Bir savolga 5 javob – Yangi nishon O’zbekiston boylarimi? – ozodlik.org


05.03.2010

Zebuniso

Norasmiy manbalardan kelayotgan xabarlarga qaraganda, O’zbekistondagi import, bank, sug‘urta,ulgurji va chakana savdo sohasining aksar ulushini o‘z nazoratiga olgan yirik shirkat rahbarlari bir paytda hibsga olingan yoki mamlakatdan qochib ketgan.

5 mart kuni ferghana.ru axborot agentligi Botir Rahimovning bir necha kun oldin Toshkentda hibsga olingani haqida xabar tarqatdi.

Ismi oshkor etilmagan manbaning agentlikka bildirishicha, yirik tadbirkor Botir Rahimovning qo‘lga olinishi uning sport sohasidagi emas, balki biznes faoliyati bilan bog‘liq.

Botir Rahimov Kapital bank, sug‘urta kompaniyasi, rangli metal qazib chiqaradigan konni ham o‘z ichiga olgan qator shirkatlardan iborat Kapital xolding sohibi hisoblanadi.O’zbekiston mehmonxonasi, “Moya mechta” o‘simlik yog‘i va saryog‘, vino-aroq ishlab chiqaradigan zavodlar va Toshkentdagi qator restoranlarning ham Botir Rahimovga tegishliligi aytiladi. Ayni manbaga ko‘ra, Botir Rahimovning ukasi va biznes sherigi Baxtiyor Rahimov hozirda Malayziyada, qochuvda.

Ayni paytda, Ozodlikka Toshkentdan kelgan xabarlarda yozilishicha, Zeromaks shirkatining bosh ijrochi direktori Mirodil Jalolov va uning ukasi G’ayrat Jalolovlar ham O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan hisbga olingan.

Bu xabar ortidan Ozodlik O’zbekiston MXX siga murojaat qildi va ulardan: “Bu haqda telefonda hech qanday  ma’lumot berilmaydi. Akkreditatsiya olib, Toshkentdagi idoramizga keling” degan mazmundagi odatiy javobni oldi.

Zeromaks shirkatining na Toshkent va na Shveytsariyadagi raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Aytilishicha, Karvon bozor rahbarlari ortidan Toshkentda Alp Jamol korporatsiyasi rahbarlariga ham bosim boshlangan va hozirda shirkat rahbari Muhiddin Asomutdinov ham xorijga chiqib ketgan.

Nomi keltirilayotgan bu katta tadbirkorlar O’zbekiston rejimining sodiq xizmatchilari va hokimiyatning eng yuqori darajali amaldorlari qanotida ish olib borgan katta millionerlardir.

Xo‘sh, Toshkentdan kelayotgan bu xabarlar qanchalik asosli va ularda jon bo‘lsa, bu qama-qamalar nimani anglatadi?

Shu paytga qadar o‘zgacha fikrlovchilar, asosan muxolifatchilar, huquq faollari, mustaqil dindorlarni nishonga olib kelgan jazo mashinasi o‘z nishonini endi O’zbekistonning yangi boylari tomon burmoqdami?

Bu savolga MXX dan javob bo‘lmagach, uzuq-yuluq xabarlardan borayotgan mazkur jarayon manzarasini yig‘ishga urinayotgan hamkasblarimizga yuzlandik.


Abdurahmon Tashanov, jurnalist va huquq faoli:

Abdurahmon Tashanov

Menda rasmiy manbaga asoslangan yoki bo‘lmasa rad qilib bo‘lmaydigan manbalarga asoslangan xabar yo‘q. Odamlarning o‘zlari anchadan beri “Odilni qamaganmish, G’afurni qamaganmish” degan gap gapirib yurgan edi. Yaqinda tadbirkorlardan biri gapirib qoldi. “Kechadan oldingi kuni Odil nomi bilan mashhur bo‘lgan Mirodil Jalolov hibsga olinibdi. Hozir SNB podvalida ekan” degan gaplarni gapirishdi. Bundan tashqari kecha Botir Rahimovning qamoqqa olingani haqida gaplar ham bo‘ldi. Toshkentda uning “Moya mechta” degan gigant korxonalari bor. Bundan tashqari alyumin biznesining xo‘jayini deb gapirishar edi. Rossiyaning avtoritetlari chiqaradigan Elita degan jurnallari bor. Shunaqangi shaxslar qo‘lga olingani haqida gaplar bor.

Aslida ko‘p ilg‘or jamiyatlarda tadbirkorlarni qamoqqa olish salbiy holat sifatida baholanadi. O’zbekiston jamiyatida biz agar Mirodil yoki qanaqadir Botirlar haqida gap ketadigan bo‘lsa, men uni salbiy hodisa demayman. Chunki O’zbekistonda avtoritetlarning paydo bo‘lishi bevosita jinoyatchilik bilan, mafiya bilan, korruptsiya bilan, qonunbuzarlik bilan bog‘liq hodisa deb o‘ylayman. Mirodil Jalolovning prezident oilasiga yaqinligiga qaytadigan bo‘lsak, o‘tgan yil 27 avgust kuni shaxsan prezident farmoni bilan mukofotlanishi masalasiga keladigan bo‘lsak, keyingi paytlarda O’zbekistonda G’arb bilan yaqinlashuv ma’nosida, ayniqsa yangi yildan keyin qanaqadir tushunib bo‘lmaydigan islohotlar boshlandi. Bizning ko‘zimizga hozir bu birmuncha yaxshiday, ijobiy islohotlarday ko‘rinayapti. Masalan, ikkita ta’lim vazirining olib tashlanishi, bu sohaning chuqur tekshirilishi, boshqa sohalarning tekshrilishida qandaydir ijobiy faktlar bordek va shu bilan birga avtoritetlarning qamoqqa olinishi bilan mana shu hodisalarda qandaydir uyg‘unlik borga o‘xshaydi.

Bu yerda ikkita narsa. Masalan odam birdaniga yaxshi tomonga o‘zgarishni istab qolishi mumkin. Ikkinchidan, o‘zining cho‘michlari deymiz, korruptsiyaning aslahasi sifatida keltiradigan bo‘lsak, cho‘michlarni yangilash ma’nosida ham bo‘lishi mumkin. Bir tomondan bugun kimdandir foydalanib, uni ertaga yo‘q qilib, kimnidir o‘rtaga chiqarish masalasida ham shunaqa bo‘lishi mumkin. Ikkinchi tomondan prezident oilasi, prezident shaxsi yoki bo‘lmasa hukumatning shaxsiy tarkibi bilan bog‘liq juda yomon xulosalar kelib qoldi. Hozir biz rivojlangan G’arbga qarab og‘ayotgan paytimizda bular o‘z shaxsini oqlashi kerak. O’zini yaxshi islohotlarga ketayotganday qilib ko‘rsatishi kerak. Shu nuqtai nazardan uyg‘unlik borga o‘xshaydi. Yana bilmadim. Bir xil paytlarda O’zbekistonning harakatlarida mantiq topish qiyin.

Sergey Yejkov, www.uzmetronom.com internet gazetasi bosh muharriri:

Sergey Yejkov

Bu xabarlar noto‘g‘ri. Mirodil Jalolovni hech kim hibsga olgani yo‘q, u hozir Toshkentdagi ofisida ishlab o‘tiribdi, uning ukasini ham qamashgani yo‘q. Botir Rahimov taqdiri esa, yaqin soatlarda hal bo‘ladi. Bu xabarlar haqiqatdan yiroq va kimgadir bu odamlarni vaqtidan oldin hibsga tiqish kerak bo‘lib qolganga o‘xshayapti. Bu xabarlarning qaerdan, kimdan chiqqanini hech kim bilmaydi va hozir shaxsan men ham “moderator”ni izlayapman va hozircha aniq bir gap ayta olmayman. Bu xabarlarda kimning qamalganiyu, qaysi shirkatning kimga qarashliligi haqida juda ko‘p xatoliklar bor. Hozirgi vaziyatda ko‘pchilik xitoycha printsipda ishlayapti – “O’rtoq falonchi falon joyda falon gapni aytdi!” . Kim aytdi, qachon aytdi, bunisi qorong‘u.

Umuman bu jarayonlar ortida nima bor, degan savolga kelsak, keyingi paytlarda prezident Karimov mamlakatning belgilovchi sohalariga yoshi 40 lar atrofida bo‘lgan yangi kadrlarni tayinlashga kirishdi. Hokimiyatda avlod almashinuv fasli boshlandi. Shu bois, hokimiyat va unga yaqin tizimlarda juda uzoq o‘tirib qolganlar, bu joyda korruptsiya botqog‘iga botganlar keladigan yoshlarni sindirmasligi uchun maydonni tozalash boshlandi. Bundan maqsad biznesni sindirish emas, balki korruptsiyalashgan aloqalarni uzishdir. Shu bois, hokimiyat tepasida o‘tirganlar va ularga bog‘liq iqtisodiy zanjirlar tegirmon toshi ostiga tushmoqda. Maqsad nima – maqsad maydonni yosh kadrlar uchun bo‘shatish. Bu jarayon hozir eng tepadan boshlandi va hali viloyat, shahar va rayon darajasiga ham navbat keladi. Hozir gap Toshkentdagi katta biznes egalari haqida emas, balki ularga homiylik qilib kelgan hokimiyat strukturalaridagi korruptsion doiralar haqida ketayapti. Hozirgi jarayondan maqsad, ana shu keyingisi aniqlash va yo‘qotishdir.

7 dekabr kuni, konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbirda maxsus ma’ruza qilgan Islom aka:” O’zbekistonda oligarxlar bo‘lmaydi. Agar bu yerda o‘tirganlardan qay biridir, bunday emas, deb o‘ylasa, men yana takrorlayman – O’zbekistonda oligarxlar bo‘lmaydi”, dedi. Garchi keyinchalik bu gap nutqning e’lon qilingan rasmiy matnidan olib tashlangan bo‘lsa-da, bu aytildi va buni kerakli odamlar tushundi. Lekin hozirgi jarayonni oligarxlarga qarshi kampaniya deb atashga shoshmagan bo‘lardim. Qochib ketdi, hibsga olindi deyilayotgan katta biznesmenlarning bari hozirda gumonlanayotganlardir. Ular O’zbekiston hokimiyatidagi ko‘plab shaxslarning pul yuvish, daromadni yashirish kabi korruptsion ishlariga aloqadorlikda gumon qilinayaptilar, xolos. Nishonda, hokimiyat yuqori pog‘onalarida o‘tirgan amaldorlardir.

Galima Buxorboeva, uznews.net mustaqil axborot agentligi bosh muharriri:

Galima Buxorboeva

Bundan bir necha kun oldin biz ham Zeromaks shirkati ijroiya direktori Mirodil Jalolovning hibsga olingani haqida xabar oldik. Afsuski, hozirgacha buni tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi. Biz Zeromaksning Shveytsariyadagi idorasiga telefon qilsak, Toshkentga murojaat qilishni aytishmoqda. Toshkentda esa, telefonni hech kim ko‘tarmayotir. Shuning o‘ziyoq odamga biroz shubhali tuyuladi, zotan O’zbekistondagi eng yirik shirkat qabulxonasida telefonga javob beradigan kotiba bo‘lishi kerakku!  Biz shuningdek, Mirodil Jalolov raisdoshi bo‘lgan Britaniyadagi Oxus shirkati bilan ham bog‘landik va ular ham bu borada sharh bermasligini bildirdi. Ayni paytda kelasi hafta bu borada biror gap aytishni va’da qilishdi. Umumiyatla vaziyat ancha tashvishli va jamoatchilik uchun mutlaq yopiq ko‘rinadi.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, O’zbekistonda bir guruh katta tadbirkorlar hibsga olingan. Bu esa, O’zbekistonda yuzaga kelgan hozirgi vaziyatda hammaning birdek himoyasiz ekanini ko‘rsatadi. Bu rejim, aslida kichik bir guruhning nihoyatda boyishi uchun xizmat qilishga tuzilgan edi. Ammo mamlakatdagi huquqiy bedodlik bugunga kelib eng katta boylarni ham mutlaq himoyasiz murvatga aylnatirib qo‘ydi. Ularga ma’lum vaqtda xuddi qo‘ylar kabi, yam-yashil o‘tloqlardan istaganicha yeb- ichishga ruxsat berildi, ammo istalgan payt ularning istalganini qurbonlikkka keltirishadi.

Agar jarayondan qandaydir ma’ni qidiradigan bo‘lsak, bugun O’zbekistonda mulkni qayta taqsimlash jarayoni ketmoqda. O’zbekiston hokimiyatidagi katta amaldorlar o‘rtasida qayta taqsimot ketmoqda. Katta biznes va mafiya doiralariga homiylik qilib kelgan katta amaldorlarning o‘z ta’sirini yo‘qota boshlagani, ular o‘rniga kelayotganlarning esa, biznes maydoniga o‘z odamlarini qo‘ya boshlaganini taxmin qilish mumkin. Bunday jarayon O’zbekistonda avvallari ham bo‘lgan, hozirgi yagona farq, uning ko‘lam va darajasida bo‘lishi mumkin, xolos. Bu O’zbekistondagi kabi rejimlar uchun mantiqiy jarayondir.

Agar Mirodil Jalolov hibsga olingan bo‘lsa, bu ikki narsani anglatishi mumkin. Birinchisi, bu Mirodil xizmat qilgan Gulnora Karimova va hatto uning otasi pozitsiyalarining bo‘shashib borayotganidan bo‘lishi mumkin. Ikkinchisi esa, Gulnora Karimova uchun o‘zi haqida juda ko‘p narsa biladigan Mirodildan qutulish va uni jazolash lozim bo‘lib qolgan. Faktlar aniq bo‘lmagan bir vaziyatda tugal fikr bildirish qiyin. Ammo bir narsa aniqki, hozirgi mulkni taqsimlash jarayonidan kimning qo‘li baland bo‘lib chiqsa, aynan shu shaxs yoxud guruh O’zbekiston hokimiyatiga kelajakda kim kelishini belgilash maqomiga ega bo‘ladi. Qadimgi naqlga ko‘ra, pul qayoqqa ketsa, shuning ketidan bor. Bugun katta pul kimning qo‘lida to‘plansa, ertaga hokimiyat ham shuniki bo‘lishi mumkin.

Aleksey Volosevich, ferghana.ru axborot agentligining Toshkentdagi muxbiri:

Aleksey Volosevich

Hozirda Toshkentda borayotgan qama-qamalar haqida gapirayotgan manbalarning aksariyati buning ortida turgan sababni bir xil izohlashmoqda – davlat g‘aznasi bo‘shab qolgan va uni nima qilib bo‘lsa ham to‘ldirish kerak. Buning avvaldan ish berib kelayotgan usuli esa, yo‘lga qo‘yilgan, mo‘may daromad keltirayotgan birovning biznesini olib qo‘yishdir. YOki bu biznes xo‘jayinini yaxshilab qo‘rqitib, undan juda katta pulni tortib olishdir.

Bularning bari Karvon bozordagi mash-mashalar bilan bog‘liq. Rasman kimga qarashli ekanini birov bilmaydigan Karvon bozor, ayrim manbalarga ko‘ra O’zbekistonning sobiq fuqarosi Dmitriy Kim yoki Dmitriy Li (aniq isminiyam birov bilmaydi) deb ataladigan odamniki. Shu paytgacha ko‘zdan panada yurgan bu odamning bozori bilan bog‘liq jarayonlardan qiziq ma’lumotlar kelib chiqmoqda. Ulardan ayrimlariga ko‘ra, mazkur bozor bilan hamkorlik qilgan import va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan kamida olti shirkatning O’zbekiston prezidenti yaqinlariga qarashli ekanligi oydinlashgan. Karvon bozor bilan bog‘liq jarayon qanchalik yopiq bo‘lmasin, u juda ko‘p qorong‘uliklarni oydinga, yanayam aniqrog‘i suv yuziga olib chiqadi.

O’zbekistondagi rejim boylarga emas, balki kuch ishlatar tizimlariga tayanadi. Boylarga esa, ular hokimiyatdagilar bilan o‘z daromadlarini saxiylarcha bo‘lishib turishsa, saroylar qurib berishsa,ularning ishlab turishiga ruxsat beriladi.

Masalan, Zeromaksga qarashli shirkatlardan biri Toshkentda qurilgan hashamatli Forumlar saroyi qurilishiga homiylik qilgan va buning uchun Mirodil Jalolov shaxsan prezidentning o‘zi tomonidan taqdirlangan ham edi.

Sharqda boylar G’arbdagi kabi siyosiy e’tibor va qudratga ega bo‘lgan emas. Agar G’arbda boy odam siyosiy nufuzga ega bo‘lib, hokimiyatga o‘z ta’sirini o‘tkaza olsa, Sharqda buning teskarisi, hokimiyatdagi odam uchun boylik tomon eshik ochiladi.

http://www.ozodlik.org/content/article/1975653.html

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: