Farg’ona – Antaliya: Qizlar fohishalikka yo’l olmoqda – ozodlik.org


Aşağıda “ozodlik.org” adresinde yer alan ve Antalya’da fuhuş bataklığına saplanan kız kardeşlerimizle ilgili bir habere yer veriyoruz.

Maqolaning turk tilidagi ko’rinishi (Makalenin Türk dilindeki şekli)

***

O’zbekistonlik fohishalarning Turkiya, xususan Antaliyadagi asosan mehmonxonalarda faoliyat yurg’izishi aytilmoqda.

19.02.2010

Hurmat Bobojon

Farg’onada odam savdosi hollari keskin oshgan. Odamfurushlar aldoviga uchib, Turkiyaga tanfurushlikka keltirilgan ayollar ko’pining, O’zbekistonga qaytib kelib, ishsizlik va pulsizlikdan qiynalgach, o’z ixtiyori bilan bu biznesni davom ettirish uchun qaytib ketayotgani aytilmoqda.

O’zbekistondan chiqish vizasini olish bilan bog’liq byurokratik to’siqlarga qaramay, yoshi 20-25 atrofidagi o’zbek qizlari yashirin guruhlar yordamida osonlikcha Turkiyaga keltirilmoqda.

Ularni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida Turkiyaga keltirish bilan esa O’zbekiston va Turkiya fuqarolarining shug’ullanishi ma’lum bo’ldi.

Bu guruhning aldov va’dalariga uchib, Turkiyaga kelgan va fohishalikka majburlangan qizlardan biri yordamida Ozodlik bu zanjirni ochishga urindi.

Muhabbat Ahmedova ismli 20 yashar farg’onalik qizning aytishicha, u o’tgan yilning   kuz oylarida marg’ilonlik Xurshida Sobirova ismli qo’shmachi ayol tarafidan “Turkiyadan yaxshi ish topib beraman” degan aldov va’dalar bilan Antaliyaga keltirilgan.

Antaliyaga kelishi bilan pasporti va qaytish bileti olib qo’yilgan. Do’konda sotuvchilik qilasan, deb aldab olib kelgan qo’shmachilar uni fohishalik qilishga majburlashgan.

Muhabbat Ahmedova: Yolg’on gapirib meni boshqa ishga olib ketishgan. U yoqqa borganimda esa boshqacha gapirishgan. “Marketda ishlaysan” deb olib ketishdi meni. Borsam¸ fohishalik ekan.

Ozodlik: Ular sizga do’q-po’pisa qilishdimi?

Muhabbat Ahmedova: Pasportlarni olib qo’yishdi.

Ozodlik: U yerda qayerda bo’ldingiz?

Muhabbat Ahmedova: Manavgatda bo’ldim.

Ozodlik: Qo’shmachilik qilgan o’sha ayollarni taniysizmi? Kimlar ular?

Muhabbat Ahmedova: Men bittasini taniyman, xolos. Narigilarini tanimayman. Xurshida degan qizni taniyman.

Ozodlik: U yerda siz ko’rgan o’zbek qizlari shu ishni xohlab qilishayaptimi yoki ularni majburlashadimi?

Muhabbat Ahmedova: Ba’zilari xohlar¸ ba’zilarini majburlashar, bilmadim.

Ozodlik: Siz ularning qo’lidan qanday qilib qochib qutildingiz?

Muhabbat Ahmedova: Ular pasportimni olib biletimni bekor qilib tashlashgan ekan. Men biletimni to’g’irlab kelib olganman.

Ozodlik: Ular Turkiyaga olib ketishda qanday va’dalar berishgan?

Muhabbat Ahmedova: “Erim bor. Erga tekkanman. Yaxshi ish topib joylab qo’yaman” deyishdi.

Ozodlik: Hozir nima qilayapsiz?

– Hozir endi o’qishga harakat¸ deydi Muhabbat Ahmedova.

Muhabbatning aytishicha, “Abik” laqabli turk yigiti bilan soxta nikoh qurib, qo’shmachilik bilan shug’ullanadigan “Filiza” laqabli Xurshida Sobirova tarafidan o’nlab o’zbekistonlik yosh qiz Antaliyaga keltirilib, fohishalikka majburlangan. Qarshilik qilganlar o’zbekistonlik qo’shmachining turkiyalik soxta eri “Abik” laqabli yigit tarafidan kaltaklangan.

Biz o’sha “Filiza” laqabli qo’shmachi va “Abik” laqabli uning turkiyalik erining telefon nomerlarini Muhabbatdan olib, ularga qo’ng’iroq qildik.

“Filiza”ning telefoni o’chirilgan. “Abik”ning telefoniga qo’ng’iroq qilganimizda go’shakni ko’targan erkak “Bu nomerni sizga kim berdi” deb, so’kinishga o’tdi.

– Bu nomerni senga kim berdi? Kim bergan bo’lsa¸ uning falonini falon qilaman, dedi bu yigit.

Aytilishicha, “Filiza” laqabli o’zbekistonlik qo’shmachi ayol va uning turkiyalik eri “Abik” Qumko’ydagi “Belturk” mehmonxonasida yashab kelishgan va shu yerda qo’shmachilik bilan shug’ullanganlar. “Belturk” mehmonxonasiga telefon qilganimizda, mehmonxona xodimlaridan biri “Abik”ning allaqachon mehmonxonadan ketganini aytdi.

– Abik yo’q. Hammalari bu yerni allaqachon tark etishdi,  dedi “Belturk” mehmonxonasi xodimi.

Hozirda Turkiyaning Antaliya shahridagi mehmonxonalarda fohishalik qilayotgan o’zbekistonliklar sonining 1000dan oshishi aytiladi. Ular asosan Turkiyadagi “Apart” deb ataluvchi kichik mehmonxonalarda xizmat qilishlari aytiladi.

O’zbekistondagi “Hozirjavob guruh” deb ataluvchi tashkilotga ko’ra¸ Qumko’y, Side, Manavgatdagi “Oriyent”, “Platana”, “Shafaq”, “Shirinapark”, “Gunashli”, “Nil” mehmonxonalari o’zbek fohishalariga to’lib toshgan.

Aytilishicha, farg’onalik qizlarni Turkiyaga yetkazish bilan shug’ullanadigan qo’shmachilar Farg’ona shahrining Qirguli qismidan. Ular chet elga yuborish uchun qizlarni tanlab olishadi, chiqish vizasi va hujjatlarini ham tayyorlab berishadi.

Garchi Turkiya politsiyasi vaqti-vaqti bilan Antaliyada fohishalikka qarshi reydlar o’tkazib tursa-da, politsiyaning ayrim xodimlarining katta pora evaziga bu holatlarni chetlab o’tishi taxmin qilinadi.

Ayrim qo’shmachilar O’zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralarida tanishlari borligini ham qizlarga gapirishgan.

Ammo Turkiya politsiyasi Antaliya bo’limining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo’limi vakili Hikmat Qarago’zli Antaliyaga O’zbekistondan qizlar fohishalik maqsadida kelishi hollarini tasdiqladi, ammo “seks” biznesiga politsiyaning ham aloqasi borligi haqidagi gap-so’zlarni inkor etdi.

– Antaliyaga fohishalik qilish maqsadida o’zbek, gruzin, rus fuqaroligiga mansub ayollarning vaqti-vaqti bilan kelishi kuzatiladi. Lekin bu biznesga politsiyaning ham aloqasi borligi mutlaqo asossiz. Zotan, Qumko’y politsiyasi yaqinda reydlar o’tkazdi va bu holatlarga qarshi jiddiy choralarni ko’rmoqda.

Ozodlik: Bu reydlarda biron qo’shmachi yoki odamfurush qo’lga olinganmi shu paytgacha?

– Nimaga, bo’lmasin, qo’lga olinganlar juda ko’p. Lekin fohishalikka majburlash holatlari juda kam. Ko’pchiligi bu yerlarga ko’ngilli ravishda fohishalik qilish uchun kelishmoqda¸ deydi Hikmat Qorago’zli.

O’zbekistondan Turkiyaga qizlar eng uzog’i bilan uch oyga keltiriladi. Bundan ortiqroq muddatga O’zbekiston fuqarolarining Turkiyada qolishlari mumkin emas.

Ular avvaliga eng arzon yotoqxonalarga joylashtiriladi. Har biriga kuniga xizmat haqqi uchun 100 dollardan pul beriladi.

Shu tariqa odam savdosi qurboniga aylangan bu qizlar fohishaga aylantiriladi. Ulardan biri bilan suhbatlasharkanmiz, Turkiyada qizlarning nima ish qilishlari bilan qiziqamiz.

– Otel bor. Otelga kelasiz¸ ko’rasiz. Qaysinisini xohlasangiz¸ o’shanisini olasiz¸ deydi biz bilan suhbatda bo’lgan qizlardan biri.

O’zbekistonda odam savdosiga qarshi qonun qabul qilingan va respublikada darajasida turli davlat tashkilotlari o’rtasida muvofiqlashtiruvchi guruhlar ham tuzilgan. Bu guruhning viloyatlardagi markazlari ham faoliyat yuritayotgani e’lon qilingan.

Shunga qaramay, huquq himoyachilari fikricha, O’zbekistondan qizlarni Yaqin Sharq davlatlari¸ xususan Turkiyaga fohishalikka muntazam jo’natish hollari kamaymayotir.

Farg’onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev viloyatda odam savdosi hollari so’nggi paytlarda keskin oshgani va qurbonlarning aksari fohishalikka majburlangan ayollar ekanini gapiradi.

Abdusalom Ergashev: Dastlab  shunaqa qilib olib borishar ekanu¸ 10-12 ming dollar ishlab berib bir oyning ichida ishlab bo’lar ekan. Keyin o’zlari o’rganib ketishib¸ qaytib kelib¸ yana ketib¸ bir martada o’rganib ketishayapti deydi.

Ozodlik: Fohishalikka yuz tutishlarini o’zlari bilib borishayaptimi?

Abdusalom Ergashev: Birinchisida¸ birov aldab olib borayapti. Pulning mazasini topgandan keyin o’zlari borishayapti. O’zlari qolib¸ bundan tashqari ko’pchilik dugonalarini olib borishayapti. Hozir aytishlaricha¸ Antaliyaning besh-oltita joylarida 5000 nafarga yaqin o’zbek qizlari bor ekan. Eng ko’pi Farg’ona viloyatidan ekan. Farg’ona viloyatining Quva tumanidan ekan.

Ozodlik: Farg’ona qizlari chiroyli¸ hayoli-iboli o’zbek qizlarining timsoli hisoblanadi. Ularni bunga nima majbur qilmoqda? Hatto urush davrida ham o’zbek ayoli bunaqa ahvolga tushmagan deyishayapti.

Abdusalom Ergashev: Mustaqillikka chiqqanimizdan beri manaviyat degan narsa yo’qoldi¸ uning qadri ham qolmadi. Butun O’zbekistonning xalqi o’zing uchun o’l yetimga o’tib qoldi. Meni bir narsa hayron qoldiradiki¸ o’sha fohishalikka ketib qaytib kelmayotganlarning oilalari bilan gaplashganingizda¸ o’zbekman deb beliga belbog’ bog’lab yurgan otalari “Fohishalik qilsa nima qilibdi? Bu yerda nima ish qilardi?” deyishadi. Bittasi “Men 16 yoshga yetkazib¸ qo’liga pasport olib berganman. Ixtiyor o’zida” deb o’tiribdi. Zehniyat o’ta buzilib ketdida. Ma’naviyat¸ axloq – hech narsa qolmadi.

Ozodlik: O’zbekiston hukumati odam savdosiga qarshi yetarli darajada chora ko’rayaptimi?

– Xalqaro qonunlar¸ xalqaro nimalar bilan solishtirib ko’rsangiz¸ kurash olib borilayotganday. Bir proyektda ishlaganimizda Turkiyadagi hamkorlarimizning aytib berishlaricha¸ minglagan  O’zbekiston qizlarini deport qilib yuborsa¸ bir haftadan o’sha odamlar qo’lida yangi pasport¸ boshqa ism bilan kelisharkan. “Bizning sen o’tgan safar unday eding deb aytishga haqqimiz yo’q” deydi. 2011 yildan biometrik pasport chiqib qolsa¸ mana shunday hiyla va nayranglarning oldi olingan bo’lardi. Biometrik pasport olib borgan odam ism-familiyasini o’zgartira olmaydi. O’zgartirgan bilan darrov qo’lga tushadi. Chunki barmoq izi to’g’ri kelmaydi¸ deydi Abdusalom Ergashev.

So’nggi yillarda qator arab davlatlari, shuningdek, Janubiy Koreya, Hindiston, Tailand va Malayziyada yuzlab o’zbekistonlik ayolning fohishalikda ayblanib, qo’lga olingani va mamlakatdan deportatsiya qilingani ko’p kuzatildi. Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, O’zbekistondagi iqtisodiy tanglik va ish topish imkonlarining cheklangani ayollarni fohishalik orqali daromad qilishga undamoqda.

ozodlik.org

***

Konuyla ilgili olarak uznews sitesinde yayımlanan yazı:

19.02.10 23:57
Ўзбекистондан Туркияга секс қуллигига? Осонлик билан!

Uznews.net — Фарғона вилоятида аёлларни Туркияга секс қуллигига сотиш уюшган гуруҳлари гуллаб яшнамоқда, дея билдиради Тезкор муносабат гуруҳи (ТМГ), яқинда уларга жабрдийдалардан бири мурожаат этди.

Аризага кўра, Фарғона вилоятининг Охунбобоев мавзейида яшовчи Муҳаббат Аҳмедова исмли йигирма яшар қиз, Ўзбекистонлик бир аёл, Марғилонлик Ҳуршида Собирова томонидан алдов йўллари билан, гўёки Анталия дўконларида сотувчи юўлиб ишлаш учун дея, Туркияга олиб кетилади.

Маълум бўлишича, Хуршида Собированинг ўзи 2009 йили Туркиядан фоҳишалик ва қўшмачилик қилгани учун депорт қилинган. Бироқ, бир ой ўтар ўтмас, у яна Туркияда, Сабина Собирова номига олинган янги паспорт билан ҳозир бўлади.

Анталияда Хуршида Собировани «Филиза» номи билан танишади, у ерда унинг қўл остида Ўзбекистондан ўнлаб ўзбекистонлик ёш аёллар бор, уларни муттасил фоҳиша сифатида эксплуатация қилиб келади. Унинг ҳатто мобил телефони ҳам кенг тарқалган, бу телефон орқали «Филиза»га ҳоҳлаган шахс қўнғироқ қилиши мумкин.

Ҳозирги кунда у Анталияда “Беллтурк аппарт” отелида, Қумқой шаҳар қабристонидан унча узоқ бўлмаган жойда, ўзининг турк сутенери Абдураҳмон ёки шунчаки Абик билан бирга яшайди. Унинг телефони ҳам кенг тарқалган.

Мухаббат Ахмедованинг ва Анталияда секс қуллигига солинган бошқа кўплаб жабрдийдаларнинг сўзларига кўра, Хуршида Собирова ва унинг сутенери Абик аёллар ва қизларнинг янги партиялари келиши билан уларнинг паспортлари ва Ўзбекистонга қайтиш билетларини олиб қўйишади. Ҳужжатларини қайтариб беришларини талаб қилган алоҳида «қайсар» қизларни у ваҳшийларча калтаклаган вақтлари бўлган.

Жабрдийдаларнинг қариндошларига кўра, ҳозирги кунда биргина Анталиянинг ўзида, қулликка солинганлар сони бир неча мингга боради.

Улар Туркияда “аппарт” деб аталган, аслида эса исловатхонани англатувчи кичкина отелларда сақланишади. Бу каби «аппартлар» Қумқой, Сид, Манавгат, Алания, Қизил Арча ва Чолоқлида кўплаб топилади.

Секс қуллигига солинган жабрдийдаларнинг қариндошлари, аёлларнинг аксарияти Қумқой ва Сидда жойлашган «Ориент», «Платан», «Шафак», «Ширинапарк», «Гунешли», «Нил», «аппартлари»да эксплуатация қилинади.

Анталиянинг биргина Қува туманида тижорат секси сохасида бир мингдан ортиқ фоҳиша ишлайди.

ТМГда Анталиядан Фарғона вилоятига қайтган қизлар тақдим этган сутенерларнинг рўйҳати бор. Қўқонлик Дилноза, Фағонадан Дилсўз ва Жамила, Намангандан Дилдора, Лола, Диля ва Фарғона вилоятининг Қува туманидан Муяссар шу рўйҳатдан ўрин олган.

Бироқ, Туркияга “тирик товар” келтирувчилар Фарғонанинг Қиргули туманида яшашади – улар Дилаб (ёки Дилафруз), унинг синглиси Зухра ва Дилсўз, Хуршида Собированинг онаси Мухаббат Собирова, яна Дилабнинг жазмани бўлмиш Бахтиёр.

Уларнинг ҳаммаси чегара ортига жўнатиш учун номзодлар излаш, чиқиш визалари қилиш, Туркиядан депорт қилинганлар учун қалбаки чиқиш ҳужжатлари тайёрлаш билан шуғулланишади.

Жабрдийдаларнинг айтишича, бу бизнес Туркияда етарли даражада гуллаб яшнаган, чунки полиция фоҳишалардан, қўшмачи ва сутенерлардан тушадиган пул эвазига ришватга киришади. Бу зўровонлик жабрдийдаларининг ёрдамга мурожаат қиладиган ҳеч кимлари йўқ.

Масалан, Мухаббат Ахмедова битта турк телекомпаниясининг аралашувидан кейингина қулликдан озод этилган. У ҳозир Ўзбекистондаги шифохоналарнинг бирида сақланмоқда, у ерда тиббий ёрдам олмоқда ва руҳий реабилитация қилинмоқда.

Айни пайтда, одам савдоси бўйича уюшган гуруҳлар ўз жиноий фаолиятларини бамайлиҳотир амалга ошириб келишмоқда.

Шунинг учун, яқинда ТМГ турк полициясига мурожаат қилди, шунингдек Ўзбекистон кучишлатар тизимларини ҳам одам савдоси бўйича айбдорларни жазога тортишга чақирди.

Uznews.net

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: