Isyon bo‘lmasligini istagan xukmdor zulmni to‘xtatmog‘i joiz. (Xoldor Vulqon) – muvozanat


29 April 2011

Xoldor Vulqon

O‘zbekistonda  o‘riklar ham  pishib  qolay  degandir

Vatan va tanazzul

“Tanazzul” so‘zi arabcha bo‘lib, “Pastga, erga tushish” ma’nosini anglatadi.

“Tanazzul” so‘zi salbiy ma’noda ishlatilsa, “Tanzil” yaxshi ma’noda iste’mol qilinadi.

“Manzil”, “Zilzila” kabi so‘zlar ma’no jihatidan har – xil bo‘lsalarda, ular o‘zakdoshdirlar.

“Zalolat” ham “Tanazzul” so‘ziga o‘zakdosh holda, manzilsizlik, adashish ma’nolarini tashiydi.

Qachonki davlat rahbarlari zalolatga, ya’ni adashishga yuz tutsalar, jamiyatda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham siyosiy manzilsizlik – tanazzul boshlanadi.

Tanazzulga yuz tutgan jamiyatda esa noroziliklar sekin – asta kuchayib, isyonga, isyonlar qo‘zg‘alonga, qo‘zg‘alonlar yo inqilobga, yoki fuqarolar urushiga aylanishi mumkin.

Yaqinda kinorejisyor Abdulaziz Mahmudovning “O‘zbekiston halq harakati” deya nomlangan inqilobiy tashkilot to‘g‘risidagi maqolasini chop etdik.

Rejisyor o‘z kasbidan kelib chiqib, hammani qo‘g‘irchoq atab, bugungi vatan ichkarisidagi va vatan tashqarisidagi siyosiy jarayonlarni qo‘g‘irchoq teatriga mengzabdir.

Bu o‘xshatish deyarli to‘g‘ri. Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyodagi odamlarning qariyb 90 foyizi iblisning qo‘g‘irchog‘iga aylanib bo‘lgan. Hamma manfaat uchun La’in, ya’ni la’natlangan maxluq chalguvchi nog‘orai kalon tapir – tupuriga elka uchirib, muqom qilib, qoshlarini ilonday biltanglatib, ketini qilpanglatib, noz – karashmalar qilib, g‘amzalar otib o‘ynaydi. Bu to‘g‘ri.

Lekin men Abdulaziz Mahmudovning bir gapiga qo‘shilmayman. Uning aytishicha “O‘zbekiston xalq harakati ” deya nomlanayotgan inqilobiy tashkilotni O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi tuzgan emish. MXX tuzib bergan o‘sha tashkilotga shoir Muhammad Solih mudir bo‘lganmish.

Saytimizda e’lon qilingan o‘sha maqolani o‘qib, MXXchilarimiz kibernetikaning eng so‘ngi avlodiga mansub ixcham kampyuterlari ekraniga qarab, kulaverib ko‘zlaridan yosh chiqib ketgandir. Ayniqsa maqolani o‘qib bo‘lishgach, beysbolka kiyib xo‘mrayib turgan muxolifatchilarni ko‘z oldilariga keltirib, yana badtar kulishgandir. O‘zbekning ziyoliysiman degan odamlar o‘shanday fikrlasa, albatta kuladilarda.

Endi menga aytingchi, janob Mahmudov, mintaqa porox bochkasiday xatarli fazaga kirgan shunday qaltis bir zamonda qaysi MXX o‘ziga olovni chaqiradi? Xo‘p, boring ana, ular muxolifat qo‘li bilan xalqni ko‘chaga olib chiqib, provokatsiya qilib, qon to‘kib, qo‘lidagi qonni muxolifatning guppi choponiga surkab qo‘ymoqchi ham deylik. Nima, ular xalq ko‘chaga chiqqach, voqea butunlay g‘ayriy yo‘nalishga o‘zanlanib, kutilmagan tusga kirishi, vaziyat nazoratdan chiqib qon to‘kilsa, bu narsa siyosiy raqiblari uchun tayyor dastak bo‘lib, saltanat ostiga suv ketishi mumkinligini xisob – kitob qilmaydigan darajadagi sodda va laqmamilar?

Mening fikrimcha, u erda o‘z ishini pishiq – puxta biladigan, pixini yorgan odamlar o‘tiribdi.

Men turli bahonalar bilan vatandan badarg‘a qilingan yurtdoshlarimni ham tushunaman.

Bunday olib qaralsa, hech qaysi taraqqiy etgan demokratik davlatda prezidentlar 20 yillab hukmdorlik taxtasida o‘tirmaydilar. Juda xalq iltimos qilaverib qo‘ymagan taqdirda, ikki muddatgagina o‘tirishlari mumkin. Prezident degan umrbod kursida o‘tiraversa, yana ODAMLARNI O‘Z TUG‘ILIB O‘SGAN UYLARIGA KIRITMASA, HECh KIM BILAN MUROSA QILMASA, g‘irromlik bilan, o‘z siyosiy raqiblarini dushmanga chiqarib, ularni masxaralab, taxqirlab, xo‘rlayversa bir kun paymona ham to‘ladida, axir.

Bu xaqoratu xo‘rliklarning, kechmishlarning naqadar og‘irligini his qilishlari, anglashlari uchun hukmdorlar o‘zlarini 10 yillab avaxtalarda, zonalarda azob chekayotgan, bola – chaqasi bilan chet ellarda tentirab yurgan o‘zbek musofirlari, muhojirlari o‘rniga qo‘yib tasavvur qilmoqlari joiz. Shundagina ularning qalbidagi muzlar erib, ruhiyatlarida shafqat tuyg‘usi tiriladi.

Ey xukmdor akalar va ukalar! Boshqalar ham sizlarga o‘xshagan odam. Ular ham siz kabi o‘z vatanida yashashni istaydilar. Ularning hayotda yo‘l qo‘ygan xatolarini avf etib, dardini tinglamoq haqiqiy rahbarlarga hos oliyjanoblikdir. Hech yo‘q, ularni (Birovning umriga zomin bo‘lmagan, qo‘li qonga botmaganlarni) begunox bolalari haqqi avf etmoq darkor.

Noroziliklarning, vatanni tark etishning, qo‘zg‘olonu isyonlarning, turli inqilobiy tashkilotlarning ildizlari ularda emas, ZULMda.

Isyon bo‘lmasligini istagan xukmdor zulmni to‘xtatmog‘i joiz.

Vatanga qaytish umidi so‘nayotganda umidsizlikka tushib so‘ngi, radikal choralarga qo‘l urayotgan vatandoshlarimga shunday degim keladi: Albatta, zolimga va zulmga qarshi kurashish kerak. Lekin bunday qaltis yo‘llar bilan emas.

Sizlarning bola – chaqalaringiz xorijda, xavfsiz joylarda. Sizlar chetdan turib boshlamoqchi bo‘lgan qo‘zg‘alon nazoratdan chiqib, yana begunox vatandoshlarimizning, ertaga el koriga yaraydigan yigitlarning, norasida bolalarning o‘limiga, obod vatanimizning vayron bo‘lishiga sabab bo‘lmasin. Egasiz qolgan yurt er ustki va ostki boyliklari kafando‘z – maraderlarga, o‘laksaxo‘r quzg‘unlarga em bo‘lmasin.

Bizning vatanimizda bo‘xron vujudga kelgan mahal vaziyatni boshqarib: “Provokatsiyalarga uchma! Aroq ichma! Nasha chekma! Qo‘linga qurol olma! Mushtlashma! Tosh otma! Takbir aytma!Maydondan qochma!” deya olomonni tartibga soladigan sog‘lom demokratik kuch, siyosiy karkasning o‘zi yo‘q.

Unday karkas mavjud diktatura tamonidan yo‘q qilingan.

Bizning usti chiroyli g‘ilof bilan o‘ralgan, aslida esa, ichidan chirib borayotgan jamiyatda sog‘lom muxolifat, ya’ni siyosiy immunitet yo‘q  va  bu g‘oyat hatarli.

Cho‘ntak partiyalar, qo‘lbola, soxta muxolifat esa qo‘zg‘olgan xalq bizning gapimizga kiradi degan o‘yda ko‘knori hayol surmasliklari kerak.

Chunki, aynan o‘shanday vaziyatdan foydalanuvchi alamzadalar hamda siyosiy raqibni dushman deya o‘ylovchi chala siyosatchilar olomonni yo‘ldan ozdirishga, qayrashga, vaziyatni izdan chiqarishga kirishadi.

Kimlardir hatto yashirin yo‘llar bilan ularga qurol tutqazishi ham mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, qurollar mast – alast odamlarning qo‘liga tushib qolsa, ular surishtirib o‘tirmay, to‘g‘ri kelgan odamni otib tashlayveradi. Bunga Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli voqealarni misol qilib keltirish mumkin.Yaqinlari otib o‘ldirilgan odam esa, azbaroyi nafratdan vaxshiylashib, qo‘liga qurol oladi, u ham kimnidir o‘ldiradi. O‘ldirilganning yaqinlari esa uni o‘ldiradi. Ko‘zi qonga to‘lgan odamlar sizning hay – hayingizga quloq solmaydi.

U olovni kastimingiz bilan urib o‘chiraman desangiz, olov so‘nish o‘rniga badtar kuchayadi. Qarabsizki, xash – pash deguncha O‘zbekiston Avg‘onistonga aylanib ketishi mumkin.

Sizlar shunday bo‘lishini hoxlaysizlarmi?

Avg‘oniston xalqi, mana, salkam 40 yildan beri bir – birlarini o‘ldirib yotibdilar.Yurtlari vayron, bolalari savodsiz, iqtisodiyoti nochor. Xun xunni talab qiladi.Biz manashu narsalardan extiyot bo‘lmog‘imiz kerak.

Avg‘onistonku Avg‘oniston, o‘sha diyorda kommunistik tartib o‘rnataman degan sobiq qudratli sovetlar mamlakati – SSSrning millionlab soldatlari chumchuqday qirilib ketdi. Avg‘onistonga demokratiya olib borishni maqsad qilgan Amerikaning esa shu kungacha 1321 askari xalok bo‘ldi. 10 mingta jangchisi yaralandi. Vaqti kelib Amerika ham sobiq SSSRga o‘xshab o‘z xarbiy qo‘shinlarini Avg‘oniston tuproqlaridan olib chiqib ketsa, u o‘lkada qabilalararo va mazhablararo ziddiyatlar yana avjiga chiqishi aniq. Bu degani O‘zbekiston uchun ham tahlikali zamonlar boshlanishi mumkin.

Qo‘zg‘alon ko‘tarishdan avval shu narsalar haqida ham bir o‘ylab qo‘yilsa zarar qilmaydi.

Qabilachilik, mahalliychilik, diniy bo‘lginchilik chuqur ildiz otgan bugungi o‘zbek jamiyatida qo‘zg‘alon birodarkushlikka, ya’ni fuqarolar urushiga aylanib ketmasligiga ham hech kim kafolat berolmaydi.

Bu siyosiy bo‘xrondan chiqishning birgina yo‘li bor. U ham bo‘lsa – MUROSA!

Ota – bobolarimizdan qolgan buyuk me’ros – Murosai madora haqidagi gaplar xalq g‘amida ko‘zlarining namlanganligini yashirib, men quruqman deguvchi shontalab, izzattalab, sipo bo‘lib sirtini silagan, yozgan – chizgani bir pulga qimmatu ammo, bahosi osimon tiplarga, manqurtlarga, qo‘rqqanidan o‘z kovagiga berkinib akillayotgan laycha kabi kulgili kimsalarga hayf.

Unday kimarsalar e’tiborga ham noloyiq.

“Inqilob bo‘lgandan keyin qon to‘kiladida” deydigan ba’zi og‘zi polvon inqilob tulporlari esa o‘sha, ularning rejasi bo‘yicha qoni to‘kilishi kerak bo‘lgan odamlar o‘rniga hech yo‘q bir laxza bo‘lsada, o‘z farzandlarini qo‘yib, tasavvur qilsinlar. Agar farzandlariga mehri bo‘lsa, yoxud aksincha, farzandlarining ularga mehri bo‘lsa. Yoki farzandlarini tashlab qochib, o‘z jonlarini avaylab yolg‘iz yashamayotgan bo‘lsalar albatta.

Balki ”Kerak bo‘lsa xalq ozodligi yo‘lida o‘zimni ham, farzandlarimni ham qurbon qilishga tayyorman!” deguvchilar ham chiqar. Lekin men unday gaplarga ishonmayman.O‘limdan qo‘rqmanglar! O‘lim buyuk bir ne’mat! deyarak, o‘zlari xorij kunjaklarida jonini extiyotlayotgan odamlarni ko‘rib turib u gaplarga qanday ishonadi odam? U go‘zal, shoirona gaplarni aytganlar nega o‘zlari o‘limdan qo‘rqmoqdalar?

Boshqalarni 20 yildan beri kursidan ketmayotgan diktator deydilaru o‘zlari ham 20 yildan beri “kursi”sini boshqa safdoshlariga bo‘shatay demasa. Shuyam demokratiyami? Shuyam insofu adolatmi? Dinu diyonatli, e’tiqodli, nomoz o‘qiydigan odamning ishimi shu? Ular xukumatga kelmay turib shunchalik diktator. Xudo ko‘rsatmasin, pop! etib davlat tepasiga kelsalar, Karimovning diktatorligini odamlar asrlab orzulaydigan bo‘larkanlarda.

Inqilob sarkardalarining o‘zlari har qadamda xadiksirab, atrofga olazarak qarab, chumchuq “prirr” etsa, ishtoni “Shirr” etgani ozday, vatandagi odamlarni qo‘zg‘alonga undashi ham biroz g‘alatiroq. Hullas, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yishmasa, “O‘zbekiston Xalq Harkati” degan tashkilot O‘zbekiston Xalq palakatiga aylanmasa bo‘lgani.

28 aprel, 2011 yil.

Yarim tun. Soat 12 dan 16 minut o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada.

http://muvozanat.info/index.php?option=com_content&view=section&layout=blog&id=3&Itemid=18

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: