O‘zbekiston Xalq Harakatiga munosabatim – yangidunyo


May 10th, 2011

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM

Insoniyat 20 asrning oxiri va 21 asrning boshlanishida ikki qayta qurish jarayoniga guvoh bo‘ldi va bo‘lmoqda. Birinchi qayta qurish eski Sovetlar Ittifoqi hududlarida boshlangan va dunyoni larzaga solgan edi. Natijada dahriylikga asoslangan bu imperiya Alloh taoloning qadari bilan er yuzidan yo‘q bo‘lib ketdi. Tunisda boshlagan, Misrda va boshqa Islom o‘lkalarida davom etayotgan hozirgi inqiloblar va islohotlarni Alloh taoloning irodasi bilan boshlangan ikkinchi qayta qurish jarayoni, deb atashimiz mumkin. Birinchi qayta qurish ma’lum hudud va u erlarda yashaydigan xalqlarning taqdirini o‘zgartirgan bo‘lsa, hozirgi kunda davom etayotgan ikkinchi qayta qurish jarayoni insha Alloh er yuzining va butun insoniyatning taqdirini o‘zgartiradi. Bunday deyishimizning dalili hozirgi kunda kelib, insoniyat ichida adolatli bir dunyo tuzumining o‘rnatilmaganligidir. Ma’lum bo‘lgani kabi Alloh taolo er yuzida va insoniyat ichida botilni asos oladigan zulm kuchlarining hukmron bo‘lishiga rozi bo‘lmaydi. Bu haqiqatni boshqacha so‘zlar bilan ifodalaydigan bo‘lsak, dunyo va insoniyat Haq va adolat ustun bo‘lgan tuzumda mavjud bo‘lish uchun yaratilgandir. Demak, Alloh taoloning irodasi bilan boshlagan hozirgi dunyomiqyosidagi ikkinchi qayta qurishdan ko‘zlangan maqsad Haq tuzumining er yuzida ustun bo‘lishidir.

Mana shunday olamshumul o‘zgarishlarga bizlarni ishtirokchi va shohid qilgan Robbimizga naqadar shukr qilsak ozdir. Zero Islom ummati er yuzida Haqni tamsil qiladigan va insoniyat ichida bunga shohid bo‘ladigan mo‘minlarning jamoasidir:

“Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambar sizlarning ustingizdan guvoh bo‘lishi uchun o‘rta millat qildik.” (Baqara surasi 143)

Ha, Islom ummati odamlar ustidan, ya’ni ularning er yuzida qanday yaxshiliklar yoki yomonliklar qilayotganiga guvoh bo‘lish uchun yaratilgandir. Bu erda guvoh bo‘lish deyilganda bo‘layotgan voqealarga qarab, tomosha qilib turishni emas, qilinadigan yaxshiliklarga rahbarlik va yomonliklarga esa to‘siq bo‘lish tushunilishi kerak:

“Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. Amri ma’ruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz (yaxshilikni amr qilasiz va yomonlikdan qaytarasiz) va Allohga iymon keltirasiz.” (Oli Imron surasi 110)

Mana shu ikki oyati karimada Islom ummatining muhim sifatlari marhamat qilingan. Bulardan birinchisi, ummatning o‘rta yo‘lda bo‘lishidir. Bugunga qadar insoniyatning boshiga kelgan butun musibatlar shu o‘rta yo‘ldan adashib ketgani uchun sodir bo‘lgan. Insoniyat uchun dahshatli xato ikki og‘machilikdir: yo moddaparast (materialist) bo‘lib, ma’naviy qadriyatlarni tark qilishi yoki bo‘lmasa ma’naviyatparast bo‘lib, moddiy qadriyatlarni tark qilishi. Islom dini esa inson fitratining ehtiyoji bo‘lgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar o‘rtasida mutanosiblik o‘rnatadigan yagona o‘rta yo‘l hisoblanadi. Buning ma’nosi musulmonlarning bu dunyo qadriyatlaridan foydalanishlari va ayni paytda o‘zlarini oxirat hayoti uchun hozirlashlaridir:

“Odamlardan ba’zilari: «Robbimiz bizga bu dunyoda bergin», deydi va unga oxiratda nasiba yo‘qdir. Va ulardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do‘zax olovi azobidan saqlagin», deydi.” (Baqara surasi 200-201)

19 va 20 asrda insoniyat moddaparastlik (materializm) xastaligiga chalingani va bu xastalik natijasida ikki dunyo urushi va son-sanoqsiz mahalliy urushlarda yuz millionlarcha inson qurbon bo‘lgani va yana undan ko‘prog‘i jarohatlanib, mayib bo‘lgani bir haqiqatdir. Ammo yanada dahshatlisi bu ikki asrda insoniyatning qalbi mayib bo‘lgani va imoni qurib qolganligidir. Bugun er yuzida yashayotgan etti milliard insonning bosh muammosi imonsizlik muammosi, deydigan bo‘lsak aslo xato qilmagan bo‘lamiz.

Demak, insoniyat uchun bugun qurigan imonini jonlantirish va o‘z fitratiga mos keladigan moddiy va ma’naviy qadriyatlarning mutanosibligi asosida yangi dunyo qurish vaqti etib keldi. Bunday imon islohatini har bir shaxs o‘z nafsida, har bir oila o‘z davrasida, har bir xalq o‘z mamlakatida amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Shu ma’noda biz o‘zbeklar ham nihoyat yuz yillar davom etgan johiliyat batqog‘idan chiqib, Haq yo‘lni tanlashimiz kerak. Buning uchun xalqimizning imonli va ilmli farzandlari Alloh rizosiga erishish maqsadida bir oraga kelishlari shart edi. Men O‘zbekiston Xalq Harakatini mana shunday tarixiy o‘zgarishlar davrida xalqimiz kelajagi uchun jon ko‘ydirib yurgan birodarlarimizning xayrli tashabbusini o‘rnida ko‘raman. Bunday yaxshilik tashabbusi o‘rtaga chiqqanda imonli bir kishining tarafsiz qolishi albatta mumkin emas. Chunki masala Haq va botil, adolat va zulm masalasidir. O‘zini Haq va adolat tarafidan, deb bilan kishi albatta botil va zulmga qarshi chiqadi va bu yo‘lda o‘z safdoshlarining qatorida o‘rin oladi. Bunday muhim yo‘lga otlanganlar avvalo o‘z nafslarini jilovlashlari zarurligi haqida gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Ya’ni, bu harakatga o‘z hissasini qo‘shishni istaganlar biror shaxsiy yoki o‘z guruhining manfaati uchun bu mujodala saflarini tanlamasligi kerak. Hozir guruhbozlik, manfaatchilik qilinadigan vaqt emasligi hammamiz uchun tushunarlidir. Aslida bugun bunday saflarimizni parchalaydigan bu manfiy illatdan qutulish kunidir. Shuning uchun O‘zbekiston muxolifati ichidagi eski tushunmovchiliklar, shaxsiy ginalar unutilishi va u unday bu bunday qabilidagi g‘iybat va tuhmat so‘zlarni aytishdan hammamiz o‘zimizni tiyishimiz kerak. Chunki bunday o‘zaro janjal-nizolar birligimizga rahna solgani kabi, bizlarni Alloh taoloning rizosidan uzoqlashtiradi. Alloh qo‘risin buning natijasi esa bir umr zafar yuzini ko‘rmaslik bo‘lishi mumkin. Albatta bu aytilganlar turlifikrlilikdan, lozim bo‘lganda muxolif fikr aytishdan va o‘zaro tanqiddan voz kechish ma’nosini bildirmaydi. Ko‘pfikrlilik, ixtilof va tanqid imon va odob chegarasida bo‘lsagina musbat natija keltirishi mumkin. O‘zaro ixtiloflarni cho‘zishda imoniy birodarlik, sho‘ro-maslahatlashish va eng muhimi Alloh rizosini ko‘zlab harakat qilishni vosita qilishimiz maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda men O‘XH tashabbuschilariga va xayrixohlariga ushbu takliflarimni bildirmoqchiman:

O‘XH FAOLIYATI HAQIDA TAKLIFLAR

1.O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) o‘z faoliyatida xalqimizning e’tiqodiy, unga zid kelmaydigan milliy qadriyatlariga va shuningdek dunyoning rivojlangan davlatlaridagi bashariyatni ijobiy taraqqiyotga etaklaydigan umuminsoniy qadriyatlarga o‘rin beradi.

2.O‘XH ning maqsadi mamlakatimizda yuqorida ifodalangan qadriyatlar asosida fuqarolik jamiyatining o‘rtaga chiqishi uchun o‘z hissasini qo‘shishdan iboratdir. Fuqarolik jamiyati insonlarning milliy va e’tiqodiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan, ma’naviy va moddiy qadriyatlar orasida mutanosiblikga asoslanadigan, zulmning har qanday shaklini rad etadigan, jamiyatda bir shaxsning yoki tabaqaning hukmronligiga yo‘l qo‘ymaydigan, e’tiqodda va fikrda haddan oshishga, og‘machilikga, xurofatga va bularga asoslangan zo‘rovonlikga to‘siq qo‘yadigan jamiyatdir.

3.Bunday jamiyatning o‘rtaga chiqishining avvalgi sharti har bir shaxsga e’tiqod va fikr erkinligi berilishi, bu erkinliklarni ijtimoiy hayotning barcha sohalariga tashish uchun insonlarga turli jamiyat va jamoatlarda birlashish huquqi berilishi shartdir.

4.Ikkinchi moddada ko‘rsatilgan fuqarolik jamiyatining negizida sog‘lom e’tiqodli va fikrli, yaxshi amallar qiladigan, axloqli va ijobiy tashabbus sohibi shaxslarni tarbiya qilish yotadi. Buning uchun avvalo ta’lim va tarbiya sohasi tubdan isloh qilinishi, bu sohada yosh avlodlarga musbat va ma’naviy ilmlarni ayni saviya va darajada o‘rgatish, ilm va amalning o‘zaro mutanosibligiga e’tibor qaratish zaruriydir.

5.Insonlarning e’tiqodi, joni, aqli, mol-mulki, irsi va nomusi daxlsizdir. Bularga qarshi qilinadigan jinoyatlar mutlaq adolat doirasida jazolantirilishi kerak.

6.Insonlarga xususiy mulkga ega bo‘lish, erkin tijorat va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, halol (qonuniy) yo‘ldan ortirgan mol-mulklarini ayni yo‘lda tasarruf qilish huquqi ta’minlanadi.

7.Fuqarolik jamiyatida o‘z-o‘zini boshqarish vositasi sifatida xalq Sho‘rolari-Majlislarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Bunday Sho‘ro-Majlislarning ilk bosqichi mahallalarda umumiy saylov yo‘li bilan o‘rtaga chiqadi. Mahallalar Sho‘rolari-Majlislari tumanlar Sho‘rolari-Majlislariga, tumanlar Sho‘rolari-Majlislari viloyatlar Sho‘rolari-Majlislariga va nihoyat viloyat Sho‘rolari-Majlislari davlat Sho‘ro-Majlisiga vakillar saylaydilar. Bu Sho‘rolar-Majlislarning vakolatlari darajalariga va imkoniyatlariga ko‘ra ular tarafidan (yuqori pog‘ona Sho‘rolar-Majlislar faoliyatiga zid kelmaslik sharti bilan) belgilanadi. Xalq Sho‘rolari-Majlislarining butun pog‘onalarida ular rahbariyatining faoliyatini nazorat qiladigan, rahbarlarga yaxshilikni tavsiya qiladigan va ularni yomonlikdan qaytaradigan, jamiyatining umumiy manfaatiga zarar beradigan xato qarorlar va ularning ijrolarini vaqti-vaqti bilan jamoatchilikga bildirib turadigan nazorat guruhlarining tuzilishi maqsadga muvofiqdir. Insonlarning, shu shumladan rahbarlarning ham shaxsiy xato va kamchiliklari jamoatchilikga oshkor qilinmaydi.

8.Zamonaviy taraqqiyotning omili hisoblanadigan ilm va texnologiya vositalaridan foydalanish, ularning inson va atrof muhit fitratiga zarar bermasligi sharti bilan, mubohdir.

9.Insonlarning o‘zaro birodarligiga rahna soladigan va axloqiy tanazzulga asos hisoblandigan fitna-fasod xabarlar tarqatishga va bu yo‘ldagi ijodiy urinishlarga yaxshilikni yoyish va yomonlikdan qaytarishning da’vat va ogohlantirish usullari va zarur bo‘lganda huquqiy chora-tadbirlar bilan to‘siq qo‘yiladi.

10.O‘zbekiston Xalq Harakatining faoliyatiga o‘z hissasini qo‘shadiganlar e’tiqodiy va fikriy ixtiloflarini maslahatlashish va zarur bo‘lganda turli toifalar orasida shartnoma tuzish yo‘li bilan hal qiladilar. Harakat rahbariyati Sho‘ro-maslahatlashish usulida faoliyat olib boradi. Harakat rahbarlari o‘z faoliyatlarida yakkahokimlikga yo‘l qo‘ya olmaydilar. O‘XH o‘z maqsadiga erishishda avvalo ma’rifat va tashviqot faoliyatlariga o‘rin beradi. Bu maqsadda harakatning mamlakat ichkarisida va tashqarisida o‘z bo‘limlarini ochishi maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga mavjud zulm tuzumiga qarshi tinch namoyishlar o‘tkazish harakatning faoliyat doirasiga kiradi.

Namoz Normo‘min o‘g‘li Abdurrahmon Muhammad,

“Islom Sho‘rosi” loyiha dasturining muallifi.

http://yangidunyo.com/?p=18755

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: