Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi (to’liq matn) – gov.uz


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi

Hurmatli deputatlar!

Aziz do‘stlar!

Shu kunlarda barchamiz nihoyasiga yetib borayotgan 2010 yilni yakunlab, Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi nishonlanadigan yangi 2011 yil ostonasida turibmiz.

Tariximizga kirib kelayotgan bu buyuk marra munosabati bilan o‘tgan davr mobaynida hayotimiz sifati, mamlakatimiz qiyofasi qanday o‘zgarib borayotgani, qanday yutuq va natijalarga erishganimiz, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida qanday sur’atlar bilan rivojlanib borayotganimizni baholash ehtiyoji tug‘ilmoqda.

Qisqacha aytganda, biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bugungi kun nuqtai nazaridan xolisona baho berishimiz tabiiydir.

Ma’lumki, O‘zbekiston 1991 yili o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik, rejali-taqsimot tizimidan voz kechib, “o‘zbek modeli” deb nom olgan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi.

Biz ishlab chiqqan va bugungi kunda hayotga tatbiq etayotgan ushbu modelning ma’no-mazmuni – davlat qurilishi va konstitutsiyaviy tuzumni tubdan o‘zgartirish va yangilash, iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi, ya’ni islohotlar tashabbuskori bo‘lishi va ularni muvofiqlashtirib borishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil olib borish tamoyillariga asoslanadigan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Biz islohotlarni inqilobiy usulda, ya’ni “shok terapiyasi” yo‘li bilan amalga oshirishdan ongli ravishda voz kechib, tadrijiy taraqqiyot yo‘lini tanlab olganimiz tufayli xalqimizni qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy to‘fonlardan asrab qolishga muvaffaq bo‘lganimizni bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

Izchil yuqori o‘sish sur’atlari, yurtimizda barpo etilgan bank-moliya tizimining barqaror va ishonchli faoliyat yuritishi, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, umuman, mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lidagi dadil qadamlarimiz dunyo jamoatchiligi, shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.

Haqiqatan ham, qariyb yigirma yillik mustaqil taraqqiyotimiz mobaynida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 3,5 barobarni, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 2,5 barobarni, aholining real daromadlari 3,8 barobarni tashkil etgani e’tiborga sazovordir. Ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohada erishilgan marralar – aholini ijtimoiy himoya qilish uchun yo‘naltirilgan davlat xarajatlarining 5 barobar ko‘paygani, turmush darajasining sezilarli ravishda yaxshilangani va buning natijasida onalaro‘limi 2 barobardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 barobar kamaygani, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 75 yoshga yetganini mamnuniyat bilan ta’kidlasak arziydi, deb o‘ylayman.

2008-2010 yillarda, ya’ni dunyoning aksariyat mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli ravishda tushib ketgan, ishlab chiqarishpasaygan bir vaqtda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foizni, 2009 yilda 8,1 foizni tashkil etgani, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 8,5 foizga yetishi kutilayotgani, kelgusi 2011 yilda esa 8,3 foiz darajasida bo‘lishi belgilab berilayotgani ko‘pgina xalqaro tuzilmalar, ekspert va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Dunyoda, ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda davlatning tashqi qarzlari ko‘payib borayotgani jiddiy xavotir tug‘dirayotgan bir paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan oshmaydi, davlat budjeti esa so‘nggi besh yilda profitsit bilan bajarilmoqda.

Albatta, mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan bunday ulkan yutuqlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.

Ma’lumki, sobiq tuzum davrida respublikamizning iqtisodiyoti bir tomonlama rivojlangan, faqat xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mash’um salbiy oqibatlarga olib kelgan paxta yakkahokimligi avjiga chiqqan edi. O‘zbekiston o‘zining qoloq ishlab chiqarish va sotsial infratuzilmasi bilan sobiq ittifoqda jon boshiga iste’mol darajasi bo‘yicha eng past o‘rinda turardi. Mustaqil rivojlanish yillarida – tarixan qisqa bir davrda yurtimiz yangi va ulkan marralarni qo‘lga kiritdi, buning natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay o‘zgarib, jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yuksalib bormoqda.

Ayni paytda barchamiz bir haqiqatni o‘zimizga aniq tasavvur etishimizni istardim. Ya’ni, erishilgan bunday marralar – barqaror rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga asoslangan, ochiq demokratik huquqiy davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari so‘zda emas, amalda oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, jahon miqyosida obro‘-e’tibor qozongan jamiyat barpo etish borasida biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadga qaratilgan uzoq va murakkab yo‘lning bir qismi, xolos.

Bu yo‘lda biz duch kelishimiz mumkin bo‘lgan shunday bir xavf borki, u ham bo‘lsa, avvalambor erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlik kayfiyatiga berilish, real voqelikdan uzilib qolish xavfidir. Bu esa mamlakatimiz taraqqiyotining samaradorligi va istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon miqyosida globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi zamonda biz dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar jarayonida egallab turgan o‘rnimizni xolisona va tanqidiy baholashimiz, tobora oshib borayotgan hayot talablariga javob berishimiz, kechayotgan davr bilan hamqadam bo‘lishimiz shart.

Ma’lumki, hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Shu bois avvalambor ro‘y berishi mumkin bo‘lgan turli falokatlar, jahon iqtisodiyotining yuksalishi va inqirozini oldindan ko‘rish imkonini beradigan, har tomonlama chuqur o‘ylangan, aniq maqsad va ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan taraqqiyot dasturi va uni amalga oshirish strategiyasiga ega bo‘lgan mamlakat va xalq pirovard natijada muvaffaqiyatga erishadi.

Shu munosabat bilan alohida ta’kidlab aytmoqchimanki, mustaqil taraqqiyotimizning o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, ularni haqqoniy baholash va islohotlar dasturiga ma’lum o‘zgartishlar kiritish bilan birga, birinchi navbatda ertangi kun talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘lidagi izchil harakatlarimizni kuchaytirishimiz, ularni yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarishimiz darkor.

Shu ma’noda, 1992 yil dekabr oyida qabul qilingan, mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplarini belgilab bergan Konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlarimiz 2001 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan keyingi 10 yil davomida yanada faollashib, ko‘lami va miqyosi tobora kengayib bormoqda.

Natijada bugungi kunga kelib biz o‘z oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimizga erishdik, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Buning tasdig‘ini mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish jarayoni hech qachon ortga qaytmaydigan, qat’iy va izchil tus olgani, odamlarimiz o‘zgarib, ularning siyosiy va fuqarolik faolligi oshayotgani, ongu tafakkuri yuksalib, yon-atrofda bo‘layotgan barcha voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi, ertangi kunga ishonchi ortib borayotgani misolida ko‘rish, anglash qiyin emas.

Yurtdoshlarimizning, butun jamiyatimizning hayotidagi ana shunday o‘zgarish va yangilanishlar, o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning taraqqiyot va farovonlik yo‘lidan dadil rivojlanib borishini ta’minlayotgan hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘limiz va to‘plagan tajribamizni xolisona baholash, qo‘lga kiritgan yuksak marralarimizni tahlil etish mamlakatimizni tadrijiy va bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha biz tanlagan modelning naqadar to‘g‘ri ekanini va shu yo‘ldan bundan buyon ham og‘ishmay qat’iyat bilan borishimiz zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, quyidagi yo‘nalishlarni demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor vazifalari sifatida belgilash zarur, deb o‘ylayman.

I. Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish

Ma’lumki, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘ta muhim bir maqsadga, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan edi.

Bu jarayonda markaziy ijro etuvchi hokimiyatning boshqaruv tuzilmalari va ma’muriy organlarning vazifalarini o‘zgartirishga, ularning boshqarish, tartibga solish va taqsimlash borasidagi vakolatlarini, xo‘jalik tuzilmalari faoliyatiga bevosita aralashuvini keskin qisqartirishga katta e’tibor berildi. Boshqacha aytganda, ularning vakolatlarini bozor tamoyillariga muvofiqlashtirish va pirovard natijada davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi rolini jiddiy kamaytirish ko‘zda tutilgan edi.

Boshqaruv sohasini markazlashtirishni cheklash, bu boradagi vazifalarning bir qismini respublika darajasidan viloyat, tuman va shahar miqyosiga o‘tkazish, O‘zbekistonda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning noyob shakli bo‘lgan mahalla tizimini shakllantirish masalalariga katta ahamiyat qaratildi.

Ikki palatali milliy parlamentimizni tashkil etish masalasi bo‘yicha 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum yakunlari va shu asosda “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi qonun chiqaruvchi hokimiyatni tubdan isloh qilishning asoslarini belgilab berdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar parlament tomonidan o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini shakllantirish, qonun ijodkorligining sifatini jiddiy ravishda oshirish, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishishdan iborat edi. Bu borada tarkib jihatidan asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillaridan tashkil topgan yuqori palata – Senatning hududlar manfaatlarini ifoda etishi, quyi – Qonunchilik palatasi esa o‘z faoliyatini doimiy professional asosda amalga oshirishi hisobga olinganini aytib o‘tish lozim.

Ta’kidlash kerakki, milliy parlamentimizning rivojlanishida yangi parlament va uning har bir palatasining maqomi, vakolatlari va faoliyat mexanizmlari aniq belgilab berilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarning 2003 yilda qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etdi.

2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan mamlakat Prezidenti bir vaqtning o‘zida ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i ekanini belgilaydigan normaning chiqarilishi ushbu davrdagi muhim siyosiy-huquqiy voqealardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda Konstitutsiyamizning 89-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi” degan qoida belgilab qo‘yilgan.

Ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti egallab turgan Vazirlar Mahkamasi raisi lavozimining tugatilishi ham liberallashtirish va demokratlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Qabul qilingan qonunlarga muvofiq endilikda Bosh vazir nafaqat Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi, balki unga rahbarlik qiladi va uning ishi samaradorligi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasi majlislariga raislik qiladi, hukumat hujjatlarini imzolaydi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

Hozirgi paytda mamlakatimiz aholisining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanishi davlat hokimiyatining uchta subyekti, ya’ni davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilinadi:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.

Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.

Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiyalar tomonidan taklif etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.

Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.

Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.

Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga kiritilayotgan ushbu o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati shundan iboratki, ularga ko‘ra, Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatish va uni tasdiqlashning yanada demokratik prinsiplarini ifodalaydigan yangi tartibi o‘rnatilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyaga kiritilayotgan bu o‘zgartishlarga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish huquqi berilmoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari doirasidan chiqarilmoqda.

Taklif etilayotgan yana bir muhim o‘zgartish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96-moddasiga taalluqlidir.

Mamlakat Prezidenti turli sabablarga ko‘ra o‘z vazifasini bajara olmaydigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda noaniqlikka, ushbu moddani turlicha talqin etishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uning yangi tahririni quyidagi mazmunda bayon etish taklif qilinadi:

“Mamlakatning amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga zikr etilgan tuzatishlarni kiritish taklif etilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78- va 93-moddalariga ham tegishli o‘zgartishlar kiritish zarurati tug‘iladi.

Jumladan, Konstitutsiyaning 78-moddasi 15-bandini “… shuningdek, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish” degan so‘zlar bilan to‘ldirish kerak.

93-moddaning 15-bandiga “viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi” degan so‘zlardan oldin “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan …” degan so‘zlarni kiritish maqsadga muvofiqdir.

93-moddaning 8-bandidan “ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzadi va unga rahbarlik qiladi” degan so‘zlarni chiqarish tavsiya etiladi.

93-moddaning 16-bandini “…O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli” degan so‘zlar bilan to‘ldirish lozim.

Shuningdek, 93-moddaning 12-bandidan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori” degan so‘zlardan keyin “uning o‘rinbosarlari” degan so‘zlarni chiqarish va ularning o‘rniga “Hisob palatasi raisini” degan so‘zlarni kiritish va undan so‘ng matn bo‘yicha “tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi” degan tarzda bayon etish kerak.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Biz hammamiz shuni aniq anglab olishimiz zarurki, saylovlarda yutib chiqqan siyosiy partiya taqdim etgan Bosh vazir nomzodining Parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi haqidagi konstitutsiyaviy tartibning belgilanishi, hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi institutining joriy etilishi va siyosiy tizimni modernizatsiya qilish jarayonida amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan boshqa qator chora-tadbirlar o‘z mazmun-mohiyati bilan mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirishning yangi bosqichini boshlab beradi.

Ayni vaqtda shuni unutmasligimiz kerakki, mazkur islohotlarning muvaffaqiyati, avvalambor, mamlakatimizni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz sur’atiga, fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligiga, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatining yuksakligiga va o‘z-o‘zidan ayonki, birinchi navbatda siyosiy partiyalarning yetuklik darajasiga, ularning O‘zbekistonimiz taqdiri va kelajagiga daxldor bunday ulkan mas’uliyatli vakolatlarni o‘z zimmasiga olishga qay darajada tayyor ekaniga bevosita bog‘liqdir.

II. Sud-huquq tizimini isloh etish

Qadrli do‘stlar!

Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu – qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirishdan iboratdir. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo‘lib qolmoqda.

Aynan shuning uchun ham biz mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab islohotlarning mazkur yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratganimiz bejiz emas. Ana shunday yondashuv tufayli bu boradagi ishlarning ko‘lami, miqyosi va samaradorligi keyingi o‘n yillikda nihoyatda kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘p-ko‘p misollarda ko‘rish mumkin.

Avvalo, sud hokimiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish, sudning mustaqilligini ta’minlash, uni sobiq tuzumda bo‘lgani kabi qatag‘on quroli va jazolash idorasi sifatidagi organ emas, balki inson va fuqaro huquq va erkinliklarini ishonchli himoya va muhofaza etishga xizmat qiladigan tom ma’nodagi mustaqil davlat institutiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy prinsipni izchil amalga oshirish maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi, shuningdek, bu davrda jinoyat-protsessual, fuqarolik-protsessual qonunchiligiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa o‘z navbatida sud tizimini ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarish imkonini berganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni paytda sudyalik lavozimiga nomzodlarni taqdim etish, sudyalarning vakolatini to‘xtatish va muddatidan oldin tugatish, ularga nisbatan intizomiy ish yurituvni qo‘zg‘atish vazifalari Adliya vazirligi vakolatidan chiqarilgani ham bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Bundan tashqari, sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash, xususan, sud tizimi uchun kadrlar masalalari bilan shug‘ullanish vazifasi maxsus organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuklatilganini qayd etish lozim.

Shular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida maxsus vakolatli tuzilma – Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash departamenti tashkil etildi. Bu esa sudlarning ularga xos bo‘lmagan vazifalardan sezilarli darajada xalos bo‘lishi va butun diqqat-e’tiborini o‘zlarining asosiy burchi bo‘lmish odil sudlovni amalga oshirish uchun qaratish imkonini berdi.

Umumiy yurisdiksiya sudlari ixtisoslashtirilib, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tashkil etildi. Bu o‘z navbatida ularning jinoyat va fuqarolik ishlarini malakali asosda ko‘rib chiqish, inson huquq va erkinliklarini to‘la va har tomonlama himoya qilish bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Fuqarolarning sud orqali himoyalanish kafolatlari jiddiy tarzda kuchaytirildi, ushbu kafolatdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha katta ko‘lamdagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Aynan ushbu davrda kassatsiya instansiyasi isloh qilinib, sud ishlarini qayta ko‘rishning apellatsiya tartibi joriy etilgani ham muhim yangilik bo‘ldi. Mazkur o‘zgarishlarga muvofiq endilikda apellatsiya instansiyasi ishni yangitdan ko‘rib chiqishga yubormasdan, uni o‘zi to‘la hajmda ko‘rib chiqishi mumkin.

Bugungi kunda fuqarolar qonuniy kuchga kirgan birinchi instansiya sud qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini kassatsiya instansiyasida, o‘z advokati ishtirokida bevosita himoya qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Shu tariqa fuqarolarning birinchi instansiya sudlarining qarorlariga nisbatan shikoyatlarini yashirin, yopiq tarzda ko‘rib chiqish tartibi batamom tugatilganini ta’kidlash lozim. Amalga oshirilgan o‘zgarishlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, joriy etilgan yangiliklar birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida tuzatish, sud faoliyatida sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslikning muhim kafolatiga aylandi.

Shu borada quyidagi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Agar 2000 yilda sud xatolarining deyarli yarmi nazorat tartibida tuzatilgan bo‘lsa, 2009 yil yakunlariga ko‘ra, bunday holatlarning 85 foizdan ortig‘i apellatsiya va kassatsiya tartibida bartaraf etilgan.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda prokuror va advokatning tengligini, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud faoliyatining barcha bosqichlarida o‘zaro tortishuv bo‘lishini ta’minlashga, odil sudlovning sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, 2008 yilda “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi bu borada g‘oyat muhim ahamiyat kasb etdi. Shu asosda amaldagi qonunchiligimizga sud-huquq tizimini liberallashtirish, inson huquqlari himoyasini ta’minlash jarayonining eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan advokatura mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu qonunga muvofiq himoyachiga jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslardan mutlaqo mustaqil ravishda jinoyat ishi protsessining har qanday bosqichida malakali yuridik yordam ko‘rsatish huquqi berilgani e’tiborga sazovordir.
Shu bilan birga, himoyachining ko‘rilayotgan ishda ishtirok etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘ziga ijozat berilgani to‘g‘risida yozma ravishdagi tasdiqlovchi hujjat va shuningdek, o‘z himoyasidagi shaxs bilan uchrashish uchun ruxsat olish majburiyatini belgilaydigan normalar jinoyat-protsessual qonunchiligidan chiqarildi. Endilikda bularning barchasi uchun – shunga e’tibor beringlar – advokatlik guvohnomasi va advokatlik muassasasi tomonidan beriladigan orderning o‘zi kifoyadir.

Qonunda advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uning o‘z himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartirish maqsadida har qanday shaklda ta’sir o‘tkazishga qaratilgan harakatlar uchun javobgarlik belgilanganini e’tirof etish zarur.

Shuni alohida qayd etish lozimki, jinoiy-huquqiy sohadagi siyosatni takomillashtirishda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada liberallashtirish va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish eng muhim yo‘nalishga aylandi.

Ushbu sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar, xususan, 2001 yilda “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning qabul qilinishi ulkan sotsial va ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etganini ishonch bilan ta’kidlash lozim.

Mazkur qonunga ko‘ra, jinoyatlarning tasnifi o‘zgartirildi. Buning natijasida og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi.

Iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash imkoniyati ancha kengaytirildi. Jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lgan mol-mulkni musodara qilish tarzidagi jazo turi chiqarib tashlandi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 11 ta moddasiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi haqidagi qoidalar kiritildi.

Aytish kerakki, jazo tizimini liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan bunday chora-tadbirlarning naqadar to‘g‘ri bo‘lganini hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda. Ishonchim komil, xo‘jalik ishlari bilan bog‘liq jinoiy ishlar bo‘yicha odamlarni qamash shart emas – bu davlatga juda qimmatga tushadi, qolaversa, bunday jazo turi mahkumlarni tarbiyalash va qayta tarbiyalash vazifasini hal qilmaydi.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi bunday choralar natijasida O‘zbekistonda hozirgi kunda qamoqdagilar soni jahon miqyosida eng past ko‘rsatkichni, ya’ni har 100 ming nafar aholiga 166 kishini tashkil qiladi. Qiyoslash uchun aytish mumkinki, Rossiyada bu ko‘rsatkich 611 kishini, AQSHda 738 kishini tashkil etadi. Mamlakatimizda so‘nggi o‘n yilda ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahbuslar soni ikki barobardan ko‘proq kamayganining o‘zi ham bu sohada olib borilayotgan islohotlarimizning qanday ijobiy natijalar berayotganidan dalolatdir.

Ma’lumki, O‘zbekistonda 2008 yilning yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilindi va uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etildi.

Mamlakatimizda o‘lim jazosining bekor qilinishi xalqaro hamjamiyatning katta e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘lgani albatta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik o‘ta muhim voqeadir. Nufuzli xorijiy ekspertlarning ta’kidlashiga ko‘ra, ushbu chora va bu sohada yuqorida ko‘rsatilgan boshqa bir qator ishlarning amalga oshirilishi bilan O‘zbekistonda dunyodagi eng liberal jinoiy jazo tizimlaridan biri yaratildi. Xalqaro ekspertlarning bu boradagi qiyosiy tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi Germaniya va Polshada 5 ta, Belgiya va Rossiyada 6 ta, Daniyada 9 ta, Shvetsiyada 13 ta, Fransiyada 18 ta, Gollandiyada 19 ta jinoyat turi bo‘yicha tayinlanishi mumkin.

O‘zbekistonda esa umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, faqat ikki turdagi jinoyat, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm uchun tayinlanadi. Ushbu jazo turi bizning mamlakatimizda xotin-qizlarga, jinoyat sodir etgan paytda 18 yoshga yetmagan shaxslarga va yoshi 60 dan oshgan erkaklarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emas.

Aytinglar, aziz do‘stlar, mana shu olib kelingan dalillar O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin biz qo‘lga kiritgan eng katta, eng muhim yutuqlarimiz emasmi? Shu nuqtai nazardan qaraganda, yurtimizda haqiqatan ham adolat o‘rnatishda jinoyat yo‘liga kirganlarga eng odil hukm chiqarishda bu misollar yaqqol dalil emasmi? Bu masala bo‘yicha o‘zgalar, bizga aql o‘rgatadiganlar balki bizdan o‘rnak oladigan vaqt kelmadimi?

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, mazkur sohada sud faoliyatini liberallashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilganini ta’kidlash lozim.

Bu borada “Xabeas korpus” institutining joriy etilishi, ya’ni 2008 yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi prinsipial qadam bo‘ldi. Ushbu qarorning o‘z vaqtida va puxta o‘ylab qabul qilingani bugungi kunda ko‘pgina amaliy misollarda o‘z isbotini topmoqda. Mazkur institutning amaliyotga tatbiq etilishi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, uning daxlsizligini himoya qilishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu institut joriy etilgan 2008 yilning yanvaridan buyon sudlar tomonidan dastlabki tergov organlariga 700 martadan ortiq holatda mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilingani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Mamlakatimizda jinoiy-huquqiy sohani liberallashtirish borasidagi islohotlar haqida gapirganda, jinoyat-protsessual qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq tergov va shaxsni qamoqda saqlash muddatlari qisqartirilganini ta’kidlash lozim.

Shuningdek, huquqni qo‘llash va sud amaliyotiga 2001 yildan boshlab yarashuv instituti kiritildi va u samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Yarashuv institutining talabiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoiy qilmishni sodir etgan shaxs jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bergan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Mazkur institutning samaradorligi hamda o‘zbek xalqining rahmdillik va kechirimlilik kabi ko‘p asrlik an’analariga mosligi uning izchillik bilan kengayib borishiga asos bo‘ldi. Hozirgi kunda 53 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati nazarda tutilgan.

Shu borada yana bir misolga e’tibor beraylik. Yarashuv institutining joriy etilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida 100 ming nafarga yaqin fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash borasida jiddiy ishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, prokuratura faoliyatini isloh qilish, uni sobiq tuzum davrida bo‘lganidek partiyaviy elita qo‘lidagi jazolash quroli emas, balki qonunlarning qat’iy ijro etilishini, mamlakatimizda demokratik islohotlarning izchil rivojlanishini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan organga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.

Masalan, 2001 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq fuqarolar prokuror nazorati obyektlari qatoridan chiqarildi. Ayni paytda prokuraturaning inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’uliyati oshirildi.

Shuningdek, sud qarorlari ijrosini to‘xtatib turish huquqi prokuratura vakolatlari doirasidan chiqarildi. Tuman va shahar prokurorlarining esa tergov va ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish huquqlari bekor qilindi.

Bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, davlat-huquqiy munosabatlarning butun tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya etish bo‘yicha oldimizda turgan keng ko‘lamli vazifalar sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish masalasini kun tartibiga qo‘yayotganini biz o‘zimizga albatta yaxshi tasavvur etamiz.

Bu boradagi vazifalarni samarali hal qilish maqsadida quyidagi tashkiliy-huquqiy choralarni amalga oshirish taklif etiladi.

Birinchi. Bundan o‘n yil oldin qabul qilingan amaldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni qabul qilishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda. Ya’ni, o‘tgan davrda qonun ijodkorligi jarayoni kengaygani va murakkablashgani, normativ-huquqiy hujjatlarning asoslanganiga va sifatiga nisbatan talablar sezilarli darajada oshgani bu sohada qonuniylikni ta’minlashning yangi va yanada samarali mexanizmlarini yaratishni, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning qonunlarga, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar ehtiyojlariga mos bo‘lishini taqozo etmoqda.

Ikkinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 29- va 31-boblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Bu o‘rinda sudga qadar ish yurituv bosqichida qo‘llanadigan choralar, ya’ni lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.

Ushbu vakolatlarning prokurordan sud organlariga o‘tkazilishi surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish, jinoyat protsessida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirish imkonini beradi. Eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalarining amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Uchinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 439-moddasiga o‘zgartish kiritish va unga muvofiq birinchi instansiya sudida ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyatini faqat prokuror zimmasiga yuklashni nazarda tutadigan norma o‘rnatish taklif etiladi. Chunki amaldagi qonunchilikda davlat ayblovchisi, ya’ni prokurorning sud majlisida ayblov xulosasini o‘qib eshittirish bo‘yicha majburiyati aniq belgilanmagan. Shuning uchun ayblov xulosasi ko‘pincha sudyalar tomonidan o‘qib eshittiriladi. Bu esa sudning vazifa va maqsadlariga mos kelmaydi. Jinoyat-protsessual qonunchiligiga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan normaning kiritilishi sudning mustaqilligi, xolisligi va beg‘arazligini ta’minlashga, jinoyat protsessida tortishuv prinsipini kuchaytirishga xizmat qiladi.

To‘rtinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 321-moddasidan sudning jinoyat ishi qo‘zg‘atishga doir vakolatini chiqarish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Ma’lumki, jinoyat ishini qo‘zg‘atish avvalo surishtiruv va dastlabki tergov organlari, jinoiy ta’qibni amalga oshiradigan boshqa huquq-tartibot organlarining vazifasi hisoblanadi. Suddan esa shaxsga qo‘yilgan ayblovning qonuniy va asosli ekanini xolis baholash talab etiladi.

Vaholanki, hozirgi paytda sud tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish tarzidagi protsessual harakatning amalga oshirilishi mohiyatan jinoiy ta’qibning va undan kelib chiqadigan barcha oqibatlarning boshlanishi hisoblanadi. Bu esa sudni jinoiy ta’qib ishtirokchilari toifasiga kiritib qo‘yadi. Aytish kerakki, bunday amaliyot sudning oliy maqsadi bo‘lgan odil sudlovni amalga oshirish tamoyiliga mutlaqo mos kelmaydi.

Beshinchi. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish prinsiplari, asoslari, shakl va uslublari, uni olib boradigan organlar tizimini belgilab beradigan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish taklif etiladi. Ushbu qonunning maqsadi tezkor-qidiruv xususiyatidagi tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonuniylikka rioya qilishning real huquqiy kafolatlarini yaratishga yo‘naltirilgan. Bu qonunning qabul qilinishi demokratik davlatlarning umume’tirof etilgan amaliyotiga mos keladi. Ta’kidlash kerakki, bu qonun jinoyatlar sodir etilishining dastlabki bosqichlaridayoq ularning oldini olish va o‘z vaqtida to‘xtatish bo‘yicha choralarning samaradorligini, shuningdek, surishtiruv va dastlabki tergovning sifatini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, avvalambor, ichki ishlar idoralarining bu sohadagi faoliyatining yanada liberallashuvini ta’minlashga olib keladi.

Oltinchi. Faol rivojlanib borayotgan demokratlashtirish jarayonlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini har tomonlama qayta ishlash va yangi tahrirda qabul qilish zarur.

1994 yilda qabul qilingan amaldagi mazkur kodeksga o‘tgan davr mobaynida 60 martadan ko‘proq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Uning yangi tahriri sud-huquq tizimini liberallashtirish munosabati bilan ma’muriy qonunchilik va jinoiy-huquqiy siyosatda yuz bergan katta miqyosdagi prinsipial o‘zgarishlarni o‘zida tizimli va keng ko‘lamli tarzda aks ettirishi lozim.

Bunda avvalambor jinoyat qonunchiligini tobora liberallashtirish, ya’ni, ayrim qonunbuzarlik holatlarini jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazishni ko‘zda tutish zarur. Kodeksning yangi tahrirda qabul qilinishi bugungi kunda o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan ma’muriy javobgarlikka oid qonunchilikning unifikatsiyalashuvini, ya’ni birxillashuvini ta’minlaydi.

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishning protsessual mexanizmlarini takomillashtirish, demokratlashtirish, bu sohada qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoyalash bo‘yicha choralarni ham mazkur kodeksda ko‘zda tutish lozim.

Yettinchi. Rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shu jumladan, prokuratura faoliyatida qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha adliya organlarining rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlarni o‘rnatadigan hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish talab etilmoqda.

Adliya organlarining huquq ijodkorligi sohasi va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona davlat siyosatini o‘tkazishdagi rolini kuchaytirish uchun ularga zarur bo‘lgan tegishli vakolatlarning berilishi mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmini yaratish imkonini beradi hamda ushbu organlar faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sakkizinchi. Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan odamlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasiga bog‘liqdir. Yuksak huquqiy madaniyat – demokratik jamiyat poydevori va huquqiy tizimning yetuklik ko‘rsatkichidir.

Shu munosabat bilan, bugungi siyosiy-huquqiy voqelikni hisobga olgan holda, mamlakatimizda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan maqsadli keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarur. Ushbu dasturning amalga oshirilishi aholining inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishini, fuqarolarda qonunga itoatkorlik tuyg‘usining yanada ortishini ta’minlaydi, deb o‘ylayman.

III. Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, axborot erkinligini ta’minlamasdan, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz.

Ma’lumki, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi insonning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi.

Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida, ayniqsa oxirgi 10 yilda ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yurtimizda avvalo ommaviy axborot vositalari rivojini ta’minlaydigan, demokratik talab va standartlarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Ushbu davrda ommaviy axborot vositalarini erkin va jadal rivojlantirishga, axborot sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi.

«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi har kimning axborotni erkin va moneliksiz olish hamda foydalanish huquqlarini amalga oshirishda, shuningdek, axborotning muhofaza qilinishi, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi yillarda yangi tahrirdagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunga, shuningdek, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida», «Reklama to‘g‘risida», «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa yangi siyosiy shart-sharoitlarda ommaviy axborot vositalari sohasidagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishni ta’minladi. Shu bilan birga, nodavlat ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning axborot sohasini demokratlashtirishda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli institutsional islohotlar amalga oshirildi.

Nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida bir qancha jamoat tashkilotlari tashkil qilindi. O‘z tarkibida 100 dan ortiq elektron ommaviy axborot vositasini birlashtirgan Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi shular jumlasidandir.

Yuridik va jismoniy shaxslarning, axborot texnologiyalari va tizimlarini qo‘llagan holda, axborot resurslaridan foydalanish mexanizmlarini belgilab bergan yangi tahrirdagi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi ommaviy axborot vositalarini modernizatsiya qilishni jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali teleradiodasturlarni tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mamlakatimiz telekommunikatsiyalar tizimi dunyoning 180 ta mamlakatiga 28 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan xalqaro kanallarga ega. Yurtimizdagi teleradiokanallar tomonidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar Internet global tarmog‘i orqali real vaqt rejimida jahonga uzatilmoqda.

Dunyodagi yetakchi mamlakatlar tajribasiga tayangan holda, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash milliy tizimining takomillashtirilishi axborot sohasidagi faoliyatning sifati va saviyasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimida ko‘p jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bunday keng miqyosdagi ishlar natijasida faqat keyingi 10 yilning o‘zida bosma ommaviy axborot vositalarining soni 1,5 barobar, elektron ommaviy axborot vositalarining soni esa 7 barobar ko‘payib, bugungi kunda ularning umumiy soni qariyb 1200 taga yetdi. Mavjud barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda yashaydigan millat va elatlarning 7 ta tilida faoliyat olib boradi, shuningdek, bosma materiallar va teleko‘rsatuvlar ingliz tilida ham tarqatilmoqda.

Yana bir muhim yangilik efir orqali uzatiladigan materiallarni tayyorlash jarayoniga zamonaviy raqamli va multimedia texnologiyalari joriy qilinayotganida namoyon bo‘lmoqda. Yurtimizda Internet tizimidan foydalanuvchilar safi jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda. Bugungi kunda ularning soni 6 milliondan ortib ketgani ham buni tasdiqlab turibdi.

Mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni tanqidiy baholar ekanmiz, muhim bir masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur, deb o‘ylayman. Ya’ni, bu o‘rinda gap ommaviy axborot vositalari va davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor jihatlarini to‘g‘ri belgilash, jumladan, ommaviy axborot vositalari faoliyati ustidan nazorat qilishning iqtisodiy mexanizmlarini, axborot manbalarining yopiqligini, shuningdek, tahririyatlarga hokimiyat organlari va ma’muriy tuzilmalar tomonidan bo‘layotgan ma’lum darajadagi bosimlarni bartaraf qilish bilan bog‘liq muammoli masalalarni hal etish haqida bormoqda.

Shu boisdan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda:

Birinchi. «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida» Qonun qabul qilish zarur. Bu o‘z navbatida fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib berish bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini ham ko‘p jihatdan kuchaytirgan bo‘lur edi.

Ushbu qonun davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblarini aniq belgilab berishi, aholining, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qarorlar haqidagi axborotlardan keng xabardor bo‘lib borishini ta’minlashi lozim.

Mazkur qonunning joriy etilishi ijro hokimiyati organlari faoliyatining, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning, davlatning ichki hamda tashqi siyosatining ochiqligi va oshkoraligini, mamlakatimiz va xorijda kechayotgan voqea-hodisalar xususida fikrlar xilma-xilligi va siyosiy plyuralizmni hisobga olgan holda, ta’minlashi zarur.

Ikkinchi. Demokratlashtirish jarayonlarida ahamiyati tobora ortib borayotgan axborot kommunikatsiyalari sohasining eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan teleradio tizimini rivojlantirishga qaratilgan «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida» Qonun qabul qilish haqida taklif kiritilmoqda.

Ma’lumki, hozirgi vaqtda ushbu sohadagi faoliyat ommaviy axborot vositalari, radiochastota spektri, telekommunikatsiyalar, axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonunlarning muayyan moddalari bilan tartibga solib kelinmoqda.

Shu bilan birga, teleradioeshittirishlar sohasini mustaqil qudratli industriya sifatida qayta tashkil etish, teleradioeshittirishlarning yangi shakl va turlarining paydo bo‘lishi teleradiodasturlarni tayyorlash va uzatish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tizimli va keng ko‘lamli ravishda tartibga soladigan yaxlit qonunni kuchga kiritish zaruratini tug‘dirmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi teleradiodasturlarni tayyorlash va tarqatish sohasida raqobatni yanada kuchaytirish, teleradiodasturlarni uzatish borasida mobil va raqamli televideniye kabi ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, teleindustriyaning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish imkonini beradi.

Bu qonun milliy teleradioeshittirishlar tizimi faoliyatini huquqiy tartibga solish mexanizmlarini va moliyalashtirish manbalarining erkinligi va mustaqilligi kabi prinsiplarini belgilab berishga, radiochastotalarni olish uchun o‘tkaziladigan tanlovlarning demokratik va oshkoraligini ta’minlash, teng raqobat va elektron media-bozor tarmoqlarining monopollashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun sharoit yaratish va boshqa bir qator muammolarni yechishni nazarda tutadi.

Uchinchi. Ommaviy axborot vositalari erkinligi va mustaqilligini yanada mustahkamlash mualliflik huquqlari va intellektual mulkni ishonchli himoya qilishning huquqiy kafolatlari va mexanizmlarini kuchaytirish, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy qilish bilan bevosita bog‘liqdir.

Ushbu vazifani amalga oshirish uchun *«Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»*gi qonunlarni qabul qilish taklif etiladi. Bu qonunlar axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini kuchaytirish va ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha iqtisodiy preferensiyalar yaratish va milliy axborot makonini izchil rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan boshqa tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

To‘rtinchi. Ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish maqsadida *«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»*gi va boshqa bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi.

Bunda, xususan, davlat va jamoat birlashmalari axborot xizmatlari, media-tuzilmalar ishini faollashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni ko‘zda tutish lozim. Ommaviy axborot vositalarining axborot olish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, axborot olish sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun yuridik va mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligini kuchaytirish va boshqa chora-tadbirlarni ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ustida ish olib borish zarur.

Shu bilan birga, siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanish lozim.

«Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi Qonun normalarini yanada takomillashtirish, raqamli teleradioeshittirish tizimiga o‘tish bo‘yicha tadbirlar davlat dasturining ishlab chiqilishi ham ushbu vazifani hal etishga xizmat qiladi. Mazkur dastur raqamli teleradioeshittirishlar infratuzilmasini shakllantirish, bu boradagi faoliyatni huquqiy jihatdan tartibga soladigan samarali tizimni yaratishga qaratilishi darkor.

Muxtasar aytganda, yuqorida zikr etilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga, fuqarolarning so‘z erkinligi va tanlash erkinligini ta’minlashga qaratilg

an konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga yordam beradi.

IV. O‘zbekistonda saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirish

Erkin saylov va o‘z xohish-irodasini erkin bildirish prinsiplari, birinchi navbatda har bir shaxsning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqi milliy davlatchiligimiz modelining asosini tashkil etadi. Saylovlar – bu mamlakatimizda amalda bo‘lgan huquqiy normalarning nechog‘liq demokratik ruhda ekanini namoyon etadigan, demokratik huquqiy davlatning uzviy belgisi, xalqning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishining, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokining asosiy shakli bo‘lib, o‘ta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega masaladir.

Shu munosabat bilan o‘tgan davr mobaynida yurtimizda samarali, demokratik saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirish sohasida g‘oyat chuqur o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizga, shuningdek, “Saylovchilar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga 2003 va 2008 yillarda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shu bilan birga, ushbu davrda mazkur sohaga oid ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Bularning barchasi milliy saylov tizimining izchil va bosqichma-bosqich liberallashuvini, ikki palatali parlament saylovlarining qonun talablari va umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasining shakllanishiga olib keldi.

Ushbu qonunlarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mamlakat Prezidenti lavozimiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni siyosiy partiyalar tomonidan, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni esa – siyosiy partiyalarning joylardagi tegishli organlari tomonidan ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi prinsipial qoida mustahkamlandi. Deputatlikka nomzodlarning davlat hokimiyati ijro organlari tomonidan ko‘rsatilish amaliyoti bekor qilindi va bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi prinsipial qadam bo‘ldi.

Shu borada saylov qonunchiligimizga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, eng rivojlangan demokratik davlatlar tajribasida ham kamdan-kam uchraydigan mutlaq vakolatlarning Markaziy saylov komissiyasiga berilishini ko‘zda tutadigan o‘zgartishlarning kiritilishi o‘ta muhim ahamiyatga molik ulkan voqea bo‘ldi. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kampaniyasi jarayoniga davlat va hokimiyat tuzilmalari, jamoat birlashmalari tomonidan aralashishga qaratilgan har qanday urinish qonun bilan taqiqlanishi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

2009 yilgi saylov arafasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Konsepsiya ishlab chiqildi. Mazkur Konsepsiya xorijiy ekspertlar tomonidan fuqarolarning saylov va o‘z xohish-irodasini erkin bildirish borasidagi konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha noyob hujjat sifatida baholangan edi. Haqiqatan ham, ushbu Konsepsiyaning amalga oshirilishi saylovning qonun talablariga to‘la muvofiq holda, siyosiy partiyalarning o‘ta faol ishtirokida, saylov jarayoniga markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuviga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishini ta’minlashda g‘oyat muhim rol o‘ynadi.

Bizning qonunchiligimizda saylov kampaniyasining biron-bir ishtirokchisi uchun qandaydir alohida imtiyoz va preferensiyalar berilmasligi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalariga muvofiq, Prezident saylovi, parlament va davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov hozirgi vaqtda qonun bilan belgilangan yagona kunda – ularning konstitutsiyaviy vakolatlari muddati tugaydigan yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligidagi birinchi yakshanba kuni o‘tkaziladi.

Aytish kerakki, bizning saylov tizimimiz rivojida 2008 yili saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlar muhim bosqich bo‘ldi. Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirildi, shundan 135 nafar deputat siyosiy partiyalardan saylanadi. Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari nihoyatda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganidan kelib chiqqan holda, quyi palatamizdagi 15 ta deputatlik o‘rni O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlarga berildi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga saylov jarayonining yanada liberallashuvini ta’minlaydigan bir qator normalar kiritildi. Jumladan, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarning ro‘yxatdan o‘tishi uchun o‘rnatilgan muddat 6 oydan 4 oyga tushirildi.

Ayni vaqtda siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi uchun ruxsat berish masalasini hal etish borasida zarur bo‘ladigan saylovchilar imzosining miqdori avvalgi 50 ming imzo o‘rniga 40 ming qilib belgilandi.

Shuningdek, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 5 nafardan 10 nafargacha ko‘paytirildi. Shular qatorida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga siyosiy partiyaning “vakolatli vakili” degan yangi institut kiritildi, unga imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilishini tekshirishda, saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqi berildi.

Yana bir muhim yangilik – qonun hujjatlariga saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bilan bog‘liq faoliyatida oshkoralikni ko‘proq ta’minlashga qaratilgan normalarning kiritilishida o‘z aksini topdi.

Shu asosda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida, shuningdek, saylov kunida ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalari vakillari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan ham kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Shunisi e’tiborga sazovorki, bizning saylov tizimimiz xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ularning davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi mavqeini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga siyosiy partiyalardan ko‘rsatiladigan deputatlikka nomzodlarning kamida 30 foizini ayollar tashkil etishi shart ekani to‘g‘risidagi normaning kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

2009 yilgi saylovlar jarayonida ayni ana shu normaning tatbiq etilishi parlamentning quyi palatasiga umumiy deputatlar sonining 22 foizini tashkil etadigan 33 nafar xotin-qiz deputatni saylash imkonini berdi.

Senat a’zolari etib saylanganlarning 15 foizi ayollardir, mahalliy vakillik organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollar esa bugungi kunda jami deputatlar sonining 20 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik o‘zgarishlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan saylov tizimimiz muntazam takomillashib bormoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda hayotning o‘zi, ayniqsa, oxirgi saylovda biz to‘plagan tajriba yurtimizda saylov jarayonlarini yanada demokratlashtirish masalalarini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Shu munosabat bilan quyidagi qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Birinchi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi.

Bu avvalambor partiyalararo raqobatning kuchayishi, saylovoldi tashviqotining shakl va usullari tobora turli-tuman va keng miqyosga ega bo‘lib borayotgani bilan izohlanadi. Shuning uchun saylov qonunchiligida saylov kampaniyasining ushbu muhim bosqichini amalga oshirish jarayonida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga teng sharoitlar yaratish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan normalarni nazarda tutish lozim.

Bundan tashqari, “Saylovoldi tashviqoti” tushunchasining o‘ziga aniq ta’rif berish, bunday tashviqotni olib borish shartlari, turlari, ruxsat etilgan shakl hamda usullarini qonunchilik yo‘li bilan belgilab qo‘yish zarur.

Yaxshi bilamizki, bunday tajriba turli demokratik mamlakatlarning saylov qonunchiligida keng qo‘llanib kelmoqda.

Ikkinchi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga saylovoldi tashviqotini nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borish mumkin emasligi to‘g‘risidagi normani kiritish maqsadga muvofiqdir. Mazkur norma bir qator rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligida keng qo‘llanadi. Uning qonunchiligimizga kiritilishi saylovchilarga o‘z qarashlarini, siyosiy xayrixohligini aniqlab olish, boshqacha aytganda, ularning kim uchun va qanday siyosiy dastur uchun ovoz berish masalasida ongli ravishda aniq bir qarorga kelishi uchun qo‘shimcha vaqt berilishiga imkon yaratgan bo‘lur edi. Qonunchilikning ushbu qismini takomillashtirish ovoz berish arafasida turli suiiste’mollik holatlari va qonun buzilishlarining oldini olish imkonini ham beradi, albatta.

Uchinchi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasi hamda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Ma’lumki, joylardagi uchastka komissiyalari aksariyat hollarda qonunchilikda yanada aniq belgilab qo‘yishni talab etadigan turli vaziyat va muammoli holatlarga duch keladi. Ulardan biri muddatidan oldin ovoz berish tartib-qoidasi bilan bog‘liq muammodir. Shuning uchun ham zikr etilgan qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolarning saylov huquqlari amalga oshirilishini, ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini, uchastka komissiyalari faoliyati oshkoraligini ta’minlash va saylov qonunchiligi buzilishi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida navbatdagi qadam bo‘lur edi.

To‘rtinchi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunlarga “ovoz berish kuniga qadar qolgan besh kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoat fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini va o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni nashr etish (e’lon qilish), shuningdek, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan, Internet tarmog‘iga) joylashtirish taqiqlanadi” degan normani kiritish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu normaning yuqorida ko‘rsatilgan qonunlarga kiritilishi saylovchilar huquqlarining yanada ta’sirchan himoya qilinishi, muayyan nomzodga g‘arazli munosabatda bo‘lish, bu borada saylov qonunchiligi buzilishining oldini olish imkonini beradi.

Beshinchi. O‘zbekiston Ekologik harakatidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga O‘zbekiston Ekologik harakatining Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash bo‘yicha konferensiyalarida kuzatuvchilarning ishtirok etish huquqini belgilab beradigan qo‘shimcha kiritish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Yuqorida bayon etilgan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish mamlakatimizda saylov erkinligi huquqi prinsipining to‘liq joriy etilishi va saylov tizimining yanada demokratlashuviga xizmat qilishi muqarrar.

V. Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish

Aziz do‘stlar!

O‘zbekistonimiz bosib o‘tgan keyingi o‘n yillik davr aholimizning keng qatlamlari qo‘llab-quvvatlaydigan turli xil fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning jadal shakllanishi va rivojlanishi davri bo‘ldi.

Mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq Konstitutsiyamizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir asosiy prinsiplarning mustahkamlab qo‘yilgani barcha aholi qatlamlari manfaatlarini aks ettiradigan bunday tashkilotlar keng tarmoqlarining rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida 5100 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda va bu ko‘rsatkich 2000 yilga qaraganda 2,5 barobar ko‘pdir. Fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etadi. Bular qatorida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun”, “Nuroniy” jamg‘armalari, “Ijod” fondi, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi va boshqa jamoat tashkilotlarini sanab o‘tish mumkin.

Fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hozirgi kunda demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda, fuqarolarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi, ularning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish uchun sharoit yaratmoqda, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.

Bunday tashkilotlarning obro‘si oshib, mustahkamlanib borgani sari fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli jamiyatimizda tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda jamoatchilik va fuqarolik nazorati instituti jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.

Mamlakatimizda Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti kabi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va boshqa bir qator tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu soha rivojiga bo‘lgan katta e’tiborni ko‘rsatadi.

Aytish kerakki, fuqarolik jamiyati institutlari tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarini tobora rivojlantirish, ularning mustaqil ish yuritishi va chinakam mustaqilligini ta’minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatini tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnikaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.

So‘nggi yillarda “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qator hujjatlar qabul qilindi va ular fuqarolik jamiyati institutlari ijtimoiy faolligini kuchaytirishda muhim omil vazifasini bajarmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘z navbatida, Oliy Majlis huzurida Jamoat fondi hamda tarkibiga nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat tashkilotlarining vakolatli vakillari bilan birga deputatlar, moliyaviy tuzilmalarning mas’ul xodimlari kirgan Parlament komissiyasining tashkil qilinishi ham e’tiborga sazovordir.

Mazkur komissiyaning faoliyati “uchinchi sektor” deb nom olgan fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga davlat budjetidan ajratilgan moliyaviy mablag‘larni yanada ochiq, oshkora, aniq yo‘naltirilgan va eng muhimi, demokratik asosda taqsimlashni ta’minlash imkonini bermoqda. Bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining tashkiliy-texnikaviy va iqtisodiy negizini mustahkamlashga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda.

Faqat keyingi uch yilning o‘zida fuqarolik jamiyati institutlari taqdim etgan turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 11 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Yurtimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik institutlari rolini yanada kuchaytirish fuqarolik jamiyatini shakllantirish, demokratlashtirish va mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizni ro‘yobga chiqarishda hech bir mubolag‘asiz hal qiluvchi omil ekanini, o‘ylaymanki, kimgadir uqtirib o‘tirishga zarurat bo‘lmasa kerak.

Fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga erishish, amalga oshirilayotgan islohotlarimizning ochiq-oshkoraligi va samaradorligini ta’minlashda, ularning rolini kuchaytirishda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qonunda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, gumanitar muammolarni hal etish, mamlakatimiz aholisi turli qatlamlarining huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan o‘zaro munosabatlaridagi aniq chegaralarni belgilash va tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy normalar ko‘zda tutilishi darkor.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti – mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko‘lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan o‘zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bu vazifani hal qilishda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqdir. Bunda mahallani aniq yo‘naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, shuningdek, uning davlat boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish tizimidagi vazifalarini yanada kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish lozim.

Shu bilan birga, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha oqsoqollar va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini, fuqarolar ijtimoiy faolligini kuchaytirishda mahallaning ahamiyati va roli oshirilishini ta’minlaydigan chora-tadbirlarni nazarda tutadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinadi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish fursati yetdi. Qonunda jamoatchilik nazoratining turlari, shakllari va subyektlarini, nazorat predmetini, uni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini, shuningdek, mazkur sohada amaldagi qonun hujjatlarini ijro etmagani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi shartlarini belgilab qo‘yish zarur.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Inson huquqlari sohasida milliy harakat dasturini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu dastur eng avvalo huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishini ta’minlash, jamiyatda inson huquqlari bo‘yicha madaniyatni shakllantirish va shu kabi boshqa sohalarga oid qonunlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik monitoringini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘zida mujassam etishi kerak.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamiyat va davlat qurilishi, hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli sohalarida nodavlat notijorat tashkilotlari huquqlarini belgilab bergan qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim.

Shular qatorida sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va shu kabi katta sotsial ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha muhim davlat dasturlarini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining huquqiy asosini yaratib beradigan qonun hujjatlari majmuasini ishlab chiqish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, atrof-muhitni himoya qilishni ta’minlash tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va o‘rnini belgilashga qaratilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va boshqa qator qonun hujjatlarini qabul qilish fursati yetdi, deb o‘ylayman.

VI. Demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish

Muhtaram yurtdoshlar!

Barchamizga ayonki, mamlakatimiz mustaqil taraqqiyotining dastlabki bosqichida, ya’ni 1991 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan davrda ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirishda asosiy e’tiborimiz markazlashtirilgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga barham berish va bozor iqtisodiyotining asoslarini, avvalambor, qonunchilik bazasini shakllantirish uchun sharoit yaratishga qaratildi.

Shu borada qabul qilingan o‘ta muhim qonun va normativ hujjatlar qatorida Fuqarolik, Yer, Soliq va Bojxona kodekslari, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi qonunlarni qayd etish mumkin.

Islohotlarimizning keyingi bosqichida “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”, “Xususiy korxona to‘g‘risida”, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”, “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi va iqtisodiyotni isloh qilish bo‘yicha umumiy hisobda 400 dan ziyod qonun hujjatlari ishlab chiqilib, qabul qilindi va joriy etildi. Ularning barchasi iqtisodiyotimizni yanada liberallashtirish va modernizatsiya qilishda nafaqat mustahkam huquqiy asos, balki amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining ortga qaytmasligining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, xolisona tahlil, islohotlarimizning mantiqi va izchilligi, ularning eng zamonaviy bozor normalariga muvofiqligini baholash iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish bo‘yicha jiddiy ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Birinchi navbatda, xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlashimiz, har qaysi xususiy mulkdor qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan yoki yaratgan o‘z mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini ta’minlaydigan ishonchli kafolatlar tizimini yaratishimiz zarur. Har bir tadbirkor avvalo shuni aniq-ravshan bilib olishi kerakki, davlat xususiy mulkdor huquqlarining himoyachisidir. Shuning uchun ham tadbirkorlar o‘z biznesiga bexavotir investitsiya kiritishi, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishi, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini ko‘paytirishi, o‘z mulkiga o‘zi egalik qilishi, foydalanishi, tasarruf etishi lozim. Ayni shu maqsadda bozor iqtisodiyotining negizi hisoblangan xususiy mulkka nisbatan davlat tomonidan berilayotgan asosiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarur.

Shuningdek, boshqaruv tizimini takomillashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-qoidalari to‘g‘risida”gi Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun zarur bo‘lgan ruxsat berish tartib-qoidalarining qat’iy cheklangan ro‘yxati va turlarini aniq belgilab qo‘yish, qonunda nazarda tutilmagan ortiqcha ruxsatnoma va ruxsat berish tartib-qoidalarining yangi turlari kiritilishini qonun bilan keskin taqiqlash zarur.

O‘ylaymanki, bugungi kunda kichik biznes va tadbirkorlikni kengaytirish uchun biznesning yangi tashkiliy-huquqiy shakli sifatida oilaviy biznesni qonuniy belgilab qo‘yish vaqti keldi. Mamlakatimizda biznesni tashkil qilishning ushbu shakli biznesni yuritishda yuzaga kelgan milliy an’analarimizga, xo‘jalik yuritish faoliyatining mavjud holatiga to‘la mos keladi. Ishonchim komilki, bunday biznesni tashkil qilishning qonunchilik bazasi yaratilsa, oilaviy biznesning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli sohalarida uning jadal va keng rivojlanishi va yangi ish o‘rinlarining ochilishiga sharoit tug‘iladi.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida mamlakatimiz moliya-bank tizimi o‘zining barqaror va ishonchli ekanini isbotladi. Shu bilan birga, bu tizimning yanada mustahkamlanishi xususiy banklar va xususiy mulkka asoslangan lizing, sug‘urta kompaniyalari, kredit uyushmalari, mikromoliyaviy tashkilotlar kabi moliyaviy institutlarni tashkil etishning qonunchilik asoslarini shakllantirish hisobidan bank-moliya sohasiga xususiy kapitalni jalb qilish bilan ham bog‘liq. Bu esa bank va boshqa moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatning kengayishi hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatining oshishiga imkon beradi va eng yuksak xalqaro standartlar talabiga mos zamonaviy bozor infratuzilmasining rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Yurtimizda o‘tgan yillar davomida bozor iqtisodiyoti sohasidagi o‘zgarishlarning ishonchli qonunchilik bazasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar hech kimga sir emas, albatta. Bularning barchasini e’tirof etgan holda, mavjud qonunlarimizning ko‘pchiligini ularni qo‘llash amaliyoti va mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlanishining hozirgi davrdagi yangi real holatidan kelib chiqib, jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarur.

Misol uchun, mamlakatimizdagi deyarli barcha ishlab chiqarish obyektlari aksiyadorlik kompaniyalari prinsipi bo‘yicha tashkil etilgan, ammo ular o‘z maqomiga qay darajada mos holda faoliyat yuritmoqda va o‘z huquqlaridan qanday foydalanmoqda, degan savolni o‘zimizga berib ko‘raylik. Aksiyadorlik kompaniyalari o‘zlarining bozor munosabatlariga mos maqomiga muvofiq faoliyat yuritishi uchun yana qanday mexanizmlarni harakatga keltirish zarur?

Shu munosabat bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni tanqidiy qayta ko‘rib, yangi tahrirda ishlab chiqish va qabul qilish hamda unda korporativ boshqaruv va nazorat organlarining vakolatlari, huquqlari va javobgarligini yanada aniq belgilash lozim. Ushbu qonundagi aksiyadorlik jamiyatlarining Kuzatuvchilar kengashlari, umumiy yig‘ilishlari, taftish komissiyalarining roli va ahamiyatini oshirish, minoritar, ya’ni qo‘lida aksiyasi kam bo‘lgan aksiyadorlarning kafolatlarini ko‘proq ta’minlash, barcha aksiyadorlarni va bo‘lajak investorlarning aksiyadorlik kompaniyalari faoliyati to‘g‘risida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutish ayni muddao bo‘lur edi.

Hozirgi vaqtda yana bir muhim masala – mamlakatimiz iqtisodiyotida kichik biznes, birinchi navbatda xususiy tadbirkorlikning roli va ulushini yanada kengaytirishni ta’minlay oladigan qonunlarni qabul qilish masalasi biz uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonning bu yilgi yalpi ichki mahsulotida kichik biznesning ulushi 50 foizdan ortib borayotganiga qaramasdan, afsuski, bu soha real iqtisodiyotimizda, avvalambor sanoatda yetakchi o‘rinni egallay olmayapti. Ushbu vazifani hal etish uchun “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni tayyorlash zarur. Bu qonunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish yo‘llarini soddalashtirish, ularning faoliyati uchun ko‘proq erkinliklar berishni ko‘zda tutish lozim. Ushbu sektorni kreditlash, resurslardan foydalanish, davlat buyurtmalarini olish, tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotish uchun yangi imtiyozlar berish, xalqaro amaliyotga muvofiq daromadlarning yillik deklaratsiyasi shakliga bosqichma-bosqich o‘tish, moliya va statistika hisobotlari tizimini yanada soddalashtirish, jumladan, bunday hisobotlarni vakolatli davlat organlariga elektron shaklda taqdim etish kabi mexanizmlar hisobidan qo‘llab-quvvatlash masalalari ham qonunda o‘z aksini topishi darkor.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, bozor munosabatlarining asosi bo‘lgan raqobatni rivojlantirishda monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari katta rol o‘ynaydi. Ammo, amaldagi “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida”gi Qonun bugungi kunda eskirdi va zamon talablariga javob bermay qoldi. Shuni e’tiborga olgan holda, “Raqobat to‘g‘risida”gi yangi qonunni ishlab chiqishimiz va qabul qilishimiz zarur. Ushbu qonunda monopolistik faoliyatni nafaqat tovarlar bozorida, balki moliya bozorlarida ham tartibga solishni nazarda tutish lozim. Shuningdek, birja savdolarida ham monopoliyaga qarshi mexanizmlarni, aksiyalarni sotib olish, qo‘shish va birlashtirish bitimlarini tartibga solish va nazorat qilish tartib-qoidalarini soddalashtirish bo‘yicha normalarni ushbu qonunga kiritish maqsadga muvofiqdir.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 80 foizdan ortig‘ini nodavlat sektor ta’minlamoqda. Tan olishimiz kerakki, 1991 yilda qabul qilingan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun, o‘tgan davr mobaynida 80 tadan ortiq qonunosti hujjati unga uyg‘unlashtirilganiga qaramasdan, bugun qayta ko‘rib chiqishni va yangi tahrirda qabul qilishni talab etmoqda.

Mamlakatimizning strategik muhim tarmoqlari va korxonalarida aksiyalarning nazorat paketi, ta’bir joiz bo‘lsa, “oltin” aksiyalarni davlat ixtiyorida saqlab qolgan holda, iqtisodiyotning eng muhim yetakchi tarmoqlariga xususiy investorlarni jalb qilish va ularda nodavlat sektor ulushini yanada kengaytirish zarur. Bunda bo‘lajak investorlarning barcha toifalariga xususiylashtirish jarayonlarida teng sharoit yaratishni ta’minlash, ularda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, xususiylashtirish bitimlarining ochiqligi va oshkoraligini ko‘zda tutish lozim.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan g‘oyat muhim ahamiyatga molik qonunlarni takomillashtirish bilan birga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining sur’ati va mantiqiy talablaridan kelib chiqqan holda, erkin bozor iqtisodiyoti munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan bir qator qonunlar qabul qilishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. “Kredit byurolari faoliyati va kredit axboroti almashuvi to‘g‘risida”, “Garov reyestri to‘g‘risida”, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”, “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”, “Innovatsiyalar va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi va boshqa yangi qonunlar shular jumlasidandir.

Yana bir muhim masala.

Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olar ekanmiz, biz ichki ehtiyojning o‘sishiga alohida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan Inqirozga qarshi choralar dasturida ana shunday yondashuv asosida ish tutganimiz o‘tgan yillarda o‘zini to‘la oqladi. Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Osiyodagi ko‘plab mamlakatlar aynan shunday pozitsiyaga amal qilib kelmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, bizning yaqin istiqboldagi eng muhim vazifamiz boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish – iste’mol talabini kengaytirish maqsadida sotsial sohani rivojlantirish, mehnatga haq to‘lashni yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish sektorini, infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga, transport va kommunikatsiya loyihalari amalga oshirilishiga alohida e’tibor berishdir.

Muhtaram majlis qatnashchilari!

Hurmatli deputatlar!

So‘zimni yakunlar ekanman, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning taklif etilgan Konsepsiyasi O‘zbekistonni isloh etish va modernizatsiya qilish borasida biz qariyb 20 yil oldin boshlagan jarayonni davom ettirish bo‘yicha Oliy Majlis tomonidan uzoq muddatli aniq harakat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo‘ladi, deb ishonaman.

Mening sizlarga murojaatim, da’vatim shuki, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar jarayoni butun jamiyatimiz, saxovatli zaminimizda yashayotgan har qaysi insonni amaliy ishlarga safarbar etadigan umumiy maqsadga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaylik, el-yurtimiz manfaati, ona Vatanimizning ravnaqi va kelajagi uchun bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilaylik.

Shu yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, g‘ayrat-shijoat tilayman.

I-qism : http://www.gov.uz/uz/press/politics/7045

II-qism : http://www.gov.uz/uz/press/politics/7046

III-qism : http://www.gov.uz/uz/press/politics/7047

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: