O‘zbekiston osmonida ozodlik yulduzi xira nur sochayapti – jarayon


Shanba, 30 – Aprel 2011

Xabaringiz bor shu kunlarda O‘zbekiston Xalq Harakati nomi ostida paydo bo‘lgan va oshkora da’vat bilan chiqqan uyushma chaqirig‘i eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Nashrimizda izoh qoldirgan o‘quvchilarimizdan biriga ko‘ra, ayrim munosabatlarda O‘XH chaqirig‘i ayni zamonda O‘zbekiston xalqi uchun navbatdagi qatag‘onlar va tashvishlarni keltirib chiqaruvchi bahona o‘laroq talqin qilingan bir paytda chaqiriqni mujda o‘laroq qabul qilganlar ham uchramoqda. Turfa fikrlar, munosabatlar bilan tanishish va siz aziz o‘quvchini ham tanishtirish maqsadida Jarayon alohida savollar e’lon qilib, ular bo‘yicha javob bildirish istagida bo‘lganlarga minbar taklif qildi. Bugun O‘XH va uning chaqirig‘i yuzasidan nashrimizga kelib tushgan ikki munosabatni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

To‘lqin Qoraev,

O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati a’zosi

Shvetsiya

Siz, o‘zlarini “O‘zbekiston xalq harakati” deya tanishtirgan uyushma a’zolarining chaqirig‘iga qanday qaraysiz, unga munosabatingiz qanday?

O‘zini “O‘zbekiston Xalq Harakati” deb tanishtirayotgan guruh, rostdan ham o‘zi ta’kidlayotganidek xalq harakati bo‘lsa, uni qo‘llamaydigan o‘zbek na xorijda va na O‘zbekistonda topilmasa kerak. Minglab yillar davomida allaqandaydir hukmdorlargagina bo‘yin egib yashab kelgan xalq bu qullikdan qutilishni orzu qilib qolibdimi, demak bunday xohishni faqat muborakbod etish lozim. Lekin ozodlik, hurlik – faqatgina xohishning o‘zi bilan amalga oshadi deb o‘ylash, katta yangilish bo‘lgan bo‘lardi. Buning olomon emas, balki oq-qora ajratib olishni o‘rgangan xalqning, bir butun millatning buyuk irodasi zarur.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarining yoshlari o‘sha kezlardagi voqealarni teran eslaydilar. Bugun o‘zini O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi deb ko‘rsatayotgan Islom Karimov Sovet davrining so‘ngi kunlarida xalqga “ayrilganni ayiq er, bo‘linganni bo‘ri er” degan maqolni eslatib, xalqni mustaqillik g‘oyasidan voz kechishga chaqirardi. Sovet davlatidan ajralgan O‘zbekiston xalqi boshiga ofat yog‘ilib ayiqlaru, bo‘rilarga em bo‘ldi, ammo bu ofat Islom Karimovning o‘zidan etdi. Aslida, 1991 yilning 19-21 avgust kunlarida Sovet Iiperiyasida sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishiga urinish, ya’ni GKChP mamlakatimiz mustaqilligini tezlatib yuborgandi. O‘shanda yanaevchilar guruhini qo‘llab chiqgan prezidentimiz javobgar bo‘lib qolishdan cho‘chib O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilgandi. Demak, O‘zbekiston mustaqilligining asoschilari safiga yanaevchilar guruhini qo‘shsak ham, menimcha ko‘p xato qilmagan bo‘lamiz.

Islom Karimov o‘z hukmronligining boshidanoq xalqga qarshi repressiyalar o‘tkazishni, uni xonavayron qilish siyosatini o‘zining teran yo‘li deb bildi va bu niyatidan hali ham qaytgani yo‘q. 1991 yilning 31 avgustida u “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat!” deya hayqirgani hali ham quloqlarimiz ostida jaranglaydi. Ammo qani o‘sha buyuk kelajak? Yigirmay yilda kelmadimi, tag‘in necha yigirma yillik reja zarur. Umuman olganda esa, bu hayqiriqni diktatorning o‘zi ham esalashni istamay qolgandir. Chunki bu uning xomcho‘ti edi, yolg‘oni edi. Biroq Islom Abdug‘anievich biror marta bo‘lsin va’dasiga vafo qildimi, yoki rost so‘zladimi? Tag‘in javob shu – yo‘q!

Yigirma yildan ortiq millat boshida qonlik qamchisini o‘ynatib, uning g‘ururini, qadri qimmatiyu iymonini toptab kelmoqdaki, albatta o‘zbek xalqi bunday zolimdan qutilishga urinishi – bu shart va u bunga nafaqt haqlik, balki burchlik hamdir. Aks holda millat tag‘in qul bo‘lib qolaveradi. Shu zaminda o‘zbeklarning ming yillik avlodlari yashab kelgan ekan, kelgusida ham ming yillar davomida yashab qolishimiz uchun uzbeklar o‘z erida ko‘krak kerib yashashi lozim. Bu ezgu maqsadga etish esa bugungi o‘zbekning qo‘lida. Agar o‘zbek biri birini kuch ishlatar organlarga sotish bilan yashab qolishini o‘ylasa, u qattiq yangilishadi. Bugun butun millat bir mushtga tugilib, bir hovuchgina millat xoinlari egallab olgan vatanlarini o‘z qo‘llariga qaytib olish uchun kurashmog‘i zarur. Kimlarnidir qurbon berilar, ammo bu maqsad jon berishga ham arziydigan maqsad bo‘ladi. Shu o‘rinda millatni qullikda tutib turishga mas’ul bo‘lgan militsiya, yoki Milliy Xavsizlik Xizmati xodimlari, qurolli kuchlarmi, barchasi, barchasi xalq tomoniga o‘tishi zarur. Bugun biz dunyoda sharmanda bo‘lgan elmiz! Demak bu el boshini ko‘tarishi uchun ham u olomon emas, balki xalq bo‘lib birlashishi zarur! Bu zaminda kelgusi avlodlarimizning ozod hayotlari tamal toshni bugun biz qo‘yishimiz zarur. Bu yo‘lda esa hamma birga bo‘lmog‘i lozim va shunday bo‘lishiga umid qilaman!

Sizningcha bu chaqiriq O‘zbekistonda qanday qabul qilindi, ya’ni oddiy xalq bunga qanday karapyatiyu hukumat vakillari qanday?

Bu chaqiriq O‘zbekistonda “Urra” deb qabul qilinishiga ishonaman, ammo mana shu “urra”ning oldida kimlar turishi va xalq ularga ergashishiga ishonchim mutloq komil emas. O‘zbeklarimiz oddiygina va’dalarga ham ishonib kurash maydonini tashlab ketaverishlari mumkin. Bizga kimdir biron yoqdan kelib dushmanni quvib bersa, keyin ortdan yugirib qolishimiz aniq, lekin ko‘rib turibmizki, bu ishni birov qilib bermas ekan. Xalqimiz o‘z haqqini so‘rab emas, talab qilib olishga erishishi kerak. Bu yo‘lda hukmdorning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolishdan esa cho‘chimaslik kerak va ming yillar davomida dol bo‘lgan qaddimiz ko‘tarilib qolsa ham ajab emas.

Men O‘zbekistonni tark etganimga olti yil bo‘lib qoldi va shu muddat ichida xalqning ongi inqilobiy kayfiyat tomonga og‘gan ekanki, bugun o‘zini “O‘zbekiston Xalq Harakati” deb tanishtirayotgan guruhlar chaqiriq tarqatayapti. Demak, hamma narsa yo‘qotilinmagan va oldinda hayot bor! Yaxshi kunlar umidi batamom so‘nmagan. Xalq biri biridan qo‘rqib emas, biri biriga suyanib harakatga kelsa uni to‘xtatadigan kuch bo‘lmaydi.

Siz o‘zingiz bu chaqiriqqa qanday javob bermoqchisiz, qo‘llaysizmi yoki?..

Men bu harakatni qo‘llayman. O‘zbekistonning talangan boyliklari, nohaq qiynoqqa tutilgan, o‘ldirilgan farzandlari haqqi hurmati, onalarimiz va yosh, go‘zal juvonlarimiz ko‘z yoshlari haqqi, men bu harakatni qo‘llayman. Mumkin, o‘zbeklarimiz ming yillab orzu qilgan ozodlik kuni yaqin kelib qolgandir. Diktatordan qutilish esa millatimizni yorug‘lik sari eltadigan yagona yo‘l ekan, uni albatta qo‘llayman. Yigirma yildan ortiq, Islom Karimovni yulduz bilib, undan umid qilganlarning umidlari bugun so‘nib bo‘lgan. Endi esa O‘zbekiston osmonida yangi bir yulduz xira nur socha boshladi. Bu esa ozodlik yulduzidir. Uni ham batamom so‘ndirib tashlash, yoki oftobga aylantirish esa o‘zbeklarimizning qo‘lida. Ular ozodlikni istashmasa, demak rejim yashayveradi, millat xor bo‘lib qolaveradi. O‘ylaymanki, o‘zbeklar bunga yo‘l bermaydilar!

Farxodxon Muxtorov

huquq himoyachisi:

Siz, o‘zlarini “O‘zbekiston xalq harakati” deya tanishtirgan uyushma a’zolarining chaqirig‘iga qanday qaraysiz, unga munosabatingiz qanday?

Bu chaqiriq arab o‘lkalarida bo‘layotgan o‘zgarishlardan ruhlanib yangragani shubhasiz. Bu chaqiriq O‘zbekiston sharoitini e’tiborga olsak, sal ertaroq yangragan deb o‘ylayman.

Sizningcha bu chaqiriq O‘zbekistonda qanday qabul qilindi, ya’ni oddiy xalq bunga qanday karapyatiyu hukumat vakillari qanday?

Oddiy xalq qo‘rquv va kundalik turmush tashvishlari, to‘g‘rirog‘i hayot uchun kurash tashvishi iskanjasida. Qolaversa, bu chaqiriq hali o‘zbekistonliklarning keng ommasiga etib borgani yo‘q. Ko‘pchilik internetdan foydalanmaydi, foydalansa ham ta’qiqlangan saytlarga yo kirolmaydi, yo kirishga qo‘rqadi. Hukumat bu chaqiriqqa salbiy qarashi shubhasiz.

Siz o‘zingiz bu chaqiriqqa qanday javob bermoqchisiz, qo‘llaysizmi yoki?..

Afsuski, O‘zbekistonda Misr yo Tunisda bo‘lgan o‘zgarishlar bo‘lishiga hali sharoit etilmadi deb o‘ylayman.

Tahririyatdan: Hurmatli do‘stlar, nashrimiz muxlislari, siz nima fikrdasiz, muloqotda ishtirok eting, zero chaqiriq o‘zbekistonliklarga qaratilgan va demak u ma’lum ma’noda sizga ham tegishli…

http://www.Jarayon.com

http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1314:2011-04-29-20-52-28&catid=54:habarlar&Itemid=70

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: