Tojikistondagi islomiy jangarilar tojik hukumatiga tahdid bilan chiqishgan – bbc uzbek


28 aprel 2011

Tojikistondagi islomiy jangarilar hukumat kuchlariga qarshi hujumlarini yangitdan kuchaytirish bilan tahdid qilib, tojik xalqini prezident Imomali Rahmon boshqaruviga qarshi chiqishga da’vat etishgan.

Bu haqda Britaniyaning nufuzli Reyter axborot agentligi “Tojikiston Mujohiddinlari” guruhi nomidan ekani aytilgan va Shimoliy Qafqozdagi islomiy jangarilarga xayrixoh http://www.kavkazcenter.com veb sahifasida chop etilgan bayonotga tayanib, xabar tarqatgan.

Ayon bo‘lishicha, ingliz tilida yozilgan bayonot, “Musulmonlar qachongacha adolatsizlik va haqoratlarga chidashlari mumkin?” deb nomlangan.

Axborot agentligi bayonotdan guruhning, “Musulmonlarning oyoqqa qalqib, prezident Imomali Rahmonning kishanlarini uloqtirib tashlashlarining vaqti etdi,”degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Tojikiston hukumat kuchlari yaqinda mamlakat sharqida tojik muxolifatining taniqli sobiq dala qo‘mondoni va mamlakatdagi noqonuniy guruhlarga boshchilik qilishi aytilgan Mullo Abdulloni o‘ldirganliklarini ma’lum qilishgandi.

Tojik hukumati uni o‘tgan yilning sentyabr oyida beqaror Rasht vodiysining Kamarob darasida o‘z askarlariga qarshi uyushtirilgan hujum doxil qator jinoyatlarda ayblab kelardi.

Bayonotda, “Mullo Abdullo 19 yil Allohning dushmanlariga qarshi kurashib kelgan shahid,” deya tasvirlangan, bundan tashqari, “Alloh uchun jonini fido qilishga tayyor yana ko‘plab birodarlarining bor”liklari ham ta’kidlangan.

Ayrim xabarlarda hukumat kuchlari va qurolli Islomiy guruh o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar joyidan “Ansorulloh Jamoati” so‘zlari bitilgan qora bayroq topilgani aytilgandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘zlarini “mujohiddin” deya atayotgan guruhning ayni bayonoti o‘tgan bir necha yillar davomida prezident Rahmonning Tojikistondagi eng keskin mavqe’da bo‘lgan muxoliflarining qarashlarini namoyon etadi.

Tojikistonda 1997 yilda dunyoviy hukumati bilan tinchlik shatnomasi imzolanar ekan, islomiy muxolifatning ayrim guruhlari ayni kelishuvdan norozi qolishgan va mamlakatni tark etishgandi.

Reyterning bildirishicha, so‘nggi yangilikka munosabat bildirarkan, Tojikiston prezidentining voizi, “Ekstremistlar yoki terrorchilar tomonidan chiqarilgan biror bir bayonot yuzasidan izoh bermasliklari”ni bayon qilgan.

Kamarob darasida amalga oshirilgan va o‘ttizga yaqin hukumat askarining o‘limiga olib kelgan hujumga mas’uliyatni “Al-Qoida” tarmog‘iga aloqasi borligi aytilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z zimmasiga olib chiqqandi.

Tojikiston uch o‘n yillikdan buyon urushlar borayotgan Afg‘onistonga qo‘shni va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi.

Bundan tashqari, 1992-97 yillarda kechgan fuqarolar urushi ortidan Tojikistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat hamon nozikligicha qolib kelmoqda.

Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqarib kelayotgan prezident Rahmon esa, zamonaviy va dunyoviy davlat barpo etish uchun radikal islomchilarga qarshi kurashib kelayotganini aytadi.

Rashtdagi hodisalar ortidan shu yil fevral oyidan boshlab Tojikistonda masjidlar va diniy ta’lim ustidan nazorat kuchaytirilgan.

Bundan sal avvalroq esa, xorijiy davlatlar diniy ilmgohlarida tahsil olayotgan barcha tojikistonlik talabalar ortga qaytarilgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa, o‘tgan yili Tojikistonda noqonuniy guruhlarga a’zolikda ayblanib, yuzdan ortiq kishi qamoq jazolariga ham hukm etilishgan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/04/110428_cy_tajikistan_latest.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: