Bi-bi-si mehmoni – Zohir A’lam – bbc uzbek


25 aprel 2011

Zohir A’lamning asarlari maktab darsliklaridan olib tashlangan

BBCUzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga taniqli adib, “Birlik” Xalq Harakati asoschilaridan Zohir A’lam javob beradi.

Zohir A’lam 1943 yilda Toshkentda tavallud topgan.

Toshkent Davlat Universitetining filologiya bo‘limida tahsil olgan.

“O‘zbekiston” nashriyoti va “Sharq yulduzi” jurnalida muharrir bo‘lib ishlagan.

Birinchi kitobi – “Baxtli bilet” 1972 yilda chop etilgan.

“Muqaddima”, “Kiyik ko‘zlari” nasriy to‘plamlari hamda “Boyovut”, “Mayiz atrofidagi gaplar”, “Jomboy hangomalari” singari publitsistik asarlar muallifi.

Uning “Afandining qirq bir pashshasi” p’esasi respublika teatrlarida qayta va qayta sahnalashtirilgan hamda rus va bolgar tillariga tarjima qilingan.

Zohir A’lam bolgar mumtoz adabiyoti namoyandasi Pavel Vasilevning “To‘siq”, “O‘lchamlar” kabi qissalari, rus adibi Sergey Zaliginning “Komissiya” romanini o‘zbek tiliga o‘girgan.

1980-yillarning ikkinchi yarmidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish, atrof-muhit himoyasi va milliy mustaqillik harakatlarida faol ishtirok etadi.

O‘zining hikoya qilishicha, u 1988 yilda Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘iga tashrif buyurgan eston shoirasi Sirьe Ruutsoo bilan tanishadi, u bilan suhbatlari ta’sirida 1988 yilning avgustida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” ro‘znomasida Estoniya “Xalq Fronti” haqidagi birinchi maqolani chop etadi.

Uning ortidan “Xalq Fronti” faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Boltiqbo‘yiga safar qilgan adib Tallinnda “Xalq Fronti”ning s’ezdida qatnashadi va estonlarning mustaqillik uchun kurashini dastaklab, nutq so‘zlaydi.

1988 yilning noyabr oyi boshida Toshkentga qaytgan Zohir A’lam O‘zbekistonda ham milliy mustaqillik uchun kurashuvchi “Xalq Fronti” kabi tashkilot tuzish fikrida bo‘lgani va hamfikrlarni izlashga tushganini aytadi.

U va boshqa ziyolilarning harakatlari samarasi o‘laroq, shu yilning 11 noyabrida shoir va hofiz Dadaxon Hasanning uyida “Birlik” Xalq Harakatining ta’sis majlisi bo‘lib o‘tadi.

Zohir A’lam harakatning raisdoshi etib saylanadi.

1990 yildagi bo‘linishdan so‘ng “Erk” partiyasiga o‘tgan Zohir A’lam bir muddat partiyaning ikkinchi kotibi vazifasini bajargan.

“Muxolifatga bosimlar kuchayganidan so‘ng nima bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?” degan savolga u “o‘z millatimdan ko‘nglim sovib, Rauf Parfi bilan aroqbozlik qilib yurdim” deya javob beradi.

Hozirda erkin ijod bilan mashg‘ul.

Zohir A’lam mustaqillikdan so‘ng bironta ham asari chop etilmagani, maktab darsliklaridan olib tashlangani va 2006 yilda uning p’esasi asosida taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan “Bir kuni afandi” filmi namoyishi taqiqlab qo‘yilganini aytadi.

Bi-bi-si: Ovro‘podan nodir savol yo‘llabdi: “Assalomu alaykum muhtaram adibimiz, “millatimdan ko‘nglim sovugan”, debsiz, shuni izohlab bersangiz. Ijodingizga rivoj!”.

Zohir A’lam: Endi bu gapni men o‘zimning uzlatga chekinishim sababini tushuntirmoqchi bo‘lib aytganman. O‘shanda men bir chekkaga surilib qoldim-da. “Faolroq talab qo‘yaylik hukumatga” degan gapni majlislarda o‘rtoqlarga aytdim. Lekin hech kim qo‘shilmadi, ishonmadi, shunda biroz ko‘nglim sovudi. Undan keyin tarixni titkilab, o‘zimga – o‘zim bitta savol topdim-da. Nima uchun ikki yarim ming yildan beri dunyo yuzida hukmron millat sifatida yurgan turkiylar bunday zabun bo‘ldi, degan savolga tarixdan izlab-izlab javob topdim. Javob shuki, har bir millat o‘zgarib turar ekan. Bugungi sher millat ertaga sichqon bo‘lib qolar ekan. Buning sabablaridan biri tepadan, hokimiyat tarafidan berilayotgan tarbiya. Men millatimni ataylab shunday tarbiyalashdi, degan xulosaga keldim.

Bi-bi-si: Tarbiya emas-da, bosim, deb aytsa, to‘g‘riroq bo‘lmaydimi?

Arablarga o‘xshab ko‘chaga chiqishi uchun xalqning hech bo‘lmasa ozgina eri, moli bo‘lishi kerak. Bizning xalq esa dahshatli darajada qashshoq

Zohir A’lam

Zohir A’lam: Bosim to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ladi, lekin masalan, oqni qora, qorani oq, deb hamma narsa yuqoridan belgilangan, deb masmalan, dinga buradigan bo‘lsak, yoki “unday narsalarni o‘qish yomon, u faylasufni o‘qimaslik kerak, mana buni o‘qish kerak, deb tarbiyalasa ham millat o‘zgarib ketaveradi.

Bi-bi-si: Ya’ni mafkuraga bog‘liq, demoqchisiz?

Zohir A’lam: Mafkuraga. Qullik, tobe’lik, masalan, hozir rosa targ‘ib qilishayapti, kashta tikish, ganch o‘yish, ganchkorlik, do‘ppi tikish, mana shunaqa narsalarga bizning televidenie rosa ko‘p vaqt ajratadi. Yaxshi kerakli, jangovar faylasuflarni o‘qish man qilinadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, yomonlab. Ana shu yo‘l bilan xalq o‘zgarib ketar ekan. Noto‘g‘ri mafkura singdirilishi orqali. Mao Tszedun bir avlod ichida tamom bo‘lgan xalqni yuqori saviyaga olib chiqdi. Faqat to‘g‘ri tarbiya, to‘g‘ri mafkura bilan. Buning uchun xatto dinning xususiyatini o‘zgartirib yuborishadi. Dinni ham aybdor qilishadi. Misol uchun, bizning imomlar faqat aroqni yomonlaydi. Boshqa narsaga aralashma, siyosatga aralashma, falon,fiston, lekin poraxo‘rlikni, korruptsiyani hech qaysinisi yomonlamaydi. Ana shuning uchun men millatim shunday tarbiyalandi, unda ayb yo‘q, degan fikrga keldim.

Bi-bi-si: Ahmadbek ismli tinglovchimiz “Birlik” Xalq Harakatining faoliyati haqida so‘rabdi. “Birlik harakatiga 20 yildan oshdi, lekin birlasha olmadi, nega?. “Birlik” nega juda ham passiv hozirda? “Birlik” arab voqealaridan nega ruhlanmaydi?” degan savollarni qo‘yayapti. Marhamat.

Zohir A’lam: Bunga birinchidan, “Birlik”ni o‘zi nima tug‘dirdi, degan masalani men aytardim. Faqat Gorbachevning oshkoraligi va demokratiya “Birlik”ning tug‘ilishiga imkon berdi. Bu bir. Ikkinchidan, “Birlik”ning yo‘qolishiga, qisqa qilib aytganda, demokratiya va oshkoralikning yo‘q qilinishi, o‘rniga diktatorlik, totalitar rejimning o‘rnatilishi sabab bo‘ldi. Totalitar rejimda hech qachon, hech qaerda qarshi harakat tug‘ilmagan. Hech qachon. Misol uchun, to‘rtta odam yig‘ilib, harakat tuzish, partiya tuzish imkoni bor joyda bir narsa bo‘lishi mumkin. To‘rtta odam bir joyda yig‘ilsa-yu, uning atrofiga sakkizta militsiya kelib tursa, hech qanaqa harakat haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Urdi-urdi, qama-qamalarda hech qanaqa harakat chidash berolmaydi. Falsafada ham, jamiyatshunoslikda ham, “tiraniya, totalitar tuzum vaqtida biron-bir g‘oyani ko‘tarib chiqish, bu – yuqorisiga chiqqan ahmoqlik, ijtimoiy ahmoqlik”, degan gap bor. Tiraniyaning bitta-yu bitta javobi bor, u ham bo‘lsa- kuch. Nima deyilishidan qat’iy nazar.

Bi-bi-si: Savolning ikkinchi qismi, arab dunyosidagi inqiloblar haqida nima deysiz?

Zohir A’lam: Savolning ikkinchi qismiga ham aslida birinchi qismdan javob topish mumkin. Qanday qilib ko‘chada militsiya yoki formasiz militsiya ko‘p bo‘lgan paytda ko‘chaga chiqish mumkin?. Maksimal “kalpak” ostiga olingan har bir harakat. Arablarga o‘xshab chiqishi uchun xalqning hech bo‘lmasa ozgina, arablarchalik eri bo‘lishi kerak, moli bo‘lishi kerak. Arablarda ov qilish uchun miltiq olishga ruxsati bor. Ikki-uch kunga, bir oyga oilasini boqish uchun boyligi bor. Bizning xalq dahshatli darajada qashshoq, ersiz. Qishloqda odamlarning eri yo‘q. Shuning uchun vatan tuyg‘usi ham ancha sustlashib qolgan. Har-xil raqam aytishadi, ikki yarim, uch yarim million o‘zbek Rossiyada, Qozog‘istonda yuribdi, deb. Ular ketdi, tamom. Qolganlar yoshlar, cholu kampirlar.

Bi-bi-si:Tohir ismli tinglovchimiz ham “siz arab dunyosidagi inqiloblar O‘zbekistonda bo‘lishiga ishonasizmi?”, deb so‘ragan. Demak, ishonmaysiz?

Zohir A’lam: Hech ishonmayman. Mumkin emas. Hammasiga bitta javob-diktaturada inqilob bo‘lishi mumkin emas. Bunga Rossiyadagi podsho davridan misol keltirish mumkin. Podsho ham ozgina bo‘sh qo‘yib, gazetalar ochishga, firqalar tuzishga ruxsat berganidan keyin siyosiy partiyalar tuzilgan, inqilob bo‘lgan. Men Rossiya tarixidagi inqiloblarni o‘rganganman. Qachon xalqning eri tortib olingan bo‘lsa, o‘shanda qo‘zg‘olonlar bo‘lgan. Saratovda, boshqa joylarda. Pugachev qo‘zg‘oloni va boshqa qo‘zg‘olonlar. Bizda ham erlar tortib olinayapti, do‘konlar buzilayapti. Tadbirkorlar “iloyim, boshqa tabdirkorlar yili bo‘lmasin, bizni qirib tashladi”, deb dod solishayapti. Lekin buni spetsslujbalar qilayapti. Xalqni ko‘chaga chiqarishdan manfaatdor kuchlar bor. Ammo ularning dardi demokratiya emas.

Bu yoqda xalq qiynalib yotsa-yu, ishq-muhabbat, to‘qib chiqarilgan yaxshiliklar haqida asar yozish, “birov o‘lay deyapti-yu, sen kulay deysan”, degan gapga to‘g‘ri keladi.

Zohir A’lam

Bi-bi-si: Ayni tinglovchimiz yana bir savol so‘ragan, mamlakat ichkarisi va tashqarisida muxolifat bormi o‘zi, degan mazmunda. Marhamat.

Zohir A’lam: Tashqaridagi muxolifat bor-yo‘qligini siz yaxshi bilishingiz kerak. Ular ichkaridagi ahvolni bilib, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilayaptimi, boshqa davlatlardan yordam so‘rayaptimi? Agar yordam so‘rayotgan, yordam uyushtirayotgan bo‘lsa, ular bor. Agarda faqat chaqiriqlar bo‘lsa, unda yo‘q. Mamlakat ichidagilarga kelsak, yana o‘sha diktatura. Masalan, men 2000 yil arafalarida o‘zib ko‘rib kelgan qishloq haqida gapiruvdim. O‘sha qishloqda dekabrdan martgacha kambag‘al aholi non o‘rniga lavlagi pishirib edi. Men buni ko‘rganim uchun aytdim. Zomin rayoni, Turkman qishlog‘ida shu voqea bo‘lgan. Men chet el radiosidan gapirganman. Hech kim indamadi. Tashqaridagi muxolifat nima qilayapti, bilmadim. Qaytaga ichkaridagi hukumat men mehmonga borgan oilaning boshlig‘ini Toshkentga op keltirib, Toshkentda, bozorda ish berdi. Arava berib, hammollik qildi u bola. Undan keyin men bilan gaplashmay ham ketdi, qo‘rqdimi, qo‘rqitishdimi, bilmadim.

Bi-bi-si: Bek deb ism qo‘ygan tinglovchimiz yozibdi: “Sizlar o‘zi davlatni o‘ylaysizlarmi?. Sizlar o‘zi vatanparvarmisiz?. Vatanparvarligingizni qanaqa qilib isbotlaysiz?”.

Zohir A’lam: “Davlat” deganda bu odam mamlakatni nazarda tutayaptimi yoki hokimiyatda o‘tirgan besh-o‘n ming odamni aytayaptimi?. Agarda hokimiyatni aytayotgan bo‘lsa, unda biz ular haqda o‘ylolmaymiz, chunki o‘zimizning muammolarimiz to‘lib yotibdi. Eyish kerak, ichish kerak, bolani o‘qishga kiritish keark, ishga joylash kerak, hamma narsa – pora. Bu porani topa olmayotgan odamlar hukumat tepasida o‘tirganlarni o‘ylolmaymiz. Men piching bilan gapiryapman, albatta. Mamlakat ma’nosida so‘rayotgan bo‘lsa, o‘ylayapmiz. Mamlakatda ahvolni yaxshilash uchun demokratik tuzum yaratish kerak, oppozitsiyani davlat hurmat qilishi kerak, o‘ziga teng ko‘rishi kerak.

Bi-bi-si: Julqunboy degan tinglovchimiz qamoqdagi adiblar Mamadali Mahmudov va Yusuf Juma haqidagi fikrlaringizni so‘rabdi.

Zohir A’lam: Mamadalining tuhmat bilan qamalganini men 2003 yilda aytgandim. Fikrim shu. Mamadali tuhmat bilan qamaldi. Endi buxorolik shoir, dunyodagi eng pokiza odam Yusuf Jumaev. Dunyodagi eng pokiza odam, xalqparvar, she’rlari o‘tkir, zulmga qarshi qaratilgandi. Unga ham tuhmat uyushtirib, qamavorishdi. Men bir-ikki marta Mamadalining oldiga borib kelmoqchi bo‘ldim. Lekin birinchidan menga ruxsat yo‘q ekan borishga, qarindoshi emassiz, sizga mumkinmas, deyishdi. Ikkinchidan, bir-ikki bilgan do‘stlar “siz bormang, borsangiz Mamadaliga yomon bo‘ladi”, deb maslahat berishdi.

Bi-bi-si: Londondan yozgan Oybek bugungi adabiyot, yoshlar prozasi haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi ekan.

Zohir A’lam: Yoshlarning asarlarini men, to‘g‘risi, jurnalmi, gazetami, ochaman, agarda sevgi-muhabbat, o‘ldim-kuydim bo‘ladigan bo‘lsa, o‘qiyolmayman. Chunki bunday asarlarni yozish hozirgi kunda, bu “pir vo vremya chumы” deb o‘ylayman. Bu yoqda xalq qiynalib yotibdi, ishq-muhabbat, to‘qib chiqarilgan vaziyatlarni topib, yaxshilik qilish haqida asarlar yozish, “birov o‘lay deyapti-yu, sen kulay deysan”, degan gapga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun xalq dardini yozmagan asarni o‘qimayman. Yoshlarga shuni maslahat beramanki, yolg‘on narsa hech kimga kerak bo‘lmaydi, oladigan bir-ikki so‘m gonorardan tashqari. Minglab laureatlar chiqdi, qani hozir, kim o‘qilayapti? Agar xalqning dardini yozsa o‘qiladi, qoladi.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/04/110421_cy_talkingpoint_zohir_alam.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: