Mirodil Jalolov “Laylat ul-Qadr” kechasida olib ketildi – ozodlik.org


‘Zeromaks’ning hamon ochiq qolayotgan rasmiy saytida Mirodil Jalolov boshliq maqomini ‘saqlab qolgan.’

04.10.2010

Farrux Yusufiy

Sobiq “Zeromaks” shirkati bosh ijrochi direktori Mirodil Jalolov qamaldi. Jalolovning qamoqqa olinganiga oid xabarlar Ozodlikka ikki hafta avval yetib kelgan, lekin shu paytgacha bu xabarlarni tasdiqlashning iloji bo‘lmayotgan edi. Jalolovning qamoqqa olinganini yakshanba kuni unga yaqin bo‘lgan manba tasdiqladi.

Sobiq “Zeromaks” shirkati boshlig‘i Mirodil Jalolovga yaqin manbaga ko‘ra, Jalolov taxminan bir oy avval hibsga olingan.

Ismi sir qolishini istagan manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda “Jalolov Ramazon oyining Laylat-ul Qadr kechasida uyidan olib ketildi”, deya ta‘kidladi.

Boshlovchimiz aytganidek, “Zeromaks”ning sobiq boshlig‘i hibsga olingani haqidagi xabarlar Ozodlikka bundan ikki hafta avval yetib kelgan edi. Jalolovga yaqin manba yakshanba kuni tasdiqlagan bu xabarni “Zeromaks” shirkatining qurilishi loyihasida toshkentlik bir yigit ham tasdiqladi.

– Uch kun oldin UzGazOyl operatorini uyiga eltib qo‘ygan edim. O‘shanda bu gap to‘g‘risida u ham gapirib qoldi. “Bunaqa bo‘lmasa kerak” desam, “Yo‘q, haqiqat bu. Odil akani qamab qo‘yishibdi”, dedi. Hammasi yaxshi bo‘lib ketayotgan edi. Ishlar yana qaytadan qo‘zg‘atilibdi. O‘shaning hisobiga olib kirib ketishibdi degan gapni eshitdikda.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Jalolov ustidan sud boshlangan, lekin bu xabarlarni tasdiqlashning iloji bo‘lmadi.

Ismi sir qolishini istagan toshketlik suhbatdoshimiz ham, sud boshlanganidan xabari yo‘qligini aytar ekan, Mirodil Jalolovdek shaxs ustidan tergov ishlari yohud sud jarayoni o‘tkaziladigan bo‘lsa, bu jamoatchilikka oshkor qilinmasligini taxmin qiladi.

– To‘g‘ri endi sud boshlanganda hech kim aniq narsa bilmaydi. Lekin qamalgani aniq bilinayapti. Qolgani mavhum. Hamma narsasi mavhum. Demak, sudlar ham yopiq tarzda o‘tadi agar hech kim bilmasa. Menimcha, shunaqa bo‘ladi, deydi sobiq “Zeromaks” shirkatining qurilish loyihalaridan birida ishlagan toshkentliklardan biri.

Ayni paytda, Jalolovga yaqin manbaning aytishicha, sobiq “Zeromaks” shirkatining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari G‘ulomjon Imonazarov hibsdan ozod etilgan.

Imonazarov shu yilning may oyida “Zeromaks” shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilib, barcha hisob raqamlari muzlatib qo‘yilgan paytda hibsga olingan edi.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovga tegishli bo‘lgani aytiladigan hamda Shveytsariyada ro‘yhatga olinib, faoliyatini O‘zbekistonda olib borgan “Zeromaks” shrikati asosan neft, gaz va oltin qazib olish, qishloq xo‘jaligi va tekstil sanoati bilan shug‘ullangan.

“Zeromaks”ning O‘zbekistondagi o‘nlab sho’ba korxonalarida turli hisob kitoblarga ko‘ra, 15 mingdan ortiq odam ishlagan. Sho’ba korxonalarning ba‘zilarining faoliyati “Zeromaks” bilan birga tugatildi. Omon qolganlari davlat hisobiga o‘tkazildi.

Jalolov Ozodlikka bergan inetrvyusida Gulnora Karimovaning “Zeromaks”ga aloqasi borligini inkor qilgan edi.

2007 yilda Mirodil Jalolov Ozodlikka bergan intervyusida “Zeromaks” shirkatining hokmiyat doiralari, xususan Gulnora Karimovaga aloqadorligini inkor qilib, shirkatning nega Shveytsariyada ro‘yhatga olingani bunday izohlagan edi.

– Bu endi Shveytsariyaning kompaniyasi bo‘lgani bilan bir xoldingga o‘xshagan. Butun hamma korxonalarimiz O‘zbekiston rezidenti. SP bo‘ladimi, qo‘shma korxona bo‘ladimi, aktsionerlik jamiyati bo‘ladimi – hammasi rezident. Zeromaks Shveytsariyaning kompaniyasi va xoldingga o‘xshagan narsa. Shu nalogdan, hamma narsa to‘langandan keyin qolgan dividendlar Shveytsariyaga keladi. U yerda ham naloglar, bojlar hammasi to‘lanadi. Keyin pulni yana qaytarib investitsiya qilamiz. Niyatimiz shu, degan edi Jalolov 2007 yilning fevral oyida Ozodlik bilan suhbatda.

Ayrim tahlilchilar “Zeromaks” shirkati hokimiyat doiralaridagi muayan guruhlarning O‘zbekistondan katta miqdordagi mablag‘larni tashqariga olib chiqish vositasi o‘laroq yaratilgan loyiha bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradi.

Gulnora Karimovaning keyingi yillardagi biznes loyihalari bilan yaqindan tanish bo‘lgan va ovozi yozib olinmasligi sharti bilan gapirgan tahlilchi “Zeromaks” shirkati o‘zining vazifasini bajarib bo‘lgan ko‘rinadi deydi: “Gulnora “Zeromaks” vositasida O‘zbekistonda gaz, neft, oltin, paxta va boshqa sohalardan milliardlab dollar miqdorida foyda ko‘rdi. “Zeromaks”ning keyingi yillardagi faoliyati esa, bu pullarni tashqariga olib chiqishga qaratildi va aftidan buning uddasidan chiqqan ko‘rinadi. Ya‘ni “Zeromaks” va Gulnoraning biznes hamkori Mirodil Jalolov o‘z missiyalarini bajarib bo‘ldilar”, deydi ismi sir qolishini istagan tahlilchi.

http://www.ozodlik.org/content/article/2176239.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: