“Biz tomonlarda inqilob kutmang”, deydi O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’iston yoshlari – voa uzbek


28 aprel, 2011

Navbahor Imamova | Vashington

AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld ta’sis etgan stipendiya orqali Amerikaga bir yarim oyga tashrif buyurib, bu davlat tuzumi bilan tanishayotgan yoshlar nazarida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada hukumatga qarshi revolyutsion harakatlar mevasini baholashga hali erta. Muloqot Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Institutida bo’lib o’tdi.

Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdan Vashingtonga kelib malaka oshirayotgan bir guruh yosh mutaxassislar fikricha, arab dunyosida yuz bergan va berayotgan siyosiy o’zgarishlar ularning vataniga u qadar ta’sir qilmaydi.

O’xshash jihat va muammolar talaygina, lekin barqarorlik har narsadan ustun deb yashaydigan bu mintaqadan ommaviy qo’zg’olon yoki inqilob kutmang, deydi ular.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld ta’sis etgan stipendiya orqali Amerikaga bir yarim oyga tashrif buyurib, bu davlat tuzumi bilan tanishayotgan yoshlar nazarida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada hukumatga qarshi revolyutsion harakatlar mevasini baholashga hali erta.

Butun mintaqa uzra mavhumlik hukmron. Liviya – urush maydoni, Tunis karaxt bir holatda, Misr harbiylar qo’lida, Suriya tobora notinch, Yaman ichki mojarolar domida, Bahrayn va Iordaniyadagi g’alayonlar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

O’zbekiston evolyutsion taraqqiyot yo’lini tanlagan, deydi Elyor Rahmonov

Toshkentda Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida dars beradigan Elyor Rahmonov deydiki, uning vatani evolyutsion taraqqiyot yo’lini tanlagan va bu eng ma’qul strategiya.

Birinchidan, deydi u, O’zbekistonda odamlar har qanday zo’ravonlikka qarshi.

“Qirg’izistondagi inqiloblardan hech kim ruhlangani yo’q, aksincha odamlar u yerdagi qonli voqealardan dahshatga tushdi”, – deydi Elyor Rahmonov.

Uning fikricha Andijonda 2005 yilda yuz bergan fojia tinchlik-xotirjamlik eng muhim narsa ekanini eslatgan.

Ekstremizm va radikalizm tahdidi hamon yuqori, deydi u, xavfsizlikni ta’minlash ustuvor masala.

“O’zbekistonda mavjud tuzumini o’zgartirishni ko’zlagan yovuz kuchlar bor”, – deydi Elyor Rahmonov, islomiy davlat barpo etish niyatidagi jangarilarga ishora qilib.

“Demokratik jamiyat qurish uzun va og’ir jarayon. Amerikada buning uchun ikki asrdan oshiq vaqt ketgan. Demokratik jamiyatga aylanish uchun avval uning asoslarini barpo etish kerak. Biz qadamma-qadam, evolyutsion taraqqiyot tarafdorimiz”, – deydi u.

Shu singari fikrni Tojikistondan kelgan yosh siyosatshunos Mahbub Rajabboyevdan ham eshitasiz.

“Davlat xalq dardini eshitishi, uning talablarini qondira bilishi kerak, lekin inqiloblar ijobiy o’zgarishdan darak emas. Arab dunyosidagi voqealar, hatto Qirg’izistondagi revolyutsiyalarning ham bizga ta’siri bo’lmadi. Tojikiston urush nima ekanini biladi va har qanday inqilobga qarshimiz”,- deydi mutaxassis.

“Tojikiston urush nimaligini biladi”, – deydi Mahbub Rajabboyev, “Biz har qanday inqilobga qarshimiz”.

“Bugun hayot oson emas, lekin 10 yil oldingi holatga taqqoslasangiz, turmush ancha yaxshilangan. Odamlar kundalik yumushlar bilan band. Hamyurtlarim Rossiyada ishlab, oilasini boqmoqda, yiliga ulardan mamlakat iqtisodiyotiga 2 milliard dollardan ortiq daromad keladi”,- deydi Rajabboyev.

Qozog’istonda hukumat xalq dardini tinglashga bel bog’lagan, deydi Kairat Karmanov

Qozog’istonlik Kairat Karmanov tahlilicha, yaqinda prezidentlikka qayta saylangan Nursulton Nazarboyev islohotlarni jadallashtirish haqida gapirayotgani va hukumat xalq bilan, ayniqsa yoshlar bilan muloqot qilishga, ularning fikrini hisobga olishga harakat qilayotgani – Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qozg’olonlardan tegishli saboq olinayotganidan darakdir.

Bugun, deydi u, Qozog’istonda siyosatchiman degan odam internetda yoshlar bilan bog’lanish payida.

Nazarboyevni hokimiyatda umrbod qoldirish uchun referendum o’tishi mumkin edi, deydi u, ammo rahbariyat buni ma’qul topmadi. Mana shuning o’zi boshqaruv vaziyatni yaxshi tushunishidan xabar beradi, deydi Kairat Karmanov.

Qirg’iziston o’tgan besh yil ichida ikki inqilobni boshdan kechirdi

Yaqin o’tmishda inqiloblarni boshdan kechirgan Gruziya va Qirg’iziston vakillari internet ularning mamlakatida tobora kuchli qurolga aylanib borayotganini aytadi.

Tuzumlar zaif, muxolifat tarqoq va amalda o’tirganlarga xalq orasida ishonch past. Iqtisod zaif. Qonun ustuvor emas. Bu muammolarni hal etish uchun siyosiy iroda yetishmaydi, deydi ular.

Lekin, deydi gruziyalik Levan Dolidze va qirg’izistonlik Azis Abakirov, jamiyatda o’ziga yarasha erkinlik bor. Fuqaro hukumatni savolga, javobgarlikka tuta oladi.

Bokuda namoyishlar, mart 2011

Ozarbayjonda o’tgan oylarda uch bora ommaviy namoyishlar kuzatildi, ammo kuch bilan bostirildi.

Fidan Huseynli, Bokuda ham davlat, ham xususiy sektorda ishlab ko’rgan mutaxassis ta’biricha, hokimiyatni bir oila boshqarishi, korrupsiya, zaif tizim, muxolifatga yo’l berilmasligi va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar sust ekani bir kunmas bir kun xalqni bosh ko’tarishga majbur qilishi tayin.

Bokuda mart oyida muxolifat namoyishlari kuch bilan bostirildi

Barqaror jamiyatda yashash hammaning ezgu orzusi, lekin buning uchun zamin yaratish kerak. Prezident Ilhom Aliyev islohotlar haqida gapiradi, ammo real qadamlar tashlanmaydi, deydi u.

Bu yoshlarning umumiy xulosasi shunday: avvalo tinchlik, keyin iqtisod, tirikchilik va ijtimoiy himoya va ana undan keyingina demokratiya haqida o’ylash kerak.

Demokratik tuzumni, deydi qozog’istonlik Gauhar Kassimjanova, har bir xalqning o’zi shakllantirishi, bu jarayonga  boshqa davlatlar, jumladan Amerika bosh suqmasligi kerak.

Fred Starr, bu mutaxassislarga Vashingtonda murabbiylik qilgan amerikalik olim ularning nazariya va tahliliga qo’shilmaydi.

Professor Fred Starr bu yoshlarning fikriga qo’shilmaydi. Xalqaro maydondagi muhim voqealarning ta’siri bo’ladi albatta, deydi u.

“Bizda hech qachon bunday bo’lmaydi deyish xato”, – deydi Fred Starr.

Professor deydiki, norozilik namoyishi zo’ravonlik bilan tugashi ham shart emas. Odamlar o’z talabi bilan chiqishga, hukumatni o’z muammolaridan ogoh qilib turishga haqli.

Shuningdek,  deydi u, xalqaro maydondagi o’zgarishlar bizga ta’sir qilmaydi deya olmaymiz. Uning ta’sirini hukumat qarorlarida, chora-tadbirlarida ko’rish mumkin.

Bugun sizdek yoshlarni qiynayotgan eng katta muammo nima deb so’raganimizda, ulardan asosan ishsizlik, imkoniyatsizlik, uy-joy yetishmasligi va bilim olish qiyinlashib borayotgani degan javoblar oldik.

http://www.voanews.com/uzbek/news/Rumsfeld-Fellows-Central-Asia-Arab-Spring-120863559.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: