Do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida – O’zA


O‘zA, Olim To‘raqulov, 05.05.2011 23:29


Sarvar O‘rmonov (O‘zA) olgan surat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 5 may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi mushtarak. Tili, madaniyati, urf-odatlari o‘xshash. Ajdodlarimizning ilmiy, adabiy va ma’naviy merosi xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. O‘zbek va turkman azaldan taqdir sinovlari davrida bir-biriga yelkadosh bo‘lib, shukuhli damlarda quvonchini baham ko‘rib kelgan. Biz bir-birimizning uloq-ko‘pkarimizda qatnashamiz, bir daryodan suv ichamiz. O‘zbekning to‘yida turkman, turkmanning to‘yida o‘zbek aziz mehmondir.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida yangi, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi. Bugun O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi 2007 yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma ruhida jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinayotgani buning yorqin tasdig‘idir.

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi Toshkent uchrashuvi oliy darajadagi samarali va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka suhbatida O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Turkmaniston rahbarining ushbu tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosidagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at baxsh etish borasida tomonlarning sa’y-harakat va intilishlari mushtarak ekanining tasdig‘i bo‘lgani ta’kidlandi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini turli sohalarda imzolangan hujjatlar hayotga samarali tatbiq etilayotganida ham ko‘rish mumkinligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida izchil hamkorlik qilib kelayotgani, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolarga yondashuvlari, munosabatlari, qarashlari o‘xshash va yaqin ekani ta’kidlandi. Suhbat chog‘ida Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni ham muhokama etdilar.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, bu mamlakatda faqat harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi yana bir bor qayd etildi. Mamlakatlarimizning Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar ishtirokida afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha muzokaralar jarayonini faollashtirishga qaratilgan yangi ta’sirchan mexanizmlarni yaratish borasidagi tashabbuslari muhimligi ta’kidlandi.

O‘rta Osiyoda suv-energetika zaxiralaridan samarali foydalanish, mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Suv-energetika sohasiga oid masalalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillari asosida, mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqilishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi. Transchegaraviy daryolarda gidroenergetika inshootlarini qurish masalalariga yondashishda BMTning Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish hamda Xalqaro suv oqimlaridan kemachilikdan xoli tarzda foydalanish huquqi to‘g‘risidagi konvensiyalari talablariga rioya qilish zarurligi qayd etildi.

Prezidentlar muzokarani O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom ettirdilar. Bu muzokarada ikki mamlakatdan asosiy vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etgani tomonlarning o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lidagi kuchli intilish va azmu shijoatidan dalolat bo‘ldi. Unda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga qaratildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ko‘lami tobora kengaymoqda. O‘zbekistonda ham, Turkmanistonda ham neft-gaz sanoati jadal rivojlanib, xorijiy sarmoyadorlar bilan yoqilg‘i-energetika majmui sohasidagi hamkorlik taraqqiy etmoqda. Mamlakatlarimiz bu sohada ikki tomonlama hamkorlik barobarida ko‘p tomonlama loyihalarda ham faol ishtirok etayotir. 2009 yilda ochilgan Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy magistral gaz quvuri buning yaqqol dalilidir.

Muzokarada ushbu magistral gaz quvurini hamda energiya resurslarini mintaqamizdan jahonning boshqa bozorlariga eksport qilish imkonini beradigan muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Turkmanistonning boy tabiiy resurslarini jahon bozoriga yetkazish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish masalalarini birgalikda o‘rganib chiqish, energiya manbalarini tashishda energetik xavfsizlikning global tizimini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Transport kommunikatsiyalari iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishidir. O‘zbekiston orqali Turkmanistonga, Turkmaniston orqali O‘zbekistonga yuk tashiladi. Mamlakatlarimiz hududlari va rivojlangan transport-kommunikatsiya tizimlari uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini ham o‘taydi. Bu omillar O‘zbekiston va Turkmanistonda tranzit sohasida yirik salohiyat mavjud ekanidan dalolatdir. Mazkur sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish nafaqat ikki mamlakat, balki mintaqalar va qit’alar o‘rtasida xalqaro savdoni, keng ko‘lamdagi sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Prezident Islom Karimovning 2010 yil oktyabr oyida Turkmanistonga rasmiy tashrifi asnosida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon-Qatar yangi transport yo‘lagini tashkil etish masalasi alohida muhokama qilindi. Jahon bozoriga chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi mumkin bo‘lgan bu loyihani amalga oshirishda ikki mamlakat o‘zaro ishonchli hamkorlardir. Yaqinda mazkur yo‘lakni barpo etish bo‘yicha “Ashxobod bitimi” imzolandi. Uning hayotga tatbiq etilishi ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish barobarida, xalqaro tranzit yuklar hajmini oshirishga, ular uchun jahon bozoriga yangi kommunikatsiya tarmoqlari ochilishiga xizmat qiladi.

Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga har ikki mamlakat ham alohida e’tibor bilan qaraydi. Bu o‘zaro savdo-sotiq faollashayotgani misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi to‘rt yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobardan ziyodroq oshdi. 2010 yilda bu boradagi ko‘rsatkich 200 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi muntazam ravishda majlislar o‘tkazib, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish va rivojlantirish masalalariga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Shu bilan birga, Toshkentda Turkmaniston, Ashxobodda O‘zbekiston milliy ko‘rgazmalarini tashkil qilish yaxshi an’anaga aylangan.

Muzokarada o‘zaro savdo nomenklaturasini O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va xizmatlar hisobiga kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu ikki mamlakat korxonalari va kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga, kooperatsion hamkorlikning yangi samarali shakllarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muzokarada madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirishda xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik, an’anaviy do‘stlik rishtalari muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etish joiz.

O‘zbekiston va Turkmanistonning madaniyat va san’at namoyandalari ikki mamlakatda tashkil etiladigan festival, ko‘rgazma va forumlarda muntazam ishtirok etib keladi. Xususan, turkmanistonlik san’atkorlar Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy va faol qatnashchilaridir.

Oliy darajadagi tashriflar doirasida ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida do‘stlik va san’at festivallari tashkil etilishi yaxshi an’anaga aylanganini alohida ta’kidlash joiz. Shu kunlarda qo‘hna va boqiy Buxoro navbatdagi O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik festivaliga mezbonlik qilmoqda.

Madaniy-gumanitar sohada 2011-2013 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qabul qilingan bo‘lib, u ham ko‘plab madaniy dasturlarni o‘z ichiga oladi.

Muloqot chog‘ida madaniyat, san’at, sayyohlik, sport sohalaridagi aloqalarni yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokara yakunida Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston-Turkmaniston Qo‘shma bayonotiga imzo chekdilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hukumatlari o‘rtasida Savdo vakolatxonalarini o‘zaro ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu bilan tomonlarning mazkur sohadagi hamkorligini kengaytirishga doir yangi mexanizm yaratilib, u ikki mamlakatning iqtisodiy tuzilmalari uchun bevosita “on-line” tartibida ish yuritish imkonini beradi. Ya’ni, ikki mamlakatdagi iste’molchi va xaridorlar uchun bir-biri bilan tanishish, biznes-muloqot o‘tkazish, shartnomalar tuzishda yangi qulayliklar tug‘diradi.

Ilmiy-texnologik hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim esa energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Turkmaniston Milliy madaniyat markazi Milliy kutubxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat xalqaro kitob almashuvi, zamonaviy kutubxona texnologiyalarini o‘rganish va amaliyotga joriy etish, o‘zaro tajriba almashish va ilmiy yutuqlarni birgalikda o‘rganish borasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar ochiq, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarini yanada rivojlantirishga, ikki mamlakat xalqlari farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan konstruktiv va samarali muzokaralar tomonlarning O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb muammolar yuzasidan qarashlari o‘xshash va yaqin ekanligini namoyon qildi, dedi Islom Karimov. Muloqotlar yakunida imzolangan hujjatlar O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Turkmanistonning ishonchli do‘sti, muhim va faol sherigidir. Biz O‘zbekiston bilan azaliy do‘stlik, ma’naviy yaqinlikka tayangan samimiy munosabatlarni yuksak qadrlaymiz, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov. Bugungi muzokaralar tomonlarning hamkorlikni rivojlantirishga intilishlari mushtarak ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdilar. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi, mamlakatimizning bosh maydonida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga yuksak baho berdi.

Prezidentlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2009 yili poytaxtimizda bunyod etilgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyiga tashrif buyurdilar. Saroy yirik xalqaro konferensiyalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsertlar o‘tkazish borasida jahon andozalariga to‘la mos keladi. Bu muazzam bino atrofidagi landshaft dizayni unga alohida ko‘rk baxsh etib turibdi. Turkmaniston Prezidenti saroyning milliy me’morlik an’analari va zamonaviy arxitektura usullarini o‘zida mujassam etgan me’moriy yechimi va dizayniga yuksak baho berdi. Gurbanguli Berdimuhamedov ushbu muhtasham saroy O‘zbekistonning har jihatdan yuksak salohiyatga ega davlat ekanidan yana bir dalolat bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

http://uza.uz/uz/politics/17077/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: