Karimov va Medvedev arab dunyosidagi qo‘zg‘olonlarni muhokama qilishgan – bbc uzbek


Medvedev ham, Karimov ham arab dunyosidagi qo‘zg‘olonlarning o‘z davlatlarida takrorlanishini istashmaydi
Kreml matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, seshanba kungi telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi “fojiali voqealar va ularning boshqa mintaqalarga ehtimoliy ta’sirini” muhokama qilishgan.

Muloqot qaysi tomonning tashabbusi bilan o‘tkazilgani xabar qilinmaydi.

Ikki davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatning “aniq jihatlarini” ham mubohasa etishgani aytilgan, ammo rasmiy xabarda asosiy e’tibor arab dunyosidagi voqealarga qaratilgani urg‘ulanadi.

Islom Karimov hozirga qadar Shimoliy Afrikada boshlanib, Yaqin Sharqqa yoyilgan xalq g‘alayonlari haqida hech qanday ochiq bayonot bilan chiqmagan.

Ammo avvalroq o‘zbekistonliklarni hozirgi “o‘ta notinch davrda” mamlakatdagi tinchlik va osudalikni qadrlashga chaqirgandi.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Toshkentda o‘tgan rasmiy marosimda gapirgan janob Karimov O‘zbekiston mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarni ko‘z qorachig‘idek asrash va sezgir bo‘lish haqida ogohlantirgan.

“El-yurtimiz nimaiki natijalarni qo‘lga kiritmasin, bularning barchasi yurtimizda tobora mustahkam bo‘lib borayotgan tinchlik va osudalik, millatlar, dinlar va fuqarolararo totuvlik va ahillik, bir-birimizga hurmat va ehtirom hisobidan, desak, o‘ylaymanki, hech qanday xato bo‘lmaydi”, deb aytgan Prezident Karimov.

Prezident Medvedev esa, arab dunyosidagi voqealar Yaqin Sharqdagi vaziyatni “izdan chiqarishi” mumkinligidan xavotir bildirgan.

Unga ko‘ra, so‘nggi tartibsizliklar mintaqada o‘ta murakkab voqealarni yuzaga keltirishi hamda ekstremistlarning hokimiyatga kelishiga yo‘l ochishi mukin.

“Ular oldinroq xuddi shunday stsenariyni Rossiya uchun ham tayyorlashgandi. Ayniqsa, endilikda ular biz uchun bunday stsenariyni amalda tayyorlashga urinishadi. Qanday bo‘lmasin, bunday urinishlar bizda o‘tmaydi,”- deb aytgan Dmitriy Medvedev.

Inqiloblar qo‘rquvi
Tahlilchilar ham Rossiya va ham O‘zbekistonda arab dunyosidagi kabi qo‘zg‘olonlar uchun sharoit mavjud ekanini aytishadi.

Kreml tanqidchilari, agar hozirgi siyosat o‘zgarmasa, Rossiya ham katta noroziliklar sahnasiga aylanishi mumkinligini urg‘ulaydilar.

Bosh vazir Vladimir Putin xalqaro hamjamiyat Arab dunyosidagi g‘alayonlarga aralashmasligi va ularning demokratiya yo‘liga o‘tishlarini tezlashtirishga urinmasligi lozimligini aytgan.

Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari markazi esa O‘zbekistondagi norozilik Liviyadagi kabi tus olishi mumkinligini aytgan.

“Memorial” ga ko‘ra, O‘zbekistonda siyosiy repressiyalar kuchaygan va Islom Karimov hokimiyatda qolish uchun Liviya rahbari Muammar Qaddofiy singari “o‘z xalqiga qarshi jang qilish”dan ham qaytmaydi.

Inson huquqlari guruhining aytishicha, voqealarning bu kabi rivojlanishi mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonning davlat matbuoti arab dunyosidagi voqealarni “boshboshdoqlik” sifatida tasvirlagan.

Voqealar ortidan hukumat jurnalistlarning xorijiy davlatlar elchixonalari bilan aloqalarini cheklagani va mobil aloqasi hamda internet ustidan nazoratni kuchaytirgani haqida xabarlar olingan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/04/110413_cy_karimov_medvedev.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: