“Furqatda o‘lgan 40 odamning 39 tasi soldat o‘qidan o‘ldi!” – ozodlik.org


Harbiylarning o‘zbeklarni qirg‘in qilishdagi ishtiroki haqida tobora ko‘proq dalillar paydo bo‘lmoqda.

18.06.2010

Sarvar Usmon

O’sh fojiasi boshlanganiga roppa-rosa 7 kun bo‘ldi. Shahar chetida yashaydiganlarning aytishicha, birinchi o‘q ovozlari 10 iyundan 11 iyunga o‘tar kechasi shahar tomondan eshitildi. Qirg‘indan bir hafta o‘tib furqatliklar nima bo‘lganini aniqroq tasvirlamoqda.
Furqat qishlog‘i – O’sh va shahar atrofidagi hujumga uchragan mavzelardan biri.

Qishloq shaharning sharq tomonida, Pomir yo‘lining ikkinchi va uchinchi kilometrlari orasida, yo‘lning o‘ng tomonida joylashgan.

Shu kungacha Furqatda yuz bergan fojianing ba’zi hikoyalarini eshittirgan edik.

Bugun yana bir furqatlik 11 iyun kungi voqealarni eslaydi.

Bundan tashqari suhbatini tinglaydiganingiz furqatlik bilan 11 iyun kuni, O’sh vaqti bilan 13. 20 da gaplashgan va u o‘sha daqiqalarda bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida aytib bergan edi.

Ozodlik: Demak, 10 iyundan 11 iyunga o‘tar kechasi, payshanbadan jumaga o‘tar kechasi ….

– Kattasi o‘shanda boshlandida. Ertaroq yotganlar uje uyquga ketgan paytda o‘q ovozi shaharni tutib ketdi.

Ozodlik: O’q ovozlari shahar tomondan keldimi?

– Ha, kechasi 12 dan keyin butun shaharni o‘q ovozi egalladida. Ertalabgacha ahvolni to‘liq tushunmasdan hammasi eplab tong ottirdik. Men ko‘z yumganim yo‘q. Ertalab sahar soat beshlardan keyin o‘q otish to‘xtadi.

Ozodlik: Juma kuni ertalabki gap.

– Juma kuni ertalab saharda o‘q otish to‘xtadi. Mirzolimga (Mirzolim – O’sh bilan Furqat qishlog‘i o‘rtasidagi, qishloq boshlanadigan joydagi Mirzaolim guzari) chiqqan paytimizda nariyoqda (Furqat qishlog‘i tomondan, demoqchi) baqir-qiyqir boshlandi. Furqat mavzeida ikkita masjid bor. Narigi madrasada asosan qirg‘iz millatiga mansub musulmonlar namoz o‘qiydi. Oralig‘i 300-400 metr bo‘ladigan berigi masjidda Furqat masjidida (Madrasa O’shdan olisroq, Furqat masjidi O’shga yaqinroq, madrasa bilan masjid orasi 300 metrcha) o‘zbek millatiga mansublar o‘qiydi. Erta bilan chiqqanda, u tarafdan yurish bo‘lganda Furqat masjididan chiqqan mahalla oqsoqollari, imomlari ularni to‘xtatib (Qavmi o‘zbek va qirg‘izlardan iborat madrasa nazarda tutilyapti) chunki hamma bir-birining yuzini taniydida. Faloncha aka, paloncha aka, pistonchi og‘a bunday qilamiz deb ular u yoqqa qaytdi, biznikilar bu yoqqa qaytdi. Tarqab ketishdi Bomdod paytida, deydi suhbatdoshimiz.

Demak, ikkala millat vakillari bir-birini tushundi. Tinch tarqadi.

– Soat 11 ga yaqin yana mish-mish kela boshladi u yerda kelayapti deb. Mahallamizdagi bolalar borib ko‘rib qaytdi. Chunki u paytda ular ozchilik edi. Masjidning oldidan ular qaytishdi. Hamma juma o‘qiydigan paytda BTR lar uje yetib bordi. Odamlar jumaga kirayotgan paytida yoshlar u tarafdan ham, bu tarafdan ham to‘plandi. Juma paytida soat 1 dan 2 gacha. Shundan keyin BTR ikki-uch marta osmonga o‘q otsa o‘zbeklar tarafga qarab Bahodirjon, Baxtiyor o‘ldi o‘sha paytda, deydi suhbatdoshimiz.

Mana endi, shu yerga kelganda, bir hafta oldin, 11 iyun, O’sh vaqti bilan 13. 20 da yozib olingan muloqotni tinglang.

(Suhbatdoshimiz gapirayotgan paytda orqada odamlarning baqir-chaqirlari eshitilmoqda. Bu baqir-chaqir ovozlari butun suhbatimiz davomida eshitilib turdi) Ho‘y, besh-oltita uy yonayapti qatorasiga.

Ozodlik: Qaerda?

– Qatorasiga yonyapti.

Ozodlik: Qaerda? Furqatdami?

– A?

Ozodlik: Furqatdami?

– Nimadi?

Ozodlik: Furqatdami?

– Furqatda.

Ozodlik: Kim o‘t qo‘yib yubordi?

– Qirg‘izlar. Qirg‘iz taraf qo‘ygan bari o‘zbeklarning uyiga. Karimjonning uyi, Qobil akaning uyi, Izzatulla akaning uyi (shu yerda suhbatdoshimiz gapirmasdan turganida odamlarning dod-voyi, baqir-chaqirlari yanada qattiqroq eshitildi) ….

Ozodlik: Soldatlar ….

– To‘rtta, to‘rtta-beshta uy yonayapti. To‘rtta-beshta odam o‘ldi.

Ozodlik: Soldatlar hech narsa qilmayaptimi?

– Soldatlar osmonga va o‘zbeklarga qarab otayapti. (Shu joyda odamlarning baqir-chaqirlari yanada avjiga chiqdi) Osmonga otayapti, o‘zbeklarga otayapti, deydi suhbatdoshimiz.

Shu yerda izoh zarurati bor. 11 iyun kuni O’shda fojea boshlanganini eshitib, shaharning turli mavzelari bilan bog‘lana boshladik va boshqa respondentlarimiz qatori gaplarini o‘qiyotganingiz suhbatdoshimiz bilan ham bog‘lanib qoldik.

Ovozini yozishni boshlagunimizcha, u qishloqqa BTRda askarlar yetib kelganini aytishga ulgurgan edi. “Soldatlar hech narsa qilmayaptimi?” degan savolning paydo bo‘lishi shundan.

Muloqotimiz uzilib qolgan soniyalarda suhbatdoshimiz panaroq joyga o‘tib olgan edi.

– Chekkaroqqa o‘tdim. (Suhbatdoshimiz shu gapni aytganida hansirab nafas olayotgan edi) Polnıy kuyib ketgan. Karimjonning uyi polnıy yonayapti. (Shu paytda avtomatdan otilayotgan o‘q ovozlari eshitildi) Mana yana soldatlar kelib o‘zbeklar tarafga otayapti. Mana o‘q ovozi eshtilayaptimi?

Ozodlik:
Odamlarni otayaptimi?

– Mana, o‘q ovozi eshitilayaptimi mana?

Ozodlik: Eshitilayapti.

– Mana hozir tank yonimizdan o‘tib ketdi.

Ozodlik: Odamlarni otdimi?

– Otayapti lekin orada to‘rtta-beshta odam haligi (Suhbatdoshimizning gapi shu yerga kelganda tarillatib otilayotgan o‘q ovozlari eshitila boshladi. Tarillatib otilayotgan o‘q ovozlari orasida suhbatdoshimiz “mana, mana” deb o‘qlar otilayotganiga ishorat qilmoqda) Ho‘y, bu dahshat. Do‘zax bo‘p ketdi. Eshitilayaptimi?

Ozodlik: Eshitilayapti.

– Do‘zax bo‘p ketdi. (otilayotgan o‘q ovozlari hali ham eshitilib turibdi)

Ozodlik: Alo.

(shu yerda aloqa sal yomonroq bo‘lib suhbatdoshimizning bir gapini eshitish qiyinroq bo‘ldi. Ammo otilayotgan o‘q ovozlari kelib turibdi) Eshitilayaptimi?

Ozodlik: Eshitilayapti.

– A?

Ozodlik: Eshitilayapti. (otilayotgan o‘q ovozlari to‘xtamasdan eshitilib turibdi)  Eshitilayapti hammasi. Shunaqa qilib odamlarni otayaptimi?

– (bu savol berilgan paytda o‘q ovozlari hali to‘xtagani yo‘q edi) Ana.

Ozodlik: Odamlarni otayaptimi?

– Ha. Hozir endi ular anaqalarga berib qo‘yib qochayapti. Soldatlar o‘zbekni otib berib qo‘yib burilib ketishdi. Endi qirg‘izlar tosh otishayaptida. (shu yerda odamlarning baqir-chaqirlari avjiga chiqib qattiqroq eshitildi)

Ozodlik: Bostirib kelgan qirg‘iz bolalar o‘sha atrofdagilarmi yo notanishmi?

– Qochayapman men ham. Qochayapman men ham, deganidan keyin  suhbatdoshimiz bilan shu yerda aloqa uzildi.

Eslatib o‘taman, bu 11 iyun kuni, O’sh vaqti bilan soat 13. 20 da O’shning sharqidagi Furqat qishlog‘ida, qishloqning katta avtomobil yo‘li – Pomir yo‘li chetida joylashgan masjidi atrofida turgan furqatlik bilan qilingan muloqotning audioyozuvi edi.

O’sha kuni suhbatdoshimiz o‘lmay qoldi.

Oradan bir hafta o‘tib, 18 iyun kuni u kishi bilan 11 iyun voqealarini eslayapmiz.

– Qirg‘iz tarafga qarab osmonga otdi, o‘zbek tarafga qarab nishonga olib otdi.

Ozodlik: BTR qaerdan paydo bo‘ldi? O’shdan chiqdimi yoki …

– BTR shahar tarafdan chiqdi. Shahar tarafdan chiqdi. Ustida 12-13 ta soldat. Hammasi avtomatini, mahalliy aholi u yerda o‘zbekmi, shuning uchun ular har tarafga qarab qochdi, ular tarafga qaratib ustidan o‘q otdi. Ular aralashgan paytida nishonga olib o‘q otdi.

Ozodlik: Nima yoki kim aralashgan paytda?

– U yerda qirg‘iz mahalla, o‘zbek mahalla aralashku. Shuning o‘rtasida qirg‘izlar uje narigi tarafdan, qirg‘iz mahalla tarafdan ko‘payishdimi, ko‘paygandan keyin uni surgan kishi bo‘lib turib voennıylar ularga qo‘shildida. Agar voennıylar qo‘shilmaganida edi, o‘zi kelishib olishi ham mumkin edi. Chunki ertalab xalq kelishganku o‘zbek bilan qirg‘iz. Voennıylar ularga qo‘shilgandan keyin, voennıy o‘zbek tarafga qarab otib turgandan keyin ular ham mag‘rurlanishib o‘zbekni qirish boshlandi. O’zbek xalqi qirg‘iz xalqi bilan urushganda, bir-ikki soatning ichida yarashib ketardi. Harbiylar ularga qo‘shilib, o‘zbekni qirishni boshlagandan keyin qirg‘iz xalqi ham hech narsa qila olmay qoldida.

Ozodlik: Siz bilan o‘q ovozlari eshitilayotgan paytda, o‘q yog‘ilayotgan paytda gaplashgan edik. O’sha daqiqalarda nechta odam o‘ldi o‘qdan?

– Taxminan 12 ta odam o‘ldi. Shu mahallaning men tanigan 10-12 ta odami o‘ldi. Notanishni bilmayman. Men o‘zim tanigan qadrdon ukalarimdan, mahalladagi birodarlarimdan 10-12 ta odam o‘ldi.

Ozodlik: Furqatliklarmi hammasi?

– Furqat zonasidan 10-12 ta odam o‘ldi. Furqat, Pomirskiydan, ikkovining oralig‘i yaqinku, 200-300 metr, hamamsi bo‘lib o‘sha kuni va kechasi bilan 30-40 ta odam, bitta Furqat mavzeimizdan 40 ta yigitimizdan ajraldikda. Bu 40 taning 39 tasi soldatning o‘qidan o‘ldida. Shunisi alam qiladi.

Ozodlik: Shuning hisob-kitobini qildinglarmi?

– Bir-birimiz bilan gaplashamizku. Faqat hammasi avtomat o‘qidan halok bo‘lganlarda. Hammasini uje qo‘ydikku. Yuvayotib ko‘riladiku.

Ozodlik: Bu hammasi 11 iyun kuni bo‘lgan voqea-a?

– Ha.

Ozodlik: Uylarga ham o‘sha kuni o‘t qo‘yildimi?

– 11 iyun kuni kechasi o‘zbek mahallani quvib oldida BTR o‘q otib ketdi. Orqasidan mahalliy qirg‘iz yigitlari otib ketdi. Ikkita-uchta uy u kuni yondi. Juma kuni kechasida. Uje kech bo‘lib ketgan edi. Ular orqaga qaytishdi. Shanba kuni 11-12 larda yana BTR borib ularning atrofida qo‘riqlab Furqatning nariyog‘idan bu yoqqa yetalab olib keldi. Chunki bizning yerimiz tekislik emas. Pastu baland yer. Tepadan ko‘rinib turadi. Uzoqdan nazorat qilib turdik. Chunki qo‘limizda na miltiq bor, na cho‘zma. U yerda avtomatga qarshi bora olmaymiz. Keyin ommaviy qirg‘inbarot boshlandida. Furqatdan boshlab 99 foiz uy avtoremzavodgacha yonib bitdi. O’zimizning uyimizni saqlab qolishga shuncha harakat qilganimiz bilan qo‘limizda cho‘zmamiz bo‘lmasa, avtomatlarga, BTR ning otishiga qarshi chiqa olmas ekanmizda. Ertasi kuni Qirariq massivi yana o‘sha ahvol bo‘ldi. BTR oldida kuzatib soprovojdenie qilib keldi qirg‘in qilib. Keyin BTR bilan kuchi yetmasdan o‘zbek xalqining ham g‘ururi bor ekan o‘limga tik borishib o‘sha yerdan qaytarishdi, deydi suhbatdoshimiz.

Suhbat davomida tilga olingan joylarni tasavvur qilishingiz uchun ma’lumot:

Uvom daryosi O’sh shahrining sharqiy chegarasidir.

Uvom daryosi bilan Furqat qishlog‘i orasida Uvombo‘yi guzari, Qirariq guzari, Avtomobillarni ta’mirlash zavodi, Mirzaolim guzari bor.

Tilga olingan guzarlar atrofidagi mahallalar, aholisining aytishicha, 11, 12, 13 iyun kunlari kuyib kul bo‘ldi.

Tilga olingan hudud aholisi farzandlari o‘qiydigan Lev Tolstoy nomidagi maktabga ham o‘t qo‘yildi.

Lavhamiz oxirida bugungi suhbatdoshimiz aytgan bir gapni yana bir marta eshittirmoqchimiz.

– Voennıylar ularga qo‘shildida. Agar voennıylar qo‘shilmaganida edi, o‘zi kelishib olishi ham mumkin edi. Chunki ertalab xalq kelishganku o‘zbek bilan qirg‘iz. Voennıylar ularga qo‘shilgandan keyin, voennıy o‘zbek tarafga qarab otib turgandan keyin ular ham mag‘rurlanishib o‘zbekni qirish boshlandi. O’zbek xalqi qirg‘iz xalqi bilan urushganda, bir-ikki soatning ichida yarashib ketardi. Harbiylar ularga qo‘shilib, o‘zbekni qirishni boshlagandan keyin qirg‘iz xalqi ham hech narsa qila olmay qoldida.

http://www.ozodlik.org/content/article/2075900.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: