O’zbekistonda Erk tug‘ilganiga 20 yil to‘ldi – ozodlik.org


Muhammad Solih atrofida birlashgan erkchilar O’zbekiston uchun mutlaq siyosiy mustaqillik talab qilishni boshladi.

29.04.2010

Abdulla Iskandar

Bundan 20 yil oldin 1990 yilning 30 aprelida O’zbekiston tarixida ilk muxolif siyosiy partiya tuzildi. Toshkent markazidagi “Bilimlar uyi”da O’zbekiston Erk demokratik partiyasining ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
20 yil oldin bu qurultoyga kelgan delegatlarda kelajakka ishonchning ko‘tarinki ruhi bor edi, deb eslaydi Erk tashkilotchilaridan biri, matematik olim Hamidilla Nurmuhammedov.

– Bayram bo‘lgan. Nima bo‘lardi. Hamma bayramga kelgan, deydi Hamidulla Nurmuhammedov.
Haqiqatdan ham bayram edi bu kun, deb eslaydi hozir hijratda yashayotgan Erk lideri Muhammad Solih.

– Albatta, bayram havosi bor edi. Chunki bizning kayfiyatimizda bayram edi. Faqat aprel bo‘lgani uchun emas. Bizning o‘zimizning kayfiyatimizda bayram bor edi. Mustaqillik buyuk voqea deymiz. Chunki bitta odamning hayotida yuz beradigan buyuk voqea xalqining mustaqil bo‘lishidir. 30 aprel kuni tuzilgan Erk partiyasi mustaqillik g‘oyasini bayroq qilib ko‘tarishga shaylangan tashkilot edi. Sovet O’zbekistoni tarixida ilk marta bunday g‘oya bilan chiqayotgan partiyaning birinchi qurultoyi edi. Bu faqat bitta tashkilot emas, faqat bitta siyosiy guruh emas xalqning tarixida ham muhim rolni o‘ynashi mumkin bo‘lgan tashkilotning birinchi qurultoyi edi. Shuning uchun ham bizning ruhimiz juda ko‘tarinki edi, deya eslaydi Erk partiyasi lideri Muhammad Solih.


Lenin chetga surilgan kun

Ertalab qurultoy bo‘ladigan zalga birin-ketin delegatlar kela boshladi, deb hikoya qiladi Hamidulla Nurmuhammedov.

– Bizlar tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanib, kelganlarni ro‘yxatga olib, keladiganlarga qo‘ng‘iroq qilib yurganmiz. Hamma viloyatlardan kelgan 150 dan ortiq odam bo‘lgan. Yanglishmasam hamma viloyatdan odam kelgan. Arenda qilingan. Peshinda Do‘stlik restoranida tushlik bo‘lgan hamma odamga. Juda ko‘tarinki ruh bilan o‘tkazilgan. Bizlarning o‘ylagan g‘oyani biz guruh odam emas, juda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaganini o‘shanda ko‘rganmiz. Taklif qilinganlardan tashqari qurultoy bo‘layotganini eshitib kelganlar ham bo‘lgan, deydi Hamidulla Nurmuhammedov.

“Bilimlar uyi” kiraverishida qo‘yilgan stol ustida “To‘maris”, “Turkiston”, “Erkin so‘z”, “Demokratik Xorazm” kabi qo‘lbola usulda ko‘paytirilgan nashrlar taxlami turar edi. Sal o‘tmay Erk partiyasining o‘sha paytdagi faoli Dilorom Ishoqova hozirgina rotoprintdan chiqqan Erk gazetasining bir taxlamini olib kelib stol ustiga qo‘ydi. Odamlar chanqoqlik bilan bosh sahifasiga “Kishan kiyma, bo‘yin egma” deb yozilgan varaqa tarzidagi gazetlarni mutoala qilishni boshlab yuborishdi.

Moskvaning “Vremya” dasturi muxbiri Muxtor G’aniev katta sofitlar yoqib qurultoy delegatlarini suratga olmoqda.

– Markaziy televideniedan kelgan edi. Shu kuni xabar berganmi bermaganmi, bilmayman. Hali qo‘shni respublikalarda bunaqa narsa yo‘q edi. Birinchi shunaqa siyosiy partiya tuzilgan, deydi Hamidulla Nurmuhammedov.

Zalga kirib kelgan delegatlardan biri sahnada turgan Leninning oq byustiga qarab “Bizning bunday but ostida yig‘ilishimiz maqsadga muvofiq emas” deyishi bilanoq bir guruh yigitlar Lenin haykalini chetga surib, latta bilan o‘rab qo‘yishdi.

– Bizlardan oldin ham surganlar bo‘lganku. Bizlarda ham bo‘lgan. Prezidiumning o‘rtasida turgan narsani bir chekkaga surib, ustiga narsa yopishtirib qo‘yganmiz. Chunki u surilib turadigan narsa bo‘lgan ekan. Bizlardan oldin ham surilgan bo‘lsa kerak. Chunki sahnada u, deydi Hamidulla Nurmuhammedov.

Erk uyushtirgan mitinglar xaql ichidagi norozilik potentsiali manzarasini ko‘rsata boshlagan edi.

Mustaqillik istagi

O’zbekistonda siyosiy harakatlar tuzish istagi mening Boltiqbo‘yi respublikalariga sayohatimdan keyin paydo bo‘lgan edi, deb eslaydi Erk tashkilotchilaridan biri, yozuvchi Zohir A’lam.

– Garchi ko‘plar ayb qo‘yib “Bo‘layapsizlar Birlikni” desa ham, u paytda milliy g‘urur, milliy ozodlik g‘oyasi konkret reallashmagan bo‘lsa ham, o‘zining ostiga juda ko‘p odamlarni yig‘a boshladi. Shuning uchun bu bo‘linish foyda qiladi, deb o‘yladik. Ya’ni xalqning yangi kuchi o‘sib chiqayapti, deb qilganmiz. Men kelib Birlik tuzganman. Birlikni men tuzganman. Erk partiyasini keyinchalik hammamiz, Birlikdan ajralib chiqib Birlikda uchrashgan, Birlikda yetishgan odamlar tuzishgan. Albatta, men ishtirok etganman, deydi Zohir A’lam.

Siyosiy partiya tuzishdan asosiy maqsad O’zbekistonning tom mustaqilligini talab qilishdan iborat edi, deb ta’kidlaydi Zohir A’lam.

Zohir A’lam: Mustaqillikni niyat qilib, programma sifatida qo‘yib, tuzilgan partiya bo‘ldida bu. Asosiy g‘oya mustaqillik g‘oyasi edi. Keyin boshqa siyosiy, iqtisodiy nimalar. Lekin asosi mustaqillik g‘oyasi edi.

Ozodlik: Hali sovet tuzumi oyoqda turgan paytda mutlaq mustaqillik talab qilish jasoratmidi?

– Endi jasorat, hozir yangi partiya ochaman desangiz, jasorat. U paytda Gorbachyov edi, demokratiya edi. Jasorat qaysi ma’noda, erinmaslik, shunga o‘zini tikish. Odam kun ko‘rish, pul topish dardida yurishi mumkin ediyu. O’sha g‘oya uchun ishlayman degan odamlar shuni xohlagan. Jasorat faqat shu ma’noda bo‘lishi mumkin. O’z manfaati uchun emas xalq manfaati uchun, balandparvoz bo‘lsa ham, o‘shanga nima qilaman deb tikish. A tak demokratiya edi. Juda katta jasorat talab qilinmas edi, deydi Zohir A’lam.

Bu savolga Muhammad Solihning javobi mana bunday bo‘ldi.

– Yo‘q, jasorat emas edi. Bu zarurat edi. Qurultoyni o‘tkazish bilan o‘tkazishning farqi bor. O’sha paytda bitta g‘oya bilan chiqib turib qurultoyni o‘tkazish, mustaqillik g‘oyasi bilan, biz yashab turgan ziyolilar qatlamida, balki, jasorat edi. Ammo shaxsan men uchun jasorat emas edi bu. Ammo xalqning ichida o‘sha paytda mustaqillik haqida hech qanday gap yo‘q ekan mustaqillikni siyosiy partiyaning programmasi sifatida ko‘tarish, albatta, jasorat edi, deydi Muhammad Solih.

30 aprel kuni bo‘lgan Erk qurultoyida so‘zga chiqqanlardan biri ittifoq tarkibida erkin bo‘lishni aytsa, yana biri “o‘zimiz qul bo‘lsak ham, ruhimiz erkin bo‘lsin” degan tumtaroq gaplarni aytdi. Mustaqillik haqida o‘z fikrlarini o‘ta aniq bayon qilganlardan biri adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov bo‘ldi. Komilov, O’zbekistonning yeri, suvi, osmoni, odamlari va boyliklari mutlaq mustaqil bo‘lishi lozimligini aniq-tiniq aytdi. Oradan 20 yil o‘tib domla o‘sha damlarni xushnudlik bilan esladi.

Najmiddin Komilov: Kurash payti edi. Mana mustaqil bo‘ldiyu. Niyatga erishdik.

Ozodlik: Siz adabiyotshunos olimsiz, qadimgi so‘fizmni o‘rgangansiz. Birdan O’zbekiston mustaqilligiga fundamental ma’ruza bilan chiqqaningiz qiziq edida. Bunga nima sabab edi?

Najmiddin Komilov: Vatan mustaqilligi uchun kurashgan shuncha avlodlar, ajdodlar ruhi madad bo‘lganda! Nima sabab bo‘lardi endi.

Ozodlik: O’sha paytda birov suveren degan, birov egemen degan, birov SSSR tarkibida mustaqil degan. Faqat sizgina “mutlaq mustaqil” deb aytgansiz.

Najmiddin Komilov: Vatan mustaqil bo‘lishi uchun kurashishi kerakda har bir o‘zbekistonlik. Tayyorgarliklar ham ko‘p edi. Bizlarning kafedra G’aybullo Salomovning kafedrasi edi. Men G’aybullo Salomovning shogirdimanda. Domla shu narsa uchun ko‘p aziyat chekkan. Mustaqil o‘zbek madaniyatini shakllantirish, kadrlarni tarbiyalashda ko‘p nimalar qilgan. Bizlarni ham shu ruhda tarbiyalaganda u kishi. Shularning hammasining ta’siri bo‘lganda. Bizlarning fakultetda, jurnalistika fakultetida, Milliy universitetning o‘zida bunaqa narsalar bo‘lib turardi, ruh baland edi.

Ozodlik: Mening yonimda Xorazm universitetining bitta domlasi o‘tirgan edi. U kishi “Shuncha atom bombasi bor Sovet ittifoqida qanday mustaqil bo‘ladi? Domla sal fantaziyaga berildi” deb kinoya qilgan edi.

– (mazza qilib kulib) Ko‘tarilish payti edida. Milliy uyg‘onish boshlandi. Ko‘tarilish payti edi, deydi adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov.

Ilk qadamlaridanoq erkchilar matbuotni xalq tarafida bo‘lishga da’vat qilishga kirishdi.

Kommunizm shafaqlari

“Bu tong emas, shom shafaqlaridir. Biz kunchiqarga emas, kunbotarga qarab turibmiz. Zotan, kommunizm quyoshi ham bir paytlar – notabiiy bir tarzda g‘arbdan chiqqan edi. U bugun g‘arbda botmoqda”.

Bu kalimalar bilan boshlangan Muhammad Solihning qurultoydagi chiqishi ikki mujdadan iborat bo‘ldi.

Birinchisi, kommunizm bir hukmron mafkura o‘laroq o‘lmoqda, biz bu jasad tagida qolib sasishdan ehtiyot bo‘lmog‘imiz lozim.

Ikkinchisi, O’zbekiston mutlaq mustaqil davlat bo‘lishi lozim.

Bu nutqni irod qilayotgan paytda Muhammad Solih 40 yoshdan endi oshgan iddaoli, ammo bugungi o‘lchovlar ko‘zoynagidan qaralsa, dovuchcha kabi g‘o‘r siyosatchi edi.

– Birinchidan, Erk partiyasi deb nomladik bu tashkilotni va uning birinchi g‘oyasi vatanimiz mustaqilligi edi. Erk so‘zi mustaqillikning ramzi sifatida tanlandi.

Ikkinchidan, haqiqatan kommunizmning shafag‘i ko‘rinib qolgan edi. U paytda baribir sovet davlati go‘yo mustaqil davlat sifatida o‘zining umrini davom ettirishi taxminlari asosan hokim edi. Lekin bizning taxminimiz, bizning his-tuyg‘umiz bu narsaning tugab borayotganini ifodalagan edi. Mening “Kommunizm shafaqlari” degan nutqim kommunizm quyoshining botishini ifodalagan chiqish edi. Biz buni ilhom bilan, ko‘tarinki bir shaklda ifoda etdik. Bu qurultoy xalqning mustaqillikka bo‘lgan orzusining amaliy shaklda tashlangan birinchi odimi edi, deydi Muhammad Solih.

Solih O’zbekiston parlamenti deputatligiga saylangan, ammo qizil bayroq shaklidagi deputatlik nishonini taqishdan or qilib birovga sovg‘a qilib yuborgan bir romantik davrlar edi.

Oradan sal o‘tmay Solih parlamentni norozilik bildirib tashlab ketadi. Xo‘sh, bu qadamning siyosiy oqibatlari qanday bo‘ldi? Parlamentni tashlab Erk rahbari to‘g‘ri qildimi? Bu savolgan Zohir A’lam javob beradi.

– Umuman, bir tomondan to‘g‘ri bo‘ldi, bir tomondan noto‘g‘ri bo‘ldi. Chiqib ketmaganda chiqarib yuborishardi. Hammasini ko‘rib turib xuddi bilmaslikka olib savol berayapsizda. 20 yil qanday katta vaqt. Voqealar butunlay boshqa, hokimiyat boshqa, muhit boshqa, deydi Zohir A’lam.

Akademik Bek Toshmuhammedov nazarida, Solih mamlakatdan chiqib ketib to‘g‘ri ish qildi.

– Muhammad Solih mening yaqin do‘stim. U salohiyatli siyosatchi. Uning mamlakatni tark qilishi o‘zi uchun ham, partiyasi uchun ham xayrli bo‘ldi. Bo‘lmasa uni ham, partiyani ham yo‘q qilishar edi, deb fikr bildiradi akademik Toshmuhammedov.

Bundan 20 yil muqaddam o‘zbek ijodiy ziyolilarining oldilari Erk safida edi.

O’ldirilgan partiya

Mayakovskiyda shunday satrlar bor: “Partiya deganimiz bu Lenin, demak Leninni anglaymiz partiya desak”. Bu misralarni Solih va Erk partiyasiga tadbiq qilsak istehzoli borliqday eshitiladi. Ko‘pchilik, Erk deganimiz on Muhammad Solihni ko‘z oldiga keltiradi.

Ammo partiya ilk qadamlarini qo‘ygan paytda Zohir A’lam, Erkin Vohidov, Ahmad A’zam, Usmon Azimov kabi vazni og‘ir shaxslar yetovida edi. Ammo bu kishilar birin-ketin Erkni tark qilishdi. Shodi Karimov (marhum) “Istiqlol yo‘li” degan partiyani tashkil qilishga uringan bo‘lsa, Usmon Azimov “Vatan taraqqiyoti”, Ahmad A’zam “Fidokorlar” partiyasini tuzdi.

Ustiga tosh bostirilgan Erk firqasidan farqli o‘laroq bu partiyalar bugungacha yashab kela olmadi. Buning sababini Zohir A’lam izohlashga urindi.

– Menimcha, ular birovning buyrug‘i bilan qilgan bo‘lishi mumkin Erkdan odamlarni chalg‘itaman deb. Yoki odamlar qo‘shilib ketaveradi, deb o‘ylab shuhratparastlikdan qilgan bo‘lishi mumkin. Balki ularda ham milliy g‘oya bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozir ular nimaga yo‘qligi, hayotda bilasizku cho‘ntak partiyalar bo‘ladi. Shunaqa bo‘lishi mumkin ular. Mana hozir ham Karimovning nechta cho‘ntak partiyasi bor. Odamlar boshqa. Ertaga Ahmad A’zam, Najmiddin Komilov, Usmon Azim hammasi hukumat tarafga o‘tib ketib ishladi. Uni maqtab yurishdi. Qanaqasiga bularni tenglashtirish mumkin? Najmiddin Komilov uning qanotiga kirdi. Quvg‘inda yurgan odamlar bilan ularni bir qatorga qo‘yib gapirayapsiz, deydi Zohir A’lam.

Erk partiyasi yadrosini tashkil qilgan yozuvchi ziyolilar Oqsaroydagi lavozim kursisi, deb atalgan va aslida muxolifatni tor-mor qilish uchun qo‘yilgan qarmoqqa ilinishdi, deb eslaydi Zohir A’lam.

– Meni ham chaqirishdi. Men bormadim u yerga. Uch marta chaqirishgan ishga. Borganim yo‘q. Gap unda emas. Vaziyat butunlay o‘zgarib ketganini siz hisobga olmayapsiz. Imenno 1993-1994 da o‘zgardi. O’shanda o‘ldirib bo‘lgan edi Karimov bizning partiyalarning hammasini. Albatta, shunaqa bo‘ldi. Chunki hozir yo‘q partiya. Partiyaning o‘zi yo‘q halol gapiriladigan bo‘lsa. Nomi bor faqat. Ish qilib bo‘lmaydi, ish qilish mumkin emas. Bu g‘oya, albatta, saqlanib qoladi. Kelajagi bo‘lishi mumkin, lekin hozir voqealar butunlay boshqa yoqqa qarab ketayaptiku. Albatta, kelajak qachonlardir bo‘ladi. Qachonki, odamlarga yana erkinlik berilsa, demokratiya berilsa. Odamlar demokratiyaga kurashib, yana demokratiyaga erishsa, albatta, bo‘ladi. Ammo bunaqa totalitar rejimda va to‘la mustaqillikka erishmasdan turib bir narsa bo‘lishiga men uncha ishonmayman, deydi Zohir A’lam.

Muhammad Solih nazarida, siyosat uzoqqa yuguriladigan bir marafon poygasi va bu poyganing start chizig‘idan yugurgan hamma ham marraga yetib kela olmaydi.

Muhammad Solih: Faqat bu odamlar marafonga chiday olgani yo‘q va og‘ir sinov keldi. Sinovda hammasi safdan chiqdilar, qochdilar va ba’zilari, siyosiy termin bilan aytganda, xiyonat qildilar g‘oyamizga. Bu marafon. Bu 100 metrga yugurish emas. Bu maydonni chidaganga chiqargan. Sinov yengil bo‘lgani yo‘q. Sinov shavqatsiz bo‘ldi. Mana shundan keyin terilib-terilib insonlar oz qoldi. Faqat men o‘zim bitta qolganim yo‘q. Bitta odamning partiyasiga ham aylangani yo‘q. O’sha paytda ham bitta odamning partiyasi, deb aytish mumkin edi. O’sha paytda ham bu …

Ozodlik: Mening aytmoqchi bo‘lgan narsam bir ot kuchi bor, ikki ot kuchi bor. Zamonaviy mashinalarda ancha ko‘p ot kuchi bor. Otlarning hammasi bilan yuk tortiladida.

– Otlarning hammasi ham ot chiqqani yo‘q. Ba’zilarining eshakligi ma’lum bo‘ldi. Ba’zilarining undan ham pastroq kuchga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Otning otligi ham dovondan oshishda bilinadi. Dovondan osha olmaganlar yo‘lda qolib ketdilar. Keyin kelib qo‘shilgan otlar bor, yana qo‘shilajak otlar bor. Ot kategoriyasiga indirsang, fikringni ko‘p ifodalay olmaysan. Ot hamma narsani o‘ziga qamrab oladigan majoz emas, deydi Erk demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih.

Umuman Erk partiyasi tarixini tahlil qilar ekanmiz, bu partiyaning ilk qadamlari kuchli bo‘lganini ko‘ramiz. Ammo bu kuchli partiya nega bu qadar zaiflanib qoldi? Bir gangster ikkinchi gangsterga qarab “Sen shu qadar zo‘r bo‘lsang, nega oyog‘im tagida o‘lib yotibsan?” deb savol beradi. (ruscha varianti – yesli tы takoy krutoy, pochemu takoy mertvыy?)

Biz bu savolni Muhammad Solihga berdik.

– Mana shu qilingan tazyiq ostida, mana shu qilingan katta zulm ostida oyoqqa turadigan va bugun ham “men hali ham erkchiman” deb turgani uchun shukur qilaman. Bizning hech qanaqa maqtanadigan joyimiz yo‘q. Kim aytayapti men kuchli partiyaman yoki men kuchli liderman deb? Men aytayapmanki, bu narsani bizdan boshqa kuchli gapirib bilgan odam yo‘q. Bu haqiqatan bor gap. Shu ma’noda haqiqatan o‘sha yerdagi ichkarida o‘tirgan odamlar hali ham choyxonada bo‘lsa ham o‘tkazayapti majlisni. Otanazar aka o‘sha yerda turib qamoqda o‘tirib kelgan, uyi o‘ralib turgan bo‘lsa ham gapirayapti. Boshqa bir partiya bormi shunaqa gapirayotgan? Yo‘q, deydi Muhammad Solih.

– Vaziyat, muhitni yaxshi bilasizku. Erk partiyasini o‘ldirishdi, deb aytayapmanku men. Hozir hamma o‘lik. Birlik ham o‘lik, o‘sha aytgan Usmonlar, hamma o‘lik. Hozir totalitar rejim bo‘lsa, qanaqa qilib partiyalar yashashi mumkin? Vыskazыvanie inoy mыsli pri totalitarizme – yest sotsialnыy idiotizm, deyiladi. Mumkin emas, deydi Zohir A’lam.

Adliya vazirligining Erk partiyasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazmaslik haqdagi qarori.

Ildizlar va yaproqlar

Erk partiyasining ildizlari o‘tgan asr boshlariga borib taqaladi. Professor Temur Xo‘ja o‘g‘liga ko‘ra, Erk nomini tashigan partiya 1918 yilda faoliyat ko‘rsatgan va bolsheviklar tarafidan yo‘q qilingan.

– Tarixda Turkistonda tuzilgan Erk partiyasi 1918 yildan boshlab faoliyat ko‘rsatgan. Turkistonda bu partiya so‘lchi ko‘z qarashda bo‘lsa ham Turkistonning ko‘p partiyaviylik tomon qadam tashlashiga imkon tug‘dirgan edi. Sovet diktatura tuzumi o‘sha partiyani ham yo‘q qildi, deydi Temur Xo‘ja o‘g‘li.

1990 yilda tuzilgan Erk partiyasi ayni shu jadid partiyasining ruhiy vorisi edi. Biz jadidlar tuzgan partiyaning tarix qatlarida qolgan ip uchlaridan ushlab o‘zimizga ruhiy quvvat ola olgan edik, deydi Muhammad Solih.

Muhammad Solih: Jadidlarning tarixini men o‘qiganman. Ammo juda chuqur tanish joyim yo‘q edi. Umuman o‘sha 1910 yillarda Cho‘lpon, Fitrat, Behbudiy, Chig‘atoy gurungi – bularni sistematik shaklda yuzakiroq bilar edik. 1910 yillarda Birlik partiyasi ham bor edi. Keyingi tuzilgan partiyalarni ulardan iqtibos deyish mumkin. Tom ma’noda emas. G’oyaviy-majoziy ma’noda Erk partiyasini ularning davomchisi deyish mumkin.

Ozodlik: Ildiz bor.

Muhammad Solih: Albatta.

Ozodlik: Yaproqlari chiqadimi? Ertangi kunini nima deymiz?

– Biz yaproqlar chiqishi uchun qo‘limizdan kelgancha tagini yumshatib g‘oyaning suvini quyib turibmiz. Ammo tagini yumshatmasdan bizning tagimizga suv quyadiganlar ko‘proq, deydi bundan 20 yil muqaddam O’zbekistondagi ilk muxolif partiyaga asos solgan Muhammad Solih.

Erk partiyasining yangi o‘zbek siyosy tarixidagi o‘rni haqida esa professor Temir Xo‘ja o‘g‘li gapiradi.

– Oshkoralik, Gorbachyov davrida ko‘p xalq harakatlari tuzilgan edi. Faqat siyosiy partiya bo‘lib Erk partiyasi tuzilishining O’zbekiston ko‘p partiyaviylik hayotida katta ahamiyati bor. Chunki Erk partiyasi tuzilishi bilanoq O’zbekistonda haqiqiy ma’noda bir oppozitsiya partiyasining paydo bo‘lgani aniqlandi va bu partiya hech bir hukumat yoki sovet tuzumi tomonidan tuzilmasdan kishilarning o‘z erkin ixtiyori bilan tuzilgan partiya edi. Bu partiya orqali O’zbekistonda ko‘p partiyaviylik kabi bir hayotning rivojlanishiga bir imkon tug‘ilgan bo‘ldi. Erk partiyasi keyin parlament saylovlarida ham ishtirok etdi. Uning a’zolaridan O’zbekiston Oliy sovetiga saylandi. Ammo afsuski, sovet ittifoqi qulab mustaqillik davrida boshida Erk partiyasi va boshqa xalq harakatlariga siyosiy tuzum ruxsat bermadi. Bu esa Gorbachyov davrida O’zbekistonning demokratiya sari rivojlanishda katta umid bo‘lgan Erk partiyasining bu harakati, afsus, yaxshi natija bermadi. Holbuki, Erk partiyasi va unga o‘xshash boshqa partiyalarning ham rivojlanishiga ruxsat berilsa edi, O’zbekiston bugun dunyo ko‘lamida katta obro‘ga ega bo‘lar edi, deydi Temur Xo‘ja o‘g‘li.

Bugun O’zbekistondagi muxolif harakatlar, xususan Erk partiyasiga qarshi ta’nayu malolatlar yog‘ilmoqda. Odamlar partiyani faoliyatsizlikda ayblamoqda. Tarixchi olim Temur Xo‘ja nazarida, dunyodagi eng repressiv tizimlardan biri bo‘lgan O’zbekiston zulmi ostida qolayotgan siyosiy harakatlarga ta’na qilish adolatdan emas. Qo‘l oyog‘i bog‘langan, ustiga xarsang tosh bostirilgan odamga qarab “Nega sen qimirlamayapsan?” deyish to‘g‘rimi, deb fikr bildiradi tarixchi olim.

– Agar erkin sharoitda qo‘yilsa edi, o‘shanda kuchli partiyalar oyoqqa turishga va faoliyatlar olib borishda davom etar, yaxshi tuzilmagan va xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan partiyalar chetda qoldirilar edi. Ana shunday sharoitda biz “Erk partiyasi faoliyatlari rivojlanmasdan to‘xtab qoldi” deb hukm qilishimiz mumkin edi. Ammo tuzum tomonidan bu partiyaga qarshi qattiq siyosat olib borib, uning faoliyatiga imkon berilmaganda bizning Erk partiyasi yoki O’zbekistondagi boshqa xalq harakati partiyalarini ayblashga o‘rtada dalil yo‘q. Erkin sharoitda imkon bo‘lsa edi, unda partiyalarni baholashimiz mumkin edi. Mana shunday sharoitda partiyaning rahbariyatiga yoki uning a’zolarining zimmalariga aybi yuklash adolatsizlik bo‘ladi, deydi Temur Xo‘ja o‘g‘li.


So‘ngso‘z o‘rnida…

Bugun Erk tuzilgan kun bilan Muhammad Solih orasida 20 yillik masofa bor. Muhammad Solih va uning O’zbekistondagi safdoshlari o‘rtasida esa minglab chaqirim masofa. Siyosat tarixida masofa ba’zan salbiy, ba’zan ijobiy rol o‘ynagani ma’lum. Muhojiratdagi siyosatchilarning yurt ichidagi safdoshlariga maktub bilan murojaat qilish an’anasi bor. Solih ham ana shu an’ana chorcho‘bida o‘zining safdoshlariga maktub yo‘lladi.


ERKChILARGA MUROJAAT

(ERK partiyasi tuzilishining 20 yilligi munosabati bilan)

Aziz do‘stlarim, aziz safdoshlarim,sizlarni “aziz” der ekan, buni shunchaki muomala odobi yuzasidan emas, shunchaki nazokat uchun emas, balki chindan ham aziz bo‘lganingiz uchun shunday murojaat etmoqdaman. Men uchun azizsiz, mo‘‘tabarsiz,chunki sizlar og‘ir bir sinovdan o‘tdingiz, ammo egilmadingiz, bukilmadingiz va yana o‘sha qutlug‘ g‘oya ma’badida, Xoliqqa qullik va xalqqa xizmat ma’badida uchrashib turibmiz.

Bundan 26 yil muqaddam, 1984 yilda xalqimizning ma’naviy ma’badlariga xuruj boshlanganida, masjidlarimiz qubbalaridagi hilol o‘roq va bolg‘a bilan almashtirila boshlagan bir paytda, ayollarimizning ro‘mollari boshidan yulib olinib, kitoblarimizdan Xudo, farishta, payg‘ambar kalimalari o‘chirila boshlagan paytda, siz bilan biz bir g‘alati titragandik, o‘zimizga kelgandik va quyi solingan boshimizni bir ko‘tarib, zulmning ko‘ziga yovqur bir nigohla bir tikilgan edik, eslaysizmi?

Bir qutlug‘ vazifaga toliblik hissi uyg‘ongandi ichimizda, ammo hali vaqt kelmagandi go‘yo. Payt kelsa, nimaga yarashimizni mushohada qila boshlagandik.

“Payt kelsa, bilmayman, nega yarayman?
Qo‘limda piyola. Chordona qurib,
Loqaydlik pardasi aro qarayman:
Hali o‘nglamadi o‘zini zo‘rlik,
Qanotin yozmadi hali haqorat,
Hali qiyomiga yetmadi xo‘rlik”, deb o‘ylardik biz.

Aslida, xo‘rlik ham, haqorat ham qiyomiga yetib bo‘lgandi. Biz bor-yo‘g‘i 7 yildan so‘ngra dunyo ateizmining mustahkam qal’asi bo‘lgan Sovetlar ittifoqining cho‘kajagini tasavvur ham qila olmasdik. Ammo bu bizni umidsizlikka sudragani yo‘q edi o‘shanda. Siz hech ikkilanmay xalq tarafida saf tutdingiz va zulmga qarshi 53 ta yosh shoir va yozuvchi imzo chekkan “Politbyuroga maktub” manifestini yozib, Kommunistlar qal’asida ilk darchani ochdingiz.

Bu voqeadan 6 yil so‘ngra, o‘shanda ko‘rsatgan shijoatingiz mahsuli bo‘lmish ERK tashkiloti O’zbekiston Mustaqilligi Bayonnomasini kommunistlar parlamentiga qabul qildirdi. Bu Bayonnoma o‘zbek xalqining tarixida eng porloq sahifalardan biridir. O’zbekistondagi mavjud hukumat 20 yil davomida bu sanani unuttirishga intilmoqda, ammo xalqimiz buni aslo unutmaydi. Chunki buni unutish o‘zlikni unutish demakdir.

Aziz do‘stlarim, safdoshlarim,

bundan 26 yil muqaddam Sovet mazolimi qarshisida umidsizlikka tushmasdan, qanday bosh ko‘targan bo‘lsangizlar, bugun ham o‘sha mazolimning sarqiti bo‘lmish rejim qarshisida shunday matonatli turishingizni ko‘rish men uchun eng go‘zal bayramdir. Bir hovuchsiz, ammo xalq shu bir hovuchning atrofida to‘plangan edi bundan 26 yil avval. Olomonni xalqqa, nizomsiz jamoani dasturli harakatga aylantirgan Sizlar edingiz.

Sizning bu tajribangizga bugun xalqimizning ehtiyoji bor.

Zulm poyidor emasligini yana bir marta isbot qilish payti kelmoqda, keldi.

Bu haqiqatni ikki marta isbot etish uchun insonning umri yetarmikin? Inshooloh, yetajakdir, yetmoqda.

Qani, yuraylik!.

Muhammad Solih

http://www.ozodlik.org/content/transcript/2028317.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: