Toshkentda diniy adabiyot sotadigan yagona majmua yopildi – ozodlik.org


Ichiga 20 ga yaqin do‘kon joylashtirilgan bu savdo majmuasi Toshkent shahrida diniy adabiyotlar sotadigan yagona maskan edi.

28.03.2011

Barno Anvar

O‘tgan hafta “Kitoblar dunyosi” savdo majmuasida joylashgan 20 ga yaqin do‘kon eshigiga qulf solinib, muhr bosildi.

Toshkent shahridagi “Kitoblar dunyosi” nomli yagona diniy adabiyotlar sotiladigan savdo majmuasida joylashgan 20ga yaqin do‘konga reyd uyushtirildi va tekshiruvdan so‘ng majmua yopib qo‘yildi.

Voqea guvohlarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 23 mart kuni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiylaridan iborat guruh kutilmaganda majmuaga kirib kelgan va ayrim kitob do‘konlarini tekshiruvdan o‘tkazgan.

Do‘kon eshiklariga bosilgan muhr.

Kitob do‘konlari egalari bilan yaqin aloqada bo‘lgan toshkentlik dindorlardan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, reyd chog‘ida O‘zbekistonda nashri to‘xtatilgan bir necha diniy adabiyot qidirilgan.

– Kutilmaganda kelgan reydchilar, asosan, ikkita kitob – “Muqaddas oylar” va “Mustajob duolar”, degan kitoblarni qidirgan. Bu kitoblarning nashri O‘zbekistonda to‘xtatilgan edi. Lekin kimdir mustaqil ravishda bu kitoblarni chop ettirgan emish va reydga kelishganda shu kitobni qidirishgan, deydi xavfsizlik nuqtai-nazaridan o‘z ismi oshkor etilishini istamagan suhbatdoshimiz.

Savdo majmuasidagi yigirmaga yaqin do‘kon egalaridan ba’zilari o‘ziga navbat kelgunicha, do‘konini yopib chiqib ketishga ulgurgan. Lekin ulgurmaganlarning do‘konlari alohida-alohida tekshirilgan va toshkentlik manbaga ko‘ra, ba’zi do‘konlardan pul ham musodara qilingan.

– Keyin esa reydchilar majmua eshigiga muhr urilgan qog‘ozni yopishtirgan va qolgan do‘konlarni tekshirish uchun yana kelamiz, deb ketishgan, deydi Ozodlik bog‘langan manba.

Suhbatdoshimizga ko‘ra,  hukumat ruxsati bilan qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan va savdogarlari o‘ta ehtiyotkor bo‘lgan bu majmuaning yopib qo‘yilishi ortida diniy adabiyotlar savdosini cheklash maqsadi turgani taxmin etilmoqda.

Shuningdek, do‘kondorlarga yaqin manbalardan birining Ozodlikka yo‘llagan maktubida aytilishicha, biroz oldin sotuvchilar orasida shunga ishorat beradigan gap tarqalgan.

Ayrim do‘konlarga “milliy xavfsizlik organlari ro‘yxatida turadigan va u bilan qo‘lga tushgan taqdirda uzoq yillik qamoq jazosiga sabab bo‘ladigan ma’lumotlar yozilgan bir qancha disklar”ni tashlab ketish urinishlari bo‘lgan.

– Notanish bir kishi kelganda shunaqa taklif bilan. Ammo do‘kondorlar juda ehtiyotkor bo‘lib qolishgan va “Yo‘q, aka bizga bunaqa disklar taqiqlangan”, deb u narsalarni olishmapti, deydi toshkentlik manba.

Unga ko‘ra, hozir o‘zbekistonlik dindorlar orasida “noqonuniy disket” degan tushuncha juda yaxshi shakllangan va bu ro‘yxatda hukumat ta’qibiga uchragan hamda O‘zbekistonda nomini tilga olish ham juda katta xavfga aylangan bir necha shaxslar ma’ruzalari yozilgan disklar bor.

– Noqonuniy disket, deganda birinchi o‘rinda biz Abduvali qori, keyin esa Obid qorini tushunamiz. Yana qirg‘izistonlik Muhammad Rafiq qori, qozog‘istonlik Rinat qori, qirg‘izistonlik Abdulloh qori nomlarini tushunamiz. Hozir Xayrulla Hamidovning disklarini sotish ham taqiqlangan, deydi bu suhbatdoshimiz.

Ozodlik bilan suhbatga rozi bo‘lmagan ayrim do‘kondorlarga ko‘ra, dushanba kuni majmua ochilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

“Kitoblar dunyosi” savdo majmuasi bundan ikki yilcha muqaddam ochilgan va bu erdagi do‘kondorlar bundan avval Xo‘ja Ahror Valiy masjidi yonidagi diniy kitoblar rastasida savdo qilar edi.

– U rastalaram nega yopilganini bilmaymiz. Balki soni ko‘payib ketgani uchun, juda gavjumlashib kettgani uchun yopishgandir, yana ham Olloh biladi, deydi Toshkentdagi diniy adabiyotlar sotiladigan kitob do‘konlari taqdirini kuzatayotgan, shaxsiga oid ma’lumotlarimizni oshkor qilmasligini so‘ragan suhbatdoshimiz.

Boshqa manbalarga ko‘ra, bu rastalarda O‘zbekiston nashriyotlarida oz nusxalarda chop etilgan va keyin ba’zi shaxslar tomonidan mustaqil ravishda ko‘paytirilgan kitoblar savdosi kuchaygani ham uning yopib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Biroq bu haqda hozircha rasmiy idoralar biror izoh bergan emas. Ozodlik Toshkent shahridagi “Kitoblar dunyosi” nomli yagona diniy adabiyotlar sotiladigan savdo majmuasida joylashgan yigirmaga yaqin do‘konga reyd uyushtirilgani ortidan majmuaning yopib qo‘yilgani yuzasidan O‘zbekistondagi tegishli idoralar munosabatini o‘rganishga urinmoqda. Ammo hozircha rasmiylar bu haqda biror izoh berishdan o‘zlarini olib qochmoqdalar.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/3539410.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: