O‘zA, Madina Umarova, 06.04.2011
Mamlakatimiz o‘zining tarixiy obidalari, betakror madaniyati va an’analari, go‘zal tabiati va zamonaviy shaharlari bilan sayyohlarni maftun etmoqda. O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlari bilan qiziqdi.
Oktavio Uerta (Ispaniya):
– «Catalunya» sayyohlik kompaniyasi vakiliman. O‘zbekistonga xizmat safari bilan keldim. Toshkentni tomosha qilar ekanman, ispaniyalik ko‘plab sayyohlarni uchratdim. Yurtdoshlarim bilan suhbatlashish chog‘ida mamlakatingiz, xalqingiz haqida juda ko‘p samimiy so‘zlarni eshitdim. Xususan, O‘zbekistonning tarovatli tabiati, ayniqsa, bu yerda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayot, insonlardagi samimiylik sayyohlarda katta taassurot qoldirishi tabiiy.
O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari, yurtingizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, Ispaniyada Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Marg‘ilon kabi shaharlarni ko‘rishga orzumand kishilar g‘oyat ko‘p. Istagim – mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sayyohlik sohasidagi aloqalar boshqa jabhalar kabi izchil rivojlanaversin.
Klemens Mazo xonim (Fransiya):
– O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman. Chunki bu ajib diyorning asrlar mobaynida sayqallangan betakror an’analari va qadriyatlarini nihoyatda e’zozlayman. Menga go‘zal va betakror, zamonaviy poytaxtingiz, ayniqsa, Toshkent metrosi o‘zining ozodaligi, yo‘lovchilar uchun g‘oyat qulayligi va ko‘rkamligi bilan yoqadi. Ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Lekin hech bir yerda bunday orasta yer osti transport vositasini ko‘rmaganman. O‘zbekiston yoshlarining keksalarga hurmati meni juda quvontiradi.
Gans Byurger (Germaniya):
– Yurtingiz har faslda go‘zal, maftunkor. Poytaxtingizda ikki yil avval mehmon bo‘lgan edim. O‘tgan qisqa vaqtda bu yerda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganini ko‘rdim. O‘shanda oltin kuz Toshkentga o‘zgacha joziba baxsh etganining guvohi bo‘lganman. Shahringizga bu gal kelganimda bahorning iliq tafti ufurib turganini his etdim. Yangilanish va yasharish faslining yurtingiz chiroyi bilan uyg‘unlashuvi meni quvontirdi.
Toshkent bozorlarida istalgan mahsulotni topish mumkin.
Aytish joizki, ko‘plab millat va elat vakillari ahil-inoq, farovon, osuda va tinch-totuv hayot kechirayotgani – O‘zbekistonda barcha millatlarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibordan dalolatdir.
Rashad Magid (Saudiya Arabistoni):
– Kasbim iqtisodchi bo‘lsa-da, san’atga juda qiziqaman. Qaysi davlatga bormay, o‘sha mamlakat milliy cholg‘u asbobini esdalik uchun xarid qilishga odatlanganman. Bu yerdan o‘zbek milliy cholg‘u asboblaridan biri – doira sotib oldim. Tan olish kerak, o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari, betakror navolari bugun dunyo xalqlarini o‘ziga ohanrabodek maftun etmoqda. O‘zbekona raqs o‘ziga xosligi va jozibadorligi bilan ajralib turadi. Dillarni oshufta qiluvchi o‘zbek san’atiga mehrim juda baland.
O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. O‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat asosiga qurilgan ikki tomonlama aloqalarimiz yanada rivojlanib boraverishiga ishonaman.
http://uza.uz/uz/society/16608/
Leave a Reply