Qirg‘izistonda hukmron koalitsiya bir kun umr ko‘rdi – ozodlik.org


Parlament respublikasi g‘oyasini 20 yildan beri targ‘ib qilib kelayotgan siyosatchi O‘murbek Tekebaev parlament raisligiga saylanmay qoldi.

03.12.2010

Elmurod

Qirg‘iziston parlamentida 2 dekabr kuni tashkil etilgani e’lon qilingan hukmron koalitsiya 3 dekbar kuni o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Koalitsiya qulashi bilan Qirg‘izistonda qonuniy hukumatni shakllantirish jarayoni yana noma’lum muddatga qoldirildi.

Qirg‘iziston parlamentidagi sotsial-demokratlar fraktsiyasi rahbari Almaz Atambaev 3 dekbar kungi parlament yig‘ilishida hukmron koalitsiya tarqatilganini e’lon qilar ekan, bunga koalitsiya tomonidan spikerlik lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Ata meken partiyasi raisi O‘murbek Tekebaevning mazkur lavozimga saylanmay qolgani sabab bo‘lganini aytdi:

– Bugun ham 67 deputatdan iborat koalitsiyamiz, parlamentda ko‘pchilikni tashkil etamiz, deb o‘zimizni o‘zimiz aldashimizning hojati yo‘q. Achchiq haqiqatni aytishimiz kerak: bizning koalitsiyaga birlashgan uch fraktsiya faqat 58 ovozga ega, dedi Almaz Atambaev.

2 dekabr kuni kechga yaqin qirg‘iz parlamentida spikerni saylash jarayoni boshlandi. Bu lavozimga hukmron koalitsiyaga kirgan Ata meken partiyasi rahbari O‘murbek Tekebaev nomzodi ko‘rsatilgan edi. 120 o‘rinli parlamentda 67 o‘ringa ega bo‘lgan koalitsiya qo‘llovi bilan Tekebaevning spikerlikka saylanishi kutilgan edi. Biroq ovoz berish jarayonida bu nomzod uchun faqat 58 deputat ovoz bergan. 59 deputat esa Tekebaev nomzodini qo‘llamagan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, muxolif fraktsiyalarning O‘murbek Tekebaev nomzodiga qarshi keskin chiqishi hukmron koalitsiyadagi deputatlarning ayrimlariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘llishi mumkin. Chunki muxolif fraktsiyalar O‘murbek Tekebaevni O‘sh voqealari aybdorlaridan biri sifatida talqin qilgan edilar.

– O‘shda sizning nomingiz O‘sh voqeasi buyurtmachilaridan biri sifatida tilga olinadi. Buni saylov natijalaridan ham bilsangiz bo‘ladi. O‘shda sizga o‘zbek ham, qirg‘iz ham ovoz bermagan, dedi Tekebaevga qarshi so‘zlagan deputat, Ar namus fraktsiyasi a’zosi Anvar Ortiqov.

Muxolifatdagi Ata jurt”fraktsiyasi nomidan so‘zlagan deputatlar ham bu nutqni qo‘lladilar.

Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputati Qazat Akmatovga ko‘ra, hukumron koalitsiyaning spikerlikka ko‘rsatilgan nomzod uchun yakdillik bilan ovoz bera olmagani va koalitsiyaning bir kunda tarqab ketishi parlament krizisining boshlanishidir.

– Bu voqea umuman olganda deputatlarning siyosiy etika darajasi past ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ikkinchidan, O‘murbek Tekebaev spikerlikka saylanmaganidan xulosa qilib aytishim mumkinki, O‘murbek Tekebaev saylanmadimi, demak boshqa nomzodlar ham bu lavozimga saylana olmaydi. Chunki parlamentda spikerlikka bundan boshqa nomzodning o‘zi yo‘q. Bunday nomzod topilgan taqdirda ham, muxolifat juda qattiq qarshilik ko‘rsatadi, deydi Qazat Aqmatov.

Uning aytishicha, parlament krizisi mamlakatda yana yangi g‘alayonlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday fikrni hukmron koalitsiya faoliyatni to‘xtatgani haqida bayonot bergan Sotsial-demokratlar partiyasi rahbari Almazbek Atambaev ham bildirdi:

– 35 million uyg‘urning o‘z davlati yo‘q, 40 million kurdning o‘z davlati yo‘q. 3,5 million qirg‘izga Xudo qo‘llab, Qirg‘izistonni berdi. Bir-birimizni dushman sezib, bir birimizni ko‘zimizni o‘yishga harakat qilib Qirg‘izistonning ko‘zini uyib olmasak bo‘ldi, dedi Almazbek Atambaev.

Ayni paytda Qirg‘iziston prezidenti yangi koalitsiya tashkil etilishi borasida parlamentdagi fraktsiya rahbarlari bilan so‘zlashuvlar o‘tkazmoqda. Prezident O‘tunbaeva 11 noyabr kuni Sotsial-demkoratlar fraktsiyasiga koalitsiya tuzish mandatini topshirar ekan, agar sotsial demokratlar koalitsiya tashkil etolmasa bu huquq  Ata meken fraktsiyasiga berilishini bildirgan edi.

3 dekbar kuni paydo bo‘lgan ayrim xabarlarga ko‘ra, Ata meken partiyasi raisi O‘murbek Tekebaev koalitsiya tashkil etish vakolatidan voz kechgan. Biroq bu xabar Ata meken fraktsiyasi tomonidan hozircha tasdiqlanmadi, rad ham etilmadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/2237829.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: