O‘zbekistonda aksilhukumat namoyishlariga chaqirgan guruh faoliyati tekshirilmoqda – bbc uzbek


18 aprel 2011

O‘zbekistondan olingan xabarga ko‘ra, xavfsizlik idoralari avvalroq internetda aksilhukumat namoyishlariga da’vat bilan chiqqan guruh faoliyatini tekshirishni boshlashgan.

Nomi oshkor etilishini istamagan o‘zbekistonlik faollardan birining Bi-bi-siga aytishicha, u Milliy Xavfsizlik Xizmatiga chaqirilib, “Etar!” nomli tashkilotga a’zo yoki emasligi borasida savolga tutilgan.

Ushbu tashkilot kuni-kecha internet orqali 1 iyul kuni O‘zbekistonda ommaviy namoyishlar o‘tkazib, prezident Islom Karimovning iste’fosini talab etish rejasini e’lon qilgan edi.

“Etar” internet tarmoqlarida o‘zini 20-25 chog‘li o‘zbekistonlik yoshlardan iborat harakat sifatida taqdim etadi va maqsadlari prezident Karimovni tinch yo‘l bilan hokimiyatdan chetlatish ekanini bayon qiladi.

Arab inqiloblarining O‘zbekistonga ta’sirini o‘rgangan Toshkentdagi mustaqil Ekspert Ishchi Guruhidan Suhrob Ismoilovga ko‘ra, bu kabi harakatlarning ortida kim turganligini aniq aytish qiyin.

“Lekin ularni, shubhasiz, Arab davlatlarida yuz berayotgan voqealardan ilhomlanib, shunga o‘xshash sharoitlarda O‘zbekistonda ham hokimiyatni almashtirishga urinib ko‘rishga bo‘lgan bir harakat desak bo‘ladi,” deydi tahlilchi:

Suhrob Ismoilovning aytishicha, so‘nggi paytlarda turli xil nomlar ostida bayonotlarning e’lon qilinayotgani, O‘zbekistondagi vaziyatni baholash, xulosa chiqarish va ularni ommalashtirishga qaratilgan o‘zbek tilidagi turli xil veb sahifalarning ko‘payib qolganligi – ularning ortida bitta guruh yoki avvaldan kelishib olgan bir necha guruh turgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarga ham etaklaydi.

Tahlilchiga ko‘ra, “bu kabi bayonotlarni puxta o‘ylangan, O‘zbekistonning ichkarisidagi tashkilotchilik ishlariga, inson resurslariga, omma bilan ishlash mexanizmlariga tayangan deb aytib bo‘lmaydi va ular ko‘proq tavakkalchilik printsipi asosida berilgan”.

Suhrob Ismoilov, yana, bunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqayotganlar O‘zbekiston bilan qiziqadigan dunyo geopolitik kuchlarining mavqei ham bu masalada muayyan rolь o‘ynashini nazardan qochirganliklarini aytadi.

Tahlilchi bu kabi bayonotlardan O‘zbekiston hukumati to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavotirga tushib qolmagan bo‘lsa ham, o‘zlariga ma’lum bo‘lgan omillar va faoliyatlariga bo‘layotgan munosabatlardan bunday ehtimolni butkul nazardan soqit etib bo‘lmasligini aytadi.

Ammo u O‘zbekistondagi siyosiy tuzum joriy paytda mavjud vaziyatni konservatsiya holida ushlashga layoqatli ekanini ham urg‘ulaydi.

Mahalliy tahlilchi, o‘z o‘rnida, oxirgi kuzatuvlariga tayanib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqining siyosiy rejimdan ko‘ngli qolayotgani kuzatilayotganini aytadi.

“Hukumatning va’da qilgan ko‘p islohotlari ro‘yobga chiqmayotganligini ko‘rgan oddiy xalq bundan hafsalasi pir bo‘layapti va bu narsa noroziliklarga aylanayapti,” deydi u.

Ayni paytda Shvetsiyadagi mustaqil Yangidunyo nuqta kom sahifasida o‘zbekistonliklarni prezident Islom Karimov tuzumiga bo‘ysunmaslikka chaqiruvchi yana bir bayonot paydo bo‘lgan.

Bayonotda, “xalqqa qarshi bo‘lgan hukumatga boykot e’lon qilish, prezident Karimovning so‘zsiz iste’fosi talabi bilan hukumatga bo‘ysunmaslikka qaratilgan umumxalq kampaniyasini boshlash zarurligi” aytiladi.

Sahifa muharriri Yusuf Rasulga ko‘ra, veb sahifalarida e’lon qilingan bayonot o‘z ism-shariflarini e’lon qilishni istamagan O‘zbek muxolifati vakillari va o‘zbekistonlik inson huquqlari faollaridan iborat guruhga tegishlidir.

Yusuf Rasul, o‘z o‘rnida, yangi tashkiliy guruhning “Birlik” yoki “Erk” partiyasiga umuman aloqasi yo‘qligi va muxolifatchilar ichidan paydo bo‘lgan yangi tashkilot ekanini aytadi.

Uning bildirishicha, hozircha o‘zlarini oshkor qilishni istamayotgan guruh a’zolari O‘zbekistondagi siyosat va mavjud voqeilikni yaxshi tushunadigan, tahlil qila oladigan etuk siyosatchilardan iboratdir.

Internetdagi bu kabi chaqiriqlar ortida biron aniq harakat bormi, degan savolimizga veb sahifa muharriri mana bunday deb javob beradi:

O‘tgan hafta O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi “fojiali voqealar va ularning boshqa mintaqalarga ehtimoliy ta’sirini” muhokama qilishgani ham xabar berilgandi.

Ammo prezident Islom Karimovning o‘zi hozirga qadar Shimoliy Afrikada boshlanib, Yaqin Sharqqa yoyilgan xalq g‘alayonlari haqida hech qanday ochiq bayonot bilan chiqmagan.

Tahlilchilar ham Rossiya va ham O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy vaziyatni nazarda tutib, arab dunyosidagi kabi qo‘zg‘olonlar uchun sharoit mavjud ekanini nazardan soqit etishmaydi.

2005 yilning 13 may kuni ijtimoiy, iqtisodiy islohotlar talabi bilan Andijonda o‘tkazilgan O‘zbekiston mustaqilligi tarixidagi eng yirik ommaviy namoyishlar esa, kuch bilan bostirilgandi.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/04/110418_cy_uzbekistan_new_group.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: