Abdujalil Boymatov: “Xalqimizda g‘azab etarli va u erda baribir inqilob bo‘ladi” – yangidunyo


April 25th, 2011

O‘zbekiston Inson Xuquqlari Jamiyatining prezidenti Abdujalil Boymatov, o‘zbek muxolifatining kechagi va bugungi kunidan yaxshi xabardor, kelajagidan umidvor insonlardan biri. Keyingi yillardagi u kishining takliflari bilan muxolifatchilarning deyarli xammasi tanish, biroq, uni qo‘llaganlar unchalik ko‘p emas. Buning sababi nimada? Nega muxolifatchilar va ularning liderlarini xamkorlikka unchalik xushlari yo‘q? Ana shu savollarga javob topish istagi, Abdujalil Boymatov bilan bugungi suxbatimizga sabab bo‘ldi.

Ulug‘bek Xaydarov: Soya xukumati tuzish xaqidagi g‘oyangiz, xorijdagi o‘zbek muxolifatining g‘oyaviy va ma’naviy strukturasiga, aytish mumkinki, deyarli o‘zgartirish kirita olmadi. Nima uchun shunday bo‘ldi? Xato kimniki: g‘oya bergan, siznikimi yoki, o‘z qobig‘idan chiqa olmayotgan xorijdagi muxolifat vakillarinikimi?

Abdujalil Boymatov: Birinchi navbatda, muxolifat, partiya va xarakatlar o‘rtasidagi munosabatni muvofiqlashtirish, ular o‘rtasida xamkorlikni yo‘lga ko‘yish nima uchun kerakligi xakida ozroq gapirib o‘tsam.

Chunki o‘zbeklarning xuquq va erkinliklari Qirg‘iziston, Rossiya, va Qozog‘istonda vaxshiylarcha oyoq osti qilinyapti. afsuski, mamlakatimiz ichida bu axvol undanda achinarli. O‘zbek xalqining bu muammolarini xal qilish uchun, qudratli muxolifat kerak.

Moliyaviy tomondan xam kuchli bo‘lishi kerak, lekin afsuski, 20 yil davomida, o‘zbek muxolifati shu narsaga erisha olmadi.

O‘zbek muxolifati uchta asosiy siyosiy kuchdan iborat, bu, Birlik xalq xarakati, Erk partiyasi asos solgan 13 may ittifoqi, mana xozir ular O‘zbekiston xalq xarakati degan tashkilotga aylanishmoqchi, may oyida konferentsiyalari xam bo‘lib o‘tadi.

Uchinchisi Birdamlik xalq xarakati.

Endi, bunday qaraydigan bo‘lsak, mana shu asosiy muxolifat tashkilotlarining raxbarlarining xammasi xorijda yashashadi. Abduraxim Po‘lat AQShda, Muxammad Solix Turkiyada, Baxodir Choriev xam AQShda.

Endi shuning uchun, muxolifat 20 yil davomida ma’lum bir narsaga erisha olmagani uchun, xozirgi xolatida davom etsa, yana 5 yil davomida xam xech narsaga erisha olmaydi. Demak, qandaydir o‘zgarish bo‘lishi uchun, muxolifat xamkorlik va xarakatlarni muvofiklashtirish yo‘liga o‘tishi lozim. O‘zgarish shunday bo‘lishi kerakki, muxolifat kengashi tuziladi, muxolifat etakchisi saylanadi, muxolifat mablag‘i shakllantiriladi va muxolifat soya xukumati tuziladi.

Muxolifat kengashiga, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan mana shu xarakatlarning vakillari, inson xuquqlari tashkilotlari, internet saytlari redaktorlari kirishi kerak edi.

U.X: Mana bir necha yildan buyon, muxolifatda xamkorlikni yo‘lga ko‘yish kerakligi xaqida gap bo‘layapti, biroq, ko‘zga ko‘ringan ikki o‘zbek muxolifati lideri, Abduraxim Po‘lat va Muxammad Solix bir birlariga ko‘l tashlashga shoshilishmayapti. O‘zbekiston ichida taniqli bo‘lib qolayotgan bu ikki partiya xozirgacha ikkita yo‘ldan ketayapti va bir birini tan olmayapti. Ular birlashadiganga xam o‘xshamayapti. Buning sababi nimada?

A.B: Buning ikki sababi bor deb o‘ylayman, birinchisi, muxolifat liderlari xamkorlik qilishni xoxlashmayapti, ikkinchisi, muxolifat faollarining xam xamkorlikka unchalik xushlari yo‘q. Bu narsani men 9 oy davomida ko‘tardim, Abduraxim Po‘latni xam xabari bor, lekin xech munosabat bildirmadi. Muxammad Solix ozgina munosabat bildirgan bo‘ldi, u “muxolifat kengashidagilar bizga (13 may ittifoqiga) ko‘shila qolishsin” deb munosabat bildirdi xolos..

Baxodir Choriev u biz bilan ba’zi internet majlislarimizda qatnashdi, lekin u xam, “muxolifat Birdamlik xalk xarakati atrofida birlashsin” degan fikrni bildirdi. Bu birinchisi, ya’ni, muxolifat liderlari birlashishni xoxlashmadi. Ikkinchisi, o‘zbek muxolifati ichida bo‘lgan mustaqil jurnalistlar va xuquq ximoyachilarida xam bu narsaga qiziqish bo‘lmadi.

Bu shuni bildiryaptiki, muxolifatchilar va ularning liderlari buni (birlashishni) og‘izda xoxlashadi, biroq amaliy ishga kelganida, ular buni boykot qilishyapti.

Aslida men bu narsani 2 yildan buyon ko‘tarib kelaman, ya’ni, masalan, mana shu ERK demokratik partiyasi lideri almashishi kerak, Birlik xalq xarakatining xam lideri o‘zgarishi kerak, deb. Ya’ni, partiyalar qachon demokratlashsa, o‘zbek jamiyati demokratlashadi degan narsalarni ko‘tardim, lekin bu xarakatlar xam o‘zining ijobiy natijasini bermadi.

U.X: Lekin, “Otlarni kechuvda almashtirmaydilar” degan chiroyli gaplar bor. Extimol, xozirgi sharoitda, xarakat va partiya liderlari, o‘z o‘rinlarini boshqa liderga berishni vaqti emas deb xisoblashar? Masalan siz, ERK lideri Muxammad Solix ketsa, uning o‘rniga kela oladigan odam bor deb o‘ylaysizmi?

A.B: Aslida, o‘zbek muxolifati partiya va xarakatlarining asosiy maqsadi, o‘zbek xalqining ichida liderlar etishtirib chiqarish, siyosatchilar etishtirib chiqarish. Ular bu bilan shug‘ullanishlari kerak edi, mana shu 20 yil davomida ular o‘zlariga bir o‘rinbosar etishtira olishmabdimi, bu ularning ayblari. Demak, Birlik xam, ERK xam liderlar etishtira olmadi, ularning kelajagi xam yo‘q.

U.X: Demak, tashqaridagi ikki o‘zbek lideri o‘zlariga o‘rinbosar etishtira olmadi degan fikrdasiz?

A.B: O‘zbek jamiyati demokratik liderlar etishtirib chiqara olmadi, desam to‘g‘riroq bo‘lardi. Xozir xokimiyatda turgan Islom Karimov xam demokratiyadan uzoq shaxs, afsuski, muxolifat xam demokratik printsiplardan uzoqlashayapti. Muxolifatning xokimiyatdagilardan ustun tomonlari bo‘lishi kerak. Albatda, muxolifat xokimiyatdan moliyaviy va tashkiliy tomondan ustun bo‘la olmaydi, lekin xech bo‘lmasa intelektual, ma’naviy tomondan ustun bo‘lishi kerak. Muxolifat ayta olishi kerakki “mana, biz demokratlarmiz, bizda raxbarlar almashadi, biz xokimiyatga kelsak, xuddi shunday bo‘ladi va biz demokratik jamiyat qura olamiz” deydigan bo‘lishlari kerak. Afsuski bugungi muxolifat bunday deya olmaydi.

U.X: Aytganlaringizda jon bor. Muxolifat xar tomonlama zaiflashayotgandek. Masalan, sizning muxolifatning moliyaviy tizimini yo‘lga ko‘yish xaqidagi gaplaringiz, tashqaridagi “muxolifatchiman” deganlarga ta’sir qilmadi. Nima uchun ular, muxolifatning o‘z xisob raqami bo‘lishi kerak degan g‘oyaga unchalik ro‘yxush berishmadi?

A.B: Aslida bu savolni Muxammad Solixga, Abduraxim Po‘latga berishingiz kerak edi…lekin ularga shu savolni beradigan jurnalistlar topilmadi. Nima uchun ular bu narsaga ko‘shilmaganlarini faqat taxmin qilish mumkin.

Birdamlik xarakatini mablag‘ bilan Chorievlar oilasi ta’minlayapti. “13 may ittifoqi”ni, “Andijon, Adolat tiklanish” xarakati a’zolari ta’minlashyapti, ularning bizneslari bor, mana bank xam ochishdi. Lekin o‘ylashimcha, oilaviy mablag‘lar yoki kichik bir guruxlarning moliyaviy xarakatlari bilan o‘zbek muxolifati uzoqqa bora olmaydi.

O‘zbek muxolifati qachon kuchli bo‘ladi? Qachonki ularni o‘zbek xalqi qo‘llab quvvatlasa. Faraz qiling, o‘zbek muxolifati kengashi tuzilsa, unga etakchi saylansa, keyin muxolifatning xisob raqami ochilsa va bu xisobga ming nafar o‘zbek, xar biri bir yilda 100 dollar yoki 100 evro ajratsa xam, bir yilda 100 ming bo‘ladi. Bu juda katta mablag‘ va bunga ancha ishlar qilsa bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, 28 million odam ichidan ming kishi emas, o‘n ming odam pul ajratishi mumkin. Bir yilda ularning xar biri 100 dollardan o‘rtaga tashlasa, bu 1 million bo‘ladi.

Buni qiyin joyi yo‘q deb o‘ylayman, mana xozir o‘zbeklarimiz Rossiya, Koreya, Evropa mamlakatlari, qo‘yinki, dunyoning xar joyida millionlar fuqarolarimiz ishlashayapti. Lekin mana shu mablag‘ yig‘ish masalasi oqsayapti, va bu o‘sha Muxammad Solix, Abduraxim Po‘lat va Baxodir Chorievlarning xudbinligi. Men boshqa so‘z topa olmadim…

U.X: Xa, men tasavur qilayapman, agar tashqarida ishlayotgan o‘zbeklarimiz xech bo‘lmasa uch oyda bir marta 100 dollardan o‘rtaga pul tashlasalar, bu mablag‘ qancha bo‘lishini…

A.B. Uch oyda bo‘lmasa xam bir yilda bir marta deng, bu xam yaxshigina mablag‘ bo‘ladi.

U.X. Lekin men bilaman, ana shunday insonlar bor, ular“qani o‘sha xisob raqami, biz bir oyda 100 dollardan beramiz” deyishadi. Bor shunday insonlar. Endi biron bir bankdan xisob raqami ochib, muxolifat mablag‘ to‘plashi lozim, buni vaqti allaqachon kelgan. Siz mana shunday takliflar bilan chiqqaningizda, men o‘ylagandim, ana endi muxolifat moliyaga ega bo‘ladi deb, lekin afsuski, bu taklifni qo‘llaganlar kam bo‘ldi negadir. Men juda xam achindim. Mablag‘siz muxolifatning oyoqqa turishi qiyin, siz nima deysiz?

A.B: Albatda, mana O‘zbekiston xalq xarakati tuzildi. Ular mana may oyida o‘z konferentsiyalarini o‘tkazishadi. Fuqaroviy bo‘ysunmaslik kampaniyasini boshlashdi. Men bu kampaniyaga qo‘shilaman, qo‘llab quvatlayman. Lekin bularning sa’yi xarakatiga Birdamlik xarakati xech qanaqa munosabat bildirmasdan, tomoshabin bo‘lib turibdi. Birlik xam tomoshabin bugun.

Agar o‘sha muxolifat kengashi tuzilganida, unga etakchi saylanganida, muxolifat o‘z mablag‘ini yig‘a olganida, mana shu bugungi xarakatlar butunlay boshqacha rivojlangan bo‘lardi. Xamma g‘ayrat shijoat bilan qo‘shilgan bo‘lardi.

Amaldagi liderlar, “xamma bizni atrofimizga birlashsin” degan formatda ish olib borgani uchun, mana shu sustkashlik kelib chiqyapti. Ikkinchi bir formatda xam ishlashga o‘tishlari kerak, ya’ni xuddi Birlashgan Millatlar tashkiloti kabi, Muxolifat kengashi tuzilishi kerak. BMTda bilasiz, nafaqat demokratik, balki, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston kabi eng repressiv davlatlar vakillari xam, axolisi 1 million bo‘lgan davlatlarning xam vakillari bor. Xuddi shu kabi, o‘zbek muxolifati xam o‘zining kengashiga ega bo‘lishi lozim, xarakatlarni muvofiqlashtirish va moliyaviy masalalarni xal qilish uchun.

U.X: Bugun Yangidunyo saytida rejisser A.Maxmudovning qiziq suxbatini o‘qib qoldim. Unda, O‘zbekiston xalq xarakati – milliy xavfsizlik xizmatining yashirin loyixasi degan iddao bor. A.Maxmudovning bu fikriga qanday munosabat bildirasiz?

A.B: Men O‘zbekiston xalq xarakatining boshlagan ishlarini qo‘llab quvatlayman, bu xarakatga ijobiy munosabatdaman. Endi, bu xarakat MXXning loyixasi degan gapga asos kerak. Bu isbot talab qiluvchi iddao. Xozircha buni tasdiqlovchi faktning o‘zi yo‘q. Bu Abdulaziz akaning taxmini, gumoni. Bu xarakat qanday dunyoga kelganidan qat’iy nazar, men buni muxolifatning oldinga bir qadami deya xisoblayman.

U.X: ETAR xarakati etarlicha sirli bir tashkilot. Uning bayonoti xozirda xammaning tilida. Bunga sizning munosabatingiz kanday? Bu xarakatning xam MXX idorasi kabinetlarida tuzilgani xakidagi taxminlarga siz nima deysiz?

A.B: Men mana shu ETAR xarakatining chaqiriqlarini elektron pochta orqali o‘zim tarqatdim va bu chaqiriqlarni to‘g‘ri deb xisoblayman. Menda, bu tashkilotning MXX ga tegishli ekanligi xaqida biron bir ma’lumot yo‘q.

Shu yilning o‘zida dunyoda uchta diktatorlik tuzumi yo‘q bo‘ldi. Mana xozir Yaman prezidenti xam bir oy davomida xokimiyatni topshirishga va’da berdi, bu to‘rtinchisi bo‘ladi. Ayni mana shunday bir paytda ETAR tashkiloti o‘z chaqiriqlari bilan paydo bo‘lishini, bugungi sharoitga mos deb xisoblayman. Xozir xalqimizga mana shunday chaqiriqlar kerak. Shuning uchun, chaqiriq menga kelgan zaxoti uni tarqatdim, bu tashkilotning kimning loyixasi ekanidan qat’iy nazar.

U.X: So‘ngi paytlarda, arab davlatlaridagi siyosiy evrilishlarni xarakatga keltirgan kuch tarikasida ko‘rilayotgan internet ijtimoiy tarmoqlari xaqida sizning fikringiz qanday? Bugun internet O‘zbek xalqini ko‘chaga chiqara oladimi?

A.B: Afsuski, mana aprel oyi xisobi bo‘yicha, O‘zbekistonda feysbuk foydalanuvchilari bor yo‘g‘i 72 ming atrofida ekan. Bu juda xam kam. Ozarboyjonda 350 mingta, Qozog‘istonda xam 300 minga borib qolgan. Xattoki notinch qo‘shnimiz Afg‘onistonda xam 150 ming feysbukchi bor ekan. Bizda esa 72 ming. Bu juda xam kam. Lekin tug‘ri, vatanimizda, Rossiya ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Moy mir, Odnoklassniki, V Kontakte kabi tarmoqlarda 2 millionga yaqin foydalanuvchi borligi aytiladi. Biroq, bu tarmoqlarda demokratiya va inson xuquqlari masalalari kam ko‘tariladi.

Endi internetning bu rangli inqiloblarga ta’siriga kelsak, internet bu erda faqat yordamchi komponent sifatida qatnashgan bo‘lishi mumkin. Arablarda boshlangan rangli inqiloblar postsovet respublikalarida ertaroq boshlangan, mana masalan, Latviya, Litva, Estoniyalar 89- 90- yillarda, shunday inqiloblar tufayli erkin demokratik davlatlarga aylanishdi. Gruziya, Ukraina, Qirg‘iziston, 2003, 2004, 2005 yillarga shunday inqiloblarga to‘g‘ri keldi. Mana 2008 yilda Moldaviyada bo‘lib o‘tdi, lekin u erdagi inqilobga internetning aloqasi yo‘q. U erda mobil telefonlari orqali amalga oshirildi. Shuning uchun, O‘zbekistonda xam inqilobni internetsiz xam amalga oshirsa bo‘ladi. Darvoqe, Mo‘g‘ilistonda xam 1992 yilda inqilob demokratiya olib keldi. U paytda internetning o‘zi yo‘q edi.

U.X: Asosiysi, muxolifat axil bo‘lib, birlashishsa bo‘ldi, deng?

A.B: Xa, yana xalqimizda adolat uchun kurash bo‘lishi kerak, xalqimizda poraxo‘rlikka, qashshoqlikka, zo‘ravonlikka, korruptsiyaga, tsenzuraga qarshi g‘azab bo‘lishi kerak, norozilik bo‘lish kerak. O‘zbek xalqida bu narsalar etarli, shuning uchun u erda inqilob qilsa bo‘ladi.

U.X. Biroq xozirgi paytda, arab davlatlaridagi inqiloblarning sababchisi internet ekanligini bilgan boshqa totalitar tuzumlarning egalari, darxol internetdagi aloqa tizimlariga va ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yyuvchi qonunlar qabul qilish xarakatiga tushishdi, xususan Rossiya dumasi mana shunday qonun qabul qilish arafasida. Internetning inqiloblardagi roli xaqida xaqida juda qo‘p gapirildi va bu ortiqcha reklama totalitar tuzum egalarini xarakat qilib kolishga undayapti. Ko‘pchilikning aytishicha, turli mamlakatlarda saytlarni va ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yish amaliyoti ancha oshgan.

A.Boymatov: Na Rossiya va na O‘zbekiston xukumati bu narsalarni to‘xtata olmaydi, chunki u erlarda norozilik kayfiyati kuchli va albatda rangli inqilob bo‘ladi. Xozir dunyo bo‘yicha feysbuk foydalanuvchilari 600 milliondan oshibdi. To‘g‘ri, Rossiyada xozir ular kam, extimol 3 million atrofidadir, lekin bu son ortib boradi so‘zsiz. Ommaviy axborot vositalari davlatning to‘rtinchi xokimiyati bo‘lsa, Internet, xozirda beshinchi xokimiyat darajasiga ko‘tarildi deb o‘ylayman. Demak, bo‘lajak inqiloblarni Putin xam Karimov xam to‘xtata olmaydi.

U.X. Qo‘shilaman fikringizga. Xozir o‘zbekistonning eng chekka qishlog‘iga xam mobil aloqasi kirib borgan, telefon bor joyda esa, internet bor. Juda ko‘p tanishlarimiz va do‘stlarimiz vatanimizning xar qanday xududidan , qo‘l telefoniga o‘rnatilgan Moy mir ijtimoiy tarmog‘ining “mail agent” moslamasi orqali chat aloqasiga chiqishadi. Mobil aloqadagi bu xizmatning narxi, bir daqiqasi 2 sent ekan. Bu postsovet davlatlari ichida emas, evro osiyo xududidagi eng arzon mobil internet! Extimol, o‘zbek muxolifati, O‘zbekiston rasmiylari shubxa bilan qaraydigan feysbukdan chiqib, Rossiya ijtimoiy tarmoqlari orqali xarakat boshlar?

A.B: Xar kanday aloqa vositasi yoki internet faqat yordamchi komponent xolos, asosiysi xali aytganimday odamlarda tuzumga nisbatan norozilik va g‘azab bo‘lishi lozim. Mana shundagina inqiloblar amalga oshadi. Xozir O‘zbekistonda internet foydalanuvchilar 25 foiz bo‘lsa, yana 4, 5 yildan so‘ng 50 foizga chikishi mumkin. Demak, biz bugun muvafaqiyatga erishmasak, 3, 4 yildan so‘ng albatda erishamiz.

U.X: Xorijdagi o‘zbek muxolifatining so‘nggi 2 yil ichida yutuqlari bormi? Bo‘lsa, bu yutuqlarni nimada ko‘rayapsiz?

A. B: O‘zbek muxolifatining yutuqlari ablatda bor. Men misollar keltirishim mumkin. Masalan, Evropa, AQSh va Kanadadagi o‘zbek muxolifatchilari ancha faollashib, xarakatlarini legallashtirishyapti, ya’ni tashkilotlar tuzishib, ularni ro‘yxatdan o‘tkazishyapti. Birdamlik, O‘zbekiston inson xuquqlari tashkiloti, “O‘tyuraklar” klubi, Markaziy Osiyoda inson xuquqlari assotsiatsiyasi kabi tashkilotlar ro‘yxat o‘tdi. Undan tashqari 90 – yillarda fakat Birlik va Erk bo‘lsa, xozir Birdamlik bor, 10 dan ortiq yangi inson xuquqlari tashkilotlari bor. Yana, xozirda muxolifatga tegishli bo‘lgan 30 ga yaqin saytlar bor. Demoqchimanki, O‘zbekistonda internetga tsenzura bekor qilingan kuni, u beshinchi xokimiyatga aylanadi. Chunki 30 saytda 30 nafar jurnalist faoliyat yuritadi degani. Faqatgina O‘sh, Jalolobod qirg‘ini bo‘yicha o‘zbek muxolifatchilari tomonidan dunyoning kamida 10 mamlakatida turli namoishlar o‘tkazdi. bu namoishlardan mingdan ko‘p o‘zbeklar qatnashdi. Bu katta yutuqlardan biri, demak, biz o‘zbeklar zulmga va noxaqlikka qarshi birlasha olamiz.

Yana. O‘zbek muxolifati doim zamonga mos bo‘lgan yangi strategiyalar joriy etib turishi kerak. Biz tashkilotimiz uchun xam 6 yo‘nalishli yangi strategiya ishlab chiqdik. Yana qashshoqlik, korruptsiya, bolalar mexnati bo‘yicha va O‘zbekistonda yig‘ilishlar erkinligi ya’ni ish tashlashlar, mitinglar, piketlar to‘g‘risida qonunlar kabul kilish va bu qonunlar konstitutsiyaga mos kelishi xaqida takliflar kiritganmiz, bu takliflar o‘zbek, rus va ingliz tillariga o‘girilgan. Ya’ni, bu o‘zbek muxolifati uchun tayyor strategiya.

Nazariy baza yaratildi va endi faqat xarakat qilish qoldi.

U.X: Abdujalil aka, mazmunli suxbatingiz uchun tashakkur!

http://yangidunyo.com/?p=18475

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: