Ta’lim tizimidagi muammolar haqida – yangidunyo


Axmad hoji Xorazmiy

Sentyabr oyida dunyoning ko‘p mamlakatlari ta’lim tizimida yangi o‘quv yili boshlanadi. Bir necha milliard turli darajadagi ilmi toliblar va bir necha yuz million ustoz (domla)larning qaynoq faoliyati boshlanadi. Ko‘pgina mamlakatlarda, shu jumladan bizning mamlakatimiz (O’zbekiston)da ham o‘quv yili bayram (bilimlar kuni) bilan boshlanadi.

Oxirgi paytlar nafaqat O’zbekistonda, boringki, butun O’rta Osiyoda ta’lim sistemasidagi muammolar ichida eng ashaddiysi bu Oliy va O’rta maxsus ta’limidagi korruptsiya muammosi ekanligi borasida barcha xildagi SMIlarda haqli ravishda bong urilmoqda.

Ko‘p yillar, qator shaharlar va mamlakatlar (Toshkent, Xorazm, Mozambik, buyuk Britaniya) universitetlarida domlalik qilganim sabab, ta’lim sistemasidagi muammolar ichida korruptsiya muammosi eng xavflisi va ashaddiysi deb hisoblayman. Aynan korruptsiya sabab olim – ustoz (domla)lar obro‘si pasayib, kelajak avlod bo‘lmish – talabalarimizning ko‘pchiligi kamsavod bo‘lib bormoqda.

Avvalambor ochiq tan olish kerakki, talim sistemasida faoliyat olib borayotgan domlalarning katta ko‘pchiligi yulg‘uch (ta’magir) desak, hech kimni ajablantirmasa kerak. Albatta ta’lim sistemasidagi korruptsiyaning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Quyida shu sabablarni fakt va mulohazalar asosida kuchimiz yetganicha ochishga harakat qilamiz.

Domla (olim)larga beriladigan maosh juda kam. Buning ustiga O’zbekiston domlalarining ilmiy daraja va unvonlari uchun oladigan puli Rossiya va Qozog‘istonlik hamkasblariga qaraganda 2,5 – 3 marta kam.

Masalan, mening o‘zim Toshkent Agrotijorat kollejida dekan va 1 stavka pofessor (o‘qituvchi) bo‘lib ishlab oyiga o‘rtacha 55 ming so‘m (hozirgi bahoda 25 dollar, o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha esa 30 dollardan ko‘proq) maosh olardim. Qiyoslash uchun keltiradigan bo‘lsam, O’zbekistonda kuniga 10-12 soat ter to‘kib, bir oyda oladigan bu (25-30 dollar) pulni buyuk Britaniya universitetlarida atiga 15-20 minut o‘qigan ma’ruzam uchun olaman.

Mavrudi kelganda aytay, Prezident I.Karimov 1994 yili baland tribunadan turib: “Mening mamlakatimda eng badavlat (ko‘p maosh oladigan) odam – bu olim bo‘ladi. Akademik bir oylik maoshiga mashina olib minadi”, degandi. Ko‘p o‘tmay Karimov imzosi bilan: “Ilm va olimga e’tiborsiz davlatning kelajagi bo‘lmaydi”, shiori (to‘g‘rirog‘i bu shior boshqa odam qalamiga mansub edi) paydo bo‘ldi va ko‘pchilik o‘quv yurtlari va ilm maskanlarini bezab turdi.

Bechora sodda olim (akademik)lar uning bu va’dalariga ishonib, iqtisod fanlari nomzodi I.Karimovni Akademiya Ustaviga zid ravishda akademiklikga saylab yuborishdi. Va bu bilan o‘zlarining olim (akademik)lik sha’niga jiddiy putur yetkazishdi.

Hatto makkajo‘xori va cho‘chqachilikning rivojiga katta hissa qo‘shgan, SSSR rahbari N.S.Xruщevning VASXNIL a’zoligiga (olimlikka) qo‘ygan nomzodini chizib (o‘tkazmay), o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsada olim(akademik), degan sharafli nomning obro‘sini saqlab qolgan edi Sovet davri olimlari.

Shundan keyin bironta davlat rahbari yoki katta mulozim olimlikka da’vo qilishga botina olmagandi. Shunday ilmiy siyosatni O’zbekiston VAKining birinchi raisi akademik Bek Toshmuxammedov (Oybekning o‘g‘li) ham olib borgandi.

Shundan keyin akademik Karimov saylovdan oldingi o‘z va’dasini 180 gradus teskarisiga bajardi. Ya’ni uning mamlakatida eng kambag‘al (kam oylik oladigan) va e’tibordan chetdagi odam – bu olim va ijodkor bo‘lib qoldi. Bunday holat olim va ijodkorlarni korruptsiya (pora olish)ga qo‘l urishga majbur qilayapti.

Bu maqolani o‘qigan mushtariyda: “O’zingiz tan olganingizday ta’lim sistemasidagi mutloq ko‘pchilik domlalar u yoki bu darajada yoki shaklda pora olar ekan. Buning ustiga juda kam maosh olarkansiz. Shu bois o‘zingiz ham talabalardan uncha-muncha olgandirsiz” degan savol tug‘ilishi tabiy.

Yo‘q, men hech qachon talaba va aspirantlardan tamagirlik qilmaganman. Bu esa quyidagi omillar bilan sobit edi.

-Avvalo bunga mening vijdonim yo‘l qo‘ymagan.
– Qolaversa 3 yil chet el (Afrika)da ishlaganman. Keyin esa turli xil yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatganman. Iqtisodiy jihatdan o‘zimga to‘qligim uchun tamagirlik qilishga hojat ham bo‘lmagan, shukur.

-Iqtisodiy jihatdan juda qiynalib qolgan paytlarimda professor yoki dekan bo‘lsamda ishdan keyin va dam olish kunlari hech tortinmay mardikorlik qilganman. Buni esa ko‘pchilik, hatto ayrim talabalar ham bilishardi. Chunki kollejda dekan paytlarimda ham tong saharda yuk tushirish (mardikorlik qilish)ga O’rikzor bozoriga o‘z talabalarim bilan birga borgan paytlarim ham bo‘lgan.

Shu boismi, bilmadim, men qaerda faoliyat ko‘rsatmay mendan ta’lim olgan talabalar doim menga nisbatan hurmatda bo‘lganlar.

“Baliq boshidan sasiydi”, deb bekorga aytishmagan. Ta’lim sistemasidagi bo‘layotgan korruptsiyaning birinchi tashkilotchisi va rag‘batchisi shu soha rahbarlari va ularni nazorat qiladiganlar, desak ko‘pam yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki bundan ularning o‘zlari ham u yoki bu daraja va shaklda manfaatdordirlar.

Ayrim tushinmovchiliklar bo‘lmasligi uchun aytib o‘tmoqchimanki, domlaning talabalar orasidagi va o‘z rahbarlari (kaf.mudiri, dekan, prorektor, rektor) oldidagi obro‘si quyidagi ikki holatga bog‘liq.

-Domla (o‘qituvchi)ning o‘z predmetini qanchalik chuqur bilishiga,
-Va korruptsiyaga botmaganligi (talabalardan pora olmasligi)ga bog‘liq.

O’z sohasini yaxshi biladigan va pora olmaydigan domlalar mutloq ko‘pchilik (xammasining emas) talabalarning va ozchilik rahbariyatning ehtiromida bo‘ladilar.

Mening bu mulohazam haqiqatga qanchalik yaqinligini baholash uchun mening 1991 – 1998 yillarda Urganch davlat universitetida va 1980-1981 va 2002 – 2004 yillarda Toshkent Davlat agrar universitetda ishlagan davrimdagi ayrim tafsilotlarni aynan keltiraman. Mulohazamni baholash esa muhtaram o‘quvchining hukmiga havola.

U yoki bu o‘quv dargoxiga yangi kelgan domlaning “bahosi” birinchi semestrdayoq ma’lum bo‘ladi va talabalar va rahbariyat domla bilan shunga qarab muomula qiladi.
Men ko‘picha magistrlarga dars berardim. Bular ichida Universitet prorektori professor Bakriddin Zaripovning ham qarindoshi bor edi. B.Zaripov bilan 1972-1975 yillarda Akademgorodokda, bir binoda (lekin har xil Institutda) ilmiy xodim bo‘lib ishlardik. Paxta, sabzavot, meva terimiga birga chiqardik. Keyinchalik B.Zaripov Uzbekiston Milliy Universitetda dekan, prorektor bo‘lib ishladi. Undan Prezident Mahkamasiga ko‘tarilib ketdi va Davlat maslahatchisi M.Umurzoqov bilan qora ro‘yxatga tushdi va Moskvaga ketib jon saqlagandi.

Bilimi ancha past bo‘lgan bu magistr darslarga kam kelar, o‘zini baland tutar, ayrim domlalarni pisand ham qilmasdi. Imtihon paytida B.Zaripovning hurmati uchun unga “4” qo‘ydim. U bo‘lsa: “Zachetkamni ko‘rmaysizmi, hammasi “5”, nimaga past baho qo‘ydingiz. Endi “5”ni uyimga borib qo‘yib berasiz, kerak bo‘lsa”, deganicha o‘dag‘aylab chiqib ketdi.

Ko‘p o‘tmay magistratura dekani qo‘ng‘iroq qilib: “Domla, bu yigit yuqoriga taalluqli. Mana, yangi vedomostni berib yuborayapman. Bahosini zudlik bilan o‘zgartirib bering, shunda o‘zingizga yaxshi bo‘ladi”, dedi. Magistrning o‘dag‘aylab ketgani, buning ustiga dekanning bu gapi o‘lganning ustidan tepganday bo‘ldi.

“Ha, qo‘ymas ekansiz-a”, deganday qilib vedomostni “to‘p” qilib oldimga qo‘ydi magistr. Men o‘zimni zo‘rg‘a bosib: “Bahoni albatta o‘zgartiramiz. Faqat biletni olib savollarni va o‘z javoblaringni mana shu oq qog‘ozlarga yozgin”, dedim.

Magistr biletni oldida savollarini o‘qib ko‘rib, yoqmadi shekilli, uni qo‘yib boshqa biletni oldi. Men esa unga imtihon biletini har almashtirganida bahosi bir ballga kamayishini eslatdim.

Biletdagi savollarni oldidagi qog‘ozga yoqmaygina yozdi. Keyin sumkasidan kitoblarni olib javoblarini ko‘chirishga tutindi. Men esa qat’iy ohangda: “Bu mumkin emas!”, dedim va oldidan hech qayoqqa jilmadim.

Biletdagi savollarning birinchisiga, bir tog‘dan, bir bog‘dan qilib 3-4 jumla bir narsalar yozgan bo‘ldi. Qolgan savollariga hech narsa yozaolmadi va bularni bilmayman, dedi. Men esa: “Buning zarari yo‘q. Rasmiyat uchun javob yoziladigan joyiga: “Bilmayman”, deb yozgin-da imzo qo‘yib qog‘ozlaringni menga ber”, dedim. U shunday qildi.

Zachetkasiga va vedomostga: “Bahosi -1”, deb yozdim-da imzo qo‘ydim va :“Mana bular (uning javoblari) imtihon topshirganing haqidagi hujjat, bularni saqlab qo‘yamiz. Bilet bo‘yicha javoblaring qoniqarsiz – ya’ni 2. Qayta bilet olganing uchun bir ball qaytamiz. Va shunday qilib bahong -1. Mana bular (zachetka va vedomost)ni dekaninga topshir”, dedim-da magistr bilan xayrlashdim.

Magistrning olgan bahosi haqidagi tafsilot Universitetga yashin tezligida tarqalgan. Ayrim hamkasblarim: “Domla buni chatoq qilibsiz, endi sizga qiyin bo‘ladi”, deyishsa ayrimlari: “Juda boplabsiz, taslim bo‘lmang endi”, deyishardi.
Men dekanatdan yoki rektoratdan chaqirib qoladi, deb kutib yurdim. Ikki kun o‘tsada jim-jimtlik, hech kim yo‘qlamadi. Uchunchi kuni prorektor Zaripov chaqirtirib meni juda xushmomualik bilan qarshi oldi. Universitet qoshida Respublika qishloq xo‘jalik muzeyini tashkil qilayapmiz. Shunga tashkilotchi va printsipal bir rahbar kerak. Sizning nomzodingiz ma’qul ko‘rindi bizga, dedi.

Men bunday yuksak ishonch uchun minnatdorchilik bildirib chiqib ketayotganimda to‘xtatib: “Ha, aytganday, anavu magistrni boplabsiz. Dekanlarmi, kim iltimos qilsada baho qo‘ymang. Magistrning o‘zi o‘qib topshirsin, aks holda haydaymiz uni”, dedi qat’iy ohangda. Va: ”U yaramasning ota-onasi, qarindoshlari (ya’ni o‘zi) yaxshi odamlar. Yaxshilab o‘qib borsa sal yordam qilarsiz balki”, dedi ko‘zlarini mendan yashirib.

Magistr rosa kechirim so‘radi, ter to‘kib o‘qidi. Shundan keyin zo‘rg‘a “3” oldi. O’sha magistr: “Bu “3”, zachetkamdagi barcha “5”lardan qimmatliroq men uchun”, deb yurar ekan.

Darslar tugab imtixon boshlanishdan oldin tegishli fakultet dekani qo‘lingizga imtixon vedomostini berayotib: “Mana bular yuqorining odamlari, imtixonga kelmaydi, lekin yuqori baho qo‘yilishi kerak. Mana bular imtixonga kelishadi, lekin yiqilmasliklari kerak”, deb vedomostga belgilab beradi. Belgilanganlarning soni ayrim paytlarda umumiy imtixon topshiruvchilarning yarmiga yaqinlashib qoladi.

Dekanlar bunday ko‘rsatmani katta ko‘pchilik domlalarga (pul oladiganlarga) hukm sifatida, hatto o‘dag‘aylab aytadi. Juda kam sonli (pul olmaydigan) domlalarga esa iltimos sifatida, hatto yalinib aytadi. Bunda belgilangan (o‘tadigan)lar soni ham juda kam – 10-15 foizdan oshmaydi.

2004 yil yozgi semestrda kasb-hunar pedagogika fakulteti 2-kurs talabalariga “Agroximiya” fanidan ma’ruzalarim tugagandan keyin dekan imtixon vedomostini berayotib: “Jon domla, iltimos, hech bo‘lmasa mana shularni o‘tkazib bering, barisi juda yuqoriniki”, deb bir necha talabalarni belgilab berdi.

Bu talabalarning ko‘pchiligi loqal biron marta ham darsga kelmaganlar bo‘lib, starostaning aytishicha ayrimlari dekanga va Universitet rahbariyatidagilarga tegishli ekan. Imtixonga kelmasada “5” qo‘yilishi keraklari Prezident maxkamasida ishlaydiganlarning kimlaridir ekan.

Imtixondan bularning birontasinida o‘tkazmadim va dekanga vedomostni topshirayotib: “Imtixondan o‘tmaganlarning qanday da’vosi bo‘lsa menga yuboravering”, dedim. Dekan esa astoydil kuyunganicha: “E, domlajon-a, bu bilan biron narsani o‘zgartiraolsangiz-ku yaxshi edi-ya. Siz imtixondan o‘tkazsangiz-da, o‘tkazmasangiz-da bu talabalar universitetga kelmay o‘qib, hatto qizil diplom ham olib ketishadi. Faqat yomon ko‘ringaningiz qoladi, xolos”, dedi.

Shundan 3 oy o‘tar-o‘tmas, Universitet domlalarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Hukumatning 415-qarori chiqdi. Agroximiya va tuproqshunoslik bo‘yicha qator ilmiy monografiyalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, ixtirolar muallifi bo‘lishim va mamlakatda agroximiya sohasi bo‘yicha nafaqa yoshiga yetmagan yagona professor bo‘lsamda, universitetdagi 40 dan ortiq professordan birgina meni: “Attestatsiyadan o‘tmadi”, degan baxonada ishdan bo‘shatishdi.

Keyin ma’lum bo‘lishicha, Prezident mahkamasi xodimlariga tegishli, darsga va imtixonga kelmay baxo olishi kerak bo‘lgan talabalar universitet prorektori Laziza G’afurovaning odamlari ekan. Aslida G’afurova ham bu “o‘z odamlari”ni biron marta ko‘rmagan. Bu odamlarni uning Prezident Mahkamasida ishlaydigan eri, o‘z hamkasblaridan yig‘ib bergan ekan.

Barcha mansabdor odamlarning farzandlari ham o‘qimay bitiradiganlardan emas. Urganch universitetida ishlaganimda, taniqli shoir va yozuvchi, o‘sha davrda O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi Raisi (Prezident)ning o‘rinbosari Erkin Samandar, yirik iqtisodchi olim, professor Baxtiyor Ro‘zmetov, Xorazmlik taniqli shoir va tarjimon Abdulhakim Matnazar, qo‘li yengil jarrox, deb tanilgan Nurilla Bekchonov, viloyatdagi taniqli kardiolog vrach Ibodulla Abdullaev, O’zbekiston qahramoni Masharif Quvoqov kabi taniqli shaxslarning farzandlari ham o‘qigan mening qo‘limda. Ular biron marta dars qoldirishmas, kursdagi eng intizomli talabalardan hisoblanishardi.

Pedagogik faoliyatim davrida diqqatga sazavor narsalardan biri quyidagi hodisa bo‘lgan. Turli viloyatlardan kelgan 4-5 ta magistrga dars o‘tardim. Bular ichida Toxir Toshxo‘jaev degan magistr sergapligi va o‘zini ancha baland tutishi bilan ajralib turardi. Ko‘p o‘tmay bu magistr kamgap bo‘lib qodi va mendan hadiksirayotganini sezaboshladim.

Shu tariqa oylar ketidan oylar o‘tdi. Toxir mendan hadiksiramay qo‘ydi, aksincha, asta-sekin menga yaqinlashib, men bilan onda-sonda hazillashadiga ham bo‘ldi. Shunday kunlarning birida : “Domla yozgan qizil kitobingizni bizgada bering, biz ham o‘qib ko‘raylik”, deb qoldi.

2001 yilda nashr qilingan qizg‘ish rangli “Ilmga baxshida umr” nomli me’muarimning 1-tomini ko‘pchilik: “Qizil kitob”, ham deyishardi. Men bunga hayron bo‘lib: “Qizil kitob” haqida sen qayoqdan bilasan?”, dedim. U kitob haqida adam aytib berganlar, u kishi Aparat (Prezident Mahkamasi)da ishlaydilar, dedi. Endi men undan hadiksiray boshladim.

Masala bunday bo‘lgan ekan. Mening 1-2 darsimga kelgan magistr uyida adasiga: “Bizni Agroximiyadan professor Xorazmiy, degani o‘qitayapti, kuchli domla ekan”, deb qolibdi. Bundan Prezident Mahkamasida, Xayriddin Sultonovning muovini bo‘lib ishlayotgan adasi – taniqli jurnalist Axmadjon Toshxo‘jaevning kapalagi uchib ketgan.

Undan ehtiyot bo‘linglar. O’zining qizil kitobida Oqsoqol(Prezident)ni oborib-obkelgan. Salgina bir narsani sezsangizlar darrov xabar qilinglar. Yoki uni Universitetdan yo‘qlaymiz, yoki seni boshqa yoqqa o‘tkazib yuboramiz, degan ekan.

Toxir Toshxo‘jaev magistraturani bitirgandan keyin kafedrada aspiranturaga qoladigan bo‘ldi. Yuqoridan darrov aspiranturaga joy ham qilib berishdi. Faqat ilmiy rahbar masalasini hal qilish qolgandi.

Toxir oldimga kirib dangaliga ko‘chdi. Domla, men tezroq nomzod bo‘lishim kerak. Himoya qilgan zahotim adam Aparatga ishga joylashtirmoqchi. Menga rahbar bo‘lsangiz va dissertatsiyani yozib bersangiz, deb iltimos qilmoqchi edik. Xizmat haqingizni pul bilanmi, mansab bilanmi, rozi qilamiz, deb qoldi.

Men o‘zimni zo‘rg‘a bosib aytdimki, avvalo men aspirant olaolmayman, chunki ishlarim juda ko‘p, buni o‘zing ham yaxshi bilasan. Qolaversa sen aspiranturada nomigagina o‘qib, tadqiqotlaringni men qilib, dissertatsiyangni men yozib beradigan bo‘lsam, men senga rasmiy ravishda ilmiy raxbar bo‘lmayman. Chunki sen ham: “Piroxunovning aspirantlari” tipidagi olim bo‘lasan va raxbaringa obro‘ emas, isnod keltirasan, dedim va biz xayrlashdik.

O’rni kelganda “Piroxunovning aspirantlari tipidagi olim”, tushinchasini ochiqlasak. Professor Teshavoy Piroxunov bilan biz bir ustoz (akademik S.N.Rijov)ning shogirdlari bo‘lganmiz. U kishi O’zbekistondagi eng kuchli agroximiklardan biri edi. Keyingi paytlar Agrar universitetning Agroximiya kafedrasiga mudirlik qilgandi.

Shu kafedrada eskidan ishlayotgan dotsent Boboqul Rajabovning ta’kidlashicha, Piroxunov 60 dan ortiq aspirant chiqargan. Qalami o‘tkir, biroq ko‘ngli bo‘sh odam bo‘lgan. Ilmga saloxiyati bormi-yo‘qmi, deb o‘tirmay kim to‘g‘ri kelsa, yoki kim iltimos qilsa rahbar bo‘lavergan.

Natijada katta ko‘pchilik aspirantlarining dissertatsiyasini boshdan-oyoq o‘zi yozib bergan. Bu esa ularning qog‘ozda olim, amalda esa zolim (chala olim) bo‘lib qolishlariga sabab bo‘lgan. Shu sabab qaysi dotsent (domla) chalasavodroq bo‘lsa: “Ha, Piroxunovning aspiranlaridan ko‘rinasan”, degan iboraning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Hatto bu iborani Universitet rektori Shayxov ham ishlatar ekan.

Boboqul Rajabovning aytishicha professor Piroxunov qalami o‘tkir va ilmi kuchli bo‘lgani bilan talabalarga ma’ruza o‘qiy olmas ekan. 90 minutlik ma’ruzasi 15 minutda tugab qolar, buning ustiga yaxshi notiq bo‘lmagani bois, talabalar “tushinmadik”, deb xarxasha qilshar ekan. Shu bois uning darslarini B.Rajabov va boshqa dotsnetlar o‘tar ekan.

O’zbekistondagi yana bir kuchli olim va tashkilotchi, professor Tojiddin Zokirov xam ma’ruza o‘qishdagi notiqlik san’tining yuqori emasligi uchun universitetni tark qilib Agroximiya va Tuproqshunoslik ilmiy-tadqiqot institutiga o‘tib ketgandi. Va u yerda uzoq yillar raxbar bo‘lib fundamental ishlarni amalga oshirgandi.

Aytmoqchimanki, ma’ruza o‘qish ham katta bir san’at hisoblanadi. Rasulullox: “Kuchli notiqning nutqi (ma’ruzasi)da sehr bo‘ladi va tinglovchini sehrlab (o‘ziga rom qilib) qo‘yadi”, deb bekorga aytmaganlariga iymon keltirasan kishi.

Mening ilmiy raxbar bo‘lishdan bosh tortganimni eshitgan Toxirning otasi: “O’zbekistondagi istagan bir katta olim senga jon deb raxbar bo‘ladi”, deb o‘g‘lini yupatishga kirishgan. Erka o‘g‘il esa: “Siz aytgan katta olimlarning ko‘pchiligida o‘qib ko‘rganman. Xorazmiydan boshqa raxbar bo‘ladigagn bo‘lsa aspiranturani o‘qimayman”, deb turib olgan.

Oradan ko‘p o‘tmay universitet rektori Xasan Bo‘riev meni chaqirib shu yigitga ilmiy raxbar bo‘lishimni iltimos qildi. Men juda bandligimni ro‘kach qilmoqchi bo‘ldim. Rektor esa, kerak bo‘lsa darslaringizni boshqalar o‘tadi. Siz aspirant bilan shug‘ullanasiz, deb gapni kesdi.

Men to‘g‘risini aytishga majbur bo‘ldim. Menga amaldor otasining orqasidan o‘qiydigan emas, tom ma’noda olim bo‘lishni orzu qilgan aspirantga raxbarlik qilmoqchi edim, dedim. Rektor esa: “Aspirant otasi bilan oldingizga boradi, shartlaringizning barisiga rozi bo‘lsalargina raxbar bo‘ling”, dedi.

Ertasiga Prezident Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, Axmadjon Toshxo‘jaev o‘z xizmat mashinasida mening oldimga keldi. Prezident Mahkamasiga qarashli mashinaning kutilmagandi universitet hovlisida paydo bo‘lishi universitet rahbariyati va dekanlarning zir yugirib qolishiga sabab bo‘lgan.

Aspirantning otasi men bilan quyuq so‘rashib bo‘lgandan keyin: “O’g‘limga otalik (Ustozlik) qilishingizni iltimos qilib keldim. O’g‘limning professor Xorazmiyning shogirdi bo‘lishligi biz uchun katta sharaf. Agar eskichasiga aytadigan bo‘lsak, shu kundan boshlab “o‘g‘limning suyagi bizniki, go‘shti sizniki”, dedi. Men unga ustoz bo‘lishlikga rozilik berdim.

Bundan ikki yil oldin o‘g‘liga: “Qizil kitobida Oqsoqol(Prezident)ga til tekkizgan Xorazmiydan ehtiyot bo‘lgin”, degan odamning o‘zi o‘sha Xorazmiyning oldiga kelib o‘g‘liga ma’naviy ota (ustoz) bo‘lishini iltimos qilib turishi, bu ham Alloh qudratining bir ko‘rinishi edi…

Ta’lim sistemasidagi korruptsiya (talabalardan pora olish)ning ildizi uzoq yillarga borib taqaladi. Biroq 40-50 yillarda bu illat juda kam bo‘lgan. Sirtdan o‘qiydiganlar ichida 1-2 ta pora berib o‘qiydiganlar bo‘lgan.

60-70 yillar (biz o‘qigan davrlar)da pora oladigan domlalar sanoqligina bo‘lardi va ularnida uzoq ishlatishmas edi. 80-90 yillarga kelib bu “kasal” ancha rivojlandi, sirtdan o‘qiydigan talaba(zaochnik)lar uchun 70-80 foizga chiqdi. Va kunduzi o‘qiydigan talabalardan ham pora olish udum bo‘laboshladi. 2000-2005 yillarga kelib pora oladigan domlalar salmog‘i 90-95 foizga yetdi, yanglishmasam.

Avvallari (biz o‘qigan davrlarda) pora oladigan domlalar juda kam bo‘lganligi bois, ularni “Belaya vorona” (Oq qarg‘a), deb atashardi. Hozirga kelib bu (oq qarg‘a) termin pora olmaydigan domlalarga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘ldi. Hatto oq qarg‘a bo‘lmaslik ya’ni ko‘p qatori bo‘lish uchun ham pora olib turadigan domlalar bo‘lardi.

1995 yilda Urganch Davlat universitetida professor bo‘lib ishlardim. 4-kurs zaochniklarga birinchi darsga kirgan kunim rasmiy ravishda:
-Men imtixon uchun pora olmayman.Birovlarni o‘rtaga qo‘yib baxo olaman, deb o‘ylamang ham. Darslarga qatnashgan va sal harakat qilgan talabalarga bahosini qo‘yib beraman, deb e’lon qildim.

Kurs starostasi mening bu e’lonimni: “Domlaning bu gapi men pofessorman, poraning ozini olmayman, degani”, deb sharhlagan. Shu bois darsdagi davomat va imtixonga tayyorgarlik “Eski tos, eski xammom” bo‘ldi.

Imtixonga bir kun qolganda starosta oldimga kirib: “Domla, boshqa imtixonlar uchun 500-600 so‘mdan yig‘ganmiz. Sizning imtixoningiz uchun 1000 so‘mdan yig‘ayapmiz. Gruppadagi barcha o‘tishi kerak”, dedi buyruq oxangda.

Men o‘zimni zo‘rg‘a bosib, dars boshlanishidagi imtixon uchun pul olmasligim haqidagi e’lonimni eslatdim. Starosta bo‘lsa pinaginida buzmay: “Hamma domlalar ham boshida pul olmayman, deyishadi. Hatto ayrimlari: “Poraxo‘rlik shariatda – harom, qonunda – jinoyat. O’lsamda pul olmayman, deb qasam ham ichishadi va aynan o‘shalar hammadan ko‘proq oladi”, dedi istexzoli kulib.

Men unga: “Agar imtixon uchun pul olish haqida bir og‘iz gapirsang, bu universitetda boshqa o‘qimaysan. Tirgoviching kim bo‘lsada, onangni uch qo‘rg‘ondan ko‘rsataman sening”, dedim asabiylashib. Tayyor pulni olmay esingiz joyidami o‘zi, deganicha kabinetimdan o‘qday otilib chiqib ketdi starosta. Va talabalarga: “Domla imtixon uchun pul olmayman, deb meni haydab chiqardi. Domla shizofrenik (jinniroq) ko‘rinadi”, debdi.

Natijada imtixondan starosta boshliq 90 foizga yaqinroq talaba o‘taolmadi. Bu esa: “Domla juda pxini yorganlardan ekan. Mana endi yiqilganlardan ikki baravar qilib oladi pulni”, degan mish-mishlarni paydo qildi. (To‘g‘risini aytganda ayrim domlalar shunday usulni qo‘llashardi).

Hamkasblarim va boshqa iltimoschilar ko‘payib ketdi, lekin birontasining iltimosi uchun baxo qo‘ymadim. Ularning ayrimlari arazlab ham yurishdi.

Talabalar pul va tanish-bilish bilan o‘tishlariga ko‘zlari yetmagach astoydil o‘qishga kirishdilar. Sessiya davomida, kayta-qayta topshirib bo‘lsada deyarli barchasi imtixondan o‘tdi. Bu esa butun viloyatda: “Zaochniklar pul bermay imtixondan o‘tishganmish”, deb o‘ziga yarasha sensatsiya bo‘lgandi.

Iltimoschilar va “jigarlar” haqida. Imtixon boshlandi, deguncha hamkasblar, tanishlar hatto notanishlar tomonidan ham u yoki bu talabani o‘tkazib berish haqida iltimoslar tushishi barchaga ayon.

Hamkasblarim va tanishlarim o‘z qarindoshlarini va tanishlarini iltimos qilishsa o‘tkazib berardim. Lekin “Jigarlari”ni (Jigar degani – uning pulini olib, sizdan iltimos qilib baho qo‘ydiradigani) iltimos qilishsa g‘ashim kelardi.

1980-1981 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasida ilmiy xodim bo‘lib ishlardim va Toshkent qishloq xo‘jalik instituti (hozirgi Toshkent Davlat agrar Universiteti) da yarim stavka dotsent bo‘lib ham ishlaganman.

Imtixonlar boshladi, deguncha shu institutda assitsent bo‘li ishlovchi hamshahar (zemlyak)im 4-5 Xorazmlik va 2-3 ta Toshkentlik talabalarning ro‘yxatini olib keldi va: “Mana bu Xorazmliklar qarindosh va tanishlar bo‘ladi. Toshkentliklar esa keliningizning yaqinlari. Iltimos, bularning o‘tkazib bering”, dedi. Men ularni o‘tkazib berdim.

Keyin esa turli viloyatlardan kelgan yana 10-15 tasining ro‘yxatini olib keldi va: “Bular jigarlar, bo‘ladi (bu paytda “jigar”ning nimaligini tushinmasdim), bularni o‘tkazib bermasangiz och va yalang‘och qolamiz”, deb yalina boladi. “Mendan nima ketdi”, deb bularnida o‘tkazib berdim.

Ertasiga bilsam Xorazmligi-yu, Toshkentligi barchasi uning “jigarlari” ekan. Men imtixon oladigan gruppam starostasini chaqirib: “Akademiyadan kelgan domla juda qattiqqo‘l, hatto Shayxov (rektor)ning ham aytganini qilmaydi. Biroq u bizning hamshahar – ukaxon. Shu bois pulni faqat men orqali oladi”, deb jigarlaridan, mening nomimni sotib pul undirar ekan.

Men bundan rosa g‘azablandim va: “Men kafedrada bo‘laman, iltimoslari bo‘lsa tez kafedraga kelsin”, deb xabar yubordim. O’zim esa starostalar va kafedra domlalari bilan uni kutib o‘tirdim. Ko‘p o‘tmay tirjayganicha iltimoslar ro‘yxatini ko‘tarib kirib keldi.

Men uning barcha qilmishlarini hammaning oldida aytdim, starostalar tasdiqlashdi. U bo‘lsa tiz cho‘kib kechirim so‘radi. Mening nomimni sotib olgan barcha pullarini starostalarga, starostalar esa talabalarga qaytarishsalargina kechirishimni, aks holda bu fribgarni ham, starostalarni ham qamatib yuborishimni aytdim.

Ular talabalardan olgan pullarini zudlik bilan egalariga qaytarishga kirishishidi. “Itning og‘ziga kirgan suyak butun chiqmas”, deganlariday bu fribgar mening nomimni sotib olgan pullarning yarmidan sal ko‘prog‘ini qaytargan xolos. Qolganini esa: “Bugun-erta”, beb oxirini yo‘qqa chiqarishibdi.

Ayrim domlalar (va dekanlar ham) yangi kirgan studentlarning ota-onasi, yaqin qarindoshlari mansabdormi, badavlatmi, talaba kimning “jigari” ekanligini bilishga oshiqadilar. Ko‘proq pul undirish maqsadida ota-onasi mansabdor yoki badavlat bo‘lgan talabalarni ataylab imtixondan yiqitadilar.

1991 yili Xorazm Ped.institutida bir muddat dekan o‘rinbosari ham bo‘lganman. O’sha davrda do‘stim va qo‘shnim, kolxozimizning raisi, Umid aka Bekturdiev uyga kelib, o‘g‘li botanikadan o‘ta olmaganini aytib yordam so‘radi. Ertasiga men dotsent So‘na Xo‘janiyozovani dekanatda uchratib shu talabaga yordam qilishini so‘radim. U bo‘lsa hammaning oldida: “Nima, barcha yog‘li “jigar”larni dekan va zam dekan bo‘lishib olib, bizga faqat suyaklarimi?”, desa bo‘ladimi. Shu-shu men hatto o‘z farzandlarimgada yordam so‘rab iltimos qilmaganman.

O’rni kelganda aytay, hatto Urganch Davlat universitetida Pedagogika va psixologiya mutaxasisligi bo‘yicha 3-kurs sirtdan o‘qiydigan o‘zimning katta qizim Nigora, birgina imtixondan qarz bo‘lgani (aslida qarz bo‘lmagan) uchun kursida qoldirib yuborishganida ham, katta lavozim (Viloyat hokimligi)da ishlayotgan bo‘lsamda hech kimga iltimos qilmaganman.

Bu shunday bo‘lgan edi. 1992 yilda Universitet dotsentligi va dekan o‘rinbosarligidan viloyat hokimligiga, ma’sul vazifaga o‘tkazishgandi. Bu paytlar katta qizim Nigora shu universitetning 3-kurs talabasi edi.

O’zim bilan bir kafedrada ishlaydigan Anajon ismli o‘qituvchi mening qizim o‘qiydigan gruppadan ham yoppasiga (shu jumladan mening qizimdan ham) pul yig‘gan. Pul har bir talabaning zachetkasining ichida bo‘lgan. Domla (Anajon) qizimning zachetkasidagi pulni olgan-u, zachetkaga “4” qo‘ygan. Vedomostga esa pul bermaganlar qatorida “2”, qo‘ygan. Dekanat esa vedomost asosida kursda qoldirish haqida buyruq chiqarib yuborgan. Bundan men xabar topgan bo‘lsamda Xorazmdagi yagona bo‘lmish universitetni sharmanda qilmaslik uchun “Qizim bir yil oldin bo‘lmasa, bir keyin bitirar”, deb indamay qo‘yaqolgandim.

Yarim yildan keyin bundan viloyat hokimi Marks Jumaniyozov xabar topgan va o‘sha o‘qituvchini qamash, tayinlanganiga hali bir yil ham bo‘lmagan rektor Azim Sa’dullaevni esa haydash haqida ko‘rsatma bergan.

Universitet obro‘sini saqlab qolish uchun o‘zim hokimdan iltimos qilib bu shashtidan qaytardim uni. Rektor bir yilgacha mening yuzimga qaray olmay yurdi. “Tuyani shamol uchirsa echkini osmonda ko‘r”, deganday hamkasbim Anajonning ahvolini so‘ramang, endi.

Bir qaraganda kafedra o‘qituvchilari bir-biri bilan inoq ko‘rinsada, ko‘pincha ular bir-birini ko‘risha olmaydi. Bir-birining “jigarlari”ni (hatto qarindoshlarini ham) ataylab imtixondan yiqitishar, hatto otchisleniya qilidirib yuborishardi ham. Shunday qilib bechora begunox talaba ikkita domla orasidagi ziddiyatning qurboniga aylanardi.

Mushtumzo‘r talabalar haqida. Ta’lim sistemasida, kamdan-kam bo‘lsada domlani qo‘rqitib baho olish holatlari ham uchraydi. Shunday holatga 2004 yili men ham uchradim.

Kasb-hunar pedagogikasi mutaxasisliklariga dars o‘tganimda Mirjalol ismli Toshketlik bir olifta talaba, domla auditoriyaga kirganda barcha talabalar o‘rnlaridan turib salom berishsa u o‘rnidan ham turmasdi. Buning ustiga darsga hohlagan paytda kirib, hohlagan paytida chiqib ketardi.

Bu mening asabimga tegaboshladi va men unga qarab: “Mirjalol, sen darsda o‘zingni shunday tutishda davom qiladigan bo‘lsang, yaxshisi mening darsimga kirma”, dedim. U bo‘lsa: “Nima, bu auditoriyani siz sotib olganmisiz”, dedi. Bunga barcha talabalar kulib yuborishdi. U bilan muloqatni davom qildirish befoydoligini tushindim.
Dekanga kirib: “Bu talabangizni odam qilib bering, yoda mening darsimga kirmasin. Aks holda rektorga bildirishnoma kiritib bularga dars o‘tmayman”, dedim. Shundan keyin bu talabani dekan mening darsimga kiritmadi.

Keyin bilsam bu talaba ham yuqoriniki ekan. Chunki dekan o‘tishi kerak, deb belgilab bergan ro‘yxatda uning ham nomi bor edi. Imtixondan ko‘p(belgilangan)lar qatori u ham o‘ta olmadi.

Dekan mening oldimga kelib: “Domla, bu ota tarbiyasini ko‘rmagan (otasi bularni tashlab ketgan ekan) bezoriga bahosini qo‘yib qutilganingiz yaxshi edi. Uning onasi avval SNB da ishlagan, hozirda MinVUZning kadrlar bo‘limida ishlaydi. O’zidan katta akasi bezoriligi uchun qamoqda o‘tiribdi. Sizga biron xaf tug‘dirishdan ham qaytmaydi ular”, dedi. Men esa: “Xavotir olmang, bunaqalarning ko‘pini ko‘rganman”, dedim.

O’z bilimi bilan, pul bilan yoki tanish-bilish orqali imtixondan o‘tishiga ko‘zi yetmagan Mirjalol meni qo‘rqitib baho olmoqchi bo‘lgan. Mening kabinetim 4-qavatda edi. Ishim ko‘pligidan har kuni 8-10 gacha o‘tirardim. Imtixonning ertasiga, kech soat 8 yarimlarda o‘zining beso‘naqay ikkita o‘rtog‘i bilan kabinetimiga kirib kelishdi.
Uchalasidan ham aroqning hidi anqib turardi. Yuzlari chandiqli, sigaretni tishlab turgan o‘rtog‘i (Boss) menga barmog‘ini bigiz qilganicha Mirjalolga qarab: “Jalli, manashumi, sen aytgan domla”, dedi.

To‘g‘risini aytganda men bunday kutilmagan holatdan ancha dovdirab qolgandim. O’zimni bulardan qo‘rqmayotganday ko‘rsatishga harakat qilib, bepisandlik bilan: “O’tiringlar yigitlar”, dedim. Ular o‘tirishdi.

-Sizlarning rejalaringiz xom ishlangan. Menga biron ziyon yetkazib, osonlikcha qutilaolmaysizlar. Bu yerga kirganingizdan pastdagi qoravulning va komendantning ham xabari bor. Mastligingizni sezishgan bo‘lsa militsiyaga xabar qilgan bo‘lishlari ham mumkin, dedim.

Ular avvalgi shashtidan ancha tushishdi. Sizga ziyon yetkazishga emas, siz bilan erkakchasiga gaplashgani keldik, dedi ular. Ular pasaygan sari men kuchga minaboshladim. Erkakchasiga ketadigan bo‘lsak, Mirjalol king bokschasigami, boevoy kurashchasigami, olishib ko‘rsin men bilan. Sizlar esa erkakchasiga hakamlik qilinglar. Agar u g‘olib bo‘lsa, aytgan bahosini qo‘yib beraman, dedim.
Men o‘qitgan ko‘p talabalar mening kitoblarimdan mening sportchi-polvon bo‘lganimni, ayrim paytlar to‘polonni sotib ham olganimni bilishardi. Buning ustiga Mirjalol mendan gavdalik ham emasdi. Shu sabab bo‘lsa kerak undan sado chiqmadi.

“Jalli, chiqmaysanmi, birga-bir”, dedi boss o‘rtog‘i. U hamon yer chizib o‘tiraverdi. Boss Mirjalolga qarab: “So‘tak!” dedi-da menga o‘girilib: “Domla, siz ham o‘zimizga o‘xshagan erkaklardan ekansiz. Jalli bizning ukalardan bo‘ladi, biz esa G’ofur akaning ukalaridan bo‘lamiz. Erkakchasiga ayting shartingizni, nima qilsak bunga bahosini qo‘yib berasiz”, diyishdi.

-Mening ikkita shartim bor, dedim men. Birinchisi domlalarga qiladigan bunaka oliftagarchiligini tashlaydi. “Domla (Ustoz) otangday ulug‘”, deb bekorga aytmagan. Ikkinchisi yaxshilab o‘qib keladi, dedim.

Mayli, shartlaringizni qiladi, qachon kelsin imtixon topshirishga, dedi boss. Bugun, ertaga yaxshilab o‘qib indinga kelsin, dedim men. Ular mendan uzr so‘rab xayrlashib chiqib ketishdi.

Indiniga Mirjalol keldi oldimga. Avvalgi oliftagarchiligidan asar ham yo‘q edi. “O’qib keldim, domla”, dedi yerga qarab. Men unga 5 ta savol yozib berdim. 2 tasiga ozmi-ko‘pmi javob berganday bo‘ldi, qolgan 3 tasiga javob beraolmadi. Har qalay astoydil o‘qigani sezilib turardi.

-Bu javoblaring ijobiy bahoga yetmaydi. Yana ko‘proq o‘qib kelgan, imtixon vedomostini topshirmay turaman, dedim. Ertasiga kelib: “Kechasi bilan uxlamay o‘qidim, domla”, dedi Mirjalol. Biliminga – 3, oliftagarchilikni tashlaganingada bir ball qo‘shaman, mana “4”, dedim-da, zachetkasini oldiga uloqtirdim.
Talaba o‘zida yo‘q shod edi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha chiqib ketayotib: “Ha, aytganday, oyim sizga salom aytdilar. Domlaning nima xizmati bo‘lsa, bosh ustiga, dedilar”, dedi.

Domla porani faqatgina maoshi oz bo‘lgani uchun yoki “Oq qarg‘a” bo‘lib qolmaslik uchungina oladi, desak uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ayrim “tug‘ma vijdonsiz” domlalar o‘zari badavlat bo‘lsalarda, pora olgani uchun bir necha marta sharmanda bo‘lgan bo‘lsalarda bu qilig‘ini tashlamaydilar.

Urganch Davlat universitetida ishlaganimda talabalar bilan Yangibozor rayonida paxta terimida edik. Talabalarning ishini ko‘zdan kechirayotib to‘y bo‘layotgan bir xonadonga to‘g‘ri kelib qoldik. Xonadon sohiblari bizni tanib: “E, domlalar kelib kolibdi, chaqiring kuyovni, domlalarini kutib olsin”, deyishdi.

Ichkaridan bashang kiyingan, 100 gr ham otib olgan kuyov chiqdi-da: “Qadamingizga hasanot, domla”, deganicha meni quchoqlab dast ko‘tardi. Biroq yonimdagi uni ximiyadan o‘qitgan dotsentga qaramadi ham. Men uni ko‘rmadi shekilli, degan fikrda: “Yana bitta domlang kelgan men bilan”, dedim yonimdagi domlaga ishora qilib.

Sobiq talaba ximik domlaga barmog‘ini bigiz qilib: “Bu domla (ustoz) emas, poraxo‘r! O’qigan-o‘qimaganinga qaramay, dars ham o‘tmasdan nuqul pul olardi, bu ablah!”, deganicha domlaga musht tortib yuborishga sal qoldi. Odamlar: “Qo‘y-ho-qo‘y”, qilishib kuyovni sudrab uyga kiritib ketishdi.

Shu voqeadan keyin men bu domla ikki dunyoda endi talabalardan pul olmasa kerak, deb o‘ylagandim. Afsuski unga o‘sha kungi sharmanda bo‘lgani maktab bo‘lmagan edi…
Rektorning ixtirosi. Toshkent Davlat agrar universiteti rektori X.Ch.Bo‘riev har yili universitetni bitirayotgan (davlat imtixonlari va diplom himoyalarini tugatgan) talabalarni huzuriga taklif qilib ular bilan ochiqchasiga va erinmay suhbatlashardi. Bu suhbatda talabalar va rektordan bo‘lak hech kim bo‘lmas, buning ustiga universitetdagi bironta domlaga bog‘liqligi qolmagan talabalar ko‘nglidagi borini to‘kib solardi.

Rektor gapni shunday boshlar ekan: –Mana, sizlar bitirib ketayapsizlar. Universitet (boshqa talabalar va domlalar) va muammolar qolayapti. Bizning suhbatimiz norasmiy bo‘ladi va bu asosda bironta domla rasmiy jazoga tortilmaydi. Sizlarning bugungi fikr-mulohazalaringiz universitetdagi muammolarni bartaraf qilishda asqotadi, der ekanda, quyidagi savollarga javob berishlarini so‘rar ekan.

-Darsini chala o‘tadigan domlalar,
-O’z darsini yaxshi o‘tadigan va yomon o‘tadigan domlalar,
-Pul oladigan va pul olmaydigan domlalar,
-Talabalar uchun eng ma’qul va eng noma’qul domlalar.

Suhbat asnosida qaysi domlalar darsini chala o‘tishi, qaysilari yaxshi o‘tishi, qaysilari o‘z predmetini yaxshi bilmasligi, qaysi domla qancha pora olishi ma’lum bo‘lar ekan.

Talabalar uchun eng ma’qul domla bu – darsini yaxshi o‘tib, qoldirgan darslarini obrabotka qildirmay, tegishli pulini oladigan, yaxshi o‘qimagan talabalardan pulini olib baho qo‘yadigan, lekin pulni insof bilan oladigan domlalar ekan.
Talabalar uchun eng yoqimsiz domlalar bu pora olishda insofsizlik qiladigan, darsga kelgan-kelmaganiga, o‘qigan-o‘qimaganiga qaramay hammadan bir tekis pul yig‘adigan domlalar ekan.

Bular asosida rektor har katta majlislarda darslarni yaxshi o‘tadigan va pora olmaydigan domlalarni (bular ichida men ham bo‘lganman) o‘rtaga chiqarib tashakkur aytar, ularni turli imtiyozlar bilan siylar edi.

Yulg‘ich domlalarni o‘rnidan turg‘izib qo‘yib qaysining chalasavod ekanligi, qaysi birlari qanchadan pora olishini hammaning ichida aytar edi. Bunday domlalarni bayramlarda beriladigan mukofotlardan va turli imtiyozlardan mahrum qilar, matematika kafedrasi o‘qituvchisi Arslonova kabi ashaddiy poraxo‘rlarni universitetdan quvib solardi.

Rektorning bu ixtirosi yaxshi samara beraboshladi. Poraxo‘r domlalarning soni kamayabordi. Chalasavod (darsni yaxshi o‘taolmaydigan) domlalar tadqiqot va tashkiliy ishlarga jalb qilinar, ayrimlari bo‘shab ham ketardi.

Ta’lim sistemasidagi korruptsiyada talabalar va siyosiy sistemaning hissasi haqida. Domlalarning yulg‘uch bo‘lishida talabalarning ham hissasi bor albatta. Hissasi shuki, talabalarning ko‘pchiligi darslarga yaxshi qatnashmas, imtixonlarga yaxshi tayorlanishmas, qoldirgan darslarini otrabotka qilish va imtixonga tayorlanish o‘rniga domlalarga pul taklif qilar edilar.

Talabalarning darsga kam qatnashlarining sababi ularning iqtisodiy ahvoli bilan ham bog‘liq. Kunduzi o‘qiydigan talabalarning ko‘pchiligi yashash va kontrakt pullarini to‘lash uchun rasmiy va norasmiy (mardikorlik) ishlashga majburlar.

Talabalarning o‘qishga qiziqmasligiga esa jamiyatdagi siyosiy muhit sabab. Siyosiy muhit shuning uchun sababki, ishga kirishda ko‘pincha bitirgan (yosh mutaxasis)larning nazariy va amaliy bilimlariga emas, faqat diplomiga, tanish-bilishiga va beradigan porasiga bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘p hollarda universitetga u yoki bu soha bo‘yicha mutaxasis bo‘lish uchun emas, uning ma’lumot (mutaxasislik emas aslo) haqidagi diplomi va beradigan harbiy unvoni uchun kirishadi.

Yuqoridagi omillar ilmi toliblarimizning ilmga, mutaxasislik fanlariga qiziqmasligining asosiy sababi hisoblanadi. Eng achinarlisi shuki, bu holatni talaba va domlalardan tortib ta’lim sistemasi rahbarlari-yu mamlakat Prezidentigacha barchasi yaxshi biladi.

Mamlakat rahbariyati, mening ayrim muhtaram hamkasblarim: “Shuncha yillar ta’lim sistemasi nonini yebsiz. Ta’lim sohasi siri (aybi)ni ochib, yurtimizni, hamkasblaringizni dunyoga sharmanda qilish lozimmidi?”, deb e’tiroz bildirishlari mumkin.

Men yuqorida keltirgan fakt va mulohazalar haqida nafaqat O’zbekistonda, balki butun dunyoda ko‘pchilik biladi. Shunday ekan buni sir tutishning o‘zi kulgili bo‘lardi, demoqchiman. Haqiqatning yuziga tik qarash kerak. Haqiqat ko‘pincha achchiq bo‘lsada uning mevasi shirin bo‘ladi.

Men ushbu materialda keltirgan fakt va mulohazalar ta’lim sistemasidagi korruptsiyaning ozgina bo‘lsada kamayishiga hissa qo‘shsa, nafaqat bu yo‘lda chekkan ozorlarimga roziman va shuningdek baxtiyorman ham.

Qishloq xo‘jalik fanlari doktori,
O’zbekiston Fanlar Akademiyasi va Al-Xorazmiy
mukofotlari laureati, professor Axmad hoji Xorazmiy

Buyuk Britaniya, Stokport shahri
Avgust, 2010.

http://yangidunyo.com/?p=14074

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

w

Connecting to %s

%d bloggers like this: