Oxus Gold O‘zbekiston hukumatini noqonuniy amallarda aybladi – bbc uzbek


10 may 2011

Britaniyadagi Oxus Gold oltin ishlab chiqarish shirkati O‘zbekiston hukumatini noqonuniy amallarda aybladi.

Shirkat e’lon qilgan bayonotda O‘zbekiston hukumati Oxusni mamlakat qonunchiligini buzganlikda ayblaganini tanqid qilgan.

“O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yirik xorijiy sarmoyador haqida yolg‘on va noto‘g‘ri taassurot qoldiradigan bayonotlar tarqatdi”, deyiladi Britan shirkati bayonotida.

Oxus Gold bayonotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ko‘p yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin shirkat O‘zbekiston hukumatining resurslarni natsionalizatsiya qilish nishoniga aylangan.

Oksusga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati oltin ishlab chiqaradigan “Amantaytau Goldfilds” qo‘shma korxonasidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan 50 foiz aktsiyalarni sotishni taklif qilgan, bu borada ikki tomon yanvar-fevral oylarida muzokaralar o‘tkazgan.

Mart oyida Oxus Gold bahsni xalqaro mahkamada hal etish harakatlarini boshlagan, shundan keyin Markaziy Qizilqumdagi Omontoytovdagi korxonada O‘zbekiston hukumati moliyaviy tekshirishlarni boshlagan, “Amantaytau Goldfilds”dagi amaliyotlarga Oksusga izn berilmagan.

Britan shirkati o‘zining deyarli barcha xodimlarini O‘zbekiston hukumati mamlakatdan chiqarib yubordi, deydi.

Shundan keyin shirkat fors-major holati e’lon qilishga majbur bo‘lganini aytadi.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra esa oltin ishlab chiqarish ko‘zlanganidan kam bo‘layotgani uchun “Amantaytau Goldfilds”qo‘shma korxonasini tugatishga qaror qilingan, bunga esa qo‘shma korxonaning 50 foizlik aktsiyalari egasi Oxus Gold qarshilik qilayapti.

Shu kunlarda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoyalar va savdo vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganov Britaniya shirkatini o‘z majburiyatini bajarmaganlikda ayblab chiqqan.

Unga ko‘ra, Oksusga bir necha yil davomida qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilgan, biroq bu imtiyozlar fursati tugaganidan keyin investor o‘z zimmasiga olgan qo‘lga kiritgan daromadini sohaga yana qayta investitsiya qilish majburiyatini bajarmagan.

Shundan keyin O‘zbekiston hukumati qo‘shma korxonani likvidatsiya qilishga qaror bergani, biroq Oksus esa o‘ziga tegishli bo‘lgan aktsiyalarni xorijiy sarmoyadorlarga sotishga harakat qilgani aytilgan.

O‘zbek mulozimi bu erda siyosiy sabab yo‘qligini, bu oddiy xo‘jalik bahsi ekanini aytgan.

Ammo O‘zbekiston hukumati xalqaro mahkamada “Amantaytau Goldfils”ni kasodga uchratish huquqini qo‘lga kiritish uchun kurashadi, deb aytgan o‘zbekistonlik mulozim.

O‘zbekistondagi yagona xorijiy “oltin” korxona

Oxus Goldning O‘zbekistondagi muammolariga xitoylik sarmoyadorlar mablag‘ ajratmagani sabab bo‘lgani aytiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, asosan Xitoyning davlat mablag‘laridan iborat bo‘lgan konsortsium “Amantaytau Goldfilds” qo‘shma korxonasi faoliyati uchun mablag‘ ajratgan, bu “mablag‘ evaziga aktsiya” tartibi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoy konsortsiumi bilan kelishuv 2010 yil dekabrigacha bo‘lgan, xitoyliklar 2011 yil uchun mablag‘ ajratishdan voz kechganlar.

Oldinroq Oxus Gold Xitoy konsortsiumi 185 million dollar mablag‘ berishni rad etgani haqida e’lon qilgan.

“Amantaytau Goldfilds” O‘zbekistondagi oltin ishlab chiqarish sohasida xorij sarmoyasi bilan faoliyat yuritayotgan yagona shirkat edi.

Britan-O‘zbek qo‘shma korxonasining O‘zbekiston tarafdan ta’sischilari – Davlat Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati.

“Amantaytau Goldfilds” 2003 yilda markaziy Qizilqumda umumiy qiymati 31 million dollarga baholangan oltin ajratib oladigan korxona ishga tushirgan.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu korxonada ishlab chiqarilgan oltin miqdori ko‘zlanganidan kam bo‘lgan.

O‘tgan yili hisoblari muzlatilgan “Zeromaks” shirkatining asoschisi Mirodil Jalolov Oxus Gold ning boshqaruv kengashi a’zosi va noijroiy direktori bo‘lgan.

Fevral oyida Oxus Gold Jalolovning iste’fo berganini aytgan.

Ammo Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovanga yaqinligi aytilgan Mirodil Jalolovning 2010 yilgi tekshiruvlardan keyingi taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas.

O‘zbekiston dunyoning yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlatlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda 40 dan ortiq oltin konlari mavjud va yiliga 80 tonnadan ko‘proq oltin ishlab chiqariladi.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110510_oxus_gold.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: