Asosiy buyurtmachi – yangidunyo


Tolib Yoqubov

Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik xizmati (DMXX) masalaga oydinlik kiritdi

Qirg‘iziston janubida sodir etilgan xunrezliklarni uyushtirishda O’zbekiston maxsus xizmat kuchlarining hissasi beqiyos ekanligiga oid alas-alas gumonlar Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik xizmati (DMXX) 24 iyunda tarqatgan matbuot-relizidan keyin tamoman tarqab ketdi. DMXX o‘zi tushungan-tushunmagan holda yosh boladay haqiqatni aytdi-qo‘ydi.

DMXXning “haqiqati” bo‘yicha O’sh-Jaloloboddagi qirg‘inlar buyutmachisi mamlakatning sobiq prezidenti Q.Bakiev va uning atrofi, ijro etuvchilari esa qirg‘izistonlik o‘zbeklar hamda “O’zbekiston Islomiy Harakati” va “Islomiy jihod ittifoqi” ekan.
Bir narsani aniq aytish mumkin: bu –hokimiyatni davlat to‘ntarishi yo‘li bilan qo‘lga olgan Roza O’tunbaeva va uning sheriklarining pozitsiyasidir, chunki DMXX mazkur matbuot-relizini davlat boshlig‘ining imzosisiz e’lon qila olmaydi. Bu bilan ular qirg‘izistonlik o‘zbek jamoasiga o‘zlarining haqiqiy fashistik munosabatini yashirmay-netmay ko‘rsatishdi va o‘zlariga tarixiy hukm chiqarganlari ravshanlashdi.
Hali Qirg‘iziston DMXXning matbuot-relizini kuchli mutaxassis-ekspertlar taxlil qilishadi va uning beburdligini, g‘oyasi esa O’zbekiston MXX tomonidan berilganini ko‘rsatishadi. Ushbu maqolada esa men o‘zimning qarashlarimni izhor etmoqchiman.

Qirg‘iziston DMXX matbuot-relizi qaysi shpargalkadan ko‘chirilgan?

Odatda, Qirg‘iziston janubida yuz bergan kabi keng ko‘lamli qotilliklar va zo‘ravonliklarning kelib chiqish sabablari o‘rganilar ekan, uch toifa tomonni aniqlovchi savollar qo‘yilishi kerak: Manfaatdorlar kim? Buyurtmachilar kim? Ijrochilar kim?

Men o‘zimning oldingi “Qirg‘izistonlik o‘zbeklar masalasida ikkita optimal variant bor” nomli maqolamda manfaatdor tomonlarni sanab ko‘rsatganman. Ular orasida I.Karimov va uning rejimi alohida va balki asosiy o‘rinni egallaydi. Buni tushunish qiyin emas va uni men yana takrorlayman. 2005 yil mayida Andijon shahrida aholining tinch mitingini qonga botirish mamlakat ichida ham, tashqarisida ham I.Karimovning reytingini keskin pasaytirdi. Qadrsizlangan reytingni ko‘tarish uchun uning oldida faqat ikkita yo‘l bor edi:

yo mamlakatni yuksak demokratik rivojlantirish orqali o‘tgan mudhish voqeani unut qildirish;
BIROQ, 2005 yil mayidan keyingi voqealar mamlakat hukumat tomonidan yanada keskinroq repressiyalar girdobiga tashlanganini ko‘rsatdi, ya’ni I.Karimov 1-chi yo‘lni tanlamadi;
(2): yoki aynan Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan Andijon qirg‘inidan-da ko‘lamliroq qirg‘in uyushtirish;

Mantiq oddiy: BU QIRG’IN QANCHA KO’LAMLI BO’LSA, ANDIJON QIRG’INING MOHIYATI SHUNCHA QADRSIZLANADI VA UNUT BO’LADI!. Hozir biz 2-chi variantning effektini ko‘rib turibmiz.

Bir qarashda bu – juda ishonarsiz, va darhol “nahot-ki bir odam o‘z obro‘ini tiklash uchun shu qadar razillikka borishi mumkin?” degan savolni tug‘diruvchi variantga o‘xshaydi. Javob qisqa: bu savol tug‘ilmasligi uchun I.Karimovning kimligini bilish kerak.

O’zbekiston hukumati, xususan uning ko‘zi, qulog‘i va to‘qmog‘i bo‘lgan MXX, nafaqat manfaatdor, balki buyurtmachi sifatida ham Qirg‘iziston voqealarida faol bo‘lganligi haqida men ushbu maqola davomida fikrimni bildirib o‘taman.
Shunday qilib…

Qirg‘iziston DMXXning matbuot-relizi katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va ular juda qisqa vaqt ichida yig‘ilgan: ma’lum-ki, voqealar 10 dan 11 iyunga o‘tar kechasi boshlangan va uning aktiv fazasi taxminan bir hafta davom etgan. Bu voqealar bo‘yicha 67 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi haqidagi birinchi xabar 22 iyun kuni tarqatilgan. Boshqacha aytganda, ikki kun ichida Qirg‘iziston DMXX barcha ma’lumotlarni to‘plab ulgurgan. Mana o‘sha ma’lumotlar:

“Qirg‘iziston voqealariga bevosita “O’zbekiston Islomiy Harakati” va “Islomiy Jihod Ittifoqi” aralashgan; bu aralashuvni tashkil qilish uchun
Maksim Bakiev otasi hokimiyatdan quvilgach, 2010 yil aprel oyila Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dubay shahrida «O’zbekiston Islomiy Harakati» vakillari bilan uchrashgan;

2010 yil may oyining boshida Q.Bakiev oilasining ikki vakili Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Bahorak shahrida “Tolibon harakati”, «O’zbekiston Islomiy Harakati», “Birlashgan tojik muxolifati” (BTM) vakillari bilan uchrashadi va bu uchrashuvda BTMning dala qumondoni Mullo Abdullo ishtirok etadi”.
Odatda biror operatsiyani amalga oshirmoqchi bo‘lganda maxsus xizmat organi qandaydir afsona (legenda) ishlab chiqishga harakat qiladi. Agar operatsiya natijasi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka oshkor qilinadigan, yoki sudda ko‘riladigan bo‘lsa, u holda bu afsona imkon qadar odamlar, va ayniqsa mutaxassislar ishonadigan darajada ishlab chiqilishi kerak, aks holda operatsiyaning soxtaligi so‘zsiz oshkor bo‘lishi mumkin.

Biroq, O’zbekiston MXX Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning maxsus xizmat organlariga nisbatan barcha parametrlar (kontingenti, moddiy ta’minlangani, intellektual potentsiali va h.) bo‘yicha ancha ustun bo‘lishiga qaramay, musulmonlarga qarshi kurashda o‘zbek chekistlari to‘qigan legendalar oddiy odamning aqlini qamashtirsa-da, ammo ekspertlar va o‘qimishli odamlarda hech qanday ishonch uyg‘otmaydigan saviyada yoziladi. Ular legendani: “Kim buni tekshira oladi? Guvohlar, sud aytganimizni qiladi” degan ishonch bilan og‘ziga va xayoliga kelganini yozaveradilar. Qirg‘iziston DMXX vakillari haqida gapirmasa ham bo‘ladi!
Tabiiy savollar tug‘iladi: odatda o‘ta sir tutiladigan mazkur ikki uchrashuv detallarini Qirg‘iziston DMXX qaysi manba’dan, qaerda va qachon olgan? “Qachon” masalasida mumkin bo‘lgan:

(a): ma’lumotlar qirg‘in boshlanmasdan ilgari olingan;
(b): ma’lumotlar qirg‘in boshlangandan keyin olingan, degan ikki javobni qiyinchiliksiz rad etish mumkin.

Ma’lumotlar qirg‘in boshlanmasdan oldin olingan bo‘lsa, DMXX va Muvaqqat hukumat qirg‘in bo‘lishini ilgaridan bilgan, biroq uni yashirib, oldini olish uchun biror ish qilmagan va, demak, uning sodir etilishidan manfaatdor bo‘lgan. Bu variant Muvaqqat hukumat manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi, chunki xalqaro mustaqil tekshiruv o‘tkazilsa, bu holat uni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Ma’lumotlar qirg‘in davomida olingan bo‘lsa, u holda DMXX ularni biror ushlangan odam, mas., Q.Bakievning bir necha kun ilgari xibs etilgan jiyani Sanjar Bakievdan olgan bo‘lishi mumkin. Agar Q.Bakievning oila a’zolari yuqorida aytilgan tashkilotlar vakillari bilan Qirg‘izistonda misli ko‘rilmagan tartibsizliklarni sodir etish maqsadida ahdu-paymon qilishgan bo‘lsa, ular bu operatsiyaning qanchalik o‘zlari uchun (birinchidan) muhim, (ikkinchidan) bir paytning o‘zida o‘zlari uchun o‘ta xavfli ekanligini yaxshi tushunadilar. Bu esa o‘ta kuchli konspiratsiya (yashirinlik)ni talab etadi: boshqacha aytganda, operatsiya detallari bilan juda kichik bir guruh (bir nechta) odamlar tanishtiriladi, xolos, ya’ni katta ahamiyatli va mas’uliyatli operatsiya detallaridan Qirg‘iziston hududida yashirinib yurgan, har bir daqiqada huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanishi xavfi ostida bo‘lgan biror odam voqif qilinmaydi. Shunday qilib, Qirg‘izistonda uyushtirilgan qirg‘inning matbuot-relizida keltirilgan asosiy ijrochilari haqidagi ma’lumotning o‘ta qisqa vaqt orasida to‘planganligi BOSh ShO’BHAalardan birini tug‘diradi.

Matbuot-relizida keltirilgan keyingi ma’lumotlar bundan-da kulgili, ya’ni ishonchsizdir. Unda aytilishicha, 2010 yil may oyida «Islomiy Jihod Ittifoqi» Pokistondan Tojikiston orqali snayperlik va portlatish ishlari bo‘yicha puxta tayyorlangan 15 ta odamni Qirg‘izistonga o‘tkazgan. Afsona ishonchli bo‘lishi uchun bu guruhning boshlig‘i qo‘qonlik o‘zbek Ilhom ekanligi, guruhni boshlab kelgan odamning laqabi (Abdulla), millati (o‘zbek), qaerlikligi (toshkentlik) ham keltiriladi.
Matbuot-relizida aytilishicha, «Islomiy Jihod Ittifoqi» Qirg‘izistonga yana ikki guruh odamini yuborgan. Bu guruhlar Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidan Tojikistonning Murg‘ob va Xorogi orqali “Birlashgan Tojik Muxolifati”ning sobiq dala qumondoni, Tog‘li Badaxshonda yashovchi narkobaron ko‘magida Qirg‘izistonga o‘tkazilgan.

Bunlan chiqdi, “Islomiy Jihod Ittifoqi” Tojikistonni o‘ziniki qilib olgan ekan-da!? Tojikistondan o‘tish bemalol ekan, u holda nega «Islomiy Jihod Ittifoqi»ning “toshkentlik Abdulla”si (yo boshqasi) shu paytgacha 15 (yo hech bo‘lmasa 5) kishilik guruhni Pokistondan Toshkentga olib kelishga uringani ham yo‘q?
Terroristik guruhlarning Tojikiston hududi orqali o‘tganligini da’vo qilayotgan Qirg‘iziston DMXX bu qo‘shni davlat hukumati sha’niga xalqaro miqyosda katta zarba bermoqda. Bu da’vo zarba emasligini ko‘rsatish uchun DMXX uni haqiqat ekanligini isbotlashi kerak. Bu da’vo isbotlansa, u holda bundan: yo Tojikiston hukumati o‘z hududini terroristik guruhlarga berib qo‘ygan, ya’ni o‘z hududini himoya qila olmaydigan darajaga tushib qolgan; yoki Tojikiston hukumatining Qirg‘izistonga va xususan uning o‘zbek aholisiga katta xusumati mavjud bo‘lib, terroristik guruhlarning o‘tishiga ataylab yo‘l qo‘ygan, degan ikki xulosa kelib chiqadi. Tojikiston hukumatiga nisbatan keltirilgan bu ikkala xulosa o‘rinsiz ekaniga men aminman.

Tohir Yo‘ldosh jangarilarining Surxondaryo viloyati (2000 y. iyul; Sariosiyo va Uzun tumanlari), Toshkent viloyati (1999 y. noyabr; Yangiobod shaharchasi)ga bostirib kelganligi haqidagi O’zbekiston hukumatining mamlakat va dunyo jamoatchiligini ko‘p yillardan beri ishontirib kelayotgan afsonasi haqiqiy afsona ekanligi to‘g‘risida O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati ko‘plab marta yozgan va bu materiallar Internet orqali keng tarqatilgan edi. «Islomiy Jihod Ittifoqi»ning faoliyati esa bundan-da mavhum. Bu tashkilot haqida 2009 yil may oyida Andijon
viloyatining Xonobod shaharchasida sodir bo‘lgan voqealardan boshqa biror pichoqqa ilinadigan ma’lumot yo‘q. Xonobod voqeasi ham ko‘p jihatdan kriminal strukturalar razborkalarini eslatadi, xolos.

«O’zbekiston Islomiy Harakati» va «Islomiy Jihod Ittifoqi» jangarilarining qadami O’zbekiston hududida hali bir dona ham iz qoldirmagan bo‘lsa-da, biroq I.Karimov ularning ismidan “tashqi dushman” sifatida kamida 15 yildan beri samarali foydalanib kelmoqda. Shu sababli, asosan internet-saytlarda borligi da’vo qilinayotgan «Islomiy Jihod Ittifoqi» I.Karimov kabi diktatorlarning yana bir tayanchi sifatida qaraladi. Sababi oddiy: O’zbekistonda hukumat tomonidan uyushtirilgan terroristik aktsiyalar yoki kriminal strukturalarning
razborkasi amalga oshirilib, bir necha odam o‘lsa va yaralansa, bu “tashkilot” darhol dunyoga keladi va “Karimovning dahriy tuzumini ag‘darish uchun buni biz qildik” deya bayonot chiqaradi. Bu esa xalqni tashqi dushman xavfi bilan qo‘rqitib, mamlakatni taboro iskanjaga olishda I.Karimov tuzumiga yaxshigina yordam beradi..

Matbuot-reliz ijodkorlarining aqliy darajasi va professional tayyorgarligi o‘zbekistonlik militsiya uchastka inspektori darajasidan yuqori emasligini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, «O’zbekiston Islomiy Harakati» rahbari Tohir Yo‘ldosh o‘zbeklarga qarshi emas, I.Karimov rejimiga qarshi jihod e’lon qilganini qayta-qayta e’lon qilgan. Xuddi shu jihodni «Islomiy Jihod Ittifoqi» rahbarlari ham nazarda tutishadi. Ikki toifa, ya’ni rejim amaldorlari va oddiy o‘zbeklarga «O’zbekiston Islomiy Harakati» va «Islomiy Jihod Ittifoqi»ning munosabati diametral qarama-qarshi ekanligini Qirg‘iziston DMXX odamlari bilmasligi mumkinmi? Qirg‘izistonda qirilganlar I.Karimov rejimining amaldorlari emas, qirg‘izistonlik o‘zbeklar-ku! O’zbekistonning MXX, Rossiyaning Federal Xavfsizlik Xizmati (FXX) yoki Qirg‘izistonning DMXX kabi tashkilotlarini “maxsus xizmat” deyilishining sababi ham shunda-ki, bu organlar har bir narsaning ikir-chikirigacha bilishi va ularni hisobga olishi kerak. DMXX rasmiy matbuot-relizi e’lon qilar va unda kimlargadir jiddiy ayblar qo‘yar ekan, birinchi navbatda o‘zining kompetentsiyasi baland ekanini ko‘rsatishi lozim edi. Biroq DMXX rahbarlari va xodimlarining kompetentsiyasi, bilim darajasi, professional malakasi o‘ta past ekanligi oson seziladi: “O’zbekiston Islomiy Harakati” va “Islomiy Jihod Ittifoqi” Qirg‘iziston voqealarida ishtirok etgan, deyish o‘rinli bo‘lsa, u holda ular o‘zbeklar (qirg‘izlar)ni emas, qirg‘iz harbiylari, militsionerlari va boshqa amaldorlarini ommaviy qatl qilsalargina ishonarli bo‘lar edi.

Matbuot-relizdan yaqqol qo‘rinadigan bir jihad, bu – Muvaqqat hukumatning Qirg‘iziston qirg‘inidagi barcha ayblarni o‘zbeklarga ag‘darishidir. Unda aytilishicha, O’z viloyatining Qorasuy tumanidagi “Narimanov” qishlog‘ida hamda Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanida ilgaridan “Islomiy Jihod Ittifoqi” va boshqa xalqaro terroristik tashkilotlarning ikki gruppirovkasi (guruhi) faoliyat yurgizgan. “Islomiy Jihod Ittifoqi”ning Afg‘onistondan kiritilgan ikki guruhi asosan o‘zbeklar yashaydigan hududlarda, asosan kechki paytlarda, “xudosizlarga qarshi muqaddas urush” shiori ostida xunrezliklar qilgan. DMXXning bu da’vosini umuman tushunish qiyin: bu xudosizlar kim? Ilgari afg‘onlar qarshi urushgan ruslarmi?; hozir Afg‘onistonda urush olib borayotgan NATOliklarmi? Balki xitoyliklardir? Yo‘q! Ular asosan o‘zbeklarni o‘ldirganlar! Qachondan beri beshvaqt namozini kanda qilmaydigan qirg‘izistonlik o‘zbeklar “Islomiy Jihod Ittifoqi” nuqtai-nazarida xudosiz bo‘lib qolishdi? Yoki xudosizlar deb DMXX o‘ldirilgan o‘nlab yosh go‘daklarni aytayotgandir, balki? DMXXning bunday beburd narsaga urg‘u berishini rus tilida POLNIY PROKOL deyiladi.

Matbuot-relizida aytilayotgan “Narimanov” va “Bozorqo‘rg‘on” ekstremistik gruppirovkalari qayoqdan paydo bo‘ldi? Gap shunda-ki, diniy ekstremizmga qarshi kurash niqobi ostida O’zbekistonda musulmonlarni qama-qama avjiga chiqqan paytda, O’zbekiston MXX nafaqat o‘zbekistonlik o‘zbek-musulmonlarni, balki Qirg‘iziston janubida yashovchi mahalliy o‘zbeklarni ham bemalol tutib kelib qamay boshladi – ular asosan bozorqo‘rg‘onliklar va narimanovliklar edi. O’zbekiston huquq-tartibot organlari va “odil sudi” har bir musulmonda chet ellarda harakat qilayotgan (biroq bor-yo‘g‘i mavhum bo‘lgan) terroristik guruhlar a’zolarini ko‘rishgani uchun, qaerda biror musulmon qamalsa, o‘sha yerda terroristk tashkilotlar yashirin ildiz otgan, deya uqtirib kelishadi. Ular bu “falsafani” nafaqat sud hukmlariga kiritadilar, balki uni aktiv tarqatib, mamlakat jamoatchiligi, qo‘ni-qo‘shnilar va jahon jamoatchiligini bu yolg‘onga ishontirib kelmoqdalar.
Qirg‘iziston DMXX matbuot-reliziga “narimanov” va “bozorqo‘rg‘on” gruppirovkalari” iborasi sho‘bhasiz o‘zbek hamkasblari tavsiyasi bilan kiritilgan.

Matbuot-relizi “Kim tekshirib ko‘rardi, yozganimizning hammasiga ishonaverishadi; sud o‘zimizniki, guvohlar, ekspertlar chizgan chizig‘imizdan chiqmaydi” qabilida naridan-beri yozilgan, va shuning uchun ziddiyatlarga to‘la hamda unda keltirilgan raqamlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tarqatgan raqamlardan tubdan farq qiladi.
Mas., matbuot-relizida millatlararo taranglik mavjudligi tan olingan bo‘lsa-da (matbuot-relizlan parcha: “Mamlakat janubining eng og‘riqli muammosi – respublika aholisining qirg‘iz va o‘zbek qismlari orasidagi mavjud millatlararo yashirin nizolar ishlatilgan,…”), bo‘lib o‘tgan janglarning bir tomonida minglab odam qiyofasini yo‘qotgan, vahshiylik va varvarlik kayfiyatida bo‘lgan qirg‘izlar bo‘lgani haqida unda bir og‘iz ham gap aytilmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNOSAT (Yer yo‘ldoshi operatsion programmasi yordamida o‘qitish va tadqiqod ishlarini olib borish) instituti e’lon qilgan informatsiya (suratlar va ma’lumotlar) bo‘yicha faqat O’sh shahrining o‘zida o‘zbeklarga tegishli 1749 ta uy to‘liq vayron bo‘lgan, 58 ta uy esa jiddiy shikastlangan. Matbuot-relizida esa butun janubiy Qirg‘izistonda vayron bo‘lgan uylar soni 453 deb keltiriladi. Bu uylar aholining qaysi jamoasiga tegishli ekanligi haqida hech narsa deyilmaydi.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni to‘liq, adolatli tekshirish, o‘lganlar soni va millatini, zo‘rlanganlar kim, zo‘rlaganlar kimligini aniqlash matbuot-relizini yozishda Qirg‘iziston maxsus xizmat organining xayoliga ham kelmagani yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Juda ko‘p manba’lar o‘lganlar soni bir necha ming deyayotganiga qaramay, DMXX mazkur relizida yuzsizlarcha bu raqamni 244 ta qilib ko‘rsatgan.

Matbuot-relizi 24 iyun kuni, ya’ni Qirg‘izistonda 27 iyunda o‘tkazilishi rejalangan referendumdan ikki kun oldin, jamoatchilikka “maxsus xizmat organi tinimsiz ishlayapti” degan fikrni singdirish uchun zudlik bilan yozilgan. Reliz jahon matbuoti va ayniqsa O’zbekiston matbuotida ko‘p ishlatiladigan termin va iboralar, terroristik tashkilot va hududlar nomlari, O’zbekiston hukumati o‘zining asosiy dushmani deb hisoblovchi diniy (islomiy) ekstremizm kabi uydirmalardan iborat bo‘lib, uni O’zbekiston MXXning shu yo‘sindagi hujjatlaridan ko‘chirma desa bo‘ladi.

I.Karimovning “buyuklik” proekti

SSSR KGB (DXQ)ning bevosita vorislari bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Qozog‘iston davlat xavfsizlik xizmatlari orasida Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonning hududi va aholi sonining kichik hamda iqtisodi nochor bo‘lgani sababli bu davlatlarning mazkur tashkilotlari eng zaifi bo‘lgan va hozirgi kunda ham zaifligicha faoliyat olib bormoqda. I.Karimov va N.Nazarboev o‘rtasida Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z hukmini o‘tkazish bo‘yicha 90-chi yillar boshida boshlangan, zimdan olib borilgan kurashda asosiy urg‘u O’zbekistonda xavfsizlik xizmat organlari ishini kuchaytirishga qaratildi. Mas., SSSR davrida Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi organlari faqat viloyat markazlari va yirik shaharlarda bo‘lgan bo‘lsa, mustaqillik yillari boshida bu organlar O’zbekistonning har bir tuman va shaharida ham tashkil etildi. Haddan tashqari kengaytirilgan MXX nafaqat mamlakat tanasining har bir hujayrasini nazorat qilishni kuchaytirdi, balki barcha qo‘shni mamlakatlar ichki ishiga faol aralasha boshladi.

Buni tushunish uchun I.Karimov zehniyatidagi ba’zi narsalarni muhtaram o‘quvchi bilishi zarur deb hisoblayman. Markaziy Osiyoga gegemonlik qilish maqsadida u 90-chi yillar boshida birinchi navbatda “O’zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan shiorni o‘rtaga tashladi va avantyuristik bir proektni amalga oshirishni mo‘ljalladi. Bu proekt bo‘yicha vaqt o‘tishi bilan Qozog‘istonning Chimkent, Qirg‘izistonning O’sh, Tojikistonning Leninobod, Turkmanistonning Toshhovuz va Afg‘onistonning yetti shimoliy viloyatini O’zbekistonga qo‘shib olish reja qilingan
edi.

Odatda kichik davlatlarning ma’lum ma’noda “tomi ketgan” hukmdorlarida kuzatiladigan bir kasallik bo‘lib, bu hukmdorlar o‘z davlatini “buyuk davlat” qilmoqchi bo‘ladilar. O’z vaqtida “buyuk Armaniston”, “buyuk Albaniya”, “buyuk Angliya” va boshqa shu kabi buyuk davlatlar tuzmoqchi bo‘lgan hukmdorlar o‘tgan. O’z vaqtida Rossiya, Angliya, Ispaniya kabi kichik mamlakatlar agressiv siyosati tufayli katta imperiyalarga aylangan bo‘lsalar, ko‘p proektlar amalga oshmagan.

Bir qarashda I.Karimovning “Buyuk O’zbekiston” proekti o‘z vaqtida boshqa-boshqa davlatlarga tushib qolgan va dunyoga sochilib ketgan o‘zbeklarni bitta davlatga yig‘ishdek ko‘rinadi. Afsus-ki, I.Karimovning O’zbekistonni 21 yil boshqarishi uning o‘zbeklarga munosabati o‘ta salbiy ekanini, mazkur proekti esa Markaziy Osiyoning katta hududida kichik “Amir Temur imperiyasi”ni tuzish va gegemonlik qilishdan iborat bo‘lganini ko‘rsatdi.

Jozibali ko‘rinsa-da, biroq SSSRday ulkan bir imperiya parchalangan, millatlararo tarangliklar benihoya kuchaygan, Markaziy Osiyo mintaqasida AQSh, Turkiya, Rossiya kabi siyosiy o‘yinchilar maydonga kelgan, O’zbekistonning bevosita biqinida, Afg‘onistonda urush olovi gurkirab yonib turgan sharoitda bu proektni tinch yo‘l bilan amalga oshirish mumkin emas edi.

Mazkur proekt faqat harbiy avantyura, qo‘shni mamlakatlarda beqarorlik vaziyatini uyushtirish, o‘sha hududlar o‘zbeklarini: “Biz bu mamlakatda yashashni istamaymiz, biz O’zbekistonga qo‘shilamiz” deya g‘alayonlar qilishga undash orqali amalga oshirilishi mumkin edi, xolos. O’zbekiston MXX yuqorida aytilgan mamlakatlarning har biriga shunaqa avantyuralar uyushtirib ko‘rdi, biroq natija salbiy bo‘ldi. Men birgina Tojikiston misolida buni aytib o‘taman.

Polkovnik Mahmud Xudoyberdievning Jizzax viloyatida dam oldirilgan, tayyorgarlikdan o‘tkazilgan armiyasi 1998 yil noyabr oyida Zomin dovoni orqali Tojikistonning Leninobod (hozirgi Xo‘jand) viloyatiga o‘tkaziladi. Bu guruh oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri bu viloyatda xalqning Tojikistondan chiqish va O’zbekistonga qo‘shilish xarakatini yuzaga keltirish bo‘yicha tartibsizliklar keltirib chiqarish bo‘lgan. Tojikiston armiyasidan qaqshatqich zarbaga uchragan M.Xudoyberdiev armiyasi O’zbekistonga chekinishga majbo‘r bo‘ldi. Ikki mamlakat orasidagi diplomatik aloqa salkam uzilish darajasiga borib qoldi, Emomali Rahmon Islom Karimovga xalqaro sudga berish bilan tahdid qildi.

I.Karimovning mazkur “buyuklik” proekti AQSh ma’murlariga ma’lum bo‘lgan va uning “ishtahasiga” birinchi bo‘lib amerikalilar to‘siq qo‘yishdi. 1992 yil fevral oyida Toshkentga AQSh Davlat Kotibi Jeyms Beyker kelib I.Karimov bilan uchrashganda, O’zbekiston hukumati kelajakda AQShning har tomonlama yordamini olish niyatida bo‘lsa, u to‘rtta shartni bajarishi, va bu shartlardan biri – qo‘shni davlatlar bilan chegara (hudud) talashib barqarorlikni buzmaslik – bo‘lgan. Biroq boshdan-bosh qudratli davlatlar bilan yo‘lga qo‘yiladigan siyosatda I.Karimov o‘zbek xalqi manfaatidan kelib chiqib emas, balki o‘z hokimiyatini mustahkamlash va Markaziy Osiyoda liderlik qilishni mo‘ljallab ish yuritgani uchun o‘zining mazkur proektidan yana uzoq yillar voz kechmadi.

I.Karimovning proekti to‘la inqirozga uchradi. Biroq uning maxsus xizmat organlari qo‘shni mamlakatlarda hiyla ishlarni amalga oshirdi. Mas., 1992 yili va keyingi bir necha yillar Tojikistonni uning hukumati emas, O’zbekiston MXX boshqargan deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. O’z vaqtida Emomali Rahmon O’zbekiston MXX sa’y-harakati bilan Tojikiston hukumati tepasiga olib kelinganini hozir ko‘pchilik biladi. Tojikistondagi fuqaroviy urush I.Karimov armiyasi 1992 yil noyabr-dekabrda Dushanbeni qo‘lga kiritgan Birlashgan Tojik Muxolifatini qonga botirib, Afg‘oniston hududiga qochishga majbur qilganidan so‘ng avj olib ketdi.
Qirg‘izistonda O’zbekiston MXX xodimlari o‘z mamlakatlarida yurganday bemalol yurgani, qirg‘iz DMXX bunga og‘iz ochib e’tiroz bildira olmagani tufayli diniy ekstremizmda asossiz ayblangani uchun Qirg‘izistonga qochib o‘tgan nafaqat o‘zbekistonlik o‘zbeklarni, balki qirg‘izistonlik o‘zbeklarni ham shu ayb bilan bemalol ushlab olib kelishganiga misollar juda ko‘p. Andijon qirg‘inidan keyin ham ko‘plab qochoq o‘zbeklar aynan Qirg‘izistondan ushlab olib kelindi. Bundan tashqari, o‘zbeklarni qamashda O’zbekiston MXX Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya
va Ukraina maxsus xizmat organlari bilan yaqin aloqada bo‘lgani yaxshi ma’lum.

Islom Karimov o‘zbeklarni hech qachon sevmagan va hurmat qilmagan

Bu tezis isbotiga minglab xususiy va umumiy misollar keltirish mumkin. Men bitta xususiy misol keltiraman, xolos. Namangan shahrida bir hovlida istiqomat qiluvchi oltita aka-ukani diniy ekstremizmda ayblab 90-chi yillar oxirida qamab yuborishdi. Aka-ukalarning to‘rttasi uylangan bo‘lib, ularning bolalari o‘n to‘rtta edi. Hovlida to‘rt kelin, o‘n to‘rt bola va 75 yoshli kampir (qaynona) qolishgan ekan. Qamoqxonalardan kampirning ikki o‘g‘lining o‘ligi keldi. Bizning tashkilotning a’zolari xabar olgani borishganda u hovlidagi axvolni ko‘rib
dahshatga tushishgan.
Shu aka-ukalarning biri Tolib Mamajonov sudi Toshkentda bo‘lib, men shu sudni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O’zbekistonda odil sud yo‘q, yuzlab odamlarni tamoman asossiz ayblar bilan qamab yuborishganini kuzatganmiz. Biroq Tolib Mamajonov ustidan o‘tkazilgan sudning naqadar adolatsizligi, aksilinsonligi hech yoddan chiqmaydi. Tolib Mamajonov otishga hukm qilindi.
Millionlab o‘zbeklarning ish izlab chetga chiqib ketgani, o‘z iffati bilan ajralib turuvchi o‘zbek xotin-qizlarining o‘z tanasini sotish uchun boshqa mamlakatlarga yo‘l olgani, millatning asl farzandlari bo‘lmish e’tiqodli, fikri sof, amali pok o‘n minglab yigitlarni qamoqxonalarda umri o‘tayotgani, ularga Xudo beradigan o‘n minglab bolalarning tug‘ilmaganligi, minglab buzilib ketgan oilalarning yuzaga kelishi, o‘zbek bolalarini paxta dalalarida qulday ishlatish, mamlakat maorifi va fanini inqirozga keltirish va boshqa behisob umumiy
misollar ketma-ketligini Andijon qirg‘ini bilan yakunlash mumkin.
I.Karimovning o‘z xalqiga bunday munosabatini tushunish juda qiyin, biroq u yaqqol ko‘rinib turibdi. Uning bu munosabati Qirg‘iziston o‘zbeklariga nisbatan yana bir marta, bor bo‘yicha namoyon bo‘ldi:
(I): Qirg‘indan uch kun oldin u Rossiyaning eng millatchi siyosatchilaridan biri V.Rushayloni qabul qildi; ma’lumotlarga qaraganda, V.Rushaylo Qirg‘izistonda kutilayotgan voqealar yuzasidan I.Karimov bilan gaplashib olgan va bu uchrashuvda asosiy masala ko‘rilgan: Qirg‘izistonda qanday holat yuz berishidan qat’iy nazar Rossiya ham, O’zbekiston ham, KXShT ham bu mamlakatga o‘z askarlarini yubormaydi;
(II): Qirg‘izistonda qirg‘in boshlanmasdan birmuncha vaqt oldin Andijon viloyatida qochoqlarni qabul qilish tayyorgarligi boshlab yuborilgan;
(III): U bir necha kun Qirg‘izistonda o‘zbeklarning ommaviy qatl etilishini bamaylixotir kuzatib turdi;
(IV): Yuz ming o‘zbek qochoqlari bir necha kungina O’zbekiston hududida bexavotir yashashdi, xolos.
(V): Aldov yo‘li bilan, bir necha kundan keyin, o‘zi kabi hokimiyatni antikonstitutsion egallagan, o‘zbeklar qirg‘inini ataylab to‘xtatmagan Muvaqqat hukumat referendumida qatnashtirish uchun Qirg‘izistondan qochib o‘tgan yuz ming o‘zbekni yana qotil qirg‘izlar qo‘liga topshirdi.

(VI) Uning fikricha Qirg‘izistonda bo‘lgan qirg‘in millatlararo taranglikka aloqasi yo‘q emish, bu qirg‘inni qandaydir uchinchi kuchlar uyushtirgan emish;
(VII): I.Karimov bo‘yicha Qirg‘izistonda o‘zbeklar har qancha genotsid (qirg‘in) qilinsa, bu qirg‘iz “davlatining” ichki ishi ekan; I.Karimovning Qirg‘iziston o‘zbeklari masalasida pozitsiyasi oddiy va ravshan, biroq dahshatli: qirg‘izlar xohlasa tinch yashasin, xohlasa har kuni o‘zbekni so‘ysin – bizning ishimiz yo‘q, biz aralashmaymiz!

O’zbek davlatining rahbari bo‘laturib shu falsafaga ega bo‘lgan odam o‘zbek xalqini sevishi yoki hurmat qilishi aqlga sig‘maydi.
Xulosa: 1) 21 yildan beri yolg‘on-yashiq bilan hokimiyatni egallab va o‘zbek xalqiga “bosh” bo‘lib kelayotgan, biroq bu xalqqa nafrat bilan qaraydigan shaxs Qirg‘iziston qirg‘inidan manfaatdor bo‘lmasligi mumkin emas;
2) Manfaatdorlik bor joyda esa undan foydalanish yo‘llari izlanadi va maksimal foyda olishga harakat qilinadi;
3) I.Karimov uchun esa eng asosiy foyda, bu – Andijon qirg‘inini butunlay unutdirish va xalq ongidan o‘chirish.

Asosiy buyurtmachi – O’zbekiston davlat terrorizmidir

Qirg‘iziston DMXX O’sh-Jalolobod qirg‘inida asosiy buyurtmachi va bu qirg‘inni tashkillashtirish uchun moliya ajratgan tomon sobiq prezident Q.Bakiev va uning atrofi demoqda. Birdan hokimiyat va, demak, davlat “oxuri”dan ketgan odam va ayniqsa uning yosh, biroq “oxur”ning mazasini ta’tib ko‘rgan o‘g‘illari hech qanday e’tirozsiz, o‘tgan ishga qo‘l siltab, ketishiga ishonish qiyin, albatta. Biroq, bu kuchning bunchalik keng ko‘lamli qotillik va vayronagarchiliklar sodir etishdagi hatti-harakatida mantiq ko‘rinmaydi. Darhaqiqat, bu kuchning maqsadi O’sh va Jalolobod shaharlarini deyarli buzib tashlab, bir necha ming o‘zbekni o‘ldirib, faqat referendumni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lsa – bu maqsad mantiqsizlikning cho‘qqisi bo‘lar edi. Nega?

Birinchidan, Q.Bakiev siyosatchi sifatida har qanday sharoitda referendumni qalbakilik yo‘li bilan o‘tkazish mumkinligini yaxshi biladi, chunki Markaziy Osiyo davlatlarida shu paytga qadar biror marta, biror joyda erkin, adolatli saylov bo‘lgan emas; Qirg‘iziston qirg‘ini kabi keng ko‘lamli gumanitar va iqtisodiy inqiroz paytida normal jamiyatda referendum o‘tkazilmaydi; biroq Qirg‘izistondagi inqiroz uning poytaxtida emas, dovonning narigi tomonida, asosan o‘zbeklar yashaydigan hududda sodir bo‘lgani uchun referendumni ko‘chirish Muvaqqat hukumatning xayoliga ham kelgani yo‘q!

Ikkinchidan, yaxshi qurollangan terroristlarning uch guruhini bemalol, qisqa vaqt ichida Afg‘onistondan Tojikiston orqali Qirg‘izistonga olib o‘tgan kuch nega bu guruhlarni Bishkekka olib o‘tmagan? Bu uch guruh islomiy kuchlar shu qadar qudratli ekan, Bishkekda O’sh va Jalolobodda qilgan qotillik va vayronagarchiliklarning FAQATGINA 1/100 ni qilganda edi, referendumni o‘tkazish haqida gap ham bo‘lmas edi.
Uchinchidan, Q.Bakiev O’sh va Jaloloboddadagi qirg‘inga xalqaro hamjamiyat tomonidan ertami-kechmi huquqiy baho berilishini yaxshi biladi va bunchalik keng ko‘lamli qirg‘inni uyushtirish oxir-oqibat o‘zining boshini yeyishini tushungan holda bunga jur’at qila olmaydi.

Xulosa: 1) “O’zbekiston Islomiy Harakati”, “Islomiy Jihod Ittifoqi” va tashqaridagi terroristik guruhlarning Qirg‘iziston janubida sodir etilgan xunrezliklarga hech qanday aloqasi yo‘q; 2) Garchi referendum o‘tkazilishidan manfaatdor bo‘lmay, Qirg‘izistonda beqarorlik paydo bo‘lishidan manfaatdor bo‘lsa-da, Q.Bakiev va uning atrofining janubiy Qirg‘izistonda sodir etilgan qirg‘inlarni uyushtirishda ishtiroki “uchinchi kuch”, ya’ni O’zbekiston hukumati ishtirokidan xiyla pastdir; 3) Bu qirg‘indan manfaatdor ham, uning asosiy buyurtmachisi ham O’zbekistonda shakllangan davlat terrorizmidir; bu terrorizmni I.Karimov o‘zbeklarga nisbatan 21 yildan beri shakllantirib va mukammallashtirib kelayotir.

Qirg‘iziston qirg‘inida ijrochilar kim?

Qirg‘izistonning hozirgi ma’murlari iyun qirg‘inida o‘ldirilgan o‘zbeklar sonini kamida o‘n baravar kamaytirib ko‘rsatmoqda, o‘lgan qirg‘izlar sonini esa mutlaqo aytayotgan emas, chunki bu raqamlar nisbati tamoman o‘zbeklar ziyoniga bo‘lgani uchundir. Qirg‘iziston ma’murlari yana:

A) bo‘lgan voqealarda o‘zbeklarni ayblayotgan bir paytda nega yuz minglab o‘z uylarini tashlab ketganlar aynan o‘zbeklar ekanini;

B) janubiy Qirg‘izistonning qirg‘izlar zich yashaydigan tumanlarida tarkibi minglab qirg‘izlardan iborat ko‘psonli to‘dalar tashkil qilinib, bu to‘dalarni O’sh va Jalolobod viloyatlariga, o‘zbeklarni o‘ldirish va ularning uy-joylarini vayron qilish uchun safarbar qilinganini;
V) Qirg‘iz va o‘zbeklar aralash yashaydigan mahallalarda o‘zbeklarga tegishli uy-joy va korxonalar devorlariga maxsus yozuv va belgilar qo‘yilganini;

G) Muvaqqat hukumatning harbiy va huquq-tartibot kuchlari o‘zbek mahallalariga hujum qilayotgan vahshiy qirg‘izlarni qurol-yarog‘ va hatto zihrli texnika bilan ta’minlab turgani va qirg‘inda bevosita qatnashganini;

D) Qirg‘izistonning janubida o‘zbek va qirg‘iz millatlari orasida taranglik qo‘rqinchli vaziyatga kelib qolganligi hukumat doiralariga, xususan DMXX rahbariyatiga hatto 2010 yilning 1 may va 19 may kunlari ma’lum bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq hukumat tomonidan qonli qirg‘inning oldini olish uchun biror ish qilinmaganligini YaShIRMOQDA.

Qirg‘iziston hukumati qirg‘in va vayrongarchiliklarni ijro etganlar qirg‘izlar ekanini har qancha yashirsa va bularni qandaydir yaxshi qurollangan, chetdan kirib kelgan afsonaviy uchta kichik guruhga ag‘darayotgan bo‘lsa ham buning uddasidan chiqaolmaydi, chunki sodir etilgan qotilliklar va vayrongarchiliklar ko‘lami kichik guruhning qo‘lidan keladigan ish emas.

Shunday qilib, Qirg‘iziston janubida sodir etilgan qotillik va vayrongarchiliklarning ijrochilari – qirg‘iz aholisi hamda harbiylari va huquq-tartibot organlari xodimlaridir. Har qanday urushda hujumga uchragan tomon qo‘lidan kelguncha o‘zini himoya qilishga harakat qiladi va bu tomon ham hujum qilayotgan tomonning jonli kuchiga talofot yetkazishga haqli. O’ldirilgan qirg‘izlar – hujumga uchragan o‘zbeklar tomonidan o‘zlarini himoya qilish uchun tajovuzchi tomonga yetkazgan talofotdir.

Devorga osilgan miltiq effekti

Millatlar orasidagi ziddiyat va devorga osilgan miltiq orasida uzviy o‘xshashlik bor. Devorga osilgan miltiq yillar davomida osig‘liq holatda turaverishi, biroq uni qo‘lga olgan odam u o‘qlanganmi-yo‘qmi ekanini tekshirmasdan tepkini bossa, miltiq o‘q uzishi mumkin. Etnik nizo ham yillar davomida bo‘y ko‘rsatmasdan turishi, biroq kutilmagan joyda va kutilmagan vaqtda arzimas sababga ko‘ra kuchli portlashga aylanishi mumkin.
Buni “devorga osilgan miltiq effekti” deyiladi va bu effektdan odatda avtoritar siyosiy sistemalar maxsus xizmatlari tuzum va uning rahbari manfaati yo‘lida “unumli” foydalanadilar.

Men oldingi maqolamda Andijon qirg‘ini kunlari O’zbekiston MXX tomonidan maxsus tayyorlangan guruh qochqinlar panasida janubiy Qirg‘izistonga o‘tkazilgani, bu guruh oldiga muayyan vazifa – ma’lum vaqt oraligida bu hududda vaziyatni izdan chiqarishga erishish – qo‘yilgani haqida yozgan edim.

Janubiy Qirg‘iziston Andijon orqali O’zbekistonga tutashligi, unda o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etgani, Qirg‘iziston DMXXning kuchsizligi va boshqa bir qator faktorlar tufayli O’zbekiston MXX va xususan singdirilgan guruh bu hududda bemalol, deyarli problemasiz faoliyat yurgizgan.

Ba’zi manba’larning bildirishicha, O’zbekiston MXX o‘zbek jamoasi bilan ham, qirg‘iz jamoasi bilan ham birday ishlagan; yana-da to‘g‘rirog‘i, bir jamoa bilan olib borilgan ish ikkinchi jamoadan sir tutilgan holda, har ikkala jamoaga o‘tkaziladigan ta’sir bir xil bo‘lgan. Mas., o‘zbeklarga qarshi kayfiyatni kuchaytirish uchun “tashviqotchilar” qirg‘izlar ongiga o‘zbeklarni “kelgindi” qilib ko‘rsatish, o‘zbeklar savdo-sotiqni egallab olishgani, ularning isrofgarchilikka (to‘y-marakalarda va h.) berilgani, boyligini ko‘z-ko‘z qilishining kuchayishi va boshqa negativ jihatlarni singdirishga urg‘u berilgan bo‘lsa, o‘zbeklar orasida esa qirg‘izlarning qitig‘iga teguvchi masalalar, jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini olish, janubiy Qirg‘izistonda o‘zbeklarning avtonomiyasini tuzish, Bishkekdagi davlat idoralarida o‘zbeklar nufuzini orttirish (va h.) uchun kurashga chorlash ishlari olib borilgan.

Garchi o‘zbeklar Qirg‘izistonning janubiy hududlarida mehmon emas, aslida mezbon bo‘lsalar-da, bu sovet respublikasining yangi yetishib kelayotgan siyosiy elitasi M.Gorbachev “qayta qurishi” paytidayoq bu yerlar “Manas yeri”, “qirg‘izlar yeri” degan goyani qirg‘izlar ongiga singdira boshlagan edi. Uning birinchi natijasi 1990 yil iyunida kuchli portlash bilan bo‘y berdi.

Bundan o‘zbeklar va o‘zbeklarning yangi yetishib chiqqan siyosiy elitasi to‘g‘ri xulosa chiqara olmadi, biroq davlat boshqaruviga kelgan I.Karimov va unga meros qolgan O’zbekiston SSR DXQ (KGB) “to‘g‘ri” xulosa chiqardilar, ya’ni Qirg‘izistonda shakllangan o‘zbek-qirg‘iz munosabatini hamma vaqt, matematiklar tili bilan aytganda, “bir dilda” saqlash va undan o‘z vaqtida unumli foydalanish mumkinligini o‘zlashtirdilar.
Ko‘pchilik “demokrat” deya qabul qilgan A.Akaev davrida o‘zbeklarga nisbatan qirg‘izlarda shakllangan “quvish”, “o‘ldirish”, “mol-mulkini yakson qilish” kayfiyati so‘nmadi, balki kuchaydi. 2010 yildagi qirg‘in Qirg‘izistonda 2005 yil mart oyida sodir bo‘lgan “rangli inqilob” paytida bo‘lishi mumkin edi. Biroq u paytda qirg‘izlar I.Karimovning o‘zbeklarga bo‘lgan asl munosabatini bilmas edilar va shu sababli ularda qo‘rquv bor edi. Ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan Andijon voqealari bu qo‘rquvga oid barcha savollarni olib tashladi. Qirg‘izlar o‘zbeklar hech
qanday himoyaga ega emas ekanliklarini yaxshi tushunib yetdilar.

Shunday qilib …

20 yil devorga osib qo‘yilgan “o‘zbek-qirg‘iz munosabati” deb ataluvchi miltiq qo‘lga olingach va tepki bosilgach, o‘q otildi. Tepkiga uzatilgan qo‘llarning biri I.Karimovniki edi.
Bu qo‘l yaratgan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida ushbuni yozgan: (Iqtibos):
“Uyushtirilayotgan, boshqarilayotgan va ig‘vogarlik xarakteriga ega bunday xatti-harakatlar millatlar o‘rtasida nizo qo‘zg‘atish, Qirg‘iziston janubida yashayotgan kam sonli millatlar vakillari uchun chidab bo‘lmaydigan sharoitni vujudga keltirish niyatida uzoqni ko‘zlab sodir etilmoqda, deb xulosa chiqarish uchun barcha asoslar bor. (Iqtibos tugadi).
Bu bayonotdan ikkita yuzada turgan xulosani ko‘rish mumkin:
(I): I.Karimovning ikkiyuzlamachiligini, chunki u Buxoro viloyatiga borganda “O’sh-Jalolobod qirg‘ini milliy nizodan kelib chiqmagan, bu ishni qandaydir “uchinchi” kuch sodir qilgan”, deb bayonot bergan, ya’ni Qirg‘iziston voqealari o‘zbeklarga nisbatan genotsid ekanini inkor etgan edi;
(II): O’zidan gumonni uzoqlashtirish uchun O’G’RI: “O’g‘rini ushlang! Anavi yoqqa qochdi!” deya hammadan qattiqroq baqirar ekan.

Xotima

Sumbula kirishiga ikki oy ham vaqt qolmadi. “Sumbulada suv sovir, tun sovir” degan hikmat Markaziy Osiyoda haqiqatdir. Hozir O’sh va Jalolobod shahrining ahli, – bu kamida 400.000 o‘zbek, – boshpanasiz qoldi. Tun soviydigan paytgacha Qirg‘iziston hukumati bu odamlarga uy-joy qilib bera olmaydi emas, QILIB BERMAYDI. Bu – fakt! Demak, oldi uch oy sovuq tunlar, orqasi uch oy izg‘irin qish ichida yana bir necha o‘n ming, asosan yosh bolalar, qariyalar va kasal o‘zbeklar o‘lib ketadi. Buni I.Karimov ham, Muvaqqat hukumat ham, qirg‘izlar ham yaxshi tushunadilar.

Maqsad esa bitta: O’ZBEKLARNI QIRG’IZISTONDAN QUVIB CHIQARISH!

http://yangidunyo.com/?p=12867

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: