“Erk”ning paydo bo‘lishi – pona.uz


Fevral’ 7th, 2011

ERK partiyasi o‘zining birinchi Qurultoyini 1990 yilning 30 aprelida chaqirgan edi. Hukumat bu yangi partiya timsolida muxolifatdagi o‘z ittifoqchisini ko‘rishni orzu qilgan edi. Lekin Muhammad Solihning Qurultoydagi ma’ruzasi hukumatning bu orzularini chippakka chiqardi. Bu mutlaqo yangi Dasturdagi yangi partiya ekani va ko‘p emas, oz emas – mamlakat mustaqilligi yo‘lida yo‘lboshchi bo‘lishga jazm etgani ma’lum bo‘ldi! Muhammad Solih ma’ruzasini o‘qib tugatarkan mahalliy muxbirlar ham, Moskvadan kelgan jurnalistlar ham bab-baravariga, xuddi buyruq berilgandek Qurultoyni tark etishdi. Ertayisi kuni esa O‘zbekistonda tashkil topgan yangi siyosiy partiya haqida hech qaerda hech qanaqangi xabar chop etilmadi…

Mustaqillik Deklaratsiyasi

Amerikalik tadqiqotchilar Nadiya D’yuk va Adrian Karatnitskiy “The hidden nation” nomli kitobda 1989 yilgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi vaziyatni shunday ta’riflashadi:

“Yozuvchilar uyushmasining sekretari Muhammad Solih o‘zbek xalqining xohish irodasidan kelib chiqib, uning ko‘nglida cho‘kib yotgan dard-u, tashvishlarini hukumatning istagiga qarama qarshi bo‘lsa-da, oshkor va ifoda etuvchi ozodlik kuychisi edi: “Men yurtimizda yuzaga kelgan ekologik fojea bilan paxta yakkahokimligi o‘rtasida uzviy va ajralmas birlik va bog‘liqlik borligini bugun oshkor aytmog‘im lozim. Biz bu qullik va mute’lik oqibatida nafaqat erlarimiz va boyligimizdan, balki xalqimizning sog‘ligidan ham judo bo‘lmoqdamiz” – degan edi u.

Mamlakatning yangi saylangan birinchi sekretari Islom Karimov haqida esa ilk marotaba shunday fikr bildirgan edi: “Karimov anchayin demokratik qarashlarni ifoda etmoqda. Ko‘ramiz. Uning bu hatti-harakatlari nechog‘lik samimiy ekan. Hozircha yaxshi kunlardan umid qilamiz, xolos.

Zotan, bizning umid qilishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q…” (“The hidden nation”, 1990, New York, William Morris and Company INC)

1989 yil Muhammad Solih uchun xalq ichiga kirish, uning dardu tashvishlariga sherik bo‘lish yili bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmas. Ajab, tabiatan kamgap, odamlar e’tiboridan hamisha o‘zini chetda tutib turishga harakat qiluvchi yigit, kutilmaganda, o‘zida odamlar bilan muloqotga intilish fazilatini kashf etdi. U she’rlarida aytayotgan narsalarni odamlar tushuna boshlaganini ko‘rish va his qilish idroki unga ajib bir zavq baxsh eta boshlagandi. Masalan, ozodlik haqida….

Ayni paytda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining yangi rahbari Islom Karimov ham ommaviy-siyosiy jarayonlarga tezlik bilan moslasha bordi. Xususan, u o‘zining sobiq o‘rindoshlari Inomjon Usmonxo‘jaev va Rafiqjon Nishonovlar kabi siyosiy populizm o‘yinlariga ham juda tez sur’atlar bilan erisha oldi. U rahbarlikka saylangan zahotiyoq, zudlik bilan respublikadagi barcha xalqqa taniqli bo‘lgan shoir va yozuvchilar, olimu ulamolarni o‘z huzuriga chorlab, o‘zbek xalqining baxtu saodati uchun ular bilan o‘la o‘lguncha hamkorlik qilishga “tantanali” qasamyod qildi…

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Islom Karimovni birinchi bor uchratgan odam u haqda iliq taassurotga ega bo‘ladi. Bu samimiy va dilkash kishiga xayrli va savob ishlarni amalga oshirish chog‘i kimdir hamisha xalaqit qilayapti degan mulohazaga boradi kishi. Soddadil va ishonuvchan odamlarni chalqitadigan aynan ana shu aldamchi fazilatidan u hamisha maksimal darajada foydalanib keldi…

Karimov, o‘zining iborasi bilan aytsak, hech qachon “o‘ziga xos va o‘ziga mos” yangi dastur va loyihalar yaratish va yo o‘ylab topishga vaqt sarflamagan. U bu g‘oya va kashfiyotlarni o‘z raqiblaridan shundoqqina olib, uyalmay-netmay, o‘z nomidan bemalol ishlatavergan. Unga hech kim e’tiroz bildirolmasdi. Chunki, e’tiroz bildiruvchi barcha vositalar uning o‘z qo‘lida edi…

“Wall Street Journal” nomli matbuot nashri muxbirlari 1998 yilning 31 avgust kungi “Central Asia’s emerging fase’s” nomli maqolalarida shunday yozgan edilar: “Solih janoblari bilan Islom Karimov janobi oliylari eski tanishlardir. Muhammad Solih Gorbachyov rahbarligi davrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasini boshqarganida mustaqillik va panturkizm g‘oyalari kashfiyotchisi edi. Karimov esa, buning aksi o‘laroq, O‘zbekiston Kompartiyasining sarkotibi va ayni paytda Moskvaning respublikadagi – “Moskovskiy satrap”i, o‘zbekcha qilib aytadigan bo‘lsak – “iskovuch iti” edi. Biroq, Sovet Ittifoqi qulaganidan so‘ng, Karimov Muhammad Solihning ba’zi bir panturkizm g‘oyalariga o‘zini moslay boshladi”.

Darhaqiqat, Karimovning suyukli shiori bo‘lmish – “Turkistan – bizning umumiy uyimiz” Muhammad Solihning saksoninchi yillar so‘nggidagi nutqlaridan so‘zma so‘z ko‘chirilgan. Faqat Muhammad Solih o‘z shiorining hayotiyligiga ishonardi, Karimov esa – yo‘q. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, u bir paytlar o‘z umrini baxsh etgan kommunistik g‘oyalar ustidan qanchalar kulib, masxaralagan bo‘lsa, bu shiordan ham shunchalar or qilgani aniq. Ajabki, uning o‘z qo‘shnilariga bo‘lgan agressiv va nojo‘ya hatti-harakatlari oqibatida Turkiston eng avval Karimovning, shundan keyingina esa boshqalarning “umumiy” uyi bo‘lishi mumkin ekan…

1990 yili Karimov Respublika Oliy Majlisi (Parlament) ga a’zo bo‘lish uchun atigi besh foizgina kommunist bo‘lmaganlarga ruxsat berdi. Ana shu ozchilik orasida Muhammad Solih ham bor edi. Karimov aslida shu yo‘l bilan Muhammad Solih rahnamo bo‘lgan muxolifatni o‘z tarafiga og‘dirib olishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Lekin uning bu niyati amalga oshmadi. Deputatlik mandatini qo‘lga kiritgan Muhammad Solih endi o‘zini oldingidan ham erkinroq his eta boshladi. U hatto Sovet Ittifoqidan ajralish haqida ochiq-oydin gapira boshladi…

Rejim tahlikaga tushib qoldi.

1990 yilning 20 iyunida Oliy Kengash o‘z yig‘ilishini Mustaqillik Deklaratsiyasi haqidagi bahs va tortishuvlar bilan boshladi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov esa Oliy Kengash zalining shohona pardalari ortiga yashirinib oldi. Xuddi shu muborak kunda Karimovning qattiq qarshiligiga qaramay, o‘zbek

Parlamenti “O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasi”ni qabul qildi.

Deklaratsiya “ERK” partiyasi tomonidan tayyorlanib, parlamentga taqdim etilgan edi.

O‘zbekistondagi rusiyzabon aholi «ERK” ka nisbatan “ruslar harakatiga qarshi” degan fikrda edi. Aslida esa «ERK” yangi bosh ko‘tarayotgan siyosiy guruhlar orasida “O‘zbekistonda ruslar ishtiroki” masalasida eng mo‘’tadili edi…

“O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasi” qabul qilingandan so‘ng Amerikada chiqadigan “Baltimor San” gazetasi shunday deb yozgan edi: “Iyun’ oyida Markaziy Osiyodagi bu ulkan davlat o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Aksar kishilarning fikricha bu demokratik o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Buning oqibatlari esa nima bilan tugashi esa noma’lum. Millatchilik ruhidagi diktator tuzumi o‘rnatiladimi? Yoki G‘arb davlatlaridagidek demokratiya va oshkoralik bo‘ladimi? Va yo inqiloblar – etnik, fuqarolik urushlarimi? O‘zini ziyoli sanovchi “aql boshlar” 1966 yilgi zilzilani boshidan kechirgan , ayni paytda esa xususiylashtirilgan eski shahar tarafdagi oshxonalarning birida qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kabob-shashlik ustida aynan ana shunday dolzarb masalalar ustida bosh qotirardilar…

– Biz ertaga nima bo‘lishidan xavotirdamiz,- dedi Oliy Kengashning o‘sha paytdagi raisi Mirzaahmad Olimov,- millatchilik tiqini (djin natsionalizma) shishadan chiqarildi, endi uni ortga qaytarish mushkul…

Olimov janoblari Kommunistik partiyaga yaqin odam. Undan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi…

– Bizning xalqimiz paxta plantatsiyalari quliga aylantirildi, – dedi “ERK” partiyasi lideri, shoir Muhammad Solih: “Biz ruslarga aytdikki, agar teng huquqli bo‘lsa, marhamat, biz bilan yashayvering. Holbuki, respublikada hamma yaxshi ish joylari ruslarga berilgan bo‘lib, mahalliy o‘zbek kadrlari ishsiz edi…” (Scott Shane, The Baltimor Sun, 30.09.1990)

http://ponauz.turkiston.tv/archives/467

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: