G‘alabada har uch o‘zbekdan birining hissasi bo‘lgan – ozodlik.org


Islom Karimov Qashqadaryoda “hokim” bulgan paytlarda 9 may – G‘alaba kunida Qarshi shahridagi Shon-Shuhrat Qo‘rg‘oni yonida olingan surat.

09.05.2011

Sarvar Usmon

8, 9 may kunlari dunyo bo‘ylab Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 61 yilligi keng nishonlandi.

1999 yildan beri 9 may O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni, deb ataladi.

Sana nomi o‘zgartirilishi bilan O‘zbekistonda sal o‘gayroq sezilib qolgan bayramga keyingi bir-ikki yilda munosabat yanada iliqlashayotganday tuyulmoqda.

G‘alaba kuniga munosabatning bir ilib, bir sovub turishi sababini tushunishga harakat qilib ko‘rdik.

9 may arafasida Ozodlikka qashqadaryolik tinglovchimizdan bir surat etib keldi.

“G‘alaba kunida, Qarshi shaxridagi Shon-Shuhrat Qo‘rg‘oni yonida olingan surat, yilini bilmayman”, deb yozibdi tinglovchimiz.

Suratning old planida kaska kiygan, egniga plashch-palatka tashlab olgan askarlar turibdi. Ular oldida viloyatning partiya va sovet tashkilotlari faollari bo‘lsa kerak – yuzdan ortiq erkak-ayol birinchi qatordagi yo‘lboshchilar etovida Qo‘rg‘onga ko‘tarilmoqda.

Birinchi qatorda chapdan ikkinchi – Islom Karimov, o‘sha paytda O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi Qashqadaryo oblastь komitetining birinchi kotibi.

Karimov va uning ortidagilar militsiya zobitlari qurshovida.

Suratning orqa planidagi ko‘chaning Karimov va uning ortidagilar kelayotgan tomoni qizil bayroqlar bilan bezatilgan, ko‘chaning narigi yuzida oddiy xalq.

Karimov va uning ortidagilar bilan oddiy xalqni militsiya zobitlari, qizil bayroqlar va keng-katta ko‘cha ajratib turibdi.

Islom Karimov Qashqadaryo kommunistlarini1986-89 yillarda boshqargan edi. Demak, surat ham o‘sha yillarda olingan.

Shunday qilib, bu surat olinganiga kamida 23 yil bo‘libdi.

Bu davr ichida 9 may kuni nishonlanadigan bayramga ham, bu bayram sababchilari – urush faxriylariga ham O‘zbekistonda mafkurani shakllantiruvchilarning munosabati o‘zgarib turdi.

“Ulug‘ Vatan urushi” atamasidan ham, “G‘alaba kuni” atamasidan ham voz kechildi.

1999 yilning 2 martida O‘zbekiston prezidenti “9 mayni Xotira va qadrlash kuni, deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘tgan yillar davomida sana munosabati bilan O‘zbekistonda chiqadigan gazetalarda urush faxriylari suratlari bosilguday bo‘lsa, ularning ko‘kraklaridagi orden-medallar suratlardan o‘chirib tashlandi.

Biroq keyingi yillarda fashizmga qarshi urush qatnashchilariga e’tibor yana kuchayganday.

Taniqli o‘zbek adibi, tajribali jurnalist Sharof Ubaydullaev bilan G‘alaba kungi suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

Sharof aka bilan gurungimiz ancha uzoq davom etdi. Shuning uchun suhbatdan ba’zi parchalarnigina eshittirsak.

9 may kuni Sharof aka ba’zi do‘stlari bilan Jizzax safaridan qaytdi.

– Hozirgina men Jizzaxdan juda katta bo‘lib o‘tgan tantanali bayram, xotira kunlaridan qaytib keldik. Hamma qishloqlarida, hamma ko‘chalarida G‘alaba kuni munosabati bilan uyushtirilgan Xotira va qadrlash ayyomlaridan bir nechtasida qatnashdik. Bu hukumat farmonlari bilan 9 may kuniga belgilangan bo‘lishiga qaramay, voqealar juda ham ko‘p bo‘lgani uchun, bunday eslash, xotiralar kunlari haddan ziyod ko‘p va keng miqyosda bo‘lgani uchun mana bu yilgisi deyarli 7 maydan buyon boshlanib hamma joylarda keng nishonlanayapti, deydi Sharof Ubaydullaev.

“G‘alaba kuni” degan nom “Xotira va qadrlash kuni”, deb o‘zgartirilgani to‘g‘ri bo‘lganmi? Sharof aka bilan gurungda shu masala ham tilga olindi.

– Endi bu erda G‘alaba so‘zi qanday chiqib ketganligini men albatta to‘liq izohlashdan ojizman.

Ozodlik: Sizga qolsa, G‘alaba kuni degan nomni saqlab qolish kerakmidi?

– Agar mening shaxsiy fikrim qiziqtiradigan bo‘lsa, qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar odamlar G‘alaba so‘zini qo‘shib tilga olayotganligini ham ko‘rdim. Nega? Mana shu bugungi nuqtai nazardan aytaylik G‘alaba so‘zi bevosita rasmiy tilga olinmagan bilan ayrim odamlar G‘alaba so‘zi bir qandaydir rus xalqiga, Rossiya hukumatiga, sobiq ittifoqqa tegishli deb qarashiga men unchalik tushuna olmayman. Sabab? Bu g‘alaba avvalo faqat bitta o‘risniki emas. Qolaversa, bu g‘alaba butun bir Evropaniki ham emas. Bu g‘alaba aslida butun dunyoniki. Biz shuning uchun ham ikkinchi jahon urushi deyishga qaror qildik. Ilgarigiday Ulug‘ vatan urushi demaymiz. Ikkinchi jahon urushi bu jahonning qirg‘inbarot urushi edi. Agar bugun bizda ayrim odamlar Germaniya hukumati, nemis xalqi bu bayramdan aziyat chekadi desa, bu ham xato. Sabab biz nemis xalqi bilan urushganimiz yo‘q, nemis xalqi bilan kurashganimiz yo‘q. Bizning bobolarimiz fashizm bilan kurashgan. Bobolarimiz butun dunyoga quturgan fashizmni yo‘qotish va yakson qilishga muyassar bo‘lgan. Men aytmoqchiman, Ikkinchi jahon urushidagi buyuk g‘alaba insoniyat tarixidagi o‘tgan ming-ming urushlar ichra eng buyuk urush edi. Eng buyuk g‘alaba edi, deydi Sharof Ubaydullaev.

Sharof aka Ubaydullaev bilan gurung chog‘ida Ikkinchi Jahon urushidagi G‘alabaga hamda urush ishtirokchilariga munosabat masalasini ham gaplashdik.

– Ikkinchi jahon urushiga beriladigan munosabat ustida ham bir qancha bosqichlardan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Albatta Ikkinchi jahon urushi g‘alabasini nishonlash jarayonlari ham oson kechgani yo‘q.

Ozodlik: Munosabatimiz bir qancha bosqichdan o‘tdi deyapsiz. O‘sha munosabatlarning ayrim bosqichlarida men aytayotgan holatlar bo‘ldimi bo‘lmadimi?

– Hatto, siz besh-olti yil deyapsiz. Hozir ham haqiqiy urush qahramonlari etarli darajada, biz istaydigan darajada qadr-qimmat bundan yuqoriroq bo‘lishi kerak. Mana masalan men hozir ikki kun, aytdim yuqorida, Jizzaxning bir necha qishloqlari elatlari, bir necha xo‘jaliklarida mana shu ayyomlarda qatnashdik. Ayni paytda Jizzaxda ota-bobolarimiz qabrlarini ziyorat qildik. Mozorlar boshida bo‘ldik. Xullas aytmoqchimanki, men biror joyda Jizzaxdan etishib chiqqan adashmasam yagona Sovet Ittifoqi Qahramoni Jo‘raqul To‘raev haqida biror joyda iliq so‘z eshitganim yo‘q. Men Jizzax gazetalarini ham olib ko‘rdim. Viloyat gazetalari, respublika gazetalarida ham aytaylik o‘zbekni dunyoga tanitgan, Ikkinchi jahon urushida eng cho‘qqisiga aylangan o‘sha Eryigitovlar, Qo‘chqor Turdievlar kabi Ikkinchi jahon urushining haqiqiy qahramonlari haqida biror-bir lavha ham o‘qiganim yo‘q. Biror-bir fikr ham eshitganim yo‘q. gazetalarda Sovet Ittifoqi Qahramonlari haqida alohida biror narsa ko‘rganim yo‘q. Haliyam biz etarli darajaga qaytganimiz yo‘q.

Ozodlik: Sababi nimada?

– Chunki bizning tariximizga bo‘lgan munosabatimizni shakllantirishga yo‘naltirilgan ayrim ideologik g‘oyaviy idoralarimiz hali to‘liq o‘zlarining yo‘llarini topa olgani yo‘q. Chunki bundan 50-60 yil burun o‘sha urush maydonlarida qon to‘kkan odamlarga hech qanday munosabatni o‘zgartirishga haqqimiz yo‘q, lekin bular bizni sobiq mustamlaka Rossiyaga, sobiq mustamlaka Qizil imperiyaga munosabatimiz bilan bizning urushdagi, aytaylik Ikkinchi jahon urushiga bo‘lgan munosabatimizni bular aralashtirib yuborayapti. Aralashtirishga hech kimning haqqi yo‘q. Jang maydonlarida qon to‘kkan, qahramon bo‘lgan va qahramon bo‘la olmagan odamlarning deyarli hammasi qahramon. Hammasi bizning bugungi hayotimiz uchun, kerak bo‘lsa bugungi mustaqillikka etib kelishimiz uchun ham qon to‘kkan, dedi kuyunib taniqli o‘zbek adibi, tajribali jurnalist Sharof Ubaydullaev.

Ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi Jahon urushida fashizmga qarshi 1,5 million o‘zbekistonlik ishtirok etgan.

Urush arafasida mamlakat aholisi 5 mln nafarga etmaganini nazarda tutsak, urushga qatnashganlar nufuzi qanchalik katta bo‘lganini his qilish qiyin emas.

Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Ikkinchi Jahon urushida ko‘rsatgan qahramonligi uchun 338 o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor, 53 o‘zbekistonlik Shuhrat ordenining to‘la kavaleri bo‘lgan.

http://www.ozodlik.org/content/article/24095940.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: