Ezgulik: Arab davlatida o‘qigan imomlar ishdan olinmoqda – ozodlik.org


O‘zbekistonlik huquq faollari kuzatuvicha, mamlakatda hademay yuzlab namozxon iqtido qiladigan masjid imomlari o‘rnida faqatgina O‘zbekiston diniy muassasalarida tahsil olgan dindorlar qoladi.

11.04.2011

Barno Anvar

Toshkent shahrida arab davlatlarida o‘qib kelgan va shu kunlarda shahardagi masjidlarda imomlik qilayotgan dindorlar lavozimidan chetlashtirilmoqda. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati va toshkentlik ba’zi dindorlarning Ozodlikka aytishicha, bu arab davlatlari sodir bo‘lgan g‘alayonlardan so‘ng hukumat ko‘rayotgan ehtiyot choralardan biridir.

Arab dunyosini ostin-ustun qilib avval Tunis va Misrda keyin esa boshqa arab davlatlarida sodir bo‘lgan xalq g‘alayonlari ortidan Toshkent shahridagi bir necha masjid – jumladan, “Jo‘rabek”, “Yalang‘och” masjidlarining Saudiya Arabistonida tahsil olgan imomlari ishdan olingan.

Bu haqda xabar qilgan Ezgulik jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, imomlarning ishdan olinganiga oid konkret ma’lumotlar biroz muqaddam tashkilotga kelib tushgan.

– To‘rtta-beshta shaxslar bilan bog‘liq ma’lumotlar bizga ma’lum. Ularning hammasi arab mamlakatlari — Misr, Liviya, Saudiya Arabistoni singari mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, diniy ulamo darajasiga etib, bu erda imomlik qilgan yoki bo‘lmasa mudarrislik qilayotgan shaxslardan iborat. Endi bular islom institutini, Toshkentdagi Jo‘rabek masjidini, undan tashqari Toshkentning Visokovoltniy degan dahasida bir masjid bor, o‘shaning imomlari shunaqa holatga tushgan. Ya’ni ular hozirda lavozimidan chetlatilgan, deydi Abdurahmon Tashanov.

Ezgulik jamiyati bergan xabarga ko‘ra, Toshkent Islom instituti prorektori Saidjamol Masayidov va shahardagi nomi tilga olingan masjidlar imomlari Najmiddin Hasanov, Jabborali Nurmatovlar O‘zbekiston hukumatining arab dunyosidagi g‘alayonlardan so‘ng ko‘rayotgan ehtiyot chorasi tufayli ishdan quruq qolgan ilk kishilardir.

Tashkilot taxminicha, bu jarayon yana davom etishi kutilmoqda.

– Arab isyonlaridan keyin hukumat o‘ziga xavf solishi mumkin bo‘lgan har xil shaxslardan, boshqalardan qutulish, ularni zararsizlantirish, har xil ehtiyot choralarini ko‘rish maqsadida, menimcha bu narsalarni amalga oshirdi. Lekin umumiy ma’noda qaraydigan bo‘lsak masalaga, umuman dindorlarga nisbatan munosabat keyingi paytda O‘zbekistonda juda ham o‘zgardi va bu narsa umumiy kampaniyaning navbatdagi bir qismi, deydi Ezgulik faoli.

Ezgulik tashkiloti tarqatgan bu xabar bo‘yicha hozirga qadar O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi va Musulmonlari idorasida biror rasmiy izoh bergani yo‘q.

Ammo, bu jarayonni Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan bir necha dindor ham tasdiqladi.

Ulardan biri Abdulloh o‘zi qatnab turadigan “Yong‘oq” masjidi imomi bilan bog‘liq holni tilga olar ekan, u ham asosan Toshkent shahrida kuzatilayotgan bu jarayon sababini arab dunyosidagi g‘alayonlar bilan bog‘ladi.

– Sal oldinroq “Yong‘oq” masjidiga imomlik qilgan qori bor edi, ular ham Misrda ilm olgan ekanlar. Ularni ham olib tashlashgan. Ancha bo‘lgan bu narsa boshlanganiga. Aytmoqchi bo‘lganim, bu dindorlarga qarshi bosimni oxirgi bosqichi deb o‘ylayman. O‘zi boshqa hech kim ham qolmadi teradigan. Daraxtning ildizi bo‘ladida bular. Oxirgi nuqtasi. Ildiz otib ketmasin deb shu ildizni ham chopishayapti menimcha, deydi toshkentlik dindor Abdulloh.

O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida Toshkent shahridagi Misr til o‘rgatish markazi va bu markazning yirik universitet hamda institut talabalari uchun uyushtirgan mashg‘ulotlari ortidan Misrga borib tahsil olib kelgan talabalar ko‘pchilik bo‘lgan edi.

Buni yaxshi xotirlagan Abdulloh hozir o‘sha ilmi toliblarning ko‘pchiligi shahar masjidlarida imomlik qilayotgani haqida so‘zladi.

– Sizga nima desam bo‘larkan, Misrga borib o‘qiganlar 1995-1996 yilda borganlarda. O‘sha paytda bemalol edi. Davlat tomonidan ketganlar bor, o‘zi ketib o‘qiganlar bor. U paytlar bunaqa juda vahimali dinga qarshi ishlar bo‘lmayotgan paytlar edi. Bular o‘sha paytda foydalanib, ilm olib kelgan odamlar. O‘shalar hozir ko‘p masjidlarda imomlik qilishayapti. Hozir o‘shalarga ham yo‘l berishmayapti, deydi toshkentlik dindorlardan biri Abdulloh.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatda shu kunlarda Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan Abdulla Azim Misr g‘alayonlaridan so‘ng hukumatning tekin samolyotida O‘zbekistonga qaytgan 200 ga yaqin o‘zbekistonlikdan 4 nafari hibsga olinib, so‘ngra qo‘yib yuborilgani haqida eshitgani bir ma’lumotni tilga oldi.

– Misrda o‘qib yurgan birodarimizdan ma’lumot keldi. 200 taga yaqin odamni olib ketishgan va O‘zbekistonni aeroportida uch-to‘rttasini olib qolishgan. Keyin ularni ham so‘roq qilib qo‘yvorishgan, deb eshitdik. O‘zi hukumatni ro‘yxatida turadigan odamlar bor yoki Misrda ham hukumatning odamlari bor. Ular shu Misrda yurgan paytida biror yomon ma’lumot bergan bo‘lsa, borgandan keyin so‘roq qilishgan, menimcha, dedi Abdulla Azim.

Qo‘shimcha qilish joiz, bir necha kun bu haqdagi xabar Ozodlikning elektron manziliga ham kelib tushgan edi. Shu kunga qadar bu borada ham Toshkent rasmiylarining biror bir rasmiy izohiga guvoh bo‘lmadik.

Ammo, Misrda tahsil olayotgan va Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan o‘zbekistonliklardan birining so‘zlariga ko‘ra, hukumatning bepul uchog‘ida Toshkentga ketgan hamyurt talaba tanishlaridan birortasi hali ortga qaytmagan va qaytish istagidan ham so‘z ochmagan.

Ezgulik jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov aarab davlatlarida avval yoki shu kunlarda tahsil olganlar mamlakatda dindorlarga qarshi borayotgan ko‘p yillik repressiyaning navbatdagi qurbonlariga aylanishi mumkinligidan xavotirga tushib qolgan.

– Hozir ishdan bo‘shagan imomlar ham oson qutulganiga shukr qilib turishibdi, deydi huquq faoli bu imomlarning suhbatlardan xulosa qilib.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/3553903.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: