Turkistonning uch xonlikka bo‘linishi – e-tarix.uz


10.07.10

Vatanimiz tarixi o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti bir tekisda o‘tmaganligi, uning rivojida zafarli va inqirozli davrlar bo‘lganidan guvoxlik beradi. Soxibqiron Amir Temur asos solgan saltanat eng yirik va qudratli davlat bo‘lganligi jahonga ma’lum. U o‘z vorislariga nafaqat qudratli davlatni, shuningdek, saltanat qurish va davlatni boshqarish qonun-qoidalari bayon etilgan mashxur tuzuklarni qoldirgan edi. «… Farzandlarim va avlodimdan bo‘lganlarning har biri,- deb yozgan edi u o‘zining tuzuklarida,- unga muvofiq ish yuritsin… Bu tuzuklardan o‘z saltanat ishlarini boshqarishda qo‘llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo‘lg‘ay». Ammo uning dasturi va vasiyatlariga amal qilinmadi. Taxt, hokimiyat ilinjida avj olgan o‘zaro va ichki kurash, jangu jadallar davlatni zaiflashtirib, mamlakatni inqirozga va parokandalikka olib keldi.

Buxoro xonligi
XVI asr boshlarida zaiflashib borayotgan temuriylar saltanatiga Dashti Qipchoq tomondan ko‘chmanchi o‘zbeklar davlati xukmdori Muhammad Shohbaxt Shayboniy xujumi boshlandi. Shayboniyxon 1500-1501 yillarda Samarqand va Buxoroni, 1504 yilda Xisor viloyatini, 1504-1505 yillarda Urganchni, 1506-1507 yillarda Xuroson poytaxti Xirot hamda Balxni, shuningdek, Marv, Astrobod va Nishopur shaharlarini zabt etdi. Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Xorazm yerlari Afg‘onistonning Qandahor, Zamindovur viloyatlari egallandi va Muhammad Shayboniyxonga qaram bo‘lib qoldi. Shayboniyxonning Xurosondaligidan foydalangan qozoq sultonlari Movarounnahrga bir necha marta bostirib kirib, uni talon-taroj qiladilar. 1506-1509 yillarda Shayboniyxon Xurosondan qaytib kelib, qozoq sultonlariga zarba beradi va Dashti Qipchoq ichkarisiga quvib boradi. Bu yurishlar natijasida Sig‘noq, Yassi, Savron shaharlari qayta qo‘lga kiritiladi. Shunday qilib, Movarounnahr va Xuroson birlashtirildi va Shayboniylar sulolasi xukmronligi qaror topdi. Muhammad Shayboniyxon «Imom uz-zamon, xalifat ur-raxmon» unvonini olib o‘z qo‘lida dunyoviy va diniy hokimiyatni birlashtirdi.
Shayboniyxon janubda Eronning ichki viloyatlariga yurish qiladi. Mashhad va Tus shaharlarini egallab orqaga qaytadi. Eron shohi Ismoil Safoviy katta ko‘shin bilan yetib keladi. Shayboniyxon Movarounnahrdan yordamchi ko‘shinlar kelishini kutmasdan jangga kirishga majbur bo‘ladi. 1510 yilda Marv yaqinida bo‘lgan jangda Shayboniyxon qo‘shinlari yengiladi, xonning o‘zi ham halok bo‘ladi. Taxtga Shayboniyxonning amakisi, Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton begimning o‘g‘li Ko‘chkunchixon (1510-1530) chikdi. Biroq shayboniy sultonlar, beklar jipslashib Ismoilshohga qarshi kurashish o‘rniga Shayboniyxon tirikligidayoq suyurg‘al sifatida taqsimlab berilgan viloyatlar va yerlarga egalik qilish bilan o‘ralashib qoldilar, ular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik, ziddiyatlar avj oldi. Bundan foydalangan Ismoilshoh tez orada Xuroson va Xorazm o‘lkalarini, Shimoliy Afg‘onistonni bosib oldi. Poytaxti Samarqand bo‘lgan Movarounnaxrda esa shayboniylar xukmronligi saqlanib qoldi.
Movarounnaxrda 100 yilgacha davom etgan Shayboniylar davrida ham tinchlik bo‘lmadi, qirg‘inborot urushlar, o‘zaro ichki kurashlar davom etdi. 1512 yildan boshlab Buxoro viloyati noibi bo‘lib kelgan Ubaydullo sulton 1533 yilda Shayboniylar davlatining Oliy xukmdori etib ko‘tarildi. Ubaydulla sulton Samarkanddagi Ko‘chkunchixon avlodlari karshiligi sababli oliy hokimiyatni Buxoroda turib boshqaradi va Buxoroni davlat poytaxti deb e’lon qiladi. Shayboniy Ubaydullaxon (1533-1539) davrida Buxoroning mavqei ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan kuchaydi. Ammo tarqoqlik davom etardi, Movarounnahr XVI asr o‘rtalarida ham mustaqil hokimliklardan iborat edi. Buxoroda Abdulazizxon, Samarqandda Abdulatifxon xukmdor edilar.
Tarqoqlikka barham berish, mamlakatni birlashtirish dolzarb bo‘lib turgan bir paytda Abdulla sulton maydonga chiqdi, uni katta mavqega ega bo‘lgan juybar shayxlari qo‘llab-quvvatladi. Abdullaxon  Buxoro taxtini egallaydi. Abdullaxon  (1557-1561 yillarda amakisi Pirmuhammad, 1561-1583 yillarda otasi Iskandarxon oliy xukmdor deb e’lon kilingan bo‘lsada, amalda xukmdor Abdullaxon edi). 1557 yilda Buxoroni davlat poytaxti, mamlakatning siyosiy-ma’muriy markaziga aylantiradi. Shu boisdan davlatning o‘zi ham Buxoro xonligi deb ataladigan bo‘ldi.
Abdullaxon  siyosiy uzoq yillar urush olib borib, 1573 yilda Farg‘onani, 1574 yilda Shaxrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlarini, 1578 yilda Samarqandni, 1582 yilda Toshkent, Shoxruhiya, Ohangaron va Sayramni, 1583 yilda Balxni, 1584 yilda Badaxshonni, 1588 yilda Xirotni, 1595 yilda Xorazmni zabt etib, mamlakatni birlashtirish ishini uddaladi, Buxoro xonligini kuchli va markazlashgan davlatga aylantirdi. Biroq ichki NIZO, adovatni bartaraf etolmadi. G’animlar Abdullaxonga karshi uning o‘g‘li Abdulmuminni qayraydi, Abdullaxon bilan uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘rtasida taxt masalasida kelishmovchilikdan foydalangan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati yerlariga bostirib kiradi. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon Samarqandga yetganda vafot etadi. Abdullaxon  o‘rniga taxtga ko‘tarilgan Abdulmo‘min 6 oycha xukmdor bo‘ldi, u otasining amirlaridan biri-Abdulvose’ tomonidan otib o‘ldirildi. Taxtga chiqqan so‘nggi Shayboniy Pirmuhammad ham 1601 yilda Samarqandda Boqi Muhammad bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Shayboniylar sulolasi barham topdi.

Shaybonilar Sulolasi (1500-1601)

Muhammad Shaybonixon -1500-1510
Ko‘chkunchixon -1510-1530
Abu Saidxon -1531-1533
Ubaydullaxon -1533-1539
Abdullaxon I  -1539-1540
Abdulazizxon (Buxoroda)  -1540-1550
Abdulatifxon (Samarqandda)  -1540-1551
Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon)  -1551-1556
Pirmuhammadxon I  -1557-1561
Iskandarxon  -1561-1583
Abdullaxon II  -1583-1598
Abdulmo‘minxon  -1598-1599 (6 oy)
Pirmuxammadxon II  -1599-1601

1601 yildan e’tiboran Buxoro xonligida hokimiyat ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasi ko‘liga o‘tadi. 150 yilcha (1601-1753) xukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulolasi davrida Buxoro xonligida tinchlik, osoyishtalik bo‘lmadi. Xonlik viloyatlarida xukmronlik qiluvchi amirlar va beklarning o‘zboshimchaligi, markaziy hokimiyat amaldorlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik, ur-yiqit mamlakat tinkasini quritib borardi. Buni Ashtarxoniylar sulolasidan Buxoro taxtiga ko‘tarilgan o‘nta xondan ikkitasining taxtdan ag‘darilgani, to‘rttasining taxt ustida o‘ldirilgani ham yaqqol ko‘rsatadi.

Ashtarxoniylar sulolasi (1601-1752)

Boqi Muxammad
Vali Muxammad
Imomkulixon
Nodir Muhammadxon
Abdulazizxon
Subhonkulixon
Ubaydullaxon
Abulfayzxon
Abdulmo‘min (soxtaxon)
Ubaydulla sulton (soxtaxon)

Buxoro amirligi
Buxoro davlatining zaiflashib qolganligidan foydalangan Eron shohi Nodirshoh XVII asrning 30-40-yillarida Buxoro xonligiga yurish qiladi. Nodirshoh Buxoro xonligida katta mavqega ega bo‘lgan mang‘it urug‘idan chiqqan otaliq Muhammad Hakimbiy bilan shartnoma tuzadi va u Buxoro xonligining oliy xukmdori deb tan olinadi. Abulfayzxon amalda hokimiyatdan chetlatib qo‘yiladi, Hakimbiy Buxoroning to‘la vakolatli hokimi etib tayshshanadi. 1743 yilda Hakimbiy, uning o‘g‘li Muhammad Rahim Nodirshoh xizmatiga kiradi. Nodirshoh 1747 yilda vafot etgach, Muhammad Rahim hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga kirishadi.
Buxoro xonligida katga nufuzga ega bo‘lgan mang‘it qabilasining vakili Muhammad Rahim 1747 yilda Abulfayzxonni, so‘ngra rasman xon deb (soxta xon) e’lon qilingan uning o‘g‘illari Abdulmo‘min va Ubaydullo sultonlarni o‘ldirib, hokimiyatni o‘z ko‘liga oladi. Muhammad Rahim 1756 yilda taxtga o‘tirib, o‘zini Buxoro amiri deb e’lon qiladi va hokimiyatni mustaqil idora qiladi, Mang‘itlar sulolasiga asos soladi. Shundan e’tiboran Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb atala boshlandi. Amirlikda hokimiyat 1920 yilgacha Mang‘itlar sulolasi ko‘lida bo‘ldi.
Muhammad Rahim xukmronligini beklik-viloyatlardagi boshqa qavmlardan bo‘lgan hokimlar tan olmadilar. Amir mang‘itlarga tayanib hokimiyatni markazlashtirishga intildi. Barcha qabilalarning xukmdorlarini Buxoroga yig‘ib, ulardan markaziy hokimiyatga bo‘ysunishni talab qildi, aks holda qatgiq jazolanishi haqida ogohlantirdi. Viloyatlardagi ko‘pgina hokimlar, bebosh amaldorlar hokimiyatdan chetlashtirilib, yer-mulki tortab olinib boshqa joylarga ko‘chirildi. Ular o‘rniga amir qabiladoshlaridan tayinlandi. Muhammad Rahim Buxoro minorasi yonidagi o‘z qarorgohini maxsus qurdirgan Arkka ko‘chirdi. O’zboshimcha beklarni Arkka chaqirib qattaq jazoladi. Tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ko‘pgina bekliklarga – Samarqand, Jizzax, O’ratepa, Xisor, Boysun, Shaxrisabzga qarshi qonli urushlar qildi, ko‘pgina viloyatlar vayron bo‘ldi. Muhammad Rahim Nurotada istiqomat qiluvchi burgut qabilasi qo‘zgolonini bostirib, ularning xarbiy istehkomlarini buzib tashlab, o‘zlarini Buxoro tumaniga ko‘chirdi. Miyonqal’a qipchoqlariga xujum qilib, istehkomlarini buzib tashlaydi, yo‘lboshchilarini qatl etib, qolganlarini ko‘chirib yuboradi.
Muhammad Rahim vafotidan keyin o‘zaro urushlar yanada kuchaydi. Viloyat xukmdorlari mang‘itlarning markaziy hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tardi.
Kenagas, yuz, baxrin, burgut, saroy qabilalarining qo‘zg‘olonlari, xokimiyatga o‘tirgan Doniyolbiyning ularni bostirish uchun qilgan urushlari minglab odamlarning yostig‘ini quritdi. Doniyolbiy qo‘shinlar xarajati uchun qo‘shimcha soliqlar joriy etib aholi noroziligini oshirdi. Buxoro xunarmandlari va tijorat axdi 1784 yilda qo‘zg‘olon ko‘tardi. Qo‘zgolonni bostirish jarayonida minglab odamlar qurbon bo‘ldi.
Amir Ma’sum («begunoh amir») deb nom olgan Shohmurod (1785-1800 yillar) tarqoqlikka qarshi kurashni davom ettirdi. Amir Shohmurod boshqaruv tartibini o‘zgartirish, amaldorlar tarkibini yangilash choralarini ko‘rdi. Amir ikki yirik davlat arbobi – Davlat qushbegi bilan Nizomiddin qozikalonni saroy, ko‘shin va boshqa sohadagi amaldorlar huzurida o‘z ko‘li bilan o‘ldirdi. Soliqlarni tartibga soldi. Buxoro aholisiga tarxan yorlig‘ini topshirdi. Unga binoan aholi savdo daromadidan boj to‘lashdan, xunarmandlar pul yig‘imidan, majburiy mehnat va soliqlardan ozod etildi. Shuningdek, xiroj, nikoh puli, tarozi haqi va boshqa yig‘imlar mikdori kamaytirildi.
Shohmurod davrida Buxoro amirligi nisbatan mustahkamlangan bo‘lsada, o‘zaro urushlar to‘xtamadi. G’arbiy chegaralarda esa Xiva xoni ko‘shinlari xujumga o‘tar, ekinzor va bog‘lar payhon qilinar, qishloqlar vayron bo‘lar, odamlar va chorva mollar haydab ketilar edi.

Xiva xonligi
Xorazm XV asr oxiri – XVI asr boshida temuriy Sulton Xusayn Boyqaro bopshiq davlagning bir qismi edi. 1505 yilda Muhammad Shayboniyxon ko‘shinlari Xorazmni egalladi va qo‘ng‘irot urug‘idan Kepakbiy Xorazmga hokim etib tayinlanadi. Eron shoxi Ismoil bilan jangda Muhammad Shayboniyxon halok bo‘lgandan keyin Xorazm Ismoilshoh tomonidan zabt etiladi. Ismoilshoh Xorazmni o‘z davlati tasarrufiga kiritgach, Vazir, Urganch va Xiva shaharlarini boshqarish uchun 3 ta dorug‘a (hokim) tayinlanadi.
Xorazmda Ismoilshoh xukmronligi uzoqqa bormadi. Xorazmda Ismoilshoh xukmronligiga qarshi harakat boshlandi. Bu harakatga Vazir shaxri qozisi Umar qori va Sayid Xisamiddin yetakchilik qildi. Ular Shaybon avlodidan bo‘lgan Berka sultonning o‘g‘li Elbarsxonga murojaat qilib, xon bo‘lishni taklif qildilar. Elbarsxon 1511 yilda qo‘shin bilan kelib Vazir, Urganch, Xiva, Xazoraspni Ismoilshoh qo‘shinlaridan tozaladi, Xorazmda Elbarsxon hokimiyati o‘rnatildi. Shunday qilib, 1511 yilda mustaqil Xiva xonligi tashkil topdi, Elbarsxon uning birinchi xoni bo‘ldi. Xivada shayboniylar sulolasi xukmronligi 1770 yilgacha davom etdi. Xiva xonligi poytaxti Urganch edi. XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida Amudaryo o‘zanining o‘zgarishi munosabati bilan Urganchning mavqei pasaydi, aholisi qulayroq joyga ko‘chib borib joylashadi va bu yerda Yangi Urganch shaxri paydo bo‘ladi. Bu orada Xiva shaxrining mavqei ko‘tariladi. 1556 yilda Avaneshxon Xivani davlat poytaxti deb e’lon qiladi, biroq u o‘z xukmronligini faqat Xivadagina o‘tkaza olar edi. Arab Muhammadxon (1602-1623) davrida Xivaning mavqei kuchayib, xonlikning rasmiy poytaxtiga aylandi. Xiva xonligi tasarrufiga Amudaryo quyi oqimidagi vohalar, Mang‘ishloq, Daxiston (Mashhad) va O’zboy atrofidagi ko‘chmanchi turkman xududlari kirardi. Biroq, xonlikda tinchlik bo‘lmadi. Uzoq yillar davomida xonlik tepasida turgan o‘zbek qabilalari bilan turkman qabilalari o‘rtasida, shuningdek, shaxzodalar o‘rtasida tinimsiz urushlar bo‘lib turdi. Xiva va Buxoro xukmdorlari o‘rtasida Murg‘ob daryosi bo‘ylari uchun, Marv uchun qirg‘inborot urushlar bo‘lib turar, bu xududlar ko‘ldan-ko‘lga o‘tardi. Xonlikka shimoldan qalmoqlar, qozoqlar, Ural kazaklari tez-tez xujum qilib falokatlar keltirardi. XVII asr o‘rtalarida Eron shohi Nodirshoh, uning o‘g‘li Nasrullo Xiva xonligini bosib olib, o‘z boshqaruvini o‘rnatdi, turkman qabilalarini Xorazmdan Xurosonga ko‘chirdi. Biroq Xiva xonligida tinchlik bo‘lmadi. Eron xukmdorlariga qarshi tez-tez g‘alayonlar bo‘lar, aholi boshi oqqan tomonga ketardi. Shunday vaziyatda xonlikdagi o‘zbek qabilalaridan Ko‘ng‘irot urug‘ining bopshig‘i Muhammad Amin inoq 1770 yilda hokimiyatni qo‘lga oldi va Xiva xonligida yangi sulola – Qo‘ng‘irot sulolasiga asos soldi (bu sulola 1920 yilgacha xukm surdi).. Muhammad Amin Inoq turkmanlar qo‘zgolonini bostirdi, Buxoro xukmdorining xujumini daf etdi va Xiva xonligidagi viloyat hokimlarini markaziy hokimiyatga bo‘ysundirdi.

Qo‘qon xonligi
Buxoro xonligidagi ichki kurashlar, markaziy hokimiyatning zaiflashuvi sababli, u XVII asr boshlarida ikkiga bo‘linib ketdi. Ashtarxoniylar xukmronligining zaiflashuvi oqibatida Farg‘ona vodiysiga uning shimolida tashkil topgan Jungarlar davlati tez-tez bostirib kiradigan, talon-taroj qiladigan bo‘lib qoldi. Bunday vaziyat Farg‘onadagi ichki kuchlarning birlashuviga, mustaqil davlat tuzishga intilishini kuchaytirdi. Farg‘ona vodiysining xududiy yaxlitligi va iqtisodiy imkoniyatlari, uning Buxoro xonligidan ajralib chiqishga qulay omil bo‘lib xizmat qildi.
Chust yaqinidagi Chodak qishlogida yashovchi xo‘jalar jamoasi (din peshvolari)ning mavqei XVIII asr boshlaridayoq Farg‘onada ancha kuchayib, 1709 yilda o‘z yer-mulklarini mustaqil deb e’lon qiladi va vodiyda hokimiyatni qo‘lga olishga intiladilar. Biroq ularning hokimiyati boshqa qabilalar tomonidan tan olinmadi. Bir guruh harbiy zodagonlar Rishtonda qo‘zg‘olon ko‘tarib, Farg‘ona hokimi Xo‘ja Ashirqulni o‘ldiradilar.
1710 yilda Qo‘qon atrofida yashab turgan o‘zbek qabilalaridan biri – minglar o‘z yetakchisi Shoxruxbiyni hokimiyat tepasiga ko‘taradilar. Shu tariqa, Qo‘qon xonligi tashkil topdi, o‘zaro ichki kurashlar botqogiga botib qolgan Buxoro xoni Ubaydullaxon o‘ziga qarashlli xududning ajralib chiqib, alohida davlat tuzishiga qarshilik ko‘rsatolmadi. Qo‘qon xonligida ming qabilasi sulolalari 1876 yilgacha xukmronlik qildi. Ko‘qon shahri chetida joylashgan Tepaqo‘rgon Qo‘qon xoni Shoxruhbiyning qarorgohiga aylantirildi. Tepaqo‘rg‘onda mustahkam qal’a, bozor va aholi yashaydigan mahallalar qurildi.
Qo‘qon xonlari Farg‘ona vodiysini, Xo‘jand, O’ratepani birlashtirgach, Ko‘qon xonligining mustaqilligi XVIII asr o‘rtalarida Buxoro davlati tomonidan tan olindi. XVIII asr oxirlarida Qo‘qon xonlari Toshkentni bo‘ysundirishga kirishdilar.
1784 yilda Shayxontoxur dahasi sobiq hokimining o‘g‘li Yunusxo‘ja Toshkentni Buxoro tobeligidan chiqarib, mustaqil siyosat yuritardi. Toshkent bekligi o‘ziga xos boshqaruv tizimiga ega edi. Yunusxo‘janing to‘rt maslahatchisi bo‘lgan. Toshkent shahar nazorati va soliq yig‘ish Boshxo‘janing qo‘lida bo‘lib, savdo-sotiqni qozi va devonbegi nazorat qilishgan. Shariat qonun-qoidalari, narx-navo, o‘lchovlar ustidan Rais lavozimidagi amaldor nazorat qijan. Yunusxo‘ja XVIII asr oxirlarida qozoq sultonlari xujumlarini bartaraf etib, Sayram, Chimkent, Turkiston, Qurama, Qorabuloq shaharlarini Toshkentga bo‘ysundirgan edi. Toshkent bekligi mavqeining oshib borishi Qo‘qon xonlariga yoqmadi. 1799 yilda Qo‘qon xukmdori Norbo‘tabiy Toshkenta yurish qildi, ammo Chirchiq bo‘yidagi jangda mag‘lubiyatga uchradi.
1805 yilda Qo‘qon hukmdori Olimbek xon unvonini qabul qiladi va shu paytdan e’tiboran Farg‘onada tashkil topgan davlat rasman Qo‘qon xonligi deb atala boshlandi. Yunusxo‘ja vafotidan keyin Qo‘qon xoni Olimxon ko‘shinlari yurish qilib, 1809 yilda Toshkentni va unga qarashli Chimkent, Sayram va boshqa xududlarni Qo‘qon xonligiga bo‘isundiradi. Ko‘qon xonligi xududiy jihatdan yirik davlatga aylandi.
Shunday qilib, asrlar davomida yagona xududda, yagona iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan xalq, mamlakat uch qismga bo‘linib ketdi. Uchta davlat – Buxoro amirligi, Xiva va Ko‘qon xonliklari vujudga keldi.

http://e-tarix.uz/vatan-tarixi/137-uch-xonlik.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: