Tashrif samarali bo‘ldi – O’zA


O‘zA, 07.05.2011 02:41


Sarvar O‘rmonov (O‘zA) olgan surat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 6 may kuni Buxoro shahriga tashrif buyurdilar.

Buxoro O‘zbekistonning asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shib kelgan, haqli ravishda shariflik maqomiga sazovor bo‘lgan muqaddas shaharlaridandir. Buxoroi sharif buyuk allomalari, qad rostlagan betakror tarixiy obidalari bilan xalqimizni, mamlakatimizni butun dunyoga tanitgan.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov Buxoroning shariflik maqomiga ko‘tarilishiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalardan biri Bahouddin Naqshband me’moriy majmuini ziyorat qildilar.

Eski tuzum davrida bu muqaddas maskan xaroba holga kelib qolgan edi. Istiqlol yillarida milliy madaniy va ma’naviy qadriyatlarni, tarixiy obidalarni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 1993 yildayoq Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi munosabati bilan mazkur ziyoratgoh qayta ta’mirlandi. Majmuadagi daxmalar, maqbaralar, masjidlar, ayvonlar va madrasaning haqiqiy qiyofasi tiklanib, qutlug‘ qadamjoga aylantirildi.

Taomilga binoan bu yerda Bahouddin Naqshbandning ruhi poki haqiga tilovat qilindi.

Prezidentlar Somoniylar maqbarasini ziyorat qildilar. Bu yodgorlik o‘z me’moriy yechimiga ko‘ra mutlaqo betakror obidadir. Nafis me’morlik san’atining yuksak namunasi bo‘lgan bu inshoot o‘ta aniq simmetrik o‘lchamlar, g‘oyat murakkab geometrik hisob-kitoblar asosida bunyod etilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari Poyi Kalon majmuida bo‘ldilar. Masjidi Kalon, Minorai Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat bu ansambl Turkmaniston rahbarida katta taassurot qoldirdi.

Labi Hovuz majmuasida Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov dastlab Nodir Devonbegi madrasasiga kirdilar. Bu yerda milliy hunarmandlarimiz tomonidan tikilgan do‘ppi va zarchoponlar, zardo‘zlarning gilam va kashtalari, sopol va temirdan yasalgan nafis buyumlar, milliy miniatyura uslubidagi rasmlar, jarangdor cholg‘u asboblari va boshqa mahsulotlar ko‘zdan kechirildi. Hunarmandlar bilan samimiy suhbatda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, ayniqsa, milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlandi.

Turkmaniston rahbari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ko‘hna Buxoroning tarixiy obidalari tiklanishi barobarida shahar zamonaviy qiyofa ham kasb etayotganini, bu yerda sayyohlik jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston-Turkmaniston oliy darajadagi uchrashuvlarining yana bir go‘zal an’anasi bor. 2010 yilda Prezident Islom Karimovning Turkmanistonga safari asnosida mamlakatimiz rahbariga zotdor ot sovg‘a qilingan edi. Mamlakatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentiga O‘zbekistonning istiqlol yillarida o‘zlashtirgan o‘ta murakkab ishlab chiqarish sanoati mahsuloti – “Captiva” rusumli zamonaviy avtomobil sovg‘a qildi.

Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan “Buxoro madaniy markazi” majmuiga keldilar. 107 gektarni egallagan majmua yashil maysa bilan qoplangan. Har tarafda kishi ko‘zini turli noyob daraxtlar, turfarang gullar quvontiradi. Majmua markazida Buxoroning o‘tmishi va bugunidan so‘zlaydigan, mamlakatimiz va xalqimizning faxri bo‘lgan buyuk allomalar va noyob tarixiy yodgorliklar nomlari va suratlar bitilgan muazzam “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti savlat to‘kib turibdi.


Buxoro viloyat musiqali drama teatri. Tohir Istatov (O‘zA) olgan surat.

Majmuaning bir tomonidan amfiteatrga, ikkinchi tomonidan viloyat musiqali drama teatriga yo‘l solingan. Bu teatrda O‘zbekiston-Turkmaniston oliy darajadagi uchrashuvlarining ajralmas bo‘lagiga aylangan do‘stlik festivali – ikki mamlakat san’at ustalarining birgalikdagi konsertiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.

Teatrda yig‘ilganlar ikki mamlakat rahbarlarini gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston san’atkorlari yuksak mahorat bilan ikki xalqning kuy-qo‘shiqlari, raqslarini ijro etdilar. Konsert so‘nggida “Vatan azizdir” qo‘shig‘ini ikki mamlakat san’atkorlari birgalikda jo‘r bo‘lib ijro etgani O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarining madaniy-ma’naviy mushtarakligidan yana bir yorqin dalolat bo‘ldi.


Festivaldan lavha. Sarvar O‘rmonov (O‘zA) olgan surat.

Shu bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Turkmaniston rahbari O‘zbekistonga tashrifi samarali bo‘lganini ta’kidlab, samimiy qabul va do‘stona munosabat uchun Prezident Islom Karimovga minnatdorlik bildirdi va davlatimiz rahbarini o‘zi uchun qulay vaqtda Turkmanistonga tashrif buyurishni taklif etdi.

Ushbu tashrif asnosida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar, Prezidentlar ta’kidlaganidek, ikki mamlakat ravnaqi va xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Bu kelishuvlar O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini yanada kengaytirish imkonini beradi.

http://uza.uz/uz/politics/17110/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: