Qirg‘izistondagi qirg‘in sabablari (2-qism) – yangidunyo


Shuhrat AHMADJONOV

Millatchilik – bu bolalar kasalligidir. Bu insoniyatning qizamig‘idir. [1, 98-b.]
ALBERT EYNSHTEYN (1879-1955)

Qirg‘izistonda 2010 yil 10-13 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan qirg‘inga doir beshta savolga javob [15]-maqolamda yozilgandi.
6-savol. Qirg‘in uyushtiruvchilarning qanday razil maqsadlari bor?
1-razil maqsad. 2010 yil aprel kunlari Qirg‘iziston kuchishlatar organlar zobitlari va xodimlari tomonidan qurolsiz fuqarolardan 79 kishi otib o‘ldirilganligi, yuzlab fuqarolar o‘q yeb yarador bo‘lgani ma’lum ([13]-ga qarang). Bu fuqarolarni asossiz o‘ldirishda Qirg‘iziston maxsus xizmat organlarining ayrim rahbarlari va xodimlari, yumshoqroq qilib aytganda, u yoki bu ko‘rinishda qatnashgan ([10]-ga qarang).

Vaqtli hukumat 2010 yil aprelidayoq bu qonli voqealar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘otib, o‘nlab snayperlar va qatnashchilarni hibsga olgandi. Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra hibsga olingan snayperlar orasida xorij fuqarolari ham bor ekan. Ehtimol, bularni tergov qilish jarayonida, ayniqsa snayperlik vintovkasi va o‘q-dorilarini qaerdan olganligini tekshirish davomida Rossiya maxsus xizmat organlarining ham “junli qo‘li” borligi ma’lum bo‘lishi mumkin
(O’shda iyun qirg‘inidan keyin snayperlar hibsga olingani haqida [16]- maqolada yozilgan).

Adolatli va muhim tergov natijasida Qirg‘iziston kuchishlatar organlaridagi aybdor shaxslar va rahbarlar siri ochilish ehtimoli katta edi. Mana shu tergov ishlarini to‘xtatish, Qirg‘iziston davlat rahbariyati va jahon jamoatchiligi e’tiborini umuman boshqa tomonga – O’sh hamda Jaloloboddagi qirg‘inga burib yuborish rejalashtirildi va amalga oshirildi.

Natijada 2010 yil aprel qonli voqealarini tergov qilish asosan to‘xtatilib, kuchlar O’sh hamda Jaloloboddagi qonli voqealarni tergov qilishga jalb etildi va asosiy aybni nohaq jabr ko‘rgan o‘zbeklarga ag‘darish harakatlari boshlanib ketdi. Bu – birinchi razil maqsad edi.

Bu razil maqsad o‘sha qora niyatli kishilarga natija bermasligini isbotlash va bunday qonli jinoyatni takrorlamasligi uchun Qirg‘izistonning hozirgi rahbariyati 2010 yil aprelida begunoh, qurolsiz fuqarolarni o‘ldirganlar ustidan olib borilayotgan tergov ishlarini sobit qadamlik bilan davom ettirmog‘i kerak.

Aslida O’sh va Jalolobodda 2010 yil iyunida uyushtirilgan qirg‘in 2010 yil aprelida uyushtirilgan qonli voqealarning davomidir. Chunki aprelda qurolsiz fuqarolarni o‘qqa tutgan va hozircha hibsga olinmagan jinoyatchilar O’sh hamda Jaloloboddagi qirg‘inga ham jalb etilgan. Shu sababli ikkala qonli voqealar bitta katta umumiy jinoyat sifatida tergov qilinmog‘i o‘rinlidir. Bu qonli voqealarda Qirg‘iziston maxsus xizmat organlarining ayrim rahbarlari va xodimlari qatnashgan bo‘lish ehtimolini hisobga olsak, buni olib boradigan tergovchilar hayotiga va uning oila a’zolari xavfsizligiga turli darajada xavf solish yo‘li bilan bosim ko‘rsatilishi mumkin.

Shu sababli ikkala qonli voqealarni adolatli tergov qilish va haqiqiy aybdorlarni fosh etish maqsadida Xalqaro komissiyani tuzish kerak. Xalqaro komissiya tergov ishlarining shaffofligini ta’minlaydi va xalqaro qonun normalariga mos asosda olib boradi. Bu esa Qirg‘izistonning hozirgi rahbariyati oshkoralik hamda demokratik yo‘nalishda faoliyat olib borayotganini isbotlaydi va Qirg‘izistonning xalqaro maydondagi obro‘yini oshiradi.

Agar bunday xalqaro komissiya tergoviga yo‘l berilmasa, Qirg‘iziston kuchishlatar organlari 2010 yil aprel va iyun fojealaridagi ayrim asosiy aybdorlarni, masalan snayperlarni, sudga tortmasdan ozodlikda qoldirishi mumkin. Keyinroq ularni o‘zlarining jirkanch maqsadlari yo‘lida foydalanishlari turgan gap. Masalan, snayperlik qilgan qotilga qo‘li qon ekanligi va uni fosh etish bilan shantaj (tahdid) qilinib, Qirg‘iziston rahbariyatidagi yoki muxolifatdagi ayrim deputatlar, siyosiy partiyalar liderlari, advokat va jurnalistlarni otib o‘ldirish haqidagi killerlik topshirig‘ini berishlari mumkin. Ular bu qotillik uchun o‘sha killer-snayperga katta miqdorda valyutada “xizmat haqi”ni ham berishadi. Bunga o‘xshash voqealar Rossiyada ro‘y berdi va davom etmoqda: Rossiyadagi taniqli deputatlar, jurnalistlar (masalan, Vlad Listev), advokatlar otib o‘ldirilishi va bu qabih jinoyatlarning fosh etilmayotganligi bunga yorqin misoldir.

Aytmoqchidek, killer yollab o‘ldirish usuli Qirg‘izistonda taniqli yosh o‘zbek jurnalisti, o‘shlik Alisher Soipovga qarshi 2007 yilda qo‘llanilgandi ([17]-maqolaga qarang).

2-razil maqsad. Har bir mustaqil davlat maxsus xizmat organlari har kun, har soat mamlakat ichkarisida va qisman boshqa mamlakatlardagi o‘zining faol, ayniqsa muxolifatdagi fuqarolari ishlari, maqsadlari haqida axborot to‘playdi. To‘planayotgan axborotlarning bir qismi har bir shaxs haqidagi maxsus kopromat papkasiga yig‘ib boriladi va zarur paytda shu shaxsga zarba berish yoki unga qarshi shantaj qilish uchun ishlatiladi.

Bu axborotlarni maxsus xizmat organlari tahlil (analitik) markazida o‘tirgan va katta oylik olib ishlayotgan, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tahlil etadi, muhim va muhim bo‘lmagan axborotlarga ajratadi. Ular mamlakatdagi ahvol, ziyolilar va hokimiyat bo‘g‘inlarida ishlayotgan rahbarlar hamda xodimlar, shuningdek armiyadagi zobitlar o‘y-fikrlari, suhbatlari va ishlari haqidagi axborotlarni tahlil qilib, voqealar qaysi tomonga rivojlanishi mumkinligi haqida xulosalar chiqarishadi. Shu xulosalarning lozim topgan qismini maxsus xizmat organlari rahbarlari davlat rahbariyatiga (Prezidentga), ozroq qismini Parlamentga ko‘pincha yozma (ba’zan haftalik yoki oylik ma’ruza yoki risola ko‘rinishida), ayrim hollarda og‘zaki ko‘rinishda yetkazishadi.

Qirg‘iziston maxsus xizmat organlari tahlil markazi axboroti orqali 2010 yil 27 iyun kuni o‘tkaziladigan referendumda xalqning katta qismi yoqlab ovoz berishini bilishardi. Aslida ular ushbu referendumga qarshi edi. Chunki mamlakat Prezidentlik boshqaruvidan Parlament boshqaruviga o‘tmoqda. Bu esa Qirg‘iziston KO lariga, shuningdek Rossiya maxsus xizmat organlariga ko‘pgina qiyinchiliklar tug‘diradi. Axir Prezident bo‘lmish shaxsni turli yo‘llar, jumladan uning yoshlik va o‘rta yosh vaqtida yo‘l qo‘ygan xatolari, oila a’zolari hamda yaqin qarindosh-urug‘larining noqonuniy ishlarini oshkor qilish tahdidi bilan o‘zlari xohlagan tomonga u yoki bu darajada boshqarish mumkin. Lekin mamlakat Parlamentini maxsus xizmat organlari o‘zlari xohlagan tomonga boshqarish qudratiga ega emas. Bu – bir tomondan.

Agar maxsus xizmat organlari Parlamentni o‘zlari xohlagan tomonga boshqarishga harakat qilishsa, Parlamentdagi halol deputatlar ham, muxolifat partiya deputatlaridan ayrimlari ham bu haqda jurnalistlarga aytishi va ommaviy axborot vositalari orqali mamlakat xalqiga va jahon jamoatchiligiga ma’lum qilishi hamda bu noqonuniy ishlarni fosh etishi mumkin. Bu – ikkinchi tomondan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2009 yil aprelida 5,3 million kishi yashagan. Shulardan 14,5 foizini, ya’ni 768,5 ming kishini o‘zbeklar tashkil etgan [8, 4-qism]. Qirg‘in uyushtirilib, o‘zbeklar qoni to‘kilsa, o‘zbeklarning ko‘pchiligi referendumda qatnashmasligi, ayrimlari esa bu qirg‘indan himoya qilaolmaganligi uchun Qirg‘izistonning yangi rahbariyatidan xafa bo‘lib, qarshi ovoz berishlarini qirg‘in tashkilotchilari yaxshi bilishadi. Qirg‘in natijasida ayrim o‘zbeklar referendumga qatnashmasligi haqida OAV ga, jumladan “Ozodlik” radiosi muxbiriga referendumgacha ham, referendum kuni ham aytishdi.

Shunday qilib, qirg‘inni uyushtirganlar referendum tinch o‘tishiga qarshi zarba berish maqsadi ham bor edi. Bu – ularning ikkinchi razil maqsadi edi. Ular 2-razil maqsadiga qisman erishdi, ya’ni shu yo‘l bilan ma’lum bir sondagi fuqarolarning referendumda qatnashmasligiga erishdi.

Nobel Tinchlik mukofoti sohibi M.Gorbachev rahbar bo‘lgan 1985 yildan boshlab, A.Aqaev Prezident bo‘lgan 1990-2005 yillarda shakllangan Qirg‘iziston xalqining hur fikrlilik, demokratiyaga ijobiy munosabati va oqni qoradan ajrata bilishi sababli 27 iyundagi referendum tinch o‘tdi va referendumda qatnashganlarning 90 foizga yaqini Konstitutsion o‘zgarishlarni yoqlab ovoz berdi ([2]-ga qarang).

3-razil maqsad. Referendum natijasida endi 2010 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston Parlamentiga ko‘ppartiyaviylik asosida haqiqiy demokratik saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Mana shu saylovlarda qirg‘iz xalqining, shuningdek Qirg‘izistondagi o‘zbek xalqining halol, mard ziyolilari Parlamentga deputat bo‘lib saylanishi aniq edi. Shunday ziyolilarni saylovdan chetlashtirish uchun ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishni Qirg‘iziston maxsus xizmat organlari xohlashardi.

Ular uchun ko‘p sondagi ziyolilarga qarshi bir vaqtning o‘zida bu qora maqsadni amalga oshirishning eng oson yo‘li – o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida qonli to‘qnashuv uyushtirib, keyin aybni taniqli va faol o‘zbek ziyolilariga tunkashdir, ularning har biriga qarshi jinoiy ish ochish, hibsga olish va kamida saylovlar tugaguniga qadar tergov hamda qama-qamalarni davom ettirishdir. O’sh va Jalolobodda harbiy forma kiyib olgan maxsus xizmat organlari zobitlari va xodimlari o‘zbek mahallalariga katta guruh bo‘lib borib, tozalash (zachistka) o‘tkazish bahonasida taniqli o‘zbek ziyolilarining uyiga va ishxonasiga qurol-yaroq, o‘q-dori tashlab qo‘yib, qamoqqa olishayotgani haqidagi axborotlar shundan dalolat bermoqda ([18]-[19] -ga qarang). Shunday pastkashliklar qilayotgan kuchishlatar organlar haqida yozilgan xabarlardan iqtiboslar keltiray.

“Jalolobod viloyati prokurori Qanibek Turdumambetovning aytishicha, etnik to‘qnashuvlarni gijgijlash gumoni bilan bir necha “taniqli o‘zbek shaxslari” qo‘lga olingan.

Bu haqda Jalolobod prokurori Qirg‘iziston televideniesiga bergan intervyusida aytgan.

Qanibek Turdumambetov so‘zlariga ko‘ra, etnik to‘qnashuvlarni ko‘zga ko‘ringan o‘zbek biznesmeni Qodirjon Botirov tashkillashtirgan deb gumon qilinmoqda, Botirovga yaqin bo‘lgan kishilar hibsga olingan.

“Tergovchilar allaqachon Qodirjon Botirovning yaqin odamlarini qo‘lga olishgan. Ulardan biri “Diydor” ro‘znomasining bosh muharriri Ulug‘bek Abdusalomov. Shuni aytib o‘tish kerakki, ro‘znomaning idorasi Xalqlar Do‘stligi universiteti (Botirov asos solgan)ning ichkarisida bo‘lgan. Yana biri Muhammadjon Ahmedov, Jalolobod shahridagi “Bilol” masjidining imomi. Kuni kecha Milliy Xavfsizlik xizmati yana ikki gumondor, universitet rektori Ozodbek Karomatovni, “Rodina” siyosiy partiyasining lideri A’zamjon Akbarovni hibsga oldi. Va gumondorlarni bizning, tergovchilarning ixtiyoriga topshirishdi. Hozir ularga etnik adovatni qo‘zg‘ash ayblovini qo‘yish-qo‘ymaslik masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, deb aytgan Jalolobod viloyati prokurori Qanibek Turdumambetov” [20]

“Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi O’sh shahri va O’sh viloyatidagi qonli voqealar ortidan 758 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Prokuratura tarqatgan press-relizda aytilishcha, jinoiy ishlar qotillik, ommaviy tartibsizlik, odam o‘g‘irlash, zo‘rlash, o‘g‘irlik, talonchilik, noqonuniy ravishda qurol saqlash, tarqatish, giyohvand modda saqlash va tarqatish, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish kabi qator jinoyatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Bu jinoyatlarda gumonlanib 77 kishi qo‘lga olingan. Ulardan 72 tasi hibsga olingan. Qonli voqealarga guvoh sifatida esa 2000 dan ortiq kishi so‘roq qilinmoqda.

Ammo Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi e’lon qilgan press-relizda millatlararo mojaro, deb baholangan hodisalarda ayblanayotganlar va undan jabrlanganlarning shaxsi, xususan, millati haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Ana shu ma’lumot va umuman, O’sh viloyati hamda shahri bo‘yicha borayotgan tergov tafsilotlarini so‘rab, shu kunlarda O’shda bo‘lgan va bu tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotgan guruhga yetakchilik qilayotgan Qirg‘iziston Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Risqul Baxtibaevga murojaat qildik.

Ozodlik: Janob Baxtibaev, qisqagina tarzda ayta olasizmi, 758 ta jinoiyat ishi ko‘proq qaysi jinoyatlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan?

Risqul Baxtibaev: Qotillik va ommaviy tartibsizlik bo‘yicha 125 ta, huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘limi bo‘yicha 7 ta, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha 25 ta, odam o‘g‘irlash bo‘yicha 16 ta, o‘g‘irlik bo‘yicha 102 ta, o‘t qo‘yish yo‘li bilan moddiy zarar yetkazish fakti bo‘yicha 421 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Darvoqe, bunda ommaviy zo‘rlashlar va hokazo jinoyatlar haqida ham bormoqda. Bugunga qadar zo‘rlash faktlari bo‘yicha ikkita ariza kelib tushdi. Yaxshi hamki siz menga murojaat qildingiz, shu kunga qadar bu haqda ba’zi nodavlat tashkilotlari va har xil manbalar internetda tarqayotgan xabarlar noto‘g‘ridir. Bundan tashqari, qurol saqlaganlik bo‘yicha 23 ta, qurol-yarog‘ o‘g‘irlash bo‘yicha 16 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hokazo” [21]

Shu yerda prokuraturaga doir bitta muhim gapni o‘quvchiga aytmog‘im kerak. Avtoritar siyosiy rejimlarda prokuratira organlari rejimning bosh tayanchi va quroli bo‘lmish maxsus xizmat organi (Milliy Xavfsizlik xizmati) ishlab chiqqan reja asosida faoliyat olib borib, MXX naridan-beri, ko‘pincha noqonuniy tayyorlab bergan materiallarga qonuniy tus beruvchi qo‘lbola, nohaq jazolash organidir. Men bu haqda 2005 yilda [22]-[23]-maqolalarimda sxemalar keltirib yozgandim.

Shunday chalama-chatti, majburlash, tahdid, qo‘rqitish va qiynoqlar asosida ochilgan hamda rasmiylashtirilgan jinoiy ishlarni prokuratura keyin sudga oshiradi. Sudga oshirilgan ishlarni endi ham prokuratura, ham Milliy xavfsizlik xizmati organi nazorat qilib, ko‘pincha begunoh fuqarolarning qamalib ketishini ta’minlashadi. Agar birorta sudya begunoh sudlanayotgan fuqaroga rahmi kelib, adolatli sud mahkamasini olib borsa, unga qarshi Milliy xavfsizlik xizmati prokuratura organlari xodimlari bilan birgalikda “poraxo‘rlik”da ayblash operatsiyasini o‘tkazishadi va uni ko‘p yilga qamab yuborishadi (bunday operatsiyani O’zbekiston Oliy Majlisi deputati jizzaxlik Meli Qobilovga qarshi 1994 yilda uyushtirilgani haqida men [24]-maqolamda yozgandim).

Shunday qilib, uchinchi razil maqsadni O’sh va Jalolobod viloyatlarda yashayotgan o‘zbeklarning taniqli arboblariga qarshi Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari shu kunlarda amalga oshirmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

15. AHMADJONOV Sh. Qirg‘izistondagi qirg‘in sabablari. –
http://turonzamin.org/2010/06/29/sabab/#more-11415 (www.turonzamin.org 2010.29.06, lotin alifbosida);
http://yangidunyo.com/?p=12713#more-12713 (www.yangidunyo.com 2010.30.06, kiril alifbosida).

16. V Oshe zaderjanы strelyavshie po mirnыm jitelyam snayperы (O’shda tinch aholiga o‘q o‘zgan snayperlar hibsga olindi). – http://yangidunyo.com/?p=12192#more-12192 (www.yangidunyo.com 2010. 14.06). http://www.vesti.ru ko‘rsatuvi dan olingan.

17. O’zbek markaziga tegishli ofisdan qurol topildi. – http://www.ozodlik.org/archive/uz-news/20100621/402/402.html?id=2080283

18. Salohiddinov topilgan qurol unga tegishli emasligini aytdi. – http://www.ozodlik.org/archive/uz-news/20100621/402/402.html?id=2080561

19. AXMADJONOV Sh. Ubiystvo jurnalista Alishera Soipova: Kto zakazchik? (Jurnalist Alisher Soipovning o‘ldirilishi: Buyurtmachi kim?)– http://yangidunyo.com/Arxiv/1391#more-1391 (www.yangidunyo.com 25.04.2008).

20. Jalolobod prokurori: bir necha taniqli o‘zbek hibsga olingan. – http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2010/06/100626_arrest_prominent_uzbeks.shtml (www.bbc.co.uk/uzbek/ 26 iyun 2010 – 16:12 GMT).

21. NODIRA. Qirg‘iz prokurori: Hali liderlarga ham navbat keladi! -http://www.ozodlik.org/content/article/2088350.html (www.ozodlik.org 2010.01.07).

22. AHMADJONOV Sh. O’zbekistonni qanday boshqarish kerak? – http://www.uzbekcongress.org/congress/jurnal_index.html (www.uzbekcongress.org Jurnal “Turonzamin”, avgust 2005, nomer 8).

23. AHMADJONOV Sh. O’zbekistonda politsiya davlati qanday boshqarilmoqda? – http://www.uzbekcongress.org/congress/jurnal_index.html (www.uzbekcongress.org Jurnal “Turonzamin”, oktyabr 2005, nomer 10, Yasha Turon, yasha Turon!).

24. AXMADJONOV Sh. Politicheskie partii Uzbekistana: shest zaregistrirovannыx i odna «skrыtaya» (O’zbekiston siyosiy partiyalari: oltitasi ro‘yxatga olingan va bittasi “yashirin”). http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1109149980 (Chasti 1-3. http://www.centrasia.ru 23-25 fevralya 2005 goda);
http://www.uzbekcongress.org/congress/russian.html (www.uzbekcongress.org stranitsa na russkom yazыke, chasti 1-4, mart 2005 goda).

P.S. [15]-maqolam oxiridagi izohlarga keyin javob yozaman.

Davomi bor.

E-mail: shjizzax54@gmail.com

2010 yil 2 iyul.

AQSh, Boysi shahri.

http://yangidunyo.com/?p=12765

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: