Karimov arab inqiloblari va Andijon voqealari uchun tashqi kuchlarni aybladi – bbc uzbek


10 may 2011

O‘zbekiston prezidenti uchinchi kuchlar xavfi haqida avval ham bir necha bor gapirgan, biroq aniq dalil-isbotlar keltirmagan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov arab davlatlaridagi inqiloblar tashqi kuchlar tomonidan boshlanganini iddao qilgan. U, shuningdek, olti yil avval Andijonda bo‘lib o‘tgan xunrezliklarni “tushunmovchilik” deya tasvirlab, arab dunyosidagi hodisalarga solishtirgan.

Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan nutq so‘zlagan prezident “katta boylikka” ega mamlakatlardagi notinchliklarni savol ostiga oldi, biroq bu mamlakatlardagi oddiy aholi qanday ahvolda kun kechirganiga to‘xtalmadi.

“Nima uchun tinchgina yurgan eng boy davlatlar bunday kunlarga keldi? Buning sababi nima deb so‘raydigan odamlar hozir juda ko‘p. Xulosa shundan iboratki, arab davlatlarini olamini buzish, tinchligini buzish, bir-biriga qarshi qo‘yish, albatta bu chetdan turib ta’sir o‘tqazmasdan turib bu narsa bo‘lmaydi. Buni xalqimiz to‘g‘ri tushunishi kerakki, albatta bu kimningdir rejalariga kiradi. Katta kuchlarning rejalariga kiradi. Juda katta boylikka ega bo‘lgan yurt bunaqa buzg‘unchilik, bunaqa qarama-qarshilik, bunaqa urushlarni tasodifan paydo bo‘lishiga man ishonmayman”, dedi Islom Karimov.

U Andijon voqealarini ham uchinchi kuchlar ta’sir bilan bog‘ladi.

“Man bir vaqtlar aytuvdim, Andijon voqealari bilan o‘zimizning O‘zbekistonda bo‘lgan hodisalarni eslasa agar, shu paytda aytuvdimki, ming afsuski, qaysi davlat erosti va erusti boyliklariga ega bo‘lsa, neftь va gaz bilan boy bo‘lsa agar, bu davlatlarda bunday tushunmovchilik, bir qarashda tushunmovchilik deymiz (bo‘ladi). Orasiga adovat urug‘ini sepish, bir qarashda huddiki ichidan chiqayapti, chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, albatta chetdan turib ta’sir bo‘lmasa, kimkidir tayyorgarlik ko‘rib, katta mablag‘ bunga tashlab, chetdan ta’sir qilmasa, o‘ylaymanki bunaqa mojarolar, bunday ziddiyatlar hech qachon bo‘lmaydi”, dedi Karimov janoblari.

Ammo, u shu yilning yanvarida Toshkentda Vazirlar Mahkamasining yig‘inida gapira turib Andijondagi hodisalar ortida ijtimoiy muammolar turganini tan olgan va mahalliy hukumatni ayblagandi.

“Andijon rahbarlari qandaydir bemaza ishlarga berilib, o‘zini yo‘qotib, beparvo bo‘lib, harom ishlarga berilib ketganlari shuncha odamlarni xarob qildi. Mana shu Andijon voqealarida qatnashganlarni ham mana, vaqt o‘tganda aytmoqchiman”, deb aytgandi u kechagi bayonotidan farqli o‘laroq.

Xo‘sh, o‘zbek prezidentining yangicha qarashlari naqadar asosli? Bi-bi-si bu savol bilan London Universitetining Sharq va Afrika Tadqiqotlari Instituti ilmiy xodimi Alisher Ilhomovga murojaat etdi.

Ilhomov: Arab davlatlari borasidagi bayonotiga kelsak, yo prezidentning o‘zi chuqur adashayapti, yoki ataylab boshqacha talqin qilishga urinayapti va odamlarni aldashga urinayapti. Chunki inqiloblar boshlangan Tunis va Misni oladigan bo‘lsangiz, u erdagi ommaviy g‘alayonlar hatto G‘arb davlatlari uchun ham kutilmagan voqea bo‘ldi. Ular uchun bu nafaqat kutilmagan hodisa, balki istalmagan hodisa edi. Tunis va Misrdagi raxbarlarni G‘arb dastaklab kelayotgandi. Bu ikki mamlakatda neftь yo gazning yirik zahiralari yo‘q. Liviyada, to‘g‘ri, tabiiy boyliklar ko‘p, lekin Shimoliy Afrikada domino effekti yuz bergan, birida bo‘lgan notinchlik ikkinchisiga ta’sir qilgan va umumiy til arab tili bo‘lgani, ular qo‘shni davlatlar ekani, hamda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy vaziyat rol o‘ynagan.

Bi-bi-si: Lekin, janob Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston boyliklariga ko‘z olaytirayotganlar bo‘lishi mumkin.

Ilhomov: O‘zbekiston neftь va gaz zahiralariga boy davlat emas. Unda gazni eksport qilish salohiyati bor, lekin masalan Turkmanistondagichalik emas. Jahon gaz bozorida u muhim mamlakat hisoblanmaydi. Neftga kelsak, O‘zbekiston neftь uchun boshqa mamlakatlarga qaram bo‘lib qolgan, u hali ham benzinni qo‘shni mamlakatlardan sotib oladi. O‘zbekiston o‘ta boy zahiralarga ega degan eskicha bu taassurot shaxsiy asoslarga ega. Undan tashqari G‘arb ham, AQSh, Rossiya va Xitoy O‘zbekistondagi rahbarga pul tikishgan, ular O‘zbekistonda tinchlik bo‘lishidan manfaatdorlar. Ayniqsa Afg‘onistondagi mojaro hisobga olinsa.

Bi-bi-si: Nima uchun unda Prezident Karimov uchinchi kuchlar haqida gapirayapti? Yoki xalq shunday bayonotni eshitishni istaydi deb o‘ylaydimi?

Ilhomov: Bu bir andozaga aylanib qolgan usuldir. Afsonaviy uchinchi kuchlar tilga olinadi, lekin hech qanday dalil-isbot yoki tasdiqlovchi faktlar keltirilmaydi. Bunday bayonotlarga asos bo‘ladigan qarashlarning o‘zi yanglish qarashlar. Uchinchi kuchlar haqidagi ogohlantirishlarni ma’lum turdagi rejimlar bo‘rttirib ko‘rsatishdan manfaatdorlar. Chunki ular masalan arab davlatlaridagi yoki Shimoliy Afrikadagidek inqiloblarning yuzaga kelishidan cho‘chishadi.

Bi-bi-si: Lekin, Prezident Karimov xotira kunida chiqish qila turib, faqat ikkinchi jaxon urushi qurbonlari yo faxriylar haqida gapirish mumkin edi. Nima uchun u aynan arab davlatlaridagi voqealar mavzusini ko‘tardi va nima uchun andijondagi xunrezliklar bilan ularni solishtirishga urindi? Yo biron nimadan qo‘rqqanmi?

Ilhomov: Ha, tabiiy, u qo‘rqayapti. O‘tgan 10 yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan siyosat ongli ravishdagi qarashlarga yoki kelgusi siyosatlar borasidagi ratsional fikrlashga asoslanmagan, balki paranoya, ya’ni qo‘rquv kompleksiga asoslangan. O‘zbekistonda hukumat rasmiylarining hatti-harakatlariga qo‘rquv turtki beradi. Bu safargi chiqishga kelsak, Andijon voqealarining sanasi yaqinlashib kelayapti, va Karimov shu bahona bilan xorijda bo‘layotgan voqealar O‘zbekistondagi vaziyatga ta’sir qilishining oldini olib qo‘ymoqchi. Nima xavotirga solsa, shuni gapirayapti prezident. U biladiki, o‘zbek siyosiy muxolifati orasida faollashuv kuzatilgan, ba’zi guruhlar arab davlatlaridagidek stsenariylarni O‘zbekistonda ham boshlashni taklif qilishgan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110510_karimov_arab.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: