O‘zbekiston: hadik cho‘pdanmi? – ozodlik.org


Ayrim o‘zbekistonliklar ehtimoliy isyonchilarni qo‘lga olish uchun tish-tirnog‘igacha qurollangan maxsus guruh kelayotganini aytishmoqda.

06.05.2011

Abdulla Iskandar

O‘zbekistonlik huquq faollari Farg‘ona vodiysida ehtimoliy isyonkorlar ustidan nazorat kuchaytirilganini aytishmoqda.

Misr, Tunis, Bahrayn va Liviyada kechayotgan inqilob sharpasi O‘zbekistonda ham oralamasin degan maqsadda Farg‘ona vodiysida ehtimoliy isyonkorlar ustidan nazorat yana kuchaytirildi.

Bu ma’lumotni Andijon, Namangan va Qo‘qondagi inson huquqlari faollari Ozodlikka bildirishdi.

Aytilishicha, kimdir salgina tuzumdan shikoyat qilsa yoki mahalliy posbonlar nazariga shubhali tuyulsa, posbonlar chaqiruvi asosida zudlik bilan qora niqob kiygan maxsus xodimlar etib kelmoqda.

Qora niqob kiygan bu xodimlarning MXXga oid maxsus zobitlar ekani iddao qilinadi.

Qo‘qonda ana shunday xodimlar O‘zbekiston xalq harakati faoli ekani gumonlangan shaxsni olib ketish uchun kelganida, ularga qarshilik qilgan ayolni jarohatlashgan.

Ismi aytilishini istamagan voqea guvohi bu haqda Ozodlikka gapirdi.

– Uyiga kirib do‘pposlab, hatto ayollarni ham do‘pposlabdi. Pichoq tirab urishib…

Ozodlik: Pichoq tiragan kimu tiralgan ayol kim? Hammasini gapirib bering.

– Pichoq tiraganlar Toshkentning SNB xodimlari. Qora maskada avtomat bilan uyiga bostirib kirgan. SNB xodimlari bo‘lgan. Bunga hech qanday  militsiyalar aralashmayapti. Toshkentning SNBlari qilayapti bu ishlarning hammasini.

Ozodlik: Qo‘qonda bo‘layapti-a?

– Ha. Boshqa shaharlarda ham bunaqa holatlar bo‘layapti ekan.

Ozodlik: Ayol kim?

– Qorniga pichoq tiralgan ayol davlatning siyosatiga qarshi ish olib borayapti deb gumon qilingan.

Ozodlik: Nima uchun bu ayolning uyiga kelishgan?

– Xo‘jayini Rossiyadan kelgan. Xo‘jayinini gumon qilgan. Oqimlarga qo‘shilib qolgan deb gumon qilganda, ayol kishi “unaqamas” deb o‘rtaga tushgan. Undan keyin ayolning qorniga pichoq tiragan bular. “O‘zbekistonga qarshi Rossiya shaharlarida, har xil davlatlarda harakat ketayapti ekan. Hujum qilish, har xil holatlar kutilmoqda”, deb turib shunga qarshi tayyorgarlik ko‘rilayapti ekan.

Hammani tekshirishib, “Qarshi harakatlar qanday bo‘layapti, shunaqa qarshi harakatga qo‘shilganmisan yoki yo‘qmi”, deb qiynoqlarga solinayapti.

Haqiqatan ham shunaqa harakat bo‘layotgan bo‘lsa, qo‘shilishga tayyor bo‘lib turibdi. Shunaqa kayfiyatga tushib qoldikki, bu narsaning oxiri bo‘lmayapti bir. “Engillik bo‘lar, yaxshi bo‘lib ketar. Yaxshi kunlar ham kelib qolar”, degan sari battar kuchayayapti. Bu narsani qarshi harakat qilib aytishga ham tayyor bo‘lib turibmiz, -deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshimiz bu kabi voqealar Farg‘ona vodiysining boshqa hududlarida ham ro‘y berayotganini aytdi.

– Tunov kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida ayollar Xitoy mollarini O‘zbekistonga mashinada olib o‘tar ekan. Engil mashinalarda savdo ishi bilan. Shunda bitta ayolning molini olib qo‘yganda ko‘chada dod-faryod solganda qora maskali avtomat bilan bir bola kelib “o‘chir uningni” deganda, u o‘chirmay battar dod-voy qilgan. Haligi spetsnaz odam ayolning qorniga tepgan. Ayol hushidan ketgan. O‘sha erda turgan mahalladagi odamlar hammasi “Hey, seni ham ona tuqqanmi” deganda “Hammangni hozir otib tashlayman. Yana kim gapiradi”, deganda hamma indamay qolib ketgan. Ayolni mashinaga solib mahalladagilar doktorga olib ketishgan. Shunaqa holatlar ko‘p hozir, – deydi suhbatdosh.

Ismi sir qolishini istagan suhbatdosh nazarida O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari Farg‘ona vodiysida ehtimoliy isyonlar chiqmasligi uchun keng miqyosda tadbirlar olib bormoqda.

Qo‘qondagi voqeadan xabardorligini aytgan namanganlik jurnalist Nosir Zokir ham vodiyda nazorat kuchaygani va shu kunlarda uni ham maxsus ogohlantirishganini ta’kidladi.

– Nazorat kuchaygani rost. Haqiqatan nazorat kuchaygan. Kechasi bilan mana shu erda mashina turadi, boshqa bo‘ladi. Kuzatish kuchaygan. Ilgari bitta odam qarab yurgan bo‘lsa bizga o‘xshagan odamlarga, hozir ikkita-uchta, qadamimiz ham o‘lchovdada. Huquq-tartibot organidan bir kishi telefon qilib:  “Aka, o‘zingiz tushunasiz bu yog‘ini. Tushuntirishning keragi yo‘q. Ehtiyot bo‘lib turinglar. Hozir vaziyatni ko‘rib turibsizlar”, degan gap bo‘ldi. Odamning asabini qo‘zg‘aydigan gap endi. Bor gap-da endi, – deydi Nosir Zokir.

O‘zini Mansur Madaliev deb tanishtirgan qo‘qonlik mahalla faolining Ozodlikka bergan mikrofonsiz suhbatidan ma’lum bo‘lishicha, Arab yarim orolidagi g‘alayonlardan keyin, mahalla oqsoqoliga kurator o‘laroq biriktirilgan MXX zobiti mahalladagi ehtimoliy isyonkorlar ro‘yxatini tuzishni buyurgan. Bu ro‘yxatga asosan yaqinlari diniy ayblar bilan qamalgan yoki qarindoshlari chet davlatda siyosiy boshpana olganlar kirgan.

Farg‘ona vodiysida nazoratning kuchayishi may boshida Germaniyada o‘tgan muxolifatning “Karimovni tinch ag‘darishga” bag‘ishlangan yig‘ilishi kunlariga to‘g‘ri keldi.

Germaniyaning Dyusseldorf shahrida uch kun davom etgan bu yig‘inda “Andijon -Adolat va Tiklanish” tashkiloti, “Erk” demokratik partiyasi, xususan partiya lideri Muhammad Solih va qator boshqa siyosiy tahlilchi va muxolif faollar ishtirok etib, O‘zbekistonda “bo‘ysunmaslik” tadbirlari va “Karimovni tinch ag‘darish” masalasini ko‘rishgan.

“Bu qadamlar O‘zbekistonda qolgan yaqinlaringiz hayotini mushkullashtirishini o‘ylamaganmidingiz?” degan savolga “Andijon -Adolat va Tiklanish” tashkiloti vakili Shamsiddin Atamatov javob berdi.

– Agar biz bu qadamni tashlamaganimizda ham ko‘rilayaptiyu. Qanchadan qancha begunoh odamlar qamalayapti, qanchadan qancha begunoh odamlar qamoqxonalarda o‘layapti, qanchadan qancha begunoh oilalar tahqirlanayapti. O‘zi bu zulmning cho‘qqisiga etib kelganini hisobga olib turib bu qadamlar qo‘yilayapti. Bu qadam odamlarga yomonlik keltiruvchi qadam emas. Aksincha zulmda qolgan, nochorlikda qolgan odamlarni adolat sari etaklovchi qadam deb bilayapmiz,- deydi Shamsiddin Atamatov.

Ayni paytda Qo‘qon shahar Ichki ishlar bo‘limi vakilining Ozodlikka aytishicha, Farg‘ona vodiysida hech qanaqa odatdan tashqari holat kuzatilmagan va militsiya odatiy tartibda ishlamoqda.

“Qo‘qon sadosi” gazetasining Ozodlik bilan suhbatlashgan xodimi ham shahar tinch va osuda ekanligini aytadi.

– Unaqa xabar kelgani yo‘q bizga.

Ozodlik: O‘zi tinchmi Qo‘qon?

– Tinch. Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Tinchlik, – deydi “Qo‘qon sadosi” gazetasining Ozodlik bilan suhbatlashgan xodimi.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokir vodiyda isyon potentsiali u qadar sezilmayotganini bildirdi.

– Odamlarning yuragida hozir juda qattiq qo‘rquv bor. Bilasizmi odamlar shu darajaga tushib qoldiki, faqat tirikchilik bilan band. O‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketgan, – deydi namanganlik jurnalist Nosir Zokir.

http://www.ozodlik.org/content/article/24093565.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: