Jalolobodga ketayotgan portlovchi modda O’zbekistonda ushlandi – ozodlik.org


Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, yuk ortilgan uchala mashina ham, unga hamrohlik qilayotgan militsionerlar ham O’zbekistonda ushlab turilibdi.

02.08.2010

Mehribon

O’zbekiston Chegara xizmati xodimlari Qirg‘izistonga tegishli 40 tonna portlovchi modda ortilgan uchta yuk mashinasini ushladi. Bishkek da’vosicha, Tojikistondan yo‘lga chiqqan bu yuk “Qirg‘izgeolotexkomplekt” korxonasiga tegishli ammonit moddasidir. 11 kun oldin sodir bo‘lgan bu voqea munosabati bilan 11 qirg‘izistonlikning hamon O’zbekistonda ushlab turilgani aytilmoqda.
Joriy yilning 23 iyul kuni O’zbekistonning Farg‘ona viloyati “Yapagi” chegara postida Qirg‘izistonga tegishli ekani aytilayotgan 40 tonna portlovchi modda ortilgan uchta mashina pritsepi bilan ushlandi.

31 iyul kuni bu haqda xabar tarqatgan “Press-uz.info” veb nashriga ko‘ra, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining olti xodimi hamrohligida kelayotgan 40 tonna ammonit moddasi tegishli hujjatlari bo‘lmagani uchun ushlab qolingan.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari o‘rinbosari Cho‘lponbek Turusbekov Ozodlik bilan suhbatda haqiqatdan ham 40 tonna ammonit moddasi Qirg‘izistonga tegishli ekanini bildirdi.

– 23 iyul kuni O’zbekiston hududida uchta mashina yuki bilan to‘xtatildi. Mashinalarda 40 tonna miqdordagi ammonit moddasi bor.
Yuk “Qirg‘izgeolotexkomplekt” korxonasiga tegishli bo‘lib Jalolobod shahriga yetkazilishi lozim edi. Ushbu yuk Tojikistondan O’zbekiston orqali Qirg‘izistonga olib kelinayotgan edi, deydi Cho‘lponbek Turusbekov.

Janob Turusbekov ayni paytda 40 tonna ammonit moddasini O’zbekiston tomoni ushlab turganini tasdiqladi, biroq yukning tegishli hujjatlari bo‘lmagani haqidagi ma’lumotni inkor qildi.

– Yo‘q, yo‘q. Barcha hujjatlar joyida. Asosiysi, yuk mashinalari qirg‘iz militsiyasi hamrohligida kelayotgan edi. Faqat ular O’zbekiston hududidan o‘tayotgani uchun to‘xtatilgan. Hozir O’zbekiston tomoni bu masalani o‘rganayapti. Yukning tegishli hujjatlari hammasi bor, deya ta’kidlaydi Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari o‘rinbosari.

O’zbekiston xavfsizlik xizmatlari ko‘z qarashini ifodalovchi “Press-uz.info” axborot agentligiga ko‘ra, “O’zbekiston respublikasi va Qirg‘iziston respublikasi o‘rtasidagi abadiy do‘stlik” haqidagi o‘zaro shartnomaga muvofiq, 40 tonna portlovchi moddaning tegishli hujjatlari bo‘lmasa-da, Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan yuk kuzatuvchilari va mashina haydovchilari qo‘yib yuborilgan.

Ammo 2 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari o‘rinbosari Cho‘lponbek Turusbekov,  yuk mashinalari haydovchilari va ularga hamrohlik qilgan jami 11 qirg‘izistonlikning hanuz O’zbekistonda qolayotganini bildirdi.

– Qo‘yib yuborishmadi. Ular O’zbekiston hududida, deydi Cho‘lponbek Turusbekov.

“Qirg‘izgeolotexkomplekt” korxonasi bosh direktori Misir Madyarov ham ayni yuk bo‘yicha tegishli hujjatlar mavjudligini aytar ekan,  11 kishining o‘zbek chegarachilari tomonidan noqonuniy ravishda ushlanganini aytadi.

– Ayni paytda mening o‘rinbosarim, uch haydovchi, injener, biz tomondan besh kishi , yana korxona tomonidan yollagan olti qurolli militsiya xodimi, jami 11 kishi O’zbekistonda ushlab turilibdi, deydi Misir Madyarov.

“Vaziyat shundog‘am xotirjamlikdan uzoq bo‘lgan Qirg‘iziston janubiga portlovchi moddani kim va nima maqsadda yetkazmoqchi bo‘lgani haqida savol tug‘iladi” deb yozadi rasmiy Toshkent nuqtai-nazarini ifodalovchi “Press-uz.info” axborot agntligi 31 iyul kuni.

Ozodlik bilan suhbatda bu savolga javob berar ekan Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbari o‘rinbosari Cho‘lponbek Turusbekov, ayni yuk mutlaqo tinchlik maqsadida keltirilayotganini ta’kidlaydi.

– Bu korxona ehtiyoji uchun kerak bo‘lgan oddiy yuk, deydi Cho‘lponbek Turusbekov.

“Qirg‘izgeolotexkomplekt” korxonasi bosh direktori Misir Madyarov ham ayni iddaoni takrorlaydi:

– Biz 15 yildan ko‘proq vaqtdan buyon ayni yukni keltiramiz. O’sh va Jaloloboddagi iyun oyidagi voqealardan avval ham korxonamizga har oy O’zbekiston orqali Tojikistondan ayni turdagi yuklarni muntazam keltirib turganmiz. O’zbekiston tomonidan bu kabi da’vo ilk bor kuzatilayapti, deydi Misir Madyarov.

Rasmiy Toshkent nuqtai-nazarini ifodalovchi “Press-uz.info” agentligi, 31 iyul kuni yuk ushlanganidan buyon voqea sodir bo‘ganidan beri o‘tgan bir hafta davomida Qirg‘izistonning tegishli idoralari tomonidan O’zbekistonga yuk bo‘yicha birorta hujjat taqdim qilinmagani haqida yozdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi vakilining Ozodlik qirg‘iz bo‘limiga aytishicha, 2 avgust kuni Bishkekdan ayni masalada Toshkentga maxsus nota yuborilgan va bu notaga O’zbekiston javobining 3 avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

http://www.ozodlik.org/content/article/2116405.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: