Xalqning xotirasi – ERK


Yangi dunyo nomli saytda  O‘zbekistonlik  yozuvchining “Taqdir ajoyibotlari yoki Odil Yoqubov haqida” xotira-qissasi bosildi. Bu “qissa” o‘quvchida o‘lkamizning joriy yozuvchilari  nostalgik xotiralar yozaboshlabdimi, sovuq urush davridagi kabi xorijdagi dissidentlarni qoralashga o‘tibdimi, demak, vatanimizda  yozuvchi hayqirishi kerak bo‘lgan muhim masala qolmabdi, yurtimiz guli-guliston ekan, qabilida bir taassurot uygotadi.

Qissada Karimov rejimiga madhiya bilan bir katorda diktatorning maddohligi ham bo‘rtib ko‘rinib turibdi. Shuningdek, Odil Yoqubovning shogirdchalaridan A.Mamarasulovning (Bu fermer=yozuvchi yigitchaning bizga karshi yozgani so‘kinch to‘la maqolasini xam o‘qigandirsiz.)xabar berishicha qissada Abdulla Qahhor va kaminaning marhum yozuvchi Odil Yoqubovning “oyog‘idan  chalganligi” tilga olinibdi. Bu xususda  qissaga so‘zboshida alohida urg‘u berib, reklama qilinganiga ko‘ra, qissa nashridan keladigan obro‘  shu jihatning tarannum  saviyasiga ham bog‘liq.

Qissa muallifi (G.Xotamov) haqda maxsus yozishga hojat yo‘k, bu toifa kishilarining umumiy portretini chizish qulayroq: bular o‘zlarini o‘zbek adabiyotining o‘zbek merosxo‘rlari deb bilishadi. Adabiyotda milliylik tarafdorilar, milliylikni esa,  ularning fikricha, faqat qishloqda  tug‘ilgan yozuvchi tamsil etishi mumkin.

O‘zlarini jaydari o‘zbek qilib kursatishni va buning isboti uchun so‘kinib gapirishni sevadilar. (Bu odatlari bilan ma’naviy otalari Karimovga o‘xshab ketadilar).Adabiy totemlari ham shunga yarasha – jaydari Odil Yoqubov, jaydari Shukshin yoki, deylik,

Rasputin. Ammo shiorlari – zamon senga boqmasa, sen zamonga boq. Ideallari – Komosomol mukofoti. Minbarlari – “Yoshlik” jurnali. Ya’ni abadiy yosh avlod, muttasil norasida zotlar. Butun davrlarda baxtiyor yashashni uddalayolgan, umrida iztirob chekmagan, farovonlikning tirik timsollari. Lablarida 24 soat tabassum, janozalarda ham.

Sovet davrida bu insonlar bilan hech ishim bo‘lgani yo‘q , ularga istehzo ham qilmadim. Yozganlarimning bari real hokimiyat sohiblariga qarshi edi, ularning yugurdaklariga emas. Shunga qaramay, kamina bu insonlarning doim g‘ashini keltirganimni sezardim. O‘zini muxolifatda deb bilgan, ammo zehniyati yukorida aytilgan toifaga yaqin bittasi mendan “o‘zini xalkdan ko‘proq  yaxshi  ko‘radi”, deb xafa  bo‘libdi.

Albatta, o‘zimni yomon  ko‘raman desam, yolg‘on bo‘ladi. Xuddi xalqimni yomon ko‘raman desam yolg‘on bo‘lganidek.Ammo bir musulmon sifatida  o‘z nafsimga, undagi manfiy jihatlarga qarshi baholiqudrat mujodala etmoqdaman. Bu mujodala mustabid xukmdorga  qarshi kurashdan muttasilroqdir.

Modomiki, bu mavzuda hisob berish kerak ekan, berayin: urush janjalni sevmayman, ammo 1984 yilda boshlangan milliy qadriyatlarimizga qarshi xurujlar tengdoshlarimiz qatorida meni xam urush-janjalga savq etdi. Bu g‘avg‘oda hech qachon birinchi bo‘lib hujum qilmadim, doim hujumga qarshi mudofaa bilan mashg‘ul bo‘ldim. 1984 yildan boshlab yozgan butun maqolalarim mudofaa mazmunli matnlardir. Robbimga shukrlar bo‘lsin, U menga hech qachon shaxsiy tashvishlarimni tilimga oldirmadi, doim xalqimning dardini ayttirdi: mudofaa etarkan, xalqimning manfaatlarini mudofaa ettirdi.Bu urush fonida men Yozuvchilar kotibligiga saylandim. Olloh shoxid, bu maqomga aslo intilmadim, meni u erga voqealar tadriji olib bordi. Keyin ERKka rahbar  bo‘ldim. Buni ham orzu qilmagandim, vatanimdagi sharoit shu ishga kirishga majbur qildi.

Ammo bu makolani yozarkan, “men” kalimasini qo‘llanishga majbur bo‘layotganimdan xijolat chekmoqdaman. Xalq dardi emas, nafsimni mudofaa qilayotganimga gashim kelyapti. Bugungacha bu xil yozuvlarga javob bermagandim, chunki muxoliflarimning  hammasi el ichida shallaqiligi bilan tanilgan kishilar edi, ularni men aytmasam ham odamlar yaxshi tanirdi. Bugungilarga javob berayapman chunki bu kishilar xalk ichida “yozuvchi” sifatida bilinadi, (yozuvchiga xalqimizda hali ham ishonch bor). Bu toifa shallaqilardan tahlikaliroq, chunki bular insonlarga – gapirganda tufuk sochadigan shallaqi toifadan farqli o‘laroq – labida tabassum bilan murojaat qiladi. Ichlari zimiston bo‘lgan holda, beg‘uborlik haqda va’z o‘qiydilar. Bularning insonlar ishonchini suiste’mol qilib, qorani oq, oqni esa qora qilib ko‘rsatishlariga jim turish mumkin bo‘lmadi. (Ayni onda bularni yozarkan, meni bu insonlar holiga tushirma, ey, parvardigor, deyman. Chunki ba’zan jo‘shib ketib, yolg‘on so‘ylab qo‘yishdan bizni hech kim kafolatlay olmaydi. Ilhom kelganda, chiroyli so‘zlar bilan mubolag‘a  aytish tahlikasi doimo mavjud. Shu bois, ilhomning toyinchoq yo‘lidan qo‘rqaman, chiroyli gapdan, go‘zal tashbihdan qo‘rqaman. Ifoda etilgan har kalimani o‘lchashga mahkumlik ham shundan.Chunki har kalima uchun javob berilishini bilaman).

Ammo  “xalqimni o‘zimdan yaxshiroq ko‘raman” deya ko‘kragiga urganlardan “xalqing uchun nima qilding?”, deb so‘ralsa, beradigan javobi yo‘qligini ham bilaman. Masalan, kim xalqini sevib, kimning sevmasligiga hakamlik qilayotganlar 1984 yilda (Chernenko davri) ularsevgan xalk himoyasiga yozilgan  “Politbyuroga xat”ga imzo qo‘yishdan qo‘rqib, bizdan yashirinib yurgan paytlarini eslasatlar, balki hovridan tushgan bo‘lardilar. 1988 yilda (Gorbachev davri) gapirish uchun tepadan ruxsat kelganda, bular tillari biyron, bizni “hukumatga sotildi, o‘zini xalkdan ko‘proq  yaxshi  ko‘rdi”, deya aynan ayblashgandi.

Bular  hech o‘zgarmabdi. Sochlari oqargan, ammo ichlari avvalgiday.  Alxamdulilloh, U meni doim zaiflar tarafini oldirdi,kuchlilarga yoltoqlik ettirmadi. Xalqimni sevaman, deyishga jasoratim yuq, ammo xalki va yurti hurriyati uchun  bir kishining to‘lashi kerak bo‘lgan badalni to‘ladim, mening to‘lay olmaganlarimni ukalarim  to‘layapti O‘zbekiston turmalarida.

Shunday bir sharoitda, bu zulm asrida bizlar o‘zora nafratga emas, o‘zora sevgi va hurmatga muhtoj edik. Ammo bu yo‘q, nafrat bor  dasturxonimizda. Tepamizdagi Zolim o‘sha  nafratning moddiylashgan shaklidir. Bu nafratining manbai qaerda?

Bizning misolimizda bu nafratning psixologik motivini ikki qismga ayirish mumkin.

Birinchi qism xulosasi  shu: ODAMLAR ULAR  QADRLAGAN NARSALARNI MENSIMASANGIZ SIZNI ASLO KECHIRMAYDILAR.

Fikri ojizimcha,  bizda, 80- yillarda milliy davo bilan maydonga chiqqan insonlarda aynan ana shu halokatli mensimaslik ro‘y berdi.

Biz mansubi bo‘lganimiz Adabiyot Ahlining qadriyotlarini mensimadik. Ular uchun qiymatli ne-ki bo‘lsa, biz uchun bir chaqalik qadri yo‘q edi. Adabiy totemlaridan tortib, Komsomol  mukofotigacha – bari biz uchun masxara  mavzusi edi. “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” mafkurasiga qarshi biz “Zamon senga boqmasa gar, sen  ham boqma zamonga”, dedik. Ular kabi ko‘prok gonorar olish uchun uzun matnlar, dostonlar bitishni  o‘zimizga haqorat deb bildik. Hatto ,(yanglishmasam, 1976 yilda) Xurshid Do‘stmauhammadning uyida  – u tirik, tasdiqlasin – 7 kishi “kim bu mustamlaka xukumatdan mukofot olsa, erkak emas”, deya  ont ichdik. Va Olloh eng omadlilarimizga ichgan ontimizni tutishni nasib etdi, alhamdulilloh.

Keyin siyosatga kirdik, taqdir chizgisi aynan davom etdi. 1992 yil 2 iyul kuni Karimov rejimi boshlagan repressiyalarga norozilik sifatida men Oliy Kengash deputatligidan iste’fo etdim. Va u erdagi  go‘yo bizning safimizda bo‘lgan safdoshlarimizga ham iste’fo qilishni tavsiya qildim: “bu erda qo‘l ko‘tar, desa ko‘tarib, tushir, desa tushirib o‘tiradigan qo‘g‘irchoqqa aylanmasdan, nomus va sharafimiz bilan ketaylik”,dedim. Ular “siz xato qilyapsiz, biz ketmaymiz”, deyishdi. Yarim yil  o‘tmay, bu insonlarning hammasi kamina o‘z ixtiyori bilan chiqib ketgan Kengashdan ixtiyorlariga qarshi haydaldilar. Endi bu insonlar ham bizdan nafratlanishadi. Nega? Chunki o‘shanda  ular uchun qiymatli bo‘lgan Oliy Kengashni bir chaqaga olmadik.

Nafratning psixologik motivini ikkinchi qismini shunday ifodalash mumkin: ODAMLAR ULAR  QILISHGA JUR’AT ETMAGAN NARSALARNI SIZ QILSANGIZ  SIZNI ASLO KECHIRMAYDILAR.

Bunga misol:Bir guruh yosh adibning – yuqorida ham eslatgandik – 1984-yilda yozgan “Politbyuroga maktubi” mustaqillik goyasining amalga oshishiga inonmaganlarni g‘azablantirdi. Bu gazablanganlarning eng mashhuri Abdulla Oripov edi. “Bu yoshlarga nima kerak uzi?. Lenin bobo o‘rnidan turib ta’zim  qilsinmi bularga?

Yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi qo‘llariga, nima istaydi bular o‘zi?”, deya   hayqirgandi u O‘zbekiston kompartiyasi minbaridan. Ya’ni biz, 53 ta yosh adib, Oripov tengdoshlari jur’at etmagan aktsiyaga qo‘l urib, ularning nafratini qozongandik.

1989 yil yanvar oyida SSSR Yozuvchilar Soyuzining  Qurultoyida nutq qilib, kutilmagan tavajjuh ko‘rdim, zal uzoq olqishladi. So‘ngra yonimga mashhur rus shoirlari, Oljas Sulaymon, Onor kabi atoqli shoir va nosirlar kelib tabrik etdi, ammo o‘zbeklardan shoir Shukrullo va yozuvchi Mamadali Maxmuddan boshka hech kim kelmadi. Chunki kamina ular jur’at qilmagan narsalarni bilmay aytib qo‘ygandi.

Bu majlisda ham Odil aka mendan xafa bo‘lganini Mamadalidan eshitdim.Chunki nutqdan ta’sirlangan ba’zi “farosatsizlar” Odil Yokubov nomzodi ko‘rsatilgan SSSR deputatligiga mening ham nomzodimni ko‘rsatishga urinishgan.

Gapning qisqasi, odamlardagi bu majruh komleksni 20 iyun 1990 yilda Oliy Kengashga “Mustaqillik deklaratsiyasi”ni ko‘tarib chiqqanimizda ham, 1992 yilda Karimovning “hukumatga kiring” degan taklifini rad etganimizda xam ko‘rdik. Bu ikki holatda ham odamlar bizni kechirmadilar.

Mana, endi bu kompleks sohiblarining Yoqubov bilan oramizda  rakobat, ko‘rolmaslik bo‘lganligi hakda mish-mish va sui’-zonlarini o‘qib hayratga tushib o‘tiribmiz.

Kaminaning Odil Yoqubov bilan hech qanday oldi-berdisi bo‘lmagan,  na u bilan raqobat, na unga havas bo‘lgan.  Isnod etilgan  “oyog‘idan chalish” so‘zi kamina uchun eng tuban hakoratdir. Kin saqlash tabiatimga begona, fikrim bo‘lsa, insonlarning yuziga aytganman. Odil  Yoqubov ham bundan istisno bo‘lmagan.

Odil Yoqubov bu “xotiralar”ni, muxlislari aytayotganday, ma’qullagan bo‘lishi mumkinmi? Mumkin. Yoqubov umrining oxirgi yillarida hukumatning unga loqaydligidan muztarib edi. “Ozodlik” radiosiga bergan intervyularidan bu alamzadalik doim sezilib turdi. U ko‘pchilik yozuvchilar qatori 1999 yil fevral portlashlariga baho berishda hukumat tarafida turib, “vatan xoinlari”ni(ular ro‘yxatidagi ilk ism kamina edi) keskin qoralagan bo‘lsa-da, Karimov oqsoqol yozuvchimizning sai-harakatlarini sezmadi yoki sezmaganga oldi. Odil  Yoqubov “vatan xoinlari” haqda Abdula Oripov kabi jazavaga tushmasa ham,  nafratini baholiqudrat ifoda qilib turdi.

O‘sha mash’um fevralda mening uchta ukam bilan birga  Odil  Yoqubovga doim sodiq bo‘lgan yozuvchi Mamadali Maxmud ham hibsga olindi. Mamadalining  himoyasiga yozilgan maktubga imzo chekishdan bosh tortgan Odil  Yoqubovning “Mamadali o‘ziahmoq edi”,  degani bizga kutilmagan zarba bo‘ldi. Ammo Olloh rozi bo‘lsin, ustoz Shukrulloh aka va Gulchexra Nurulloh opamiz bu pisgan yozuvchilar fonida Mamadali birodarimiizni  himoya  qilishdan  qo‘rqmay, mardligi ko‘rsatdilar.

Baribir, Odil  Yoqubov hukumatdan sadoqatiga loyiq e’tibor ko‘rmadi, tushkunlikka tushdi, boya eslatganim kabi, umrining so‘ng bosqichi iztirob ichida o‘tdi, Olloh gunohlarini kechirsin.

Biz Odil  Yoqubov bilan bir-necha yil Yozuvchilar rahbariyatida birga ishladik.

1988 yil may oyida men yozuvchilarning aksariyatining dastagi bilan uyushma kotibligiga saylandim. Bu saylanish Uyushma rahbariyati va yoki hukumat xayrixohligining natijasi emas, aksincha, ularga qarama-qarshi bir jabhaning harakatlari hosilasi edi. Uyushma tarixida kommunist bo‘lmagan holda rahbarlikka saylangan ilk kishi edim. Bu gayrikommmunistni saylaganlar 1980 yillarning o‘rtalaridan boshlab, milliy masalalarni ko‘tarishga jur’at etgan yosh shoir va yozuvchilar  va ularga xayrihoh katta yoshdagi adiblar edi. Nega aynan meni sayladilar? Vallohi, bunda mening gunohim yo‘q. Balki, bu “saylanish”ga o‘sha davrda Moskvada bosilgan maqolalarim va boshqa faolliklar zamin hozirlagandir. Yaxshisi, bu davrning xolis bahosini tarixchilar bersin.

Odil  Yoqubovga kelsak, bu kishiga men doim hurmatda bo‘lganman. Uning rahbarlik maqomini zadalaydigan biror harakat qilganim yo‘q. Odil  Yoqubov  mening do‘stim Mamadali Mahmud vositasida kamina haqda ba’zi manfiy taassurotlarini menga etkazib turgan. Buni doim hisobga olishga harakat qildim.

Yoqubovning kaminadan ilk ranjishi, yanglishmasam, Uyushmaga ishga kelganimning ikkinchi haftasida yuz berdi. Menga ta’sis etilgan kotiblik kabinetini isloh etarkan, kreslom uzra osilib turgan Lenin portretini olib, o‘rniga jadid Abdulhamid Cho‘lpon portretini osib qo‘ydim. Bu portretni 1985 yilda rassom do‘stim Islom (Vyacheslav) Oxunovga iltimos qilib chizdirgan edim. O‘sha davrning ruhiga uyg‘un, romantik bir portret edi.Odil  Yoqubov bu portretning Uyushma faoliyatiga zarar berishini, Markazqo‘mning g‘azabini qo‘zg‘ashini aytdi va Lenin portretini  o‘rniga qo‘ying, dedi. Men bu istakni yumshoq bir shaklda rad etdim.

Odil akaning kaminaga nisbatan ikkinchi xafagarchiligi bizni Markazqo‘m Birinchi Kotibi Rafik Nishonov chakirgandan keyin paydo bo‘ldi.1989-yil fevralda O‘zbekiston Oliy Sovetining anchagina deputati Sovet Ittifoqi Oliy Sovetiga saylandi va o‘zbek hukumati bo‘shagan o‘rinlarga saylov e’lon qildi.

O‘zbekiston hukumati odatdagidek, saylanishi lozim bo‘lgan deputatlarning ro‘yxatini tuzdi. Bu ro‘yxatga kaminaning ham nomini kiritishgan edi. Mening hali bu “syurpriz”dan xabarim yo‘q edi.Bir kuni ertalab Yozuvchilar uyushmasining Kompartiya kotibi Ibrohim Rahim Odil Yoqubov birga Markazqo‘mga chiqdik.

O‘zbekiston Kompartiyasi Birinchi Sekretari Rafiq  Nishonov, Markazqo‘mning 2 -kotibi Vladimir Anishchev, 3 – kotibi Mutal Xolmuxammedov qarshiladi. Rafiq  Nishonovkaminani respublika Oliy Kengashi deputatligiga tavsiya etdi. Ammo men

“deputat bo‘lish niyatim yo‘q, mabodo bo‘lganida, xalq tarafidan ko‘rsatilishimni afzal ko‘rardim” ,degan baxona bilan taklifni kabul etmadim.Odil Yoqubov, esa biz “bu masalani hal qilamiz, hammasi joyida bo‘ladi”, deya so‘z berdi. U  yo‘lda mening xato qilganimni aytdi, deputatlikni qabul qilishim kerakligini, aks holda, Uyushmaga tazyiq boshlanishi mumkinligini aytdi, ammo men qabul qilolmasligimni aytib, undan uzr so‘radim. Albatta, bu Nishonovga  “hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb va’da  bergan Odil   Yoqubovning nafsoniyatiga qattiq tegdi. Uyushmada rahbar bo‘laturib, bir kotibga aytganimni qildirolmadim degan bir ruhi-holiya ichida edi va o‘zicha haqli edi. Lekin buning bir kuni kinga aylanib, Odil Yoqubov ixlosmandlarining “xotiralari”ga mavzu bo‘ladi, deya xayolimga ham kelmagandi.

Albatta, xom sut emgan bandamiz, nuqsondan iboratmiz. Nuqsonlarimizdan bittasi odamlar bilan unsiyatdagi nuqson edi. Biz patologik tarzda o‘z mustaqilligiga bog‘langan kimsalar edik. Bu bog‘liqlik boshqalarni o‘ylamaslik, xudbinlik darajasida edi.

Bu xam etmaganiday, to‘griso‘zligimizdan  g‘ururlanardik. To‘griso‘zni aytayapman, deb birovlarni xafa  qilganimiz ko‘p  bo‘lgan. Holbuki, jamiyatimiz mustaqil inson kabi, to‘griso‘zni ham kechirish uchun tayyor emas edi. Ko‘rinib turibdi, bugun ham tayyor emas.Ammo gapirishga to‘g‘ri keladi.

Odil Yoqubovgacha  Yozuvchilar Uyushmasiga raisi O‘lmas Umarbekov edi. Uni bu maqomga Markazqo‘m kotibasi R.Abdullaeva keltirgandi. Yumshoq tabiatli, o‘rtamiyona zako sohibi, yaxshi odam edi. Ammo uni  Markazqo‘m qo‘ygani uchun bu kishiga  qarashimiz manfiy bo‘lgan.

Adabiyot va san’at gazetasining muxarriri Odil Yoqubov ancha liberal tushunchali, ochiq laganbardorlikdan yiroq bo‘lgani uchun uyushma raisligiga uning nomzodini  o‘tkazish uchun yaxshigina kurashdik. Bizning tengqurlar ichida uning nomzodiga faqat Shavkat Rahmon qarshi edi va so‘nggigacha  qarshi bo‘lib qoldi.(Shavkat rahmatli an’anaviy o‘laroq Sarvar Azimov tarafdori edi).

Odil Yoqubov rais saylangandan keyin eski guruh va klanlar uzun nafasli hokimiyat  marofonining yangi poygasiga start berdilar. Bu Laziz Kayumov, Hafiz Abdusamatov va hakozolar guruhi, Erkin Voxidov va O‘tkir Hoshimov guruhi, Sarvar Azimov guruhi va yangi rais Yoqubov atrofida uymalashgan  guruh. Biz garchand Odil Yoqubovni  qo‘llagan bo‘lsak-da uning guruhiga yaqin emasdik.

Bizning guruh (agar guruh deyish joiz bulsa)  guruhlarning eng kichigi edi: Miraziz A’zam, Rauf Parfi, Chulpon Ergash, Ibrohim Haqqul, Ahmad A’zam, Olim Otaxon, kamina, hali tanilmagan o‘n-o‘nbeshtacha iste’dodli yosh shoir va shoiralardan iborat edi. Bu guruhda na kotiblik, na-da raislikni orzu qilgan bordi.

Hokimiyat marafoni  1990 yilga kelib, nomenklaturaga yaqin Erkin Vohid guruhining ustunligini namoyish eta boshladi.

Men ERK partiyasi bilan mashg‘ul edim, Uyushma ishlariga vaqtim deyarli qolmagandi. Buning ustiga guruhlarning g‘iybati va bir-biriga nafrati orasida yashash charchatgandi. Shu bois, uyushma Qurutoyida kotibligidan iste’fo qildim.

Tishlarini g‘ijirlatib hokimiyat uchun talashayotganlar engil nafas oldilar. Ko‘p vaqt o‘tmay, uyushma ikkiga bo‘lindi, fitna yanada avj oldi. Va men yozuvchilardan tamoman uzoqlashdim.

Bugun xotiralar yozib, kinlarini qusayotgan kompleksli kimsalar qandaydir ma’noda  o‘sha  mag‘lubiyat kunlarining intiqomini ham olmoqdalar.

Holbuki,kamina na ularga, na-da ularning raqiblariga aloqam bor. Har ikkala uyushma  xalq dardidan uzoq uyushmalar edi.

Bahsimiz mavzui bo‘lgan toifalar mamlakatning muhim voqealarining hech birisiga o‘z munosbatini bildirmagan, bildirishdan qo‘rqqanlar. Ular kuch tarozisining pallalari qay tarafga og‘sa, o‘sha tarafga og‘ishga doim tayyor turganlar. Parda orqasida pichir-pichir – ularning haykirig‘idir.

Tarix bularning Andijon voqealarida xalq tarafini olib, norozilik bidirganini yozmayajak albatta. Chunki ular norozilik bildirmadilar. Ular  xalq o‘qqa tutilayotgan paytda, balki, Do‘rmon ishratgohida kayfu-safo surayotgandilar. Rejimdan norozi muxolifat ustidan kulib, istehzoli matnlar tuzayotgan edilar.

Tarix bo‘lgan narsalarni yozadigan fan esa, bularni yozajak. Chunki tarix insonlarning xotiralari emas, xalqning xotirasidir.

Muhammad Solih

http://uzbekistanerk.com/uzb/?p=2180

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: