Zayniddin Asqarov o‘limida Turkiya sobiq hukumati ayblanmoqda – ozodlik.org


Advokat fikricha, Asqarov o‘limi uchun javobgarlik Turkiya sobiq Bosh vaziri va prezidenti Sulaymon Demiral zimmasiga tushadi.

03.12.2010

Abdulla Iskandar

Yaqinda O‘zbekiston qamoqxonasidan o‘ligi chiqqan e’tiqod mahbusi Zayniddin Asqarovning Turkiyadagi advokati Guldan So‘nmaz, Asqarovni deportatsiya qilgan Anqara mulozimlarini mahkamaga berdi. Unga ko‘ra, Zayniddin Asqarov o‘limida, uni Toshkent qo‘liga topshirgan Turkiya hukumati aybdor.

Turkiyadagi “Mazlumlar” tashkiloti vakili, advokat Guldan So‘nmaz 1999 yilda Zayniddin Asqarov himoyasi bilan shug‘ullangan edi.

2010 yilda O‘zbekiston islomiy harakati etakchilaridan biri deb ko‘rilgan Zayniddin Asqarovning qamoqdan o‘ligi chiqqani haqidagi xabar masalaga qayta nazar tashlash ehtiyojini uyg‘otdi.

“Agar 1999 yilda Turkiya hukumati Evropa ittifoqi mahkamasi va inson huquqi faollari yoxud Asqarovni himoya qilgan mening ovozimga quloq berganida edi, balki marhum bugun ozodlikda yurgan bo‘larmidi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Turkiyadagi “Mazlumlar” tashkiloti vakili Guldan So‘nmaz.

– Bundan 10 yil oldin Turkiya O‘zbekistonga deportatsiya qilgan Asqarov Zayniddin Abdurasulovichning qamoqda o‘ldirilishi yuzasidan asosiy mas’uliyat Turkiyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Sulaymon Demiral va Vazirlar mahkamasi zimmasida, deb bilamiz.

Shu bois bu yuzadan aybdor bo‘lganlar jazolansin, deya Turkiya mahkamasiga da’vo arizasi topshirdik.

Biz Asqarov o‘limining ikki sababchisi bor deb bilamiz. Birinchisi, bu Karimov turmasidagi surunkali qiynoq oqibati. Ikkinchisi esa, uni O‘zbekistonga ushlab bergan Turkiya jumhuriyati.

Ozodlik: Guldan xonim, yanglishmasam, siz 1999 yilda Zayniddin Asqarov Turkiya turmasida bo‘lganida uning advokati bo‘lgansiz, to‘g‘rimi?

– Ha, to‘g‘ri, marhum 1999 yili aeroportda qamoqqa olinganida men unga himoyachi bo‘lgan edim. Zayniddin Asqarov O‘zbekistondagi ta’qiblardan qochib, 1989 yilda Turkiyaga kelgan edi. 1999 yil portlashlarida ishtirok etmaganini biz guvohlar ishtirokida isbot qilgan edik. Ammo bizning dalil isbotlarimizga qaramasdan, Asqarov 1999 yil 5 mart kuni Istanbulda qamoqqa olindi. Biz o‘sha ondan boshlab Asqarov himoyasi bilan shug‘ullandik.

1999 yil 12 mart kuni Turkiya Vazirlar mahkamasi istagi va Turkiya Tashqi ishlar vazirligidan bo‘lgan bosimlar bois Zayniddin Asqarovni O‘zbekistonga deportatsiya qilish haqidagi qaror qabul qilindi.

Biz advokatlar o‘shanda bu qarorning adolatsizligi va Asqarovning siyosiy manfaatlar yo‘lida qurbon ekanligini isbotlovchi 100 varaqlik hujjatlar to‘plamini hukumatga taqdim qildik.

Bizning sa’yi haraktlarimizga qaramasdan, Asqarov 26 aprel tungi soat 1 da, Turkiya Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra, Turkiyadan Toshkentga olib ketildi.

Asqarovni Toshkent hukumati 11 yilga ozodlikdan mahkum etdi. Jazoning 11 yili o‘tgandan keyin, uning o‘ligi chiqdi. Biz bu hodisada aybdor deya da’vo qilganimiz Turkiyaning 1999 yildagi hukumati javobgarlikkka tortilishi uchun jarayonni boshladik, deydi Ozodlik bilan suhbatda turkiyalik advokat.

Turkiyadagi “Mazlumlar” tashkiloti hatti-harakatlari bilan Zayniddin Asqarov ishi o‘z vaqtida Evropa sudida ko‘rilgan va bu mahkama Turkiya Vazirlar mahkamasining 46951/99 sonli qarorini haqsiz deb topgan va Turkiya hukumatiga Asqarov oilasiga 5000 evro tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan edi.

Guldan xonimning Ozodlikka aytishicha, Turkiya hukumati 5000 evro tovon pulini O‘zbekiston banklaridan biriga yotqizgan, ammo pul na Asqarov va na uning oilasiga etib borgan.

Advokat Guldan So‘nmaz marhum Zayniddin Asqarov ishi yuzasidan mahkama uzoqqa cho‘zilsa ham, samaradan umidvor ekanligini bildirdi.

16 fevral portlashlarida ayblanib 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va 11 yil o‘tirganidan keyin joriy yil noyabrida qamoqdan o‘ligi chiqqan Asqarov 2003 yilda bu portlashlarni hukumat uyushtirdi, deb Ozodlik va boshqa xorijiy radiolarga intervyu bergan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/2238181.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

w

Connecting to %s

%d bloggers like this: