Muhammad Solih: Tashqarida ham, ichkarida ham harakatga kuchli tavajjuh sezilyapti – jarayon


April 29th, 2011

Hech kimga sir emas shu kunlarda O‘zbekiston Xalq Harakati nomi ostida paydo bo‘lgan va oshkora da’vat bilan chiqqan uyushma eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Garchi Harakat atrofida birdaniga uch-to‘rtta tashkilot birlashgani va e’lon qilingan chaqiriq aynan mana shu tashkilotlarning umumiy chaqirig‘i ekani aytilsada, negadir aksar javobiy chiqishlar, tahlillar aynan Harakatga qo‘shilgan bir tashkilotning bir a’zosiga qaratilmoqda. Bu e’tirozli chiqishlar bilan tanishib borayotganlar albatta biz muxolifatdagi Erk partiyasi etakchisi Muhammad Solihni nazarda tutayotganimizni anglaydi.

Balkim bu e’tirozlar Harakatning barcha ishtirokchilari emas, aynan Muhammad Solihga qaratilishining qandaydir sababi bordir degan tahmin bizlarni quyida e’tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lganimiz muloqotni uyushtirishga asos bo‘ldi. Muloqot Yangi fikr nashri asoschisi va muharriri Ulug‘bek Haydarov va Jarayon axborot-tahliliy nashri bosh muharriri Sahif Kotib tomonidan tashkil etildi.

Yangi fikr: Hurmatli Muhammad Solih, bildirilgan munosabatlar va javobiy chiqishlardan kelib chiqqan holda ilk savolimizda bir narsaga hamma uchun oydinlik kiritib o‘tsak, aytingchi, siz chindan ham O‘zbekistondagi asl vaziyatni baholay olish imkonidan uzilganmisiz? Sizningcha vaziyat qanday?

Muhammad Solih : Yurtdagi vaziyat 22 yil davom etayotgan Karimov hokimiyatida hech yaxshi bo‘lmadi. Ammo bugungiday hech qachon yomon bo‘lmadi. Ishsizlarning soni norasmiy taxminlarga ko‘ra ishga yaroqlilarning 30 foyizini tashkil qiladi. Agar 29 millionlik O‘zbekiston aholisidan faqat Rossiyaning o‘zidagina ish axtarayotganlar 5 milliondan oshiq bo‘lsa, yuqoridagi ishsizlar raqami bizga mubolag‘a ko‘rinmasligi kerak. O‘rta va kichik biznes tamoman yo‘q qilindi. Yo‘q qilinmagan yakkam-dukkam firmalar ham aql bovar qilmas soliqlardan o‘lim bo‘sag‘asida chirpinib turibdi. Oddiy o‘zbek o‘z qashshoqligi va poraxo‘r-o‘g‘rining boyligi sabablarini mushoxada qilishga vaqti yo‘q. Fikrlashga vaqti yo‘q. Zamona zo‘rniki degan maqol Karimov davrida tamoman o‘z tasdig‘ini topdi.

Ammo quvontiradigan bir narsa bor: xalq bugun kechagiday rejimdan qo‘rqib, tilini tishlamayapti, taksida, avtobusda, ko‘chada, bozorda insonlar hukumatni bo‘ralab so‘kyapti, hatto Ozodlik radiosiga chiqib, o‘z noroziliklarini aytar ekan, ismlarini yashirishga ham urinmayaptilar. Bu musbat ammoralardir. Bizning vaziyatni baholashda xatolarimiz bo‘lishi tabiiydir. Ammo bugungi bilgi, informatsiya almashuv imkonlari shu qadar rivojlandiki, vaziyatni bilish uchun maxsus xizmatlar raporti shart emas. O‘zbekistondagi umumiy ahvolni nafaqat biz, balki internetni ochib ko‘rgan har qanday kishi ozmi-ko‘pmi o‘rganishi va shunga yarasha o‘z tasbitini qilish imkoniga egadir.

Jarayon: Sizningcha aslida “vaziyatni bilmaslik” haqidagi e’tirozlarda nima nazarda tutilyapti, ya’ni qaysi vaziyat haqida gapirilyapti, nimani bilish zarur O‘zbekistonga oid harakatlarda?

M.S.: Buni “vaziyatni bilmaslik” haqda e’tiroz bildirganlardan so‘rash lozim. Bunday spekulyativ savollar ko‘pincha muxolifatni biror narsa bilan ayblash an’anasini davom ettirayotgan, maqsadi elga yaxshilik qilish emas, bu yo‘lda harakat qilayotganlarning oyog‘idan chalish, oralariga fitna urug‘ini sepishni o‘ziga kasb qilganlardan chiqadi. Albatta, vaziyatni mukammal biladigan bitta Yaratgan bor. Muxolifat vakillari bir masalada o‘z fikrini aytayotgan bo‘lsa, “vaziyat”ni mukammal bilish kabi iddaolari yo‘q. Hamma qatori o‘z fikrini ular ham aytishga haqlidirlar.

Yangi fikr: Chaqiriq ortidan portlagan e’tirozlarning nishoni Siz bo‘ldingiz. Aslida, O‘XH g‘oyasi yolg‘iz Muhammad Solihga tegishlimi yoki u umum uyushma fikrimi?

M.S.: Faqat e’tirozlar emas, yangi harakatga qiziqish ham portladi. Ammo odamlar e’tiborini odatda e’tirozlar ko‘proq tortadi. Afsus, insonlarning ko‘pchiligini vazmin bir fikr, salmoqli g‘oya emas, ko‘proq e’tiroz, janjal, va hatto g‘iybat qiziqtiradi. Odamzodning bu zaifligini bilgan ba’zi qalamkashlar o‘z yozganlarida va sahifalarida aynan shu xususiyatlarni old planga chiqaradi, mashhur bo‘lish ilinjida, birovlarga tuhmat qilishdan, haqorat qilishdan ham toymaydilar. Ammo iymon sohiblari uchun bu uslub halol bo‘lmaydi. Asl insonlar bu xunuk mashvaratdan uzoq turishga intiladilar va to‘g‘ri qiladilar.

Shaxsimga kelsak, siz yumshoq qilib ifoda etganingiz “e’tiroz”lar buluti mening tepamda rasman 1982 yildan boshlab aylana boshlagan. O‘sha yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida kaminaga qarshi tanqidchi Ibrohim G‘afurovning ”She’ringizni tushuntirib bering” degan maqolasi yozildi. Shundan beri boshim e’tirozdan chiqmadi. Tanqidchi kaminani gizli antisovetizmda ayblab “nima etishmayapti she’r qahramoniga bu farovon hayotda?” qabilida savollar berib, bizdagi gizli antisovetizmni fosh qilgandi go‘yo.

Bugungi ”e’tirozlar” avvalgilardan ancha qattiq, ancha insofsiz va ancha adolatsizdir. Bu hujumlarning ko‘pchligiga javob bermadim, bermayapman, chunki ularda so‘qir kin va nafratdan boshqa yangi bir narsa yo‘q. Ularga javob berish uchun menda ham kin va nafrat bo‘lishi kerak, ammo menda bu narsalar yo‘q. Ba’zi chiqishlarga javob berdim, chunki kutilmagan narsalar edi ular. Masalan, A.Mahmudovning bizni MXX ga ishlaydi degan iddaosi gapi men uchun kutilmagan bir narsa edi. Va unga yozgan javobim ham bu hayronlikning ifodasi edi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, javobda madaniy saviyani bizni haqorat qilganlar chizgisiga indirmay, imkon boricha yuqori tutishga harakat qildim, umid qilamanki, bizni MXX chilikda ayblayotgan insonlarni haqorat qilmadim.

Jarayon: Aytingchi, umuman siz Abdulaziz Mahmudov aytgan talqin haqida o‘ylanganmisiz, ya’ni chindan ham ba’zan siz va bugungi safdoshlaringiz faoliyatiga o‘zbek xavfsizlik xizmati xodimlarining aralashish urinishlari bo‘lishi mumkindir, balkim aralashib uning natijasiga ta’sir qilishga erishayotgandir ham?

M.S.: MXX ning ajdodi bo‘lmish KGB 1984 yil may oyida meni asos binosiga taklif qilib ular bilan hamkorlik qilishga taklif qildi. Bu hamkorlikning mening turmushim va ijodim uchun naqadar unumli bo‘lishini tafsilotli shaklda tushuntirib berdi. Men bu taklifni ongli ravishda rad etdim. Bu uchrashuvning ertasi kuniyoq KGBning bu taklifi haqda hammaga aytib berdim. Shu uslub bilan ularning meni takror chaqirishlariga uzil-kesil to‘siq qo‘ydim.

Antisovet ruhida etishdim, kommunist partiyasiga a’zo bo‘lishga uch marta (armiyada, universitetda, yozuvchilar uyushmasi kotibligida) taklif qilishdi, taklifni ongli ravishda rad etdim. Sovetlar mening bobomni 1926 yilda qatl etishdi. Oilamiz a’zolari to 1950 yillar so‘nggigacha tuzumga begona unsurlarga qarshi uyg‘ulangan kamsitish muomalasining qurboni bo‘ldilar. Shunday bir ijtimoiy va siyosiy o‘tmishi bo‘lgan kishining MMX bilan har qanday bir aloqasi bo‘lishi mumkinmi?

Yangi fikr: Men yana sizga qarshi yangragan e’tirozlarga qaytsam: ular shunchalik intensivlik bilan yangrayaptiki, ularni o‘qigan odamda, bu e’tirozlar O‘zbekiston ichidagilarning O‘XH chaqirig‘iga javobiday tuyula boshlaydi. Nima deb o‘ylaysiz, ehtimol, O‘zbekiston allaqachon bu kabi harakatlarga ehtiyoj sezmay qo‘ygandir?

M.S.: O‘zbekiston ichidagi xalqning chaqirig‘i nima ekanligini hali na biz, na-da bizga qarshi hujum qilayotganlar biladi. Bizning Harakatimiz ham aynan shu xalq kayfiyatini o‘rtaga chiqarish, uning zulmga qarshilik ko‘rsatish refleksini uyg‘otish, hech bo‘lmaganda bu refleksni tirik tutishga erishish, nihoyada uni totalitarizm saltanatini ag‘darish uchun yo‘naltirish uchun ta’sis etilmoqda. Ozodlik radiosidan yurt ichkarisida turib, bu harakatga munosabat bildirganlarning kayfiyati bizda umid uyg‘otmoqda. Albatta, harakatning muvaffaqiyatiga ishonmaganlar ham bor, ammo xalq kayfiyatining umum yo‘nalishi musbatdir, insonlarda harakatdan umid bor.

Jarayon: Aholisining deyarli 70 foyizi qishloqda istiqomat qiluvchi O‘zbekistonda tabiiy Internet osmondagi yulduzday gap, shunday bir paytda O‘XH chaqirig‘i minglar, millionlarga etib borishiga naqadar ishonasiz?

M.S: Yanglishmasam, bugun aholining 60 foyizi qishloqda yashaydi. Internet qo‘llanadiganlar soni ham kundan kunga ortmoqda. O‘XHning chaqirig‘i millionlarga etib borishiga ishonaman. Harakatimizning muvaffaqiyati bizning yo‘limiz to‘g‘ri ekanligidagi ishonch kuchiga, iymon qudratiga bog‘liq. Biz buni bilamiz. Bugun ozchilikmiz, ertaga ko‘pchilik bo‘lamiz inshoolloh.

Yangi fikr: Juda ko‘p yig‘inlarda va muloqotlarda O‘zbekiston aholisi “tayyor emas” degan gap ko‘p takrorlanadi. Sizningcha tayyorlik alomati nimada ko‘rinishi kerak, tayyor emaslik ishonchi nima bilan quvvatlanmoqda?

M.S.: Bundan 30 yil oldin ham kommunistlar O‘zbekiston aholisi o‘zgarishlarga “tayyor emas” degan safsatani xalq ongiga quya boshlagandilar, bugun bu sobiq kommunsitlarga ularning harom non bilan etishgan zuryodlari bu safsatani kuylamoqdalar. Turli saytlarda harakatga qarshi yog‘ilayotgan ig‘volarning orqasida o‘sha sobiq kommunistlarning o‘zgarishga qarshi zuryodlari turibdi. Chunki O‘zbekistonda o‘zgarish bo‘lsa ular harom nondan mahrum bo‘ladilar, xalq bo‘ynidan tushib, non topish uchun ter to‘kishga majbur bo‘ladilar.

Qayta qurish davrida boshini ko‘targan xalqimiz maydonlarni to‘ldirib, o‘zining eng hur va eng ilg‘or tuzumga loyiq ekanligini isbot etmadilarmi?

Jarayon: Ko‘pchilik munosabat egalari, dastlab bu kabi chiqish Harakat nashrida, so‘ngra mana Yangidunyo nashrida uchradiki, O‘XH ortida asosan dindorlar turgani va bunday uyushma erishadigan natija shubhasiz avtoritar diniy tuzumni keltirib chiqaradi. Bu havotirlar naqadar asosli va agar unda asos yo‘q bo‘lsa, siz bunga o‘sha havotir egalarini ishontira olasizmi?

M.S.: O‘XH ortida asosan dindorlar emas, dindorlar ham bor deyish mumkin. Ammo Jorj Bush ham dindor edi, cherkovga boradi har hafta, u Amerikadagi siyosiy sistemani avtoritar diniy tuzumga aylantirdimi? Mag‘zavaxo‘r saytlarda bosilayotgan bu iddaolar siyqasi chiqib ketgan safsatadan boshqa narsa emas.

Yangi fikr: Siz o‘zingizning javobiy chiqishingizda O‘XH safi kengayib borayotgani haqida eslatgansiz, saf O‘zbekiston tashqarisida to‘lyaptimi yoki ichkarisida?

M.S.: Tashqarida ham, ichkarida ham harakatga kuchli tavajjuh sezilyapti. Bu gapni shu onda aytish balki shart emas edi, ammo siyosat shunday narsa-ki, beixtiyor ba’zi aytilishi shart bo‘lmagan narslarni ham aytishga majbur qiladi.

Jarayon: Agar, bordiyu, muvaffaqiyat bo‘lsa Muhammad Solih qaysi yo‘lni tutadi, agar mag‘lubiyat bo‘lsa nima qiladi?

M.S.: Harakat orqasida faqat bizning tashkilot emas, yana bir nechta tashkilot va ancha-muncha o‘zgarish tarafdorlari turibdi. Mag‘lubiyat yoki muvaffaqiyat Olloxu taoloning tasarrufidagi narsalardir. Ya’ni bizning bu masalada ishimiz oson. Bizning ishimiz tanlangan yo‘lda ihlos va g‘ayrat bilan mehnat qilmoqdir. Bu mujodalada jon va mol bilan ishtirok etmoqdir. Biz shuni qilaolsak, Yaratgan egamiz bizni loyiq bo‘lgan manzilga eltajak. Uning bizga yozganini – muvaffaqiyatmi mag‘lubiyatmi – hech ikkilanmay qabul etamiz albatta.

Yangi fikr: O‘XH bayonotida, agar O‘zbekiston hukumati e’tiroz chiqishiga nisbatan 2005 yil Andijonda qo‘llagan usulini qo‘llasa, bu holda unga nisbatan o‘rinli javob bera oladi, deyilgan, bunda nima nazarda tutilyapti, ya’ni qurolga javoban qurol ishlatiladi deyilyaptimi?

M.S.: O‘rinli javob beriladi, deyilgan bo‘lsa, demak shunday bo‘ladi. Uning menda boshqa izohi yo‘q.

Jarayon: Muhammad Solih ko‘p adashgani, qator xatolarga yo‘l qo‘ygani bot-bot takrorlanadi, aytishlaricha xatolarning ayrimlarini tan olgansiz ham, nima deb o‘ylaysiz, bugungi intilish, bugungi safdoshlarga ishonch navbatdagi xato emasmikan, boshlashda uyushib, qarshilikka uchraganda yolg‘izlab qo‘yish bo‘lmasmikan, ishonch bormi?

M.S: Albatta, hech xato qilmagan bittasi chiqib, bizga yordam etsayu, bizni bu talotumdan qutqarsa yaxshi bo‘lardi. Ammo bu vazifaga tolib oz, ammo chetdan gapiradigan, aql o‘rgatadigan, do‘q uradiganlar ko‘p. Biz bunga ham normal qaraymiz. Ishing yurishganda do‘stlar ko‘payib, yurishmaganda siyraklashib qoladigan holatlarni men juda ko‘p yashadim. Yolg‘izlik o‘zini bir g‘oyaga baxshida etganlarning qismatidir. Buni bizning safdagilar yaxshi bilishadi va shunday bir ehtimolga doim tayor bo‘lish kerakligini ham anglaydilar. Bu qo‘rqinchli emas. Qo‘rqinchli narsa – zulm avjiga chiqqanda jim turish, adolatsizlik junbushga kelganda zaiflar yonida bo‘lmaslikdir. Alhamdulilloh, bizning do‘stlarimiz bu qo‘rqinchli holatga hech tushmadilar. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘z iymoni saviyalarida zulm va adolatsizlikka qarshi ovoz chiqardilar va chiqarayaptilar.

Yangi fikr: O‘XH mo‘ljallagan rejaning amalga oshishi aniq bo‘lsa va siz u albatta bo‘ladi deb jiddiy ishonsangiz, o‘sha norozilik amali ishtirokchilari yonida bo‘lishgayam tayyormisiz, zero ko‘pchilik sizni aynan xavfsiz masofadan turib xavfga etaklashda ayblamoqda?

M.S.: Hech kimni xavfga etaklab bo‘lmaydi. Xavfga ishonch va g‘oya etaklaydi. Ming tashviqot qiling, sizning safingizga faqat bu g‘oyaga ishongan insonlargina qo‘shiladi va ular bu xavfga ham tahlikaga ham tayyor bo‘ladilar. Va bu chiqqan insonlar faloncha meni xavfga etakladi demaydi, chunki faloncha uchun emas, o‘z g‘oyasi uchun chiqadi. Agar xalq maydonga chiqsa, xavfsiz masofadan chiqib xavflisiga etishishga albatta tayyorman va buning uchun duo qilayapman.

Jarayon: Muloqotimiz so‘nggi kunlardagi mulohazalar evaziga biroz boshqacha boshlandi, bu uchun oldindan uzr so‘ragan holda O‘XH ning paydo bo‘lishi, bu g‘oyaning tug‘ilishi haqida gapirib berishingizni so‘raymiz. Keyin, mumkin bo‘lsa bo‘yinsunmaslikni aslida qaysi ko‘rinishi ko‘proq nazarda tutilgani haqida ham gapirib o‘tsangiz.

M.S.: Bu g‘oya 13 may Ittifoqi tuzilgandan beri bor, ammo bundan 2 yil avval siyosiy konyuktura bu kabi chaqiriqlarni ko‘tarolmasdi. Bugun e’lon qilinayotgan Harakat g‘oyasining amalga oshishi uchun ijtimoiy va siyosiy zamin tayyor deb o‘ylayapmiz. Itoatsizlik deganda umumiy o‘laroq inson haqlarini toptayotgan butun qonun va qarornomalarga itoatsizlikni nazarda tutamiz. Aini paytda Konstitutsiyada ko‘rsatilib, amalda buzilayotgan butun qonunlarga ham itoatsizilikni aytayapmiz.

Yangi fikr: O‘XH qurultoy arafasida turipti va bunda O‘XH qandaydir qonuniy maqomga erishadimi?

M.S.: Shunga erishish uchun harakat qilamiz.

Muloqot va berilgan javoblar uchun rahmat.

Tahririyatdan: Shu o‘rinda qisqa eslatma. Aksar munosabatlarda O‘zbekiston Xalq Harakati chaqirig‘i ayni zamonda O‘zbekiston xalqi uchun navbatdagi qatag‘onlar va tashvishlarni keltirib chiqaruvchi bahona o‘laroq talqin qilingan. Muhammad Solih bilan o‘tkazilgan muloqotda ham biz aynan mana shu xavotirlar naqadar asosli yoki asossiz ekaniga oydinlik kiritishga urindik. Muloqotni havola qilar payt e’tiborimizni O‘XH ishtirokchilaridan yana biri, Tayanch huquq himoyasi guruhi rahbari Muhammadsolih Abutovning Ozodlik radiosiga ayni chaqiriq yuzasidan bergan javobi tortdi. Unda jumladan shunday deyilgan edi: “Endi dastlabki bosqichda Facebookda odamlar orasida bir fikr tarqatish, odamlarning munosabatini o‘rganishni maqsad qildik. Lekin, buni amalga oshirishni amaliyot variantlari vatan ichida bo‘ladi, buni endi kelajakda vaqt ko‘rsatadi”. Demak…

Jarayon nashri mavzu yuzasidan fikr bildirish niyatida bo‘lganlarni nashrimiz tomonidan tayyorlangan mana bu uch savolga javob yo‘llashni taklif qiladi:

1. Siz, o‘zlarini O‘zbekiston Xalq Harakati deya tanishtirgan uyushma a’zolarining chaqirig‘iga qanday qaraysiz, unga munosabatingiz qanday?

2. Sizningcha bu chaqiriq O‘zbekistonda qanday qabul qilindi, ya’ni oddiy xalq bunga qanday karapyatiyu hukumat vakillari qanday?

3. Siz o‘zingiz bu chaqiriqqa qanday javob bermoqchisiz, qo‘llaysizmi yoki?..

http://www.Jarayon.com


http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1313:2011-04-28-21-08-45&catid=54:habarlar&Itemid=70

2 Comments to “Muhammad Solih: Tashqarida ham, ichkarida ham harakatga kuchli tavajjuh sezilyapti – jarayon”

  1. Uzbekiston buyuk uzgarishlar ostonasida turibdi,bu uzgarishlarga befarq bulmang,Uzbekiston halq harakatiga qushiling ! ​ ​

  2. Salom! Alaykum! Biz sizni juda xurmat qilamiz va sizni g’alaba qozonishga ishonamiz! Sizga omad qachon kirasiz Uzbekistanga Alloh nasib etsa albatta!

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: