Donald Ramsfeld ‘O‘zbekistondagi qirg‘inni xaspo‘shlagan edimi?’- bbc uzbek


24 aprel 2011

Donald Ramsfeld Karimov va boshqa o‘zbek rasmiylari bilan birga

AQShda chop etiladigan “The Atlantic” jurnali Donald Ramsfeld “O‘zbekistondagi qirg‘inni xaspo‘shlagan edimi?” nomli maqola e’lon qilgan.

Amerika sobiq Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld o‘zining “Ma’lum va noma’lum” deb nomlangan kitobida Andijon voqealariga AQSh munosabati “o‘z hukumati tashqi siyosatdagi eng afsuslanarli xatolaridan biri” bo‘lganini yozgandi.

“Markaziy Osiyodagi sobiq Sho‘ro respublikalaridan biri – O‘zbekistonda yuz bergan hodisalarning “nazardan chetda qolishi” hayratlanarli emas”, deydi maqola muallifi Jeyms Kirchik. Ammo, unga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonning shundoq biqinida, strategik muhim erda joylashgan va aynan shu jihatdan 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin uning xalqaro maydondagi ahamiyati ortgandi.

O‘shanda O‘zbekiston hukumati Qo‘shma Shtatlarga sobiq sho‘rolar davrida barpo etilgan, “nurab borayotgan” Xonobod havo bazasidan foydalanishga ruxsat bergandi, deyiladi maqolada.

Shuningdek, maqolada “1991 yil mustaqillikka erishganidan beri sobiq sovet apparatchik Islom Karimov tarafidan boshqarilayotgan O‘zbekistonda” inson huquqlari bo‘yicha vaziyat abgor ekani va Afg‘oniston urushidan keyin ham yaxshilanmagani qo‘shimcha qilinadi.

“Amerika manfaatlari va qadriyatlari o‘rtasidagi tanglik 2005 yil burilish nuqtasiga etdi”, deydi Jeyms Kirchik.

Maqolada O‘zbekiston hukumati Andijon shahrida 23 tadbirkorni hibsga olishi bilan boshlangani, tuzum ularni diniy-ekstremistik tashkilotga aloqadorlikda ayblagani va bunday usul uning ko‘plab muxoliflariga qarshi tez-tez qo‘llanilishi ayitiladi.

“Andijonda minglab qurolsiz namoyishchilar to‘plashgandi, deyiladi maqolada, ular hibslar va hukumatdagi korruptsiya hamda tanish-bilishchilik hollari yuzasidan kattaroq xavotirlarini bildirishgandi”.

“13 may kuni tongda, avvalroq militsiya garnizoniga hujum qilgan qurollilar tadbirkorlar saqlanayotgan qamoqxonani nishonga oladilar, ularni va boshqalarni ozod qiladilar”, deb yozadi maqola muallifi.

Bunga javoban esa, o‘zbek kuchlari katta sondagi namoyishchilarni nishonga oldilar. Hodisada rasman 187 inson nobud bo‘lgani bildirilgan. Nohukumat tashkilotlari xabarlarida esa, qurbonlar soni 1000ga yaqin ekani aytiladi.

“Ammo, Ramsfeldning Andijon fojeasi borasidagi qarashlari aksar xalqaro kuzatuvchilarnikidan farq qiladi”, deydi maqola muallifi.

“Ko‘rinishidan, hujumdan maqsad O‘zbekiston sharqida Islomiy davlat, xalifalik barpo etish harakatida bo‘lgan Islomiy ekstremistik guruh a’zolarini ozod qilish bo‘lgan”, deb yozadi Donald Ramsfeld.

Qirg‘in haqida esa: “Bu keng miqyosda da’vo qilingan va noto‘g‘ri xabar qilinganidek, askarlar begunohlarni qirg‘in qilganiga oid oddiy masala emas edi”, deydi AQSh sobiq mudofaa vaziri.

“Uning versiyasi Karimov tuzuminikidan boshqa, aftidan, barcha tomonlar: inson huquqlari guruhlari, xalqaro matbuot, guvohlar, AQSh josuslik xizmati va hatto Davlat Departamentinikidan farq qiladi”, deydi maqola muallifi.

Ramsfeld janoblarining o‘zi bergan ma’lumotlar ham kitobidagilarga zid tushadi, deyiladi maqolada.

Mudofaa Josuslik Agentligi direktori tomonidan tayyorlangan hujjatga ko‘ra, ko‘pchilikning fikricha, ushbu tadbirkorlar islomiy ekstemistlar emas, jamoa a’zolari bo‘lishgan. Hujjatda ularning ozod etilishi talab qilib, to‘plangan odamlarning Islomiy xalifalik barpo etish istaklari bo‘lmagan, deya xulosa qilingan.

“Odamlarni qo‘zg‘atgan narsa – ekstremistik g‘oyalar emas, abgor ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar va hukumatning repressiv siyosatlariga nisbatan g‘azab va norozilik bo‘lgani ekani, qariyb shubha yo‘q”, deyilgan Mudofaa Josuslik Agentligi direktori Louel Jakobi hisobotida.

“Karimov bu norozilik asosida chuqur adolatsizlik hissi yotganini tushunmaydi”, deb yozgandi Louel Jakobi.

Ramsfeld esa, qayta – qayta qamoqxonaga qilingan hujum Islomiy davlat barpo etish niyatida bo‘lgan odamlar tarafidan amalga oshirilgani borasidagi hukumat da’volarini takrorlaydi.

Maqola muallifi Ramsfeld janoblarining Andijon hodisalari borasidagi fikrlari bilan inson huquqlari guruhlari bayonotlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi. Masalan, Donald Ramsfeld kitobida Andijon voqealari ortidan inson huquqlari tashkilotlari olib borgan tadqiqotlarni hujumga oladi.

Uning aytishicha, namoyishchilar orasida qurolli kishilar bo‘lganini Xyuman Rayts Votch kabi tashkilotlar qayd qilishmagan.

Muallif esa, Donald Ramsfeldning mulohazalari Davlat Departamenti 2005 yil inson huquqlari bo‘yicha chiqargan hisoboti bilan ham mos tushmasligini aytadi va hisobotdan parchalar keltiradi.

“O‘sha uni kechqurun (13 may) qator guvohlar ko‘rsatmalariga ko‘ra, hukumat kuchlari olamonga qarata yoppasiga, ogohlantirmay o‘t ochishgan. Qochayotgan ko‘plab tinch fuqarolar o‘ldirilganiga oid ishonchli xabarlar bor”, deb yoziladi Davlat Departamenti hisobotida.

Shuningdek hisobotda, “askarlar 14 may kuni ham maydonga qaytganlari va o‘lganlar orasida qolib ketgan yaradorlarni qatl qilganlari” bitiladi. “Qator boshqa guvohlarga ko‘ra, hukumat xizmatchilari qurbonlarning jasadlarini yuk mashinalariga ortib olib ketganlari, ularni ko‘plab belgisiz qabrlarga ko‘mishgan”.

Maqolada hisobotda keltirilgan yana boshqa qator ma’lumotlar tilga olinadi.

“Men o‘tgan oy Ramsfeldni interv’yu qilarkanman, deb yozadi muallif, o‘zi ishtirokida tuzilgan Mudofaa Josuslik Agentligi hisoboti haqida so‘radim. Ammo, u qilt etmadi. “Men, albatta, kitobimda yozganlarimga sobitman”, dedi u”.

Donald Ramsfeld o‘z yodnomasida Andijonda yuz bergan xunrezliklar ortidan AQShning O‘zbekistonga nisbatan qabul qilgan siyosati noto‘g‘ri bo‘lgani va buning ortidan Amerika milliy manfaatlariga ziyon etganini aytgan.

Maqola muallifiga ko‘ra, Ramsfeld janoblarining Mudofaa vaziri sifatida O‘zbekiston bilan ijobiy munosabatlar tarafdori bo‘lganligini tushunsa bo‘ladi.

Ya’ni, Afg‘onistondagi urush bilan hisoblashishi kerak bo‘lgan AQSh Mudofaa vazirining asosiy tashvishi inson huquqlari borasidagi hisobotlar bo‘lmagan.

Ammo, muallif Ramsfeldning Andijon masalasida Karimov tuzumi versiyasini to‘tiqushdek takrorlashini Qo‘shma Shtatlar obro‘si yo-da, Afg‘onistondagi manfaatlariga shikast etgani uchun emas, balki o‘z da’volari oqlashga urinish, deya baholaydi.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/04/110424_cy_donald_rumsfeld.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: