O‘zbekiston va Ovro‘po Ittifoqi muloqoti yashirin tus olmoqdami? – bbc uzbek


10 aprel 2011

Andijon xunrezligi ortidan kiritgan jazo choralari ish bermagan Ovro‘po Ittifoqi endi O‘zbekiston bilan muloqot yo‘lini tanlagan.

Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi muloqotlarning yopiq eshiklar ortida o‘tayotgani Toshkentdagi inson huquqlari faollarini xavotirga sola boshlagan.

“Ekspert” Ishchi Guruhi bu borada maxsus bayonot bilan chiqib, Bryussel va Toshkent o‘rtasidagi muloqot tafsilotlaridan O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati yaratish tarafdorlari bexabar qolishmoqda, deya qayd etgan.

2005 yilgi Andijon xunrezligi ortidan Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga qarshi qo‘llagan jazo choralari ish bermagan. So‘nggi yillari esa Bryussel vakillari Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqib, yakkahokim boshqaruv amal qilayotgan, ammo neft-gazga boy hamda tobora geostrategik jihatdan muhimligi oshib borayotgan bu mintaqa bilan muloqot o‘tkazish yo‘lini tanlashgan.

Lekin O‘zbekistondagi faollar mamlakatda hamon inson haq-huquqlari toptalayotgani va ahvolni o‘nglash borasida hukumat etarlicha ish qilmayotganini aytishadi. Ularning firkicha, G‘arb o‘zining geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlarini o‘ylab, abgor holatga ko‘z yumayapti.

Ammo bugun G‘arbda yashayotgan asli o‘zbekistonlik siyosatshunos Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi bugun Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti mutaxassislarini O‘zbekistonga jo‘natib, bu mamlakatdagi bolalar mehnatiga oid ahvolni o‘rganmoqchi.

“To‘g‘ri, Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistondagi vaziyat va internetga ko‘rsatilayotgan bosimlarga ko‘z yumayapti” – deb davom etadi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev -“Chunki Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va u erda muayyan infratuzilmani rivojlantirish uchun Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonning ishtirokini kuchaytirmoqchi”.

“Biroq Ovro‘po Ittifoqi o‘zining Afg‘oniston va Markaziy Osiyodagi manfaatlarini hisobga olib, Andijon xunrezligi, inson huquqlari ahvoli kabi masalalarni ko‘tarmayapti” – deydi siyosatshunos -“Yoki ko‘targanda ham ularni ikkinchi o‘ringa qo‘ymoqda”.

Darhaqiqat, Pokiston orqali Afg‘oniston janubiga boradigan ta’minot yo‘li so‘nggi yillari tez-tez isyonkorlar hujumlariga tutilmoqda. Bu manzarada esa O‘zbekiston orqali o‘tadigan shimoliy ta’minoti yo‘li ahamiyati oshayotir.

Hozir O‘zbekiston Termezdan Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga temir yo‘l qurmoqda. Yoqilg‘i va boshqa strategik ashyolar o‘tishi nuqtai nazaridan Termez-Hayraton chegara maskani allaqachon Afg‘oniston uchun eng muhim nuqta sanaladi.

Bir necha yil oldin Islom Karimov Bryusselga tashrif buyurgan va bu voqelik xalqaro inson huquqlari doiralarida keng tanqid qilingandi.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, aslida, ana shu safar ham etarlicha samara bermagan va O‘zbekiston ovro‘polik sarmoyachilarni o‘zi istagan darajada jalb eta bilmagan.

“Prezident Karimov shu safardan qaytishi bilanoq, tranzit narxlarini keskin oshirdi va O‘zbekistondagi Ovro‘po shirkatlariga ma’lum darajada bosimlar o‘tkazildi” – deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

Uning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi diplomatik yo‘llarni ishga solib, shu orqali kelajakda Toshkentga ta’sir o‘tkazish vositalarini qo‘lga kiritishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/04/110410_eu_uzbekistan.shtml

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: