga tayyorlanayotganda Baratovlarning yon qo‘shnilaridan biri

militsiya xodimlari bolalar bir-biri bilan mushtlashgani va janjallashgani uchun militsiyaga olib ketilganini va hozirda militsiya bo‘limidan qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi.

– Hozir bolalarini olib chiqdik ilgari kuni, ahvoli yaxshi. Buvisining qaramog‘ida yashashayapti hozircha.

Ozodlik: Militsiyada nima uchun olib ketishganini aytishdimi?

– Ikkalasi bir-birini urib, to‘polon qilayotgani uchun olib ketilgan. Ukasi opasini bo‘g‘ayotganligi uchun… Opasi oldin ham ukasi ustidan arz qilgan ekan. Buvisi ayasini oldida, Toshkentda edi. Bular yomon holatni oldini olish uchun qilganda bu ishni. Opasini kuchi etmaydi: u bola karatega qatnashgani uchun kuchli. Qo‘shnilar ajratishgan bir necha bor. Bo‘lmasam, bular bolalar yolg‘iz qolganini bilmagan to‘polon qilmaganda. Endi ular ham o‘z vazifasini qilishlari kerak-ku. Bir kundan keyin ajrim chiqardi, olib chiqdik. 13 may kuni ajrimni 5 dan 20 minut o‘tganda qo‘limizga oldik. Bolalar rosayam qiynalayapti. Bolalarga: “Dadalaringni oldiga ketinglar” desak, unamayapti. Iloji bo‘lsa, olib ketsin dadasi. Ular: “Jo‘natvoramiz”, deyishdi. Voyaga etmaganlarning boshlig‘i, familiyasi esimdan chiqdi, Dilshod aka: “Dadasi pasportining yashash joyini faks orqali hozir jo‘natvorsin, hozir bolalarni jo‘natvoramiz,” dedi. Bolalar o‘zlari: “Ketmaymiz”, deyapti, – dedi voqeadan xabari bor Baratovlarnin yon qo‘shnilaridan biri.

Ozodlik Usmon Baratovning farzandlari bilan bog‘liq mojaroni bevosita kuzatayotgan O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi rahbari Elena Urlaeva bilan ham suhbatlashdi.

Huquq faolining aytishicha, u Andijon shahar jinoiy ishlar sudyasi Imomovaning yordamchisi bilan telefon orqali ulanganida, sud xodimi bolalarning noqonuniy hibsga olinishi bevosita Andijon shahar IIBsi zimmasida ekanini ma’lum qilgan.

– Bolalar kecha kechqurun qo‘yib yuborilgan. Ularni 3 kun ushlab turishgan. Hozircha vaziyat shunday, lekin men bolalarning noqonuniy hibsga olinishi, so‘roq qilinishi yuzasidan yuqori idoralarga arz jo‘nataman. Ko‘ramiz, nima javob berishar ekan. Qizchamiz allaqanday hujjatlarga imzo chekkan, nima xujjatlar ekanini bilmaymiz, hozircha. Usmon Baratov Moskvada, uning rafiqasi qamoqda, rasman bolalar buvisining qaramog‘ida emas. Davlat ularni internatlarga tarqatib yubormoqchi. Bu hodisa nihoyasiga etganicha yo‘q, deb o‘ylayman, – dedi o‘zbekistonlik huquq faoli Elena Urlaeva.

Ozodlik huquq himoyachisi Usmon Baratov va uning oila a’zolari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etadi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24108964.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: