Qovoqli, mayizli, zirkli, no‘xatli buxorocha palovga ham navbat etdi – bbc uzbek


18 aprel 2011

Jahonda turli-tuman xalqlar bo‘lgani kabi, ularning milliy o‘zliklarini namoyon qiluvchi taomlarning turi ham shunga yarasha. Kimdir o‘zbekning paloviga hech narsa etmaydi desa, boshqasining nazdida frantsuz taomlarining oldiga tushadigani yo‘q. Yana taomi bo‘ladimi, butunboshli oshxonasi, noyobu betakrorligini da’vo qilib, insoniyat tarixida qolishni istaganlarini ayting. Buyog‘i xo‘randayu oshpazlari qolib, manaman degan davlat rahbarlari ham bahsu madoraga bosh qo‘shib tursa. Ingliz oshxonasini erga urib, boshi baloga qolgan sobiq frantsuz prezidenti Jak Shirakmi yoki milliy taomlarini ko‘z-ko‘z qilib, mamlakati obro‘yini oshirmoqchi bo‘lgan Malayziyami va yo hummusni o‘ziniki qilishga urinib, Ginnesning kitobini rekordlarga boyitgan Falastinu Isroil, buyog‘ini qo‘yavering. Yana chayondan pishirgan kabobimi, xaltadagi palovi, kurakda pishgan go‘shtiyu, pishmagan shilliqqurti bilan hushingizni boshingizdan uchirgan oshxonalarni aytmaysizmi…Xullas, birgina taomning o‘zi siyosatu iqtisod qolib, bir qaynovi ichidagi gaplarni shuuuncha qaynatgandan keyin, biz ham ularning o‘ziga xosliklariga to‘xtalib o‘tmasak hech bo‘lmaydigandek. Yangi “Jahon taomlari” ruknimiz xuddi ana shu maqsadni ko‘zda tutadi. Dunyo xalqlari oshxonasining tanqis va g‘aroyib taomlari bilan tanishmoqchi, osmonga ko‘tarib maqtalgan oshxonalarning siru sinoatlaridan boxabar bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, ruknimizni kuzatib borishni unutmang:

Ruknimizning ilk taomi dunyoning deyarli barcha qit’asida birdek tanavvvul etiluvchi, ammo hamma ko‘kragiga urib, “Eng zo‘ri faqat bizda,” deb da’vo qiluvchi PALOVdir. Ayrim ma’lumotlarga qaralsa, palov hali Iskandar Zulqarnayn davrida baqtriyaliklar dasturxonining shohona taomi bo‘lgan. Palovning otasi esa, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino, degan da’volar ham yo‘q emas. Pishirish uslubiga qarab, palovning turini aytmaysizmi! Nomi-chi, nomi: “Pilaf”, “Pilafi”, “Gamopilafo”, “Chelov”, “Kateh”, “Dami”, “Pulov”, “Pilav”, “Palov”, “Biryoniy”, “Payella”..buyog‘i ketaveradi. Yana milliy o‘ziga xosliklariga qarab, masalliqlarining bir-biridan farqlanishi-chi. Mayiz, no‘xat, bodom, pista mag‘zi, qiyomga botirilgan norinj po‘chog‘i, behi, sholg‘om, limon suvi,..go‘shtu guruchga o‘ziga xos ta’m va ko‘rinish berib tursa. Shunday ekan, hamma o‘ziniki bilan keriluvchi har bir palovning o‘ziga xosliklari nimada? Bu gal buxorocha qovoqli, mayizli, no‘xatli “oq” palovga to‘xtalib o‘tsak:

Buxorocha qovoqli palov

Lozim bo‘lgan masalliqlar (4 kishiga mo‘ljallangan)

1. Kichikroq hajmdagi qovoqning yarmi

2. 3 dona o‘rtacha sabzi

3. 1 dona katta boshpiyoz

4. 200-250 gramm o‘simlik yog‘i

5. Yarim stakan qora (kishmish) va yarim stakan sariq (kishmish) mayiz

6. Bir choy piyola ivitilgan sariq no‘xat

7. 2 oshqoshiq zirk

8. 1 dona garmdori

9. 2.5 choy piyolada guruch (uzun navlisi bo‘lsa, yanada yaxshi)

10. 2 dona tuxum

Ziravorlar

Ta’bga qarab tuz, murch va zira lozim bo‘ladi

Pishirish uslubi

1. Eng avvalo piyoz, sabzi va yarimta qovog‘imizning po‘stini archib, yuvib olamiz. Piyozimizni nafis qilib, parrak-parrak shaklda to‘g‘raymiz. Qovog‘imizni o‘tkir pichoq yordamida to‘rt qismga bo‘lib, har birini yana uch bo‘lakka bo‘lib olamiz. 10-12 tacha bo‘lak hosil bo‘ladi. Keyin esa, sabzini somoncha shaklda to‘g‘rab olamiz. Mayizlarimizni ham “dumcha”laridan tozalab, yaxshilab yuvib tashlaymiz.

2. Shundan so‘ng cho‘yan qozonga yog‘ solib, o‘rtacha olovda biroz qizitamiz. Yog‘iimiz sal qizigach, piyozni solamiz. Piyozning ustidan ozroq tuz va yaxshigina murch solib, muntazam kavlab turgan holda biroz qovuramiz. Piyozimiz sal oltingrang tus olgach, olovni pasaytirib, ustidan qovoq bo‘laklarini terib chiqamiz. Qozonni kavlamagan holda, uning ustidan somoncha shaklida to‘g‘ralgan sabzini solamiz. Kapkir yordamida tekislab olgach, ustidan mayiz, no‘xat va zirkni solib, sabzimiz sal botguncha qaynoq suv solamiz. Ta’bga qarab biroz tuz va zira solib, zirvagimizning ta’mini rostlab olamiz. Bir dona garmdorini ham zirvakka botadigan qilib kiritib qo‘yamiz. Mildirab qaynayotgan zirvagimizni 15 daqiqa xoli qoldiramiz. Bu orada esa, kattaroq idishga guruchimizni solib, biroz tuz solingan iliq suvda 15 daqiqa ivitishga qo‘yamiz.

3. Oradan 15 daqiqa o‘tgach, guruchimizni oqib turgan iliq suv ostida bir necha marta yuvib tashlaymiz. Garmdorini zirvakdan chiqarib olib, bir chetga olib qo‘yamiz. Guruchimizning suvini yaxshilab silqitib, qozonda mildirib qaynab turgan zirvak ustiga bir tekis qilib yoyib chiqamiz. So‘ngra ustidan ikki barmoq bo‘g‘ini miqdorida qaynab turgan suv solib, olovni balandlatamiz. Yana bir bor tuzini rostlab olamiz. Qozondagi guruchimizning bir xilda qaynashiga ko‘z-quloq bo‘lib turgan holda suvini tortishini kutamiz. Guruch suvini butkul tortib bo‘lgach, o‘rtaga yig‘ib, kapkirning dastasi bilan ehtiyot bo‘lib chuqurchalar yasab olamiz. Bir choyqoshiqcha zirani kaftimizda maydalab ezib, guruchning ustidan sochib yuboramiz. Garmdorimizni guruchning bir chetiga qo‘yamiz. Qopqoqqa toza sochiq yoki dasturxoncha o‘rab, qozonimizning qopqog‘ini zich qilib berkitamiz. Olovni pastlatib, 20 daqiqa damga qo‘yamiz.

4. Bu orada ikki dona tuxumni sarig‘i pishguncha yaxshilab qaynatamiz. So‘ngra po‘chog‘ini archib, o‘zimizga yoqqan shaklda to‘g‘rab olamiz. Palovimiz dam eb bo‘lgach, avval guruch, so‘ngra sabzi va eng ustidan qovoqlarimizni solgan holda, ustma-usti suzib olamiz va tuxum bo‘laklari bilan bezatamiz. Tayyor oshni o‘zingiz yoqtirgan salat bilan birga dasturxonga tortasiz.

Agar sizda palov pishirishning o‘ziga xos yo‘llari bo‘lsa, ularni biz bilan o‘rtoqlashing. Biz ularni “Jahon taomlari” ruknimiz ostida chop etib, boshqalar bilan ham baham ko‘ramiz.

Bundan tashqari, Siz palovning asli kimniki, deb o‘ylaysiz? Retseptlarimiz bilan tanishib borish jarayonida bizga bu boradagi fikru mulohazalaringizni yozib yuborishni unutmang:

Maktubingizni bbcuzbek.com ga yo‘llang.

Bizning elektron manzilimiz : uzbek@bbc.co.uk ga maktub jo‘natishingiz yo-da sahifaning ostidagi maxsus forma orqali fikrlaringizni bildirishingiz mumkin.

Biz sizning maktubingizni kutib qolamiz!

http://www.bbc.co.uk/uzbek/interactivity/2011/04/110418_cy_world_cuisine_bukhara_plov.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: